Connect with us

Jamiyat

Qo‘qonda bank xodimining qotilligi: jinoyat qanday ro‘y bergan?

Published

on


30 mart kuni O‘zbekiston tumani O‘qchi mahallasida yashovchi 28 yoshli Sanjar Esonaliyev muddatli to‘lovga Onix mashinasi olish uchun Infinbank Qo‘qon filialiga boradi. Kredit bo‘limining unga begona xodimi hujjatlarni rasmiylashtirib, tushlik payti qo‘lida 5700 dollar puli bor yigitni o‘zi bilan allaqayerga olib ketadi.

Ular bankdan soat 12:10 atrofida, sug‘urta hujjatlarini tayyorlash uchun bank xodimi A.T.ning Tracker mashinasiga o‘tirib chiqib ketishgan. Shundan keyin xodim mijozining bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan va jasadni mashinada qoldirib, tushlik vaqti tugaganda hech narsa bo‘lmagandek ishiga qaytib kelgan. Ish vaqti tugagach, mashinasidagi qurbonini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.

Kanaldagi qidiruv ishlari bir necha kun davom etgach, 4 aprel kuni jasad topildi.

Kun.uz muxbiri Sanjar Esonaliyevning yaqinlaridan tafsilotlarni surishtirdi.

“3 yashar o‘g‘li dadam yangi mashina olib keladi, deb kutib o‘tiribdi…”

Marhum Sanjar Esonaliyevning otasi Bahodir Shokirov:

— O‘g‘lim Sanjarbek 30 mart kuni yaxshi niyatda Infinbankdan muddatli to‘lovga Onix mashinasi olaman deb, uydan chiqib ketgan edi. Ertalab borgan bolam tushlikda yo‘qoldi, telefoni o‘chdi. Shu bilan daragi yo‘q. Topilavermagach, kuzatuv kameralarini ko‘rsatishlarini talab qildik. Unda bank xodimi uni qora Tracker mashinasiga o‘tirgizib ketganini ko‘rdik.


Marhum Sanjar Esonaliyev

 


Bahodir Shokirov, marhum Sanjar Esonaliyevning otasi

Kredit bo‘limi mutaxassisi avval sug‘urta qilib keling, degan ekan. O‘g‘lim bankdan tashqariga chiqqanida xodim orqasidan chiqib mashinaga o‘tirgizib, qayoqqadir olib ketgan. Bankka amakisining o‘g‘li bilan Damas’da borishgan edi. Amakivachchasi soat 17:00 gacha avtoturargohda kutib o‘tiravergan. O‘g‘lim qaytib kelmagan.

O‘g‘limning yonida 5 700 dollar puli bor edi. U to‘lov qilishga ulgurmagan ham. Endi bank xodimi “menga pichoq bilan tashlandi, o‘zimni himoya qilish uchun o‘ldirdim” deyayotgan emish. O‘g‘lim hecham birovga qo‘l ko‘taradigan yigit emasdi.

Sanjarbekning bir o‘g‘il, bir qizi bor edi. Ular yetim bo‘lib qoldi. 3 qizdan keyin tilab olgan bitta-yu bitta o‘g‘lim edi. Dadam yangi mashina olib keladi deb, 3 yashar nevaram kutib o‘tiribdi.


Jasadni Katta Farg‘ona kanalidan qidirish ishlari

Bankda ham, uning tashqarisida ham kelishuvchilik bo‘lmagan

Marhum Sanjar Esonaliyevning qarindoshi Ulug‘bek To‘lanboyev:

— Kuzatuv kameralarni ko‘rganimizda jiyanim Sanjarbek tushlik mahal, soat 12:10 da bankdan chiqib, bank xodimining mashinasi orqa o‘rindig‘iga o‘tirib ketgan. Bank binosi ichkarisida hech qanday tortishuv, janjal bo‘lmagan.

Sanjarbekning avval Cobalt mashinasi bo‘lgan, uni bir hafta oldin bir ayolga sotgan edi. U ayol mashinaning yarim pulini berib, qolganini keyinroq qilib berishini aytgan ekan. Voqea sodir bo‘lgan kuni soat 12:45 larda mashinasini sotib olgan ayol bilan telefonda gaplashgan, ayol undan notariusga kelib, mashinani nomiga o‘tkazib berishini so‘ragan. Sanjarbek borolmasligini, muddatli to‘lovga mashina olish bilan bandligini aytgan. Shundan keyin telefoni o‘chgan.

Bank xodimining ko‘rsatmasi bo‘yicha, o‘zining Tracker mashinasi orqa o‘rindig‘ida Sanjarni bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan. Keyin jasadni mashinada qoldirib, hech narsa bilmagandek yana ishxonasiga qaytib kelib, o‘z ishini davom ettirgan. Keyin soat 19:00 – 20:00 atrofida Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.


Ulug‘bek To‘lanboyev, marhumning qarindoshi

Bank xodimi o‘z ko‘rsatmasida Sanjar uning shaxsiyatiga tekkani, haqorat qilgani, buning ortidan bo‘yniga pichoq urganini, so‘ng kanalga tashlab yuborganini aytdi. Qon bo‘lib ketgan mashina poligi va pichoqni yashirib, Tracker’ni “moyka” qildirib, kiyimlarini almashtirib, ishga qaytgan ekan. Jiyanimning yonida bo‘lgan 5700 dollari ham yo‘q.

“O‘g‘lim dadasini haliyam kutyapti”

Marhumning turmush o‘rtog‘i Shohsanam Esonaliyeva:

— Turmush o‘rtog‘im 30 mart kuni soat 7:00 da uydan chiqib ketgan. Soat 8:20 larda telefon qilib, “bankka keling, siz ham qo‘l qo‘yishingiz kerak ekan” dedi. 6 oylik chaqalog‘im bilan bankka bordim. Kerakli xujjatlarga imzo qo‘yganimdan keyin, uyga qaytdim. Turmush o‘rtog‘im va bank xodimi o‘rtasida hech qanaqa tortishuv yo‘q edi. Salondan yangi mashinani olib, orqamizdan yetib borishini aytdi. Shu bilan uni qaytib ko‘rmadim.

3,5 yoshli o‘g‘lim har kuni dadasini so‘rayapti. Unga nima deb javob berishni bilmayapman.


Shohsanam Esonaliyeva, marhumning turmush o‘rtog‘i

Tergov ketmoqda

Kun.uz muxbiri Infinbank Qo‘qon filialida bo‘lib, holatga izoh so‘radi. Lekin hamkasblaridan hech biri bo‘lgan voqea haqida, qotillik gumondorining shaxsiyati va fe’l-atvori haqida gapirishni istamadi.

O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan qo‘riqlash bo‘limi xodimlariga ko‘ra, bank ichkarisida kredit bo‘limi mutaxassisi va marhum o‘rtalarida hech qanday tortishuv ham, janjal ham bo‘lmagan.

A.T. qamoqqa olingan. Qo‘qon shahar prokuraturasi tergov harakatlarini olib bormoqda.

Marhumning jasadi ushbu lavha efirga chiqishi arafasida, 4 aprel kuni topildi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘qish maqsadida chet elga chiqqanlar soni kamaydi

Published

on


2026 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘qish maqsadida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.

Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida 7 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.

Tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda o‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p tanlagan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan. U yerga ta’lim maqsadida 1 519 nafar fuqaro yo‘l olgan. Rossiya ikkinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 1 515 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun borgan.

Reytingning keyingi pog‘onalaridan Janubiy Koreya, Turkiya va Tojikiston joy olgan. Xususan, Koreya Respublikasiga 1 184 nafar, Turkiyaga 554 nafar, Tojikistonga esa 514 nafar fuqaro ta’lim maqsadida safar qilgan.

Shuningdek, Xitoyga 472 nafar, Buyuk Britaniyaga 413 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun chiqqan. Boshqa davlatlarga ta’lim maqsadida safar qilganlar soni esa 1 184 nafarni tashkil etgan.

Mutaxassislar fikricha, ta’lim migratsiyasidagi o‘zgarishlarga xorijiy universitetlar qabul siyosati, ta’lim xarajatlari, stipendiya dasturlari hamda mehnat bozoridagi tendensiyalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, xorijda ta’lim olishga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning dastlabki oylarida chet elda o‘qish uchun safar qiluvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga oid qonunchilik yangilandi

Published

on


O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda barpo etilgan uy-joy va boshqa obektlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hujjat mazkur sohadagi huquqiy mexanizmlarni soddalashtirish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Qonun bilan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq amaldagi tartib-taomillarni yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Xususan, huquqlarni e’tirof etish jarayonlaridagi ayrim byurokratik talablar qisqartirilib, vakolatli tashkilotlarning mas’uliyati aniqlashtirildi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan normalar ham kiritilgan.

Qonunga muvofiq, ayrim holatlarda yer uchastkalari va uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan kengroq foydalanish, davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini kuchaytirish hamda arizachilar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, yangi o‘zgartishlar fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash, bahsli holatlarni kamaytirish va mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi hamda samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mutasaddilar fikricha, qabul qilingan qonun aholining uy-joy va yer munosabatlari sohasidagi huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bilan birga, ko‘chmas mulk sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga zamin yaratadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin

Published

on


O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan yoki belgilangan tartibda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Hujjat bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish maqsadida qabul qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar berdi. Shuningdek, hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham bildirildi.

Bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi

Published

on


Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. U kelishilgan mablag‘ning bir qismini olayotgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.

Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning dastlabki qismi hisoblangan 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni yer ajratish, auksion savdolari va mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy manbalar va qonuniy tartiblarga tayanishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi

Published

on


O‘zbekistonda mobil aloqa vositalaridan foydalanish darajasi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 10 yosh va undan katta aholining 99,3 foizi mobil telefondan foydalangan.

Qayd etilishicha, mamlakatda raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, mobil aloqa xizmatlari qamrovining ortishi hamda internet infratuzilmasining rivojlanishi aholi orasida mobil telefonlar ommalashuviga xizmat qilgan.

Uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlanma kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mobil telefondan foydalanuvchilar ulushi izchil o‘sib borgan. Xususan, 2021 yilda mazkur ko‘rsatkich 95,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 97,8 foizga yetgan.

2023 yilda mobil telefondan foydalanuvchilar ulushi 99,1 foizga chiqqan va 2024 yilda ham shu darajada saqlanib qolgan. 2025 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich yana 0,2 foiz bandga oshib, 99,3 foizni tashkil etgan.

Mutaxassislar fikricha, mobil telefonlar nafaqat aloqa vositasi, balki davlat xizmatlari, elektron to‘lovlar, onlayn ta’lim, elektron tijorat va turli raqamli platformalardan foydalanishning asosiy vositasiga aylanib bormoqda.

Statistik ma’lumotlar mamlakatda mobil texnologiyalardan foydalanish deyarli to‘liq qamrovga yetganini ko‘rsatmoqda. Bu esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish uchun muhim omil sifatida baholanmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.