Sport

Tarixiy g‘alaba. Javohir Sindorov Nomzodlar turniri g‘olibi!

Published

on


O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov muddatidan oldin Nomzodlar turniri g‘olibiga aylandi. U 13-tur yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘arib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Foto: Michal Walusza / FIDE

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 13-turida turnirdagi asosiy raqobatchisi, niderlandiyalik Anish Giriga qarshi o‘ynab, muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi.

Qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, 20 yoshli shaxmatchi himoyalanishda yuqori aniqlik namoyish etdi. Aksar sipohlar almashib yuborilganidan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar endshpiliga o‘tdi va yakunda raqib durangga rozi bo‘ldi.

Bu esa Javohir uchun g‘alabaga teng durang edi. Endi turnir yakuniga bir tur qolganida uning ochkolari soni 9,5 taga yetdi va ikkinchi o‘rindagi Anish Giri 7,5 ochkosi bilan so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar unga yeta olmaydigan bo‘ldi.

Sindorov hozircha 2022 yilda 14 ta partiyada 9,5 ochko jamg‘arib, turnir yakunlanishiga bir tur qolganda g‘oliblikni rasmiylashtirgan rossiyalik Yan Nepomnyashiyning ochkolar bo‘yicha rekordini takrorladi. Endi unda oxirgi turda xitoylik Vey Iga qarshi bahsda bu rekordni yangilash imkoniyati bo‘ladi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik yosh grossmeyster shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritdi. Shaxmat toji uchun bahs 2026 yil oxirida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Chempionlik bahsi sanasi va joyi keyinroq FIDE tomonidan e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro, shuningdek, qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan (hozirgacha 95 ming yevro ishlab topdi) pul mukofoti oladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version