Jamiyat
«Qahramon yetti it» haqidagi afsona qanday paydo bo‘ldi?
Ijtimoiy tarmoqlar asrida hissiyotlarga boy hikoyalar soniyalar ichida butun dunyoni aylanib chiqmoqda. Yaqinda Xitoyning Jilin provinsiyasidagi trassa bo‘ylab ketayotgan yettita itning videosi ana shunday «portlash» yasadi. Yetti itning trassa bo‘ylab yugurib yurgani haqiqat, ammo…
«Kushxonadan qochish…»
Internetda tarqalgan taxminga ko‘ra, bu yetti it go‘sht uchun so‘yiladigan kushxonadan mo‘’jizaviy tarzda qochib ketgan. Emishki itlardan biri sim to‘siqni g‘ajib, boshqalariga yo‘l ochgan. Ular yana bir yarador sherigini tashlab qo‘ymay, uni o‘rtaga olib himoya qilib yurishgan, «qahramonlar» o‘z uylarini topish uchun 17 kilometr yo‘l bosgan.
Bu voqea ko‘pchilikda 1993-yildagi mashhur «Uyga qaytish yo‘li» filmini yodga soldi. Hatto sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dramatik posterlar va treylerlar bu hikoyani yanada ishonarli qilib ko‘rsatdi. Aslida-chi? Ularning kushxonada simlarni g‘ajib eshikni ochib boshqalarini qutqargani tasviri bormi yoki kimdir ko‘rganmi? Yoki ularning aynan kushxonadan qochganini, go‘shtga topshirilayotganini internet foydalanuvchilariga itlarning o‘zi gapirib bergan desak ular gapira olmaydi. Itlar aynan 17 kilometr masofani bosib o‘tgani qanday aniqlangan, ularning bo‘ynida kilometrni aniqlaydigan uskuna bo‘lganmi?
Yolg‘on qayerdan boshlangan?
Xitoyning Finance.sina.com.cn nashrining xabar berishicha, yetti itning videosi dastlab 15-mart kuni Jilin provinsiyasining chekka hududidan o‘tayotgan bir erkak tomonidan suratga olingan va internetga joylangan.
U video tagida: «Balki ular go‘sht tashuvchi mashinadan qochib ketgandir» deb taxmin qilgan. Keyinchalik u hech qanday «qochish» jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganini tan olgan, lekin taxmin allaqachon tarqalib bo‘lgan edi.
«Virusli» tarqalish va talqinlar
Video Xitoyning Douyin va Weibo platformalarida 90 milliondan ortiq ko‘rilgan, so‘ngra TikTok va Instagram orqali butun dunyoga yoyilgan. Odamlar videodagi har bir harakatga o‘zlaricha ma’no bera boshlashgan. Foydalanuvchilar videodagi har bir harakatga dramatik rollar berishdi: Masalan, golden retriver guruhning bir a’zosi, nemis ovcharkasi «yarador sherik» rolida, korgi yo‘l boshlovchi va jasur yetakchi sifatida.
Fotokadr: YouTube
Hatto sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan dramatik posterlar, treylerlar va itlarning o‘z egalari bilan «ko‘rishayotgani» aks etgan soxta tasvirlar bu afsonani yanada ishonarli qildi. Masalan o‘n millionga yaqin obunachisi bo‘lgan Firstpost yutub-kanalida yetti itning qochishi AI tomonidan shu qadar yanada kuchaytirib yaratilganki, go‘yoki kino ko‘rgandek bo‘lasiz. Mana shu videoni tomosha qilganlar itlar o‘z uyiga qaytdi deb yozishgan, hayvonlar go‘shtini yeydiganlardan nafratlanishgan va ular orasida qachondan beri feyk xabar bu qadar kengaytirilib tarqatiladigan bo‘ldi, degan istehzoli izohlarni ham o‘qish mumkin…
Aslida nima bo‘lgan edi?
Xitoy davlat nashrlari (Cover News, City Evening News) va CNN o‘tkazgan surishtiruvlar afsonani parchalab tashladi. Haqiqat ancha oddiyroq: itlar hech qanday kushxonadan qochmagan. Ular video olingan joy yaqinidagi qishloq aholisiga tegishli bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, nemis ovcharkasining juftlashish mavsumi bo‘lgani sababli, atrofdagi boshqa itlar unga ergashib ko‘chaga chiqib ketishgan. Bu erkin yuradigan qishloq itlari uchun tabiiy holat.
Hozirda barcha itlar o‘z uylarida. Ular uylaridan 4-5 kilometr uzoqlikda bo‘lgan.
Ekspert fikri…
«Odamlar mavjud viral (ommalashgan) kontent yoki trendlardan pul ishlab olishga harakat qilishmoqda», — dedi RMIT universitetining raqamli media bo‘yicha dotsenti Ti Jey Tomson CNN telekanaliga bergan intervyusida. — «Internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor bu pul demakdir. Shunday ekan, qancha ko‘p e’tibor qozonsangiz, shuncha ko‘p faollikka (engagement) erishasiz». Uning ta’kidlashicha, odamlar doimiy salbiy xabarlardan charchagan va ijobiy, ko‘ngilga yaqin kontentga muhtoj. Bu esa ijtimoiy tarmoq yaratuvchilarini layk va klik yig‘ish uchun oddiy voqealarni bo‘rttirib ko‘rsatishga yoki to‘qima qo‘shishga undaydi. «Diqqat qaratish bu internetda pul degani, qancha ko‘p diqqatni jalb qilsangiz, shuncha ko‘p foyda ko‘rasiz», — deydi ekspert.
Shuningdek, ekspertlar bunday «zararsiz» ko‘ringan afsonalar ikkita katta xavf tug‘dirishidan ogohlantiradi: tanqidiy fikrlash yo‘qoladi, hissiyotga berilib, faktlarni tekshirishni unutib qo‘yamiz.
Stereotiplar kuchayadi, ya’ni asossiz xabarlar ma’lum bir hudud yoki madaniyat haqida salbiy tasavvurlarni (masalan, it go‘shti savdosi haqidagi mubolag‘alarni) mustahkamlab yuborishi mumkin.
Hikoyaning SI yaratgan versiyalari keng tarqaldi. Douyin
Itlar omon qolgani, voqea biz o‘ylagandek qayg‘uli bo‘lmagani albatta, quvonarli. Ammo bu holat bizni ogohlikka chorlaydi. Sun’iy intellekt nafaqat matn yozadi, balki mavjud videolarga soxta «baxtli yakun» yasab berishga ham qodir. Internet tezlashgan zamonda, har qanday virusday tezkor xabarni aql chig‘irig‘idan o‘tkazish shart. Zero, biz qahramonga chiqargan hayvonlar o‘zlarining mashhurligidan bexabar, shunchaki o‘z tabiatiga ko‘ra yashashda davom etmoqdalar.
Barno Sultonova
Jamiyat
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
Raqamli hukumat fuqarolarga uy qurishda hujjatlarni rasmiylashtirish hamda qurilish ishlarini amalga oshirish tartibini eslatib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, avvalo litsenziyaga ega loyiha tashkilotida uy loyihasini tayyorlash lozim. Shundan so‘ng loyiha my.gov.uz portali orqali tegishli tartibda kelishilib, qurilish ishlarini boshlash mumkin. Qurilish yakunlangach esa obyektdan foydalanishga ruxsatnoma ham elektron tarzda olinadi.
Qayd etilishicha, agar uy ikki qavatdan oshmasa, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan katta bo‘lmasa, fuqaro litsenziyaga ega loyiha tashkilotiga murojaat qilib loyiha tayyorlatishi mumkin. Keyinchalik loyiha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgach, qurilish ishlari boshlanadi.
Mutasaddilar uy aynan tasdiqlangan loyiha asosida qurilishi kerakligini ta’kidladi. Aks holda, foydalanishga ruxsatnoma olish jarayonida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Chunki yakuniy bosqichda loyiha tashkilotining xulosasi hamda vakolatli organlarning joyiga chiqib o‘tkazadigan o‘rganish natijalari talab etiladi.
Shuningdek, fuqarolar elektron xizmatlar orqali quruvchi tashkilotning ishonchliligini tekshirish, ko‘chmas mulkning buzilish (snos) hududiga tushgan-tushmaganini aniqlash, uy-joyni QR-kod orqali tekshirish, yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, kommunal hisobraqamlar va qurilish obyektlari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Mas’ullar hujjatlarsiz qurilgan obyektlar qonunchilikka muvofiq jarimaga sabab bo‘lishi, ayrim hollarda esa buzdirilishi mumkinligini eslatdi. Litsenziyaga ega loyiha tashkilotlari ro‘yxati bilan shaffofxarid.uz platformasi orqali ham tanishish mumkin.
Jamiyat
Eski mashinasini utilizatsiyaga topshirmaganlar BHMning 30 barobari miqdorida kompensatsiya to‘laydi
Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan transport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinadi. Avtomobil egalariga yangi avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi uchun elektron vaucher taqdim etish yoki vaucher summasini naqdlashtirib berish taklif etiladi.
2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillarni bozor narxida sotib olish va utilizatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan transport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinadi. Avtomobil egalari bilan hisob-kitob qilish jarayonida yangi avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi uchun elektron vaucher taqdim etish yoki vaucher summasini pulga aylantirib berish taklif etiladi.
Iste’molchi ushbu vaucher orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda vaucherdagi mablag‘ chegirma sifatida hisoblanib, qolgan to‘lovni bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lash imkoni yaratiladi.
Eski avtomashinasini o‘z vaqtida utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘laydi.
Jamiyat
Tovlamachilik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Misrdan ekstraditsiya qilindi
Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, u Rossiya orqali tranzit tarzida olib kelingan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
O‘zbekiston va Misr Interpol Milliy markaziy byurolarining kelishilgan sa’y-harakatlari natijasida tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Xabar qilinishicha, u Misr hududida qo‘lga olingan.
“Vakolatli organlar tomonidan tegishli materiallar ko‘rib chiqilib, zarur ekstraditsiya choralari yakunlangach, uni O‘zbekiston tomoniga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabarida.
Qayd etilishicha, Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, u Rossiya orqali tranzit tarzida olib kelingan.
Ekstraditsiya qilingan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Jamiyat
Sirdaryoda tanishining pulini qalbaki dollarga almashtirib qo‘ygan ayol ushlandi
U tanishining uch ming dollar pulini sanash jarayonini videoga olib Instagramga joylashtirishini aytib, undan ushbu pullarni olgan va 1,5 ming dollarini o‘zida bo‘lgan qalbaki 1,5 ming dollarga almashtirib qo‘ygan.
Foto: Prokuratura departamenti
Sirdaryo viloyatida yashovchi ayol tanishining 1500 dollarini qalbaki kupyuralarga almashtirib qo‘ygani aniqlandi.
Xabar qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Boyovut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.T. tanishi M.Q.da 3 000 AQSh dollari borligini bilib, sanash jarayonini videotasvirga tushirishi va Instagram sahifasiga joylashtirishini aytib, undan ushbu pullarni olgan.
Keyin esa 1 500 AQSh dollarini o‘zida bo‘lgan qalbaki 1 500 AQSh dollariga almashtirib qo‘yganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- va 176-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Qibrayda avtomobilda qizlarga uyatsiz harakat qilgan yigitlar 5 sutkaga qamaldi
Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Toshkent viloyatida Cobalt rusumli avtomobilda yo‘l chetidagi qizlarga nisbatan axloqsiz xatti-harakat qilgan ikki yigitga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qayd etilishicha, holat Toshkent viloyatining Qibray tumanida sodir bo‘lgan. Tuman ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan transport vositasida bo‘lganlarning shaxsi aniqlangan va jazo choralari ko‘rilgan.
Mazkur shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, transport vositasi haydovchisi hamda uning yo‘lovchisiga nisbatan besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan
-
Jamiyat2 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot2 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Dunyodan4 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
-
Iqtisodiyot5 days ago“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
-
Iqtisodiyot5 days ago2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
-
Dunyodan3 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
