Jamiyat
O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.
Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.
Jamiyat
Migratsiya agentligi xorijda ishlash niyatidagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Migratsiya agentligi xorijga ishga ketish niyatida bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Fuqarolardan ishga yuborish bo‘yicha litsenziyaga ega xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgach, to‘lovni boshqa firma yoki vositachilar hisob raqamiga amalga oshirmaslik so‘ralmoqda.
Ta’kidlanishicha, xususiy bandlik tashkilotiga berilgan litsenziya boshqa firma yoki konsalting xizmatlariga tatbiq etilmaydi.
Quyidagilar xavfli:
naqd pul berish;
jismoniy shaxs kartasiga pul o‘tkazish;
«konsalting xizmati» nomi bilan boshqa firmaga to‘lov qilish;
To‘lov faqat xususiy bandlik agentligining maxsus depozit hisob raqamiga amalga oshirilishi va albatta to‘lovni tasdiqlovchi chek bo‘lishi kerak.
Agentlik fuqarolarga litsenziyani tekshirish, shartnoma va to‘lovdagi firma nomini solishtirish, to‘lov cheklari, xujjatlar, reklama va yozishmalarning barchasini saqlashni tavsiya qilmoqda.
Jamiyat
Yozning birinchi kunida ayrim viloyatlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi ba’zi joylarda, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 31-36°, janubda 40° gacha bo‘ladi.
Toshkentda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 34-36° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 25-30° bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 2–5 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar munosabati bilan respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutasaddilar aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yog‘ingarchiliklar ta’sirida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li hududlarida sel oqimlari shakllanishi ehtimoli mavjud.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari xavfli hududlar qatoriga kiritilgan. Surxondaryo viloyatida esa Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kuzatilishi mumkin.
Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlari, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari ham xavf ostidagi hududlar sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida hamda Angren va Olmaliq shaharlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli saqlanib turibdi.
Vodiy hududlarida ham xavf yuqori baholanmoqda. Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahrida ham sel kelishi mumkinligi ta’kidlangan.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar va sayyohlarga ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni, daryo o‘zanlari, soylar va sel kelishi mumkin bo‘lgan hududlarda bo‘lmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, tog‘ yo‘llarida harakatlanuvchi haydovchilarga havo sharoitini inobatga olgan holda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish tavsiya etilmoqda.
Mutasaddilarning qayd etishicha, kuchli yomg‘irlar natijasida respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi mumkin. Bu esa pastlik joylar, ko‘chalar va ayrim aholi punktlarini vaqtincha suv bosishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
Jamiyat
Toshkentda gaz tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida gaz tarmog‘iga ulash masalasini hal qilib berishni va’da qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbir davomida ulardan biri 1 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Foto: Telegram / Department_uz
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Mirzo Ulug‘bektumangaz” bo‘limi xodimining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqaroga tegishli binoga gaz tarmog‘ini ulash uchun go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali texnik shartnoma rasmiylashtirib berishini aytgan. Shuningdek, texnik shartlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni va’da qilib, bu xizmat evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur mablag‘ning bir qismi — 1 ming AQSh dollari gaz bo‘limi xodimining topshirig‘iga ko‘ra fuqaro tomonidan olinayotgan vaqtda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Rahbarlik lavozimlariga nomzodlar sun’iy intellekt orqali baholanishi mumkin
O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlarni baholashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, nomzodlarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalari sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi maxsus elektron platforma orqali kompleks baholanadi.
Muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, Prezident, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan yoki kelishiladigan rahbarlik lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshida tashkil etiladigan Rahbar kadrlarni baholash markazida shaxsiy-professional diagnostikadan o‘tkaziladi.
Loyihada baholash jarayonlari AssessPro elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan. Platforma davlat fuqarolik xizmatchilari kompetensiyalarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida baholash imkonini beradi.
Nomzodlarni baholash bir nechta bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, umumiy bilim va intellekt darajasini aniqlash bo‘yicha testlar, davlat tilida savodxonlikni baholash uchun esse yozish, psixodiagnostik sinovlar, korrupsiyaga qarshi barqarorlikni aniqlash, kognitiv va neyro-kognitiv ko‘nikmalarni baholash, kompetensiyalar bo‘yicha intervyular, keys-stadi va amaliy topshiriqlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyihada nomzodlarni elektroensefalografiya (EEG) tekshiruvidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu usul bosh miya elektr faoliyatini tahlil qilish orqali insonning ayrim kognitiv xususiyatlarini baholash imkonini beradi.
Baholash yakunlari bo‘yicha nomzodlarga “tavsiya etiladi”, “shartli ravishda tavsiya etiladi” yoki “tavsiya etilmaydi” kabi xulosalar beriladi. Har bir ishtirokchi uchun shaxsiy portfolio shakllantirilib, u kadrlar bo‘yicha qaror qabul qilishda qo‘shimcha axborot manbai sifatida qo‘llaniladi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, rahbar kadrlarni baholash sohasida yagona markaz faoliyat yuritishi, baholash materiallari esa milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muntazam takomillashtirib borilishi rejalashtirilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days ago1,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi va keskin oshayotgan go‘sht importi
-
Jamiyat5 days agoIyun oyi va yoz faslida ob-havo qanday o‘zgaradi?
-
Iqtisodiyot5 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
-
Jamiyat5 days ago
Bayram kunlarida tibbiyot muassasalari ish tartibi e’lon qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Nobud bo‘lgan hayvonlar jasadini krematsiya qilish tartibi joriy etilishi mumkin
-
Jamiyat5 days agoBryusselda o‘zbekistonlik fuqaroning hayoti saqlab qolindi
-
Dunyodan5 days agoEron AQSh havo bazasiga hujum qildi – OAV
-
Dunyodan4 days ago
Eron AQSh bilan tinchlik shartnomasi shartlarini e’lon qildi
