Sport
Tarixiy g‘alaba. Javohir Sindorov Nomzodlar turniri g‘olibi!
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov muddatidan oldin Nomzodlar turniri g‘olibiga aylandi. U 13-tur yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘arib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 13-turida turnirdagi asosiy raqobatchisi, niderlandiyalik Anish Giriga qarshi o‘ynab, muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi.
Qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, 20 yoshli shaxmatchi himoyalanishda yuqori aniqlik namoyish etdi. Aksar sipohlar almashib yuborilganidan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar endshpiliga o‘tdi va yakunda raqib durangga rozi bo‘ldi.
Bu esa Javohir uchun g‘alabaga teng durang edi. Endi turnir yakuniga bir tur qolganida uning ochkolari soni 9,5 taga yetdi va ikkinchi o‘rindagi Anish Giri 7,5 ochkosi bilan so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar unga yeta olmaydigan bo‘ldi.
Sindorov hozircha 2022 yilda 14 ta partiyada 9,5 ochko jamg‘arib, turnir yakunlanishiga bir tur qolganda g‘oliblikni rasmiylashtirgan rossiyalik Yan Nepomnyashiyning ochkolar bo‘yicha rekordini takrorladi. Endi unda oxirgi turda xitoylik Vey Iga qarshi bahsda bu rekordni yangilash imkoniyati bo‘ladi.
Shu tariqa, o‘zbekistonlik yosh grossmeyster shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritdi. Shaxmat toji uchun bahs 2026 yil oxirida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Chempionlik bahsi sanasi va joyi keyinroq FIDE tomonidan e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro, shuningdek, qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan (hozirgacha 95 ming yevro ishlab topdi) pul mukofoti oladi.
Sport
02:10 YeChL. "Atletiko" "Barselona"ni musobaqadan chiqarib yubordi, "PSJ" "Liverpul"ni ikkinchi bahsda ham yengdi
02:10
YeChL. “Atletiko” “Barselona”ni musobaqadan chiqarib yubordi, “PSJ” “Liverpul”ni ikkinchi bahsda ham yengdi
Source link
Sport
«MYu» Kerrik boshqaruvi davrida ilk bor uyda yutqazdi
Foto: Gettyimages/Carl Recine / Staff, Michael Regan / Staff
«Manchester Yunayted» – «Lids» 1:2
Gollar: Kazemiro (69) – Okafor (5, 29).
«Manchester Yunayted»: Lammens, Mazraviy (Dalot, 70), Yoro, Martines, Shou, Kazemiro, Ugarte, Fernandesh, Amad (Mbeumo, 70), Kunya, Sheshko.
«Lids»: Darlou, Ampadu, Biyol, Bogl, Gudmundsson, Jastin, Kelvert-Lyuin, Okafor (Gnonto, 74), Stryoyk, Tanaka (Gruyev, 74), Aaronson (Longstaff, 86).
Ogohlantirishlar: Kunya (18), Jastin (39), Shou (49), Fernandesh (64), Ampadu (86).
Chetlatish: Martines (56).
«Manchester Yunayted» bu turda «Aston Villa»dan uch ochkoga uzoqlashishi va uchinchi o‘rinni mustahkamlashi mumkin edi. Buning uchun Maykl Kerrik jamoasidan uyda «Lids Yunayted» ustidan g‘alaba qozonish talab etilardi. Ammo kutilgan uch ochko o‘rniga «MYu» o‘ziga yangi muammolar tug‘dirdi.
«Lids» so‘nggi olti turda birorta g‘alabaga erishmagandi. Ammo «Old Trafford»ga Daniel Farke jamoasi katta ishtiyoq bilan tashrif buyurgandi – jamoa xavfli zonadan uzoqlashishi kerak edi. «Lids» bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali 18-o‘rindagi «Tottenhem» bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazishi mumkin edi.
«Lids» ilk daqiqalardan hujumga tashlandi. Uchinchi daqiqadayoq Dominik Kalvert-Lyuin yaqin masofadan kuchli zarba berdi, ammo Senne Lammens mezbonlarni muqarrar goldan qutqardi. Lekin keyingi hujum vaqtida belgiyalik darvozabon ham ojiz qoldi. Jyeyden Bogl to‘pni jarima maydoni markaziga yetkazdi, Kalvert-Lyuin to‘p uchun kurashda yutib chiqdi va to‘p qulay pozitsiyada turgan Noa Okaforga yetib bordi. Shveytsariyalik hujumchi Lammensning uzoq burchagini aniq nishonga oldi – 1:0.
«MYu» startda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo vaziyatni o‘nglash uchun oldinda 85 daqiqa bor edi. Jamoa oxirgi o‘yinidan buyon uch hafta dam olish imkoniga ega bo‘lgan va «Lids»ga qarshi o‘yindan oldin jismonan ustunlikka ega bo‘lishi kerak edi. Ammo amalda bir hafta oldin Angliya kubogi yarimfinalida og‘ir o‘yin o‘tkazgan «Lids» («Vest Hem»ga qarshi o‘yinning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarida kuchlar teng kelib, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlangandi) o‘yinga yaxshiroq tayyor bo‘lgani oydinlashdi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda mehmonlar ikkinchi golni ham urishdi.
Okafor dublni rasmiylashtirdi: jarima maydoni markazida turgan Noa Kazemironing boshidan kelgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va yana olis burchakka aniq zarba berdi. Bu 25 yoshli forvard uchun APLdagi ilk dublga aylandi.
Bo‘lim oxiriga qadar hisob yirik ko‘rinishga kelishi ham mumkin edi. Bo‘lim oxirida «MYu» futbolchilari yana bir xatoga yo‘l qo‘yishdi: Lammens yomon pas bilan Yoroni noqulay holatda qoldirdi.
Leni to‘pni «Lids» yarimhimoyachisi Ao Tanakaga oldirdi, yaponiyalik futbolchi jarima maydoniga yorib kirdi va darvozabonni ham aldab o‘tib, to‘pni bo‘sh darvoza tomon yumalatib yubordi. Ammo oxirgi pallada Lisandro Martines to‘pga yetib kelishga ulgurdi.
Tanaffusdan keyin «Manchester Yunayted» faolroq o‘ynay boshladi. Ammo bo‘lim boshidagi shiddat javob gol emas, qizil kartochka bilan yakunlandi. 55-daqiqada Martines maydon markazida Kalvert-Lyuinning sochidan ushlab qoldi: VAR va bosh hakam Pol Tirni buni qizil kartochkaga tortadigan qo‘pollik deb topdi. Videotakrorda «MYu» himoyachisi qasddan harakat qilmagani va raqib boshiga qo‘li tasodifan tegib ketganini, keyin tezda qo‘lini olganini ko‘rish mumkin, ammo hakamlar uchun kontaktning o‘zi yetarli bo‘ldi.
Keyin esa mezbonlar matonat ko‘rsatishga kirishdi. Ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay, «MYu» futbolchilari tajovuzkor o‘yin ko‘rsatishdi va to‘liq kuch bilan hujumga chiqishdi. Tirnining qarori futbolchilarning jahlini chiqarib yuborgandi va bu shturm 69-daqiqada Kazemironing goliga olib keldi. Braziliyalik yarimhimoyachi Brunu Fernandeshning uzatmasiga bosh bilan zarba yo‘llab, Karl Darlouni dog‘da qoldirdi. Bu «MYu» sardori uchun joriy mavsumdagi 17-assistga aylandi: portugaliyalik futbolchi Tiyerri Anri va Kevin De Bryuynening rekordini yangilash sari ketmoqda (ikki futbolchi ham bir mavsumda 20 assistlik ko‘rsatkichga ega).
78-daqiqada Kalvert-Lyuin intrigani o‘ldirishi mumkin edi: ingliz hujumchisi jarima maydoni markaziga oshirilgan to‘pga yetib bordi va boshda zarba berdi. Mezbonlar baxtiga to‘p to‘g‘ri Lammensning qo‘llariga bordi.
O‘yin oxirida Benyamin Sheshkoda ham xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Ammo uning zarbasi ham darvozabondan o‘tmadi. Keyingi vaziyatda esa Kalvert-Lyuin «Lids» darvozasiga burchak zarbasi vaqtida to‘pni chiziqda to‘xtatib qolib, jamoasini qutqardi. Bu «MYu»da kambek uchun ajoyib imkoniyat bo‘lgandi. Qolgan daqiqalarda ham hisob o‘zgarmay qoldi.
«Manchester Yunayted» oxirgi yarim soatda juda kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Ammo ikki to‘p farqi va chetlatish o‘z so‘zini aytdi. Kerrik jamoasiga hech bo‘lmaganda bir ochko olish uchun resurs yetishmadi. Mag‘lubiyatga qaramay, «MYu» uchinchi o‘rinda qoldi, ammo «Aston Villa»dan uzoqlashib ketolmadi.
Qolaversa, «Liverpul» ham yaqinlashib kelmoqda – mersisaydliklar bu turdagi g‘alaba evaziga oradagi farqni uch ochkoga qisqartirgan. «Lids» esa o‘z maqsadiga erishib, «Tottenhem» bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazdi va APLda qolish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi. Shuningdek, ushbu jamoa 1981 yildan buyon ilk bor «Old Trafford»dan g‘alaba bilan qaytdi.
Sport
Toshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
12 aprel kuni Toshkent shahrida taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati boshlandi. Nufuzli musobaqada 115 davlatdan qariyb 1500 nafar sportchi ishtirok etishi kutilyapti.
12 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati boshlandi. Musobaqa poytaxtdagi Yakkakurash majmuasida o‘tkazilmoqda.
Chempionatda 115 ta davlatdan qariyb 1500 nafar sportchi va murabbiy ishtirok etmoqda. Bahslar 20 ta vazn toifasida tashkil etilib, ularning 10 tasi yigitlar, yana 10 tasi qizlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Musobaqada 2009 yil 1 yanvardan 2011 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan sportchilar qatnashmoqda.
Dastlabki kun bahslarida yigitlar o‘rtasida +78 kg, qizlar o‘rtasida esa 46 kg va 59 kg vazn toifalarida g‘oliblar aniqlanadi. Ushbu bellashuvlarda O‘zbekiston sharafini Alisher Pak (+78 kg), Komila Sultonova (46 kg) va Viktoriya Denisenko (59 kg) himoya qilmoqda. Tadbirda dunyoning nufuzli taekvondo hamjamiyati vakillari hamda O‘zbekiston rasmiylari ishtirok etishyapti. Ochilish marosimida so‘z olgan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ushbu musobaqa olimpiya majmuasidagi ilk musobaqa sifatida tarixda qolishini, O‘zbekistonda taekvondo tobora sevimli sport turiga aylanayotganini ta’kidladi.
13 aprel kuni chempionat doirasida “Olimpizm va tinchlik” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi. Chempionat 17 aprelga qadar davom etadi.
Ta’kidlash joiz, mazkur jahon chempionati O‘zbekiston sport hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, yosh sportchilar uchun xalqaro maydonda tajriba orttirish va o‘z imkoniyatlarini namoyish etish imkonini beradi.
Sport
Taekvondochi Yosinbek Odilov yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi
Toshkentda o‘tayotgan musobaqa finalida u O‘mon vakili Dovud Al-Yusufiyni mag‘lub etdi.
Foto: O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi
Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Toshkentda o‘tkazilayotgan jahon chempionatida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-48 kg vazn toifasidagi Yosinbek Odilov finalda O‘mon vakili Dovud Al-Yusufiy bilan bahs olib bordi va 2:0 (5/1, 11/9) hisobida g‘alaba qozondi.
Natijada o‘zbekistonliklarning musobaqadagi medallari soni ikkitaga yetdi. Avvalroq, +78 kg vazn toifasida Alisher Pak kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Jahon chempionati 17 aprelgacha davom etadi.
Sport
«Balki Counter-Strike ham o‘ynarman» – Sindorov dam olish kunini qanday o‘tkazishi haqida
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nakamuraga qarshi o‘yindan oldin vaziyatdan kelib chiqib durang qayd etishga qarshi bo‘lmaganini yashirmadi. U ertaga Giriga qarshi hal qiluvchi partiyani o‘tkazadi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 12-turida amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga qarshi o‘yinda qayd etilgan durang yuzasidan fikr bildirdi.
Bu partiya turnir tarixidagi eng qisqa partiyalardan biri bo‘ldi. Raqiblar kataloncha kirish variantini qo‘lladi va 35 daqiqadan so‘ng durangga kelishishdi.
Sindorov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bu turdagi asosiy maqsadi – kuchni tejash va tavakkalchilikni kamaytirish bo‘lganini tan oldi. U oldingi turda Fabiano Karuanaga qarshi kechgan og‘ir bahs (u o‘sha partiyada qiyin holatda qolib, yakunda durangga erishgandi) ko‘p kuchini olib qo‘yganini qayd etgan.
«Bugungi durang yaxshi natija. Hozirgi vaziyatda Hikaru bilan uzoq va og‘ir partiya o‘ynash uchun sabab ko‘rmadim. Shuning uchun imkon bor joylarda majburiy variantlarni tanladim.
Agar u uzoq partiya o‘ynashni xohlasa, bunga ham tayyor edim. Lekin u ham ancha ishonchli yo‘llarni tanlashini kutgandim. Hatto partiyadan oldin tez durang bo‘lishini sezgandim.
Kecha juda muhim o‘yin bo‘lgandi va ancha charchagandim», – degan yosh shaxmatchi.
Bu turda Sindorovning eng yaqin ta’qibchisi, niderlandiyalik Anish Giri ham durang qayd etdi va endi turnir yakuniga ikki tur qolganida Sindorov (9) va Giri (7) o‘rtasidagi farq 2 ochkoligicha qolmoqda.
Keyingi turda ushbu ikki shaxmatchi bir-biriga qarshi dona suradi. Bu bahsdagi durang natija ham o‘zbekistonlik shaxmatchini muddatidan oldin chempionga aylantiradi. Girida esa birinchi o‘ringa chiqish uchun faqat nazariy imkoniyat saqlanib qolgan. Buning uchun Sindorov oxirgi ikki turda mag‘lub bo‘lishi, Giri esa ikki partiyani ham yutishi talab etiladi.
Sindorov Giri bilan bo‘ladigan partiyada voqealarning har qanday rivojiga tayyor ekanini ta’kidladi:
«Anish, katta ehtimol bilan, uzoq davom etadigan o‘yin o‘tkazishga harakat qiladi. Men esa kurashga tayyorman… Agar Anish yutishga harakat qilsa, men ham o‘ynayman va o‘z imkoniyatlarimni qidiraman. Lekin turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqib ish tutaman.
Anish Giriga qarshi tayyorgarlikni ChessBase orqali qilaman. Partiyalarini ko‘rib chiqaman va variantlarni takrorlayman.
U ijtimoiy tarmoqlarda nima yozayotgani bilan esa qiziqmayapman. Bu men uchun muhim emas».
13 aprel turnirda dam olish kuni. Sindorov bo‘sh vaqtida padel-tennis va kompyuter o‘yinlarini o‘ynamoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.
«Dam olmoqchiman, videoo‘yinlar… Balki Counter-Strike ham o‘ynarman», – deydi u.
13-tur bahslari 14 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da boshlanadi. Giriga qarshi bahsda Sindorov qora donalarda o‘ynaydi. Shaxmatchilarning birinchi davradagi bahsida durang natija qayd etilgandi.
Sindorov turnirda chempionlikni rasmiylashtiradigan bo‘lsa, jahon chempioni unvoni Dommaraju Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
-
Dunyodan4 days agoArablar Putindan g’azablanishdi – nima uchun biz bilamiz
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Dunyodan4 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Turk dunyosi5 days ago2026 yilda Turkiyadagi 10 ta eng yaxshi soch koʻchirib oʻtkazish klinikalari uchun narxlar boʻyicha qoʻllanma
-
Jamiyat5 days ago
Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi
-
Dunyodan5 days agoInsoniyat yarim asrdan beri kutgan surat.
