Iqtisodiyot
To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tuzilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlik sub’yektlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda xususiy biznesni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Islohotlar natijasida yurtimizda 300 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va 5,5 million nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat yuritmoqda. Xususiy biznesning iqtisodiyotdagi ulushi esa so‘nggi besh yilda 45 foizdan 58 foizga oshdi.
Joriy yilda kichik va o‘rta biznesga 140 trillion so‘m kredit ajratish, banklar tomonidan jalb qilinayotgan 8 milliard dollar tashqi resurslarni mahalladagi tadbirkorlikka yo‘naltirish, ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar infratuzilmasini yaxshilash uchun hududlarga 20 trillion so‘m ajratish belgilangan.
Shu bilan birga, yaratilgan korxonalar va ish o‘rinlarini saqlab qolish, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik sub’yektlarini erta bosqichda qo‘llab-quvvatlash borasida hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi qayd etildi.
Xususan, faoliyat ko‘rsatmayotgan va faoliyati tugatilgan kichik korxonalar sonining o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu holat amaldagi tizim korxonani saqlab qolish va qayta tiklashga emas, ko‘proq uning faoliyatini rasmiy tugatishga qaratilganidan dalolat berayotgani qayd etildi.
Avvalo, to‘lovga qobiliyatsizlik taomillari yetarli darajada qo‘llanilmayapti. Moliyaviy ahvoli og‘irlashgan 93 mingta tadbirkorning atigi 10 mingtasi bo‘yicha to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan. Sudgacha va sud sanatsiyasi tizimi amalda samarali ishlamayapti, so‘nggi besh yilda atigi 68 ta korxonaga sanatsiya taomili qo‘llanilgan, shundan ham faqatgina 7 tasining faoliyati tiklangan.
Sud boshqaruvchilari faoliyati ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qator holatlarda ish yuritish muddatlari buzilgani, asossiz xulosalar berilgani, soxta bankrotlik alomatlarini o‘z vaqtida o‘rganish mexanizmi yetarli emasligi qayd etildi. Sud boshqaruvchilariga haq to‘lash tizimidagi bo‘shliqlar malakali mutaxassislarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgani, ayrim holatlarda esa ishlarni sun’iy cho‘zishga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, soha raqamlashtirilmagani, onlayn monitoring va nazorat yo‘qligi, bankrot yoki to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarning ochiq reyestri mavjud emasligi, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi institutsional yondashuvlar taklif qilindi.
Xususan, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tuzilma sohada yagona davlat siyosatini yuritish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, bankrotlik omillarini tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Sud boshqaruvchilari palatasini tuzish taklif etildi. Palata sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etadi, ular tomonidan qonunchilik va kasb etikasiga rioya etilishini monitoring qiladi, huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Moliyaviy ahvoli og‘ir biznes sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar ham taqdimot qilindi.
Jumladan, kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi orqali kafillik berish, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali tijorat banklarida past foizli kredit liniyalari ochish orqali korxonalarni moliyaviy tiklashga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.
Bunda tijorat banklari ajratgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foizlar sanatsiya yakunlangunga qadar kechiktiriladi, kredit sanatsiya yakunlanganidan so‘ng 3 yil ichida qaytariladi, kredit qarzdorligini restrukturizatsiya qilish asoslari yaratiladi.
Soliq va kredit qarzdorligini kechiktirib to‘lash hamda restrukturizatsiya qilish tartiblarini soddalashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari ayrim soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berishi, shuningdek, bunday mexanizmlar garov, bank kafolati yoki sug‘urta polisi asosida soliq organlari tomonidan ham qo‘llanishi mumkin bo‘ladi.
Davlat ko‘magidagi sudgacha sanatsiya choralari ham kengaytiriladi. Bunda kreditorlar bilan kelishuv, moliyaviy yordam jalb qilish, soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirish, qarzlarni sotib olish, ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish, korxonani qayta tashkil etish, malakali mutaxassislarni jalb etish va xodimlarni qayta tayyorlash kabi vositalardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Taqdimotda to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham katta e’tibor berildi.
Shu maqsadda to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasini ishga tushirish taklif qilindi. Ushbu platformada to‘lovga qobiliyatsizlik ishi yuritilayotgan shaxslar, sanatsiya qo‘llanilayotgan korxonalar va sud boshqaruvchilari reyestrlari yuritiladi. Barcha jarayonlar – ariza berishdan tortib, korxonani tugatishgacha – elektron shaklda olib boriladi. Shuningdek, mazkur tizim jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘ladi.
Bu orqali sohada ochiqlikni ta’minlash, ma’lumot almashinuvini tezlashtirish, nazorat va monitoringni kuchaytirish, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi.
Prezidentimiz tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda yangi korxonalar tashkil etish bilan cheklanib qolmasdan, ishlab turgan biznesni saqlab qolish, vaqtincha qiyinchilikka uchragan korxonalarga o‘z vaqtida ko‘mak berish, ularni iqtisodiy faollikka qayta olib chiqish lozimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga to‘lovga qobiliyatsizlik institutini xalqaro tajriba asosida tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv, samarali sanatsiya mexanizmlari va raqamli yechimlarni joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
