Jamiyat
Buxoro ko‘chalarida «Nasriddin Afandi» kezmoqda (foto)
Bugun, 1-aprel – Kulgi va mutoyiba kuni munosabati bilan Buxoro shahrida keng ko‘lamli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, eski shaharning yuragi hisoblangan Labi Hovuz maydonida joylashgan Xo‘ja Nasriddin, xalq orasida «Afandi» nomi bilan mashhur qahramon haykali atrofidagi muhit bayramona tus olgan.
Ushbu bronza haykal uzoq yillardan buyon mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Qadimiy me’moriy obidalar bag‘rida joylashgan bu timsol, nafaqat, tarixiy meros, balki, kulgu va hayotiy hikmat ramzi sifatida ham qadrlanadi. Odamlar Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifa, askiya va hangomalarni hanuz zavq bilan eslashadi.
Shu munosabat bilan shaharda «Nasriddin Afandi hamda Sharq taomlari» festivali tashkil etildi. Bayram doirasida Labi Hovuzdan Ark qo‘rg‘onigacha bo‘lgan hudud saylgohga aylanib, turli madaniy dasturlar, ko‘rgazmali chiqishlar va shou tadbirlar bilan gavjum bo‘ldi.
Festivalning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi oldida o‘tkazildi. Tadbirda so‘z san’ati ustalari, askiyachilar va yosh ijodkorlar ishtirok etib, kulguga boy chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Teatrlashtirilgan sahnalar, milliy qo‘shiqlar va jonli ijrolar kulgu san’atining beqiyos imkoniyatlarini namoyon etdi.
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, Nasriddin Afandi XIII asrdan boshlab, O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon va hatto, Xitoy xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan hajviy obraz hisoblanadi. Uning real shaxs bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ayrim rivoyatlarda uning vatani Buxoro deyilsa, boshqalarida boshqa hududlar tilga olinadi. Biroq, aynan, Buxorodagi haykal bu obrazning eng mashhur timsollaridan biri sanaladi.
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunovning ta’kidlashicha, mazkur festival shaharning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Yil sayin tadbirga bo‘lgan qiziqish ortib, uning dasturi yanada boyib bormoqda. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy qo‘shiqlar, qahramonlar qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlar va rang-barang sahna chiqishlari ayniqsa xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Festival doirasida «Sharq taomlari» tanlovi ham tashkil etildi. Unda milliy va buxorocha an’anaviy taomlar namoyish qilinib, mehmonlarga mahalliy oshxona madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Shu tariqa, Buxoro shahri bugun nafaqat tarixiy merosi, balki kulgu va ijod bayrami orqali ham sayyohlar uchun yanada jozibali manzilga aylanmoqda.
Jamiyat
O‘zboshimchalik bilan saqlangan solyarka portlagan – Yozyovondan reportaj
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasidagi noturar binoda katta yong‘in chiqdi. Bu binoda kuz-qish mavsumida baliq pishirib sotilgan, shu kunlarda esa neft mahsulotlari noqonuniy ravishda saqlanayotgan bo‘lgan. Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqan. Oqibatda 3 kishi vafot etdi, 2 kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, guvohlar va mas’ullar bilan suhbatlashdi.
16 iyun kuni soat 22:16 larda Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasida joylashgan choyxonada yong‘in sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yongan binoda kuz va qish mavsumida xo‘randalarga baliq pishirib sotilgan, qolgan paytda u yerda noqonuniy ravishda neft mahsulotlari saqlangan.
Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqani aytilyapti. Oqibatda binoning 60 kv m maydoni va 3 ta avtomobil – Labo, Hyundai va Mercedes-Benz zararlangan.
Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Abdulaziz G‘oyipovning ma’lum qilishicha, 1976 yilda tug‘ilgan A.H. hamda 1999 yilda tug‘ilgan Z.O. II-III darajali termik kuyish bilan, 2012 yilda tug‘ilgan O.O. tananing 100 foiz kuyishi, nafas yo‘llari kuyishi, kuyish karaxtligi og‘ir darajasi tashxisi bilan shifoxonaga olib kelingan.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay 14 yoshli bemor vafot etgan. Ikki bemor esa og‘ir ahvolda qolmoqda.
Abdulaziz G‘oyipov
Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Ahliddin Alijonovga ko‘ra, yong‘in qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan paytda ikki nafar fuqaro yong‘in oqibatida hayotdan ko‘z yumgan holatda topilgan. Qolgan uch nafari shoshilinch tez tibbiy yordamga yuborilgan.
Ahliddin Alijonov
“Neft mahsulotlarini quyish-to‘kish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Noturar binoda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan neft mahsulotlari saqlab kelingan bo‘lgan. Hozirda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, deydi Ahliddin Alijonov.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik firibgarliklar fosh etildi
O‘zbekistonning bir qator hududlarida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ulardan yirik miqdorda pul olgan shaxslar fosh etildi. Holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departament organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Koreyaga ishga yuborish bahonasida fuqarolarni aldash bilan bog‘liq qator holatlar aniqlandi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida migratsiya agentligining sobiq rahbari 8 nafar fuqaroni imtihonlardan o‘tkazib, Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan jami 90 ming AQSh dollarini olgani ma’lum bo‘ldi.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida ikki nafar shaxs 22 nafar fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, 34,2 ming AQSh dollari hamda 79,3 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Jizzax viloyatida esa muqaddam sudlangan fuqaro olti nafar shaxsdan Koreyaga ishga joylashtirish bahonasida 32,2 ming AQSh dollarini olgani aniqlangan.
Shuningdek, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Jizzax viloyatlarida ham xuddi shunday usulda fuqarolardan minglab dollar mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari fosh etildi.
Tekshiruvlar davomida ayrim holatlarda jabrlanuvchilarga pul mablag‘larining bir qismi qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish masalasida faqat rasmiy va vakolatli tashkilotlar xizmatlaridan foydalanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonning 9 viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
20–22 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Mutasaddilar fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Tezkor gidrometeorologik axborotga ko‘ra, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim tog‘li va tog‘oldi tumanlarida sel kelishi xavfi mavjud.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Kitob va Shahrisabz, Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq va Parkent, shuningdek, Farg‘ona vodiysidagi qator tog‘li hududlar xavfli hududlar sifatida qayd etilgan.
Mutaxassislar yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari shakllanishi, shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligini bildirmoqda.
Shu munosabat bilan tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarga xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.
Jamiyat
Zomin va Baxmalda sel kuzatildi, 3 ta avtomobil oqib ketdi
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelib, sel yo‘lida qoldirilgan uchta yengil avtomobil oqim bilan oqib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘liga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan 3 ta yengil transport vositasi oqim ta’sirida oqib ketgan.
Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Jamiyat
1400 dollar olgan hokim yordamchisi ushlandi
Xorazm viloyatida fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan hokim yordamchisi 1400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Hazorasp tumanidagi “Ziyolilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi I.R. fuqaro D.R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Siyosat4 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy5 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Mahalliy5 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Dunyodan3 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
