Jamiyat
Chinozda YTH sodir qilib, odam o‘limiga sabab bo‘lgan YPX xodimi 7 yilga qamaldi
Yo‘l-patrul xizmati xodimi Cobalt mashinasida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, Gentra bilan to‘qnashgandi. Oqibatda Gentra haydovchisi halok bo‘lgan.
Toshkent viloyatining Chinoz tumanida YTH sodir qilgan yo‘l-patrul xizmati xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Tongdagi avariya
Sud hukmiga ko‘ra, YTH 2025 yil 12 avust kuni tongda sodir bo‘lgan. Toshkent shahrida yashovchi Fayzulla Ubaydullayev o‘sha kuni turmush o‘rtog‘i va 3 nafar farzandi bilan sayohat qilish uchun Gentra mashinasida Samarqand shahriga yo‘l olgandi.
Chinoz tumani Madaniyat mahallasiga yetganda Gentra’ga yo‘lning qarama-qarshi tomonidan uchib chiqqan Cobalt mashinasi kelib uriladi.
Ushbu mashina rulida Toshkent shahar YHXB inspektori Davron Yo‘ldoshev bo‘lgan. U mashinani yuqori tezlikda boshqarib, rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgandi.
YTH oqibatida Gentra haydovchisi Fayzulla Ubaydullayev Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasiga olib boriladi, ammo u jonlantirish bo‘limida vafot etadi. Shuningdek, YTHda marhumning ikki qizi va turmush o‘rtog‘i ham tan jarohati olgan.
“Nomer”ni yechib harakatlangan”
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, Davron Yo‘ldoshev Cobalt’ni davlat raqam belgisini yechib olgan holda katta tezlikda boshqargan. U o‘z yo‘nalishidagi mashinani noto‘g‘ri quvib o‘tishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
“Davron Yo‘ldoshev YTHdan so‘ng 10-15 daqiqada yetib kelgan davlat raqami yechib olingan Damas mashinasiga o‘tirib, yordam ko‘rsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan. O‘zi YPX xodimi bo‘la turib, bir vaqtning o‘zida shuncha qoidabuzarlik sodir qilishi mumkinmi?”, degandi marhumning ukasi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.
“Ertalabki yo‘riqnomaga shoshayotgandim”
35 yoshli Davron Yo‘ldoshev suddagi ko‘rsatmasida aybiga iqror bo‘lib, o‘sha kuni ertalabki yo‘riqnomaga yetib borish uchun shoshganini aytgan.
“O‘sha kuni soat 5:20 larda Cobalt mashinamda mahallamdan chiqib, M-39 yo‘lida harakatlana boshladim. Boshqaruvni yo‘qotib, mashina rulini to‘g‘irlamoqchi bo‘ldim. Ammo hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganimda Toshkent shahrida shifoxonada ekanimni bildim. Meni shifoxonaga notanish kishilar olib borishgan.
Yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan holda harakatlanganimni tan olaman. Bu qilmishimdan pushaymonman”, – degan u.
Shuningdek, sudlanuvchi yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun 15 500 dollar to‘lab berganini ma’lum qilgan.
Davron Yo‘ldoshev o‘sha kuni uyidan chiqqanida mashinasining davlat raqam belgisi joyida turganini, YTH bo‘lganda davlat raqam belgisi bo‘lgan-bo‘lmaganini eslolmasligini bildirgan.
Jazo
JIB Chinoz tuman sudining 2025 yil 23 dekabrdagi hukmi bilan Davron Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyasida o‘tash belgilangan.
Marhumning qonuniy vakili sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Shikoyatda sudlanuvchi xavf ostida qoldirish hamda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatlarini ham sodir qilganini inobatga olib, unga og‘irroq jazo tayinlash so‘ralgan.
Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 10 martdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Avvalroq Xorazmda mast holda mashina boshqarib, odam urib yuborgan va hodisa joyidan ketib qolgan IIB xodimi 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
O‘qish maqsadida chet elga chiqqanlar soni kamaydi
2026 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘qish maqsadida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida 7 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda o‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p tanlagan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan. U yerga ta’lim maqsadida 1 519 nafar fuqaro yo‘l olgan. Rossiya ikkinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 1 515 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun borgan.
Reytingning keyingi pog‘onalaridan Janubiy Koreya, Turkiya va Tojikiston joy olgan. Xususan, Koreya Respublikasiga 1 184 nafar, Turkiyaga 554 nafar, Tojikistonga esa 514 nafar fuqaro ta’lim maqsadida safar qilgan.
Shuningdek, Xitoyga 472 nafar, Buyuk Britaniyaga 413 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun chiqqan. Boshqa davlatlarga ta’lim maqsadida safar qilganlar soni esa 1 184 nafarni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, ta’lim migratsiyasidagi o‘zgarishlarga xorijiy universitetlar qabul siyosati, ta’lim xarajatlari, stipendiya dasturlari hamda mehnat bozoridagi tendensiyalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, xorijda ta’lim olishga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning dastlabki oylarida chet elda o‘qish uchun safar qiluvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Jamiyat
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga oid qonunchilik yangilandi
O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda barpo etilgan uy-joy va boshqa obektlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hujjat mazkur sohadagi huquqiy mexanizmlarni soddalashtirish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Qonun bilan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq amaldagi tartib-taomillarni yanada takomillashtirish maqsad qilingan.
Xususan, huquqlarni e’tirof etish jarayonlaridagi ayrim byurokratik talablar qisqartirilib, vakolatli tashkilotlarning mas’uliyati aniqlashtirildi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan normalar ham kiritilgan.
Qonunga muvofiq, ayrim holatlarda yer uchastkalari va uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan kengroq foydalanish, davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini kuchaytirish hamda arizachilar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanmoqda.
Ta’kidlanishicha, yangi o‘zgartishlar fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash, bahsli holatlarni kamaytirish va mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi hamda samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mutasaddilar fikricha, qabul qilingan qonun aholining uy-joy va yer munosabatlari sohasidagi huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bilan birga, ko‘chmas mulk sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga zamin yaratadi.
Jamiyat
Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan yoki belgilangan tartibda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Hujjat bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish maqsadida qabul qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar berdi. Shuningdek, hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham bildirildi.
Bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Jamiyat
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. U kelishilgan mablag‘ning bir qismini olayotgan vaqtida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.
Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning dastlabki qismi hisoblangan 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni yer ajratish, auksion savdolari va mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy manbalar va qonuniy tartiblarga tayanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Soliq oliy maktabida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari ochiladi
O‘zbekistonda soliq sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentning “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–227-son, 2026 yil 16 iyun) qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-sonli farmoniga asosan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilgan. Shuningdek, uning tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq oliy maktabida o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027-2028 o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tamomlaganligi haqida hujjat ham oladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi sertifikatlarini qo‘lga kiritgan talabalarning mazkur sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Jamiyat4 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
