Jamiyat
Farg‘onada fermer 15 ming dollar bilan ushlandi
Qo‘shtepalik fermer 3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalik rahbari xaridorni mazkur xo‘jalikning 3,7 gektar yer maydonini go‘yoki 7 gektar ekanligiga ishontirib va uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, evaziga 20 ming AQSh dollari hamda 100 mln so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbirda o‘tkazilgan. Unda fermer xo‘jalik rahbari kelishilgan pul mablag‘idan 15 ming dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentdagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in yuz berdi
Bugun, 5-aprel kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani, Toshkent katta xalqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan «Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in yuz berdi.
Xabarga ko‘ra, qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, hozirda yong‘in o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Yong‘in oqibatida tan-jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi. Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Yong‘in joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikromov yetib borgan.
Yong‘in soat 16:53 da qurshab olindi. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Yong‘indan tan jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
Jamiyat
“San’atkorlar loyihani to‘liq o‘qimasdan shovqin ko‘tardi” – taklif etilayotgan hujjat taqdiri nima bo‘ladi?
San’atkorlarni soliqqa tortishni taklif etuvchi qaror loyihasi muhokamasi 10 aprel kuni yakuniga yetadi. Fikr bildirgan san’atkorlarning deyarli hammasi bunga qarshi. Faollar hujjat chala ekanidan norozi, biroq odamlar san’atkorlar ham hamma qatori soliqqa tortilishi tarafdori. Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, soliq haq, biroq hozir san’atkorlardan undirilayotgan boshqa to‘lovlar masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida turgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi loyihani Adliya vazirligi muallif sifatida muhokamaga qo‘ygan.
10 aprelga qadar davom etuvchi bu muhokamalar chog‘ida fikr bildirgan san’atkorlarning deyarli hammasi ushbu tizimdan noroziligini bildirdi. Jamoatchilik faollari esa soliq faqat xonandalarga solinayotgani bir tomonlama va uzoqni o‘ylanmagan taomil bo‘lgani sabab, loyihani nomukammallikda ayblamoqda. Jamiyat a’zolarining aksariyati esa san’atkorlarni soliqqa tortish taklifini olqishladi.
Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, san’atkorlar soliqdan qochmaydi, biroq agar soliq joriy qilinadigan bo‘lsa, hozir undirilayotgan boshqa to‘lovlar masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti – Munojat Yo‘lchiyevaga ko‘ra, bu 1-2 kunda hal bo‘ladigan masala emas.
“Biz san’atkorlar davlat tomonidan ishlab chiqilib, qabul qilinayotgan har bir hujjatga bo‘ysunamiz, amal qilamiz. Biz soliq to‘lashga qarshi emasmiz, lekin litsenziya-chi? Agar soliq joriy qilinsa, litsenziya uchun to‘lov ham davom etadimi?” – deydi u.
Soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Po‘lat Davletov fikricha esa, san’atkorlar qaror loyihasini o‘qimasdan turib shovqin ko‘tarishdi.
“Avvaliga san’atkorlar bu loyiha ekanini, hali muhokama bosqichidaligini tushunishi kerak edi. Ular loyihani o‘qib, tushunib olishlari lozim. Samandar soliq e’lon qilindi deb xato gapirdi, soliq solingani yo‘q, bu faqat taklif etilmoqda hali”, deydi qo‘mita xodimi.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining Konsert tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘limi mas’uli – Eshqul Hakimovning aytishicha esa, san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi degan fikr xato.
“Prezident farmoniga binoan ular soliq to‘lab kelishgan, to‘layapti ham. San’atkorlarni soliq to‘lamaydi, deyish xato. Men hattoki summalari bilan keltirib berishim mumkin. Mana shu to‘lovlar bekor qilinmay turib, “bir xizmatga – bir to‘lov” tizimi joriy qilinishigina ularning birdan bunday fikrlashiga sabab bo‘ldi. Yo unisi, yo bunisi bekor bo‘lishi kerak”, deydi Hakimov.
Munojat Yo‘lchiyevaning qo‘shimcha qilishicha, san’atkorlarni o‘n ming dollarlab pulga chaqirayotgan ham, ortidan yomonlayotgan ham odamlarning o‘zi.
“Siz o‘n minglab dollarga san’atkorni chaqirasiz, bunga rozi – o‘zingiz. Ularning ortidan esa nega bular soliq to‘lamaydi, deysiz. Ikki tomondan ham loy chaplash yaxshi ish emas, san’atkorlar hammasi bor pulni cho‘ntakka urib ketmaydi, ular soliq to‘lashga rozi, lekin buni adolat bilan qilish kerak”, deydi O‘zbekiston qahramoni.
Jamoatchilik faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Adliya vazirligi va bu hujjatni ishlab chiqqan davlat tashkilotlari avvalo loyiha mazmunini OAV orqali tushuntirib berishi kerak edi. Bundan tashqari, hujjat chala va faqat xonandalar nazarda tutilayotgani g‘alati. Bo‘lsa, butun intellektual mulk egalari uchun birdek bo‘lishi kerak, deydi u.
“Nima uchun faqat san’atkorlar, degan savolga hech kim javob berolmayapti. Bundan tashqari, Adliya vazirligi konsert uyushmasi hamda san’atkorlar vakillari bilan bu yangilik oldidan necha marta uchrashuvlar o‘tkazgan? Agar loyiha mukammal bo‘lganida, mas’ullar bunday suhbatlarda terilib o‘tirishardi”, deya qo‘shimcha qiladi Tashanov.
Suhbatni Kun.uzʼning jonli efirlar bo‘limidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Jamiyat
Ikki ayol maxsus laboratoriyasiz tibbiyotga qanday yangilik kiritdi?
1948 yilda turli shaharlarda ishlaydigan ikki ayol tibbiyotning kelajagini sezilarli darajada o‘zgartira oldi.
Olbanilik kimyogar Reychel Fuller Braun va Nyu-Yorkda yashovchi mikrobiolog Elizabet Li Heyzenlar yirik muassasalar, taniqli murabbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan yoki maxsus korporativ laboratoriyalari ham yo‘q edi. Ammo ulardagi qat’iyat, ishonch va AQSh pochta tizimi butun shtat bo‘ylab iflos tuproqlar solingan flakonlarni yetkazib berish uchun yetarli bo‘ldi.
Elizabet tuproq namunalarini to‘pladi va ulardan ko‘pchilik odamlar mavjudligini hech ikkilanmay rad etadigan mikroblarni ajratib oldi. Ularni Reychelga yubordi. Reychel esa har bir namunani zamburuqqa qarshi faollik belgilari uchun tahlil qildi. Ular bu jarayonni yuz martalab takrorlashdi.
O‘sha paytda zamburug‘ infeksiyalari ko‘pincha o‘limga olib kelardi, ayniqsa, immun tizimi zaif bemorlarda. Zamburuqqa qarshi xavfsiz davolash yo‘q, penitsillin kabi antibiotiklar samarasiz edi.
Bir kuni Virjiniyadan kelgan namuna hamma narsani o‘zgartirib yubordi.
Ular kashf etgan birikma «nistatin» (nystatin) deb nomlandi – Nyu-York shtatining qisqartmasi zamburuqqa qarshi vositaga aylandi. Bu odamlar uchun xavfsiz bo‘lgan birinchi antifungal dori edi. U hayot uchun xavfli infeksiyalardan tortib, qoraqo‘tir va mikoz (teridagi turli toshmalar) kabi keng tarqalgan kasalliklargacha barchasini davoladi. Ammo uning ta’siri shu bilan cheklanib qolmadi.
Nistatin, shuningdek, kitoblar, rasmlar, qadimiy qo‘lyozmalar va hatto daraxtlarda mog‘or paydo bo‘lishining oldini olishi aniqlandi. Laboratoriyada ishlab chiqilgan bu birikma san’at, tarix va ekotizimlarni halokatdan saqlab qoladigan konservatsiya vositasiga aylandi.
Reychel va Yelizaveta mislsiz darajada boyib ketishlari mumkin edi. Buning o‘rniga ular barcha gonorarlarini – millionlab dollarlarni ilm-fanni moliyalashtirish uchun xayriya qilishni tanlashdi. Braun-Heyzen jamg‘armasi shu kungacha intiluvchan olimlarni, ayniqsa, ular kabi yaxshi g‘oya ustida tinimsiz fidoyilik bilan ish boshlagan kishilarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi
Jamiyat
Qashqadaryo va Jizzaxning tog‘li hududlarida qor yog‘di
Jamiyat | 14:21
2096
1 daqiqa o‘qiladi
7 aprel kuni Qashqadaryoning tog‘li G‘yelon va Maydanak qishloqlarida yomg‘ir qorga aylangan. Jizzaxning Zomin tumani tog‘li hududida ham qor yog‘gan. Shuningdek, 8 aprel kuni esa Qamchiq dovonida ham qor yog‘ishi kuzatildi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning Kun.uz’ga bildirishicha, bahor o‘rtasida tog‘li hududlarda manfiy harorat kuzatiladi. Bu hududlarda qor yog‘ishi tabiiy holat hisoblanadi.
“O‘zgidromet” 7—9 aprel kunlari Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining tog‘li hududlarida sel-suv toshqini xavfidan ogohlantirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘ison Respublikasining Beruniy tumaniga sel kelgani haqida xabar berilgandi.
Jamiyat
yordam uchun qariyb 7 tonna mahsulot yo‘naltirildi
To‘rt hafta davomida Uklon jamoasi haydovchi-hamkorlar bilan birgalikda Toshkent shahrida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi. Barcha tashabbuslar uchun ajratilgan umumiy mablag‘ 250 million so‘mni tashkil etdi.
Tashabbuslar oddiy va tushunarli mexanizmga asoslangan: foydalanuvchilar safardan so‘ng qoldirgan choypullar to‘liq haydovchilarga qoldirildi, kompaniya esa ushbu summani qo‘shimcha ravishda ikki barobarga oshirib, xayriya loyihalariga yo‘naltirdi.
Bir oy davomida to‘rtta tashabbus amalga oshirildi. Yordam quyidagilarni o‘z ichiga oldi: kam ta’minlangan oilalar va obodonlashtirish xodimlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari, issiq ovqat tashkil etish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun interaktiv doskalar.
“Biz yordam berish jarayoni oddiy va tushunarli bo‘lishini, ya’ni hayotimizning bir qismiga aylangan kundalik safarlar orqali amalga oshishini istadik. Natijada haydovchilarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya loyihalarini yagona tizimda birlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, – dedi Uklon’ning O‘zbekistondagi bosh menejeri Eduard Kovtun.
Tashabbuslar qanday o‘tdi?
Xayriya faoliyatlari har hafta o‘tkazilib, bir nechta yo‘nalishni qamrab oldi.
Tashabbuslar Volontyorlar assotsiatsiyasi ko‘magi va Food For Life hamkorligida “Mehr-saxovat” reabilitatsiya markazida issiq ovqat tashkil etishdan boshlandi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlar uchun issiq taomlar tayyorlandi.
Ikkinchi haftada “Ona” jamg‘armasi bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalaridan iborat 75 ta to‘plam topshirildi.
Uchinchi tashabbus obodonlashtirish xodimalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi: shahar tozaligini har kuni ta’minlaydigan 280 nafar xodim oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlandi.
Yakuniy bosqichda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga, jumladan, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarga interaktiv doskalar topshirildi. Uskunalar Toshkent shahriga, shuningdek, hududlarga — Qo‘qon shahri, Jizzax va Qashqadaryo viloyatiga topshirildi.
Ushbu tashabbusda servis haydovchi-hamkorlarining ishtiroki ayniqsa muhim bo‘ldi — aynan ularning jalb etilgani va sa’y-harakatlari tufayli loyiha amalga oshdi.
Uklon kompaniyasi Volontyorlar assotsiatsiyasi, Ona jamg‘armasi, Food For Life jamoasi, Toshkent shahar IIBB hamda Ijtimoiy himoya agentligiga, shuningdek hamkorlar — Advicmode reklama agentligi va Kontora jamoasiga minnatdorchilik bildiradi.
Ma’lumot uchun
Uklon — avtomobil chaqirish uchun mo‘ljallangan shu nomdagi onlayn xizmatni yaratgan IT kompaniya.
2025 yil aprel oyidan boshlab kompaniya korporativ huquqlarining 97 foizi Ukrainadagi eng yirik elektron kommunikatsiyalar operatori — Kyivstar’ga tegishli. Kyivstar xalqaro VEON guruhiga kiradi — 160 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatuvchi raqamli operator. VEON telekommunikatsiya, ride-hailing, striming xizmatlari, medtexnologiyalar, fintex va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida kotirovka qilinadi.
Reklama huquqi asosida
-
Iqtisodiyot5 days ago
Eron urushi o‘ttizga yaqin davlat valyutasi qadrini tushirib yubordi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tuzilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoXitoy so‘nggi 20 yilda eng ko‘p qayerga sarmoya kiritdi?
-
Dunyodan4 days ago
Tehron Hurmuz boʻyicha baʼzi mintaqa davlatlari bilan kelishuvlar tuzmoqchi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonga poyabzal importi qariyb 15 foizga kamaydi
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
