Iqtisodiyot
15 turdagi mahsulotlar uchun import bojlari bekor qilinmoqda
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo importiga bojxona bojlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, ayrim sohalarda «tarif inversiyasi» holati kuzatilmoqda. Ya’ni tayyor mahsulotlarni import qilish arzonroq, ammo ularni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyolarga yuqori bojlar qo‘llanilmoqda.
Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keltirib, raqobatbardoshlikni pasaytirmoqda. Natijada ayrim korxonalar to‘liq quvvatda ishlay olmayapti.
Tahlillar asosida tajriba tariqasida quyidagi mahsulotlar uchun xomashyo importida bojlarni bekor qilish taklif etilmoqda:
elektr skuterlar;
nogironlik aravachalari;
kungaboqar yog‘i;
marmeladlar;
karamelli shirinliklar;
shokolad;
bolalar ozuqasi;
tez tayyorlanadigan ugra;
pryanik va pechenelar;
vaflilar;
piroglar;
kekslar;
jem va murabbolar;
konservalangan qulupnay;
shakarli ichimliklar.
Shuningdek, qandolat mahsulotlari misolida bu muammoni tushuntirib, hozirda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotgani qayd etildi.
Iqtisodiyot
Quruvchilarga yangi ekologik majburiyatlar yuklandi
1 iyundan boshlab qurilish obektlarida fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar ishlab turishi hamda ular Ekologiya qo‘mitasi bazasiga ulangan bo‘lishi talab etiladi. Ekologik huquqbuzarlik uchun quruvchining reytingi pasaytiriladi. Balandligi 12 metr yoki maydoni 500 kvadratdan ortiq qurilishlarda (hovlilar bundan mustasno) yer maydonining kamida 30 foizi yashil hudud bo‘lishi kerak. “Shamol guli” koridorlari inobatga olinmagan loyihalar ekspertizadan o‘tmaydi.
“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida qurilish obektlarida ekologik talablar kuchaytirilmoqda. Bu – 14 mart kungi prezident farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga asosan, 2026 yil 1 iyundan boshlab qurilish obektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno):
fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish hamda bu kameralarni Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish.
huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish;
loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish;
yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik tartibi joriy etiladi.
Farmonga asosan, bundan buyon ekologik va qurilish ekspertiza xulosalari olinishida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olish majburiy hisoblanadi.
Hududlarning bosh rejalari loyihalarida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olgan holda “shamol yo‘laklari” tasdiqlanadi.
Hujjatga binoan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan daryo va soylar o‘zanini tozalash jarayonida yoki noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish natijasida buzilgan suv fondi yerlarini tiklash (reabilitatsiya, rekultivatsiya va ko‘kalamzorlashtirish ishlari) qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Hokimliklarga joriy yil 1 dekabrga qadar bir hududda kamida 1 gektar maydonda daraxt barglarini yig‘ish, ularni biologik usulda chiritish (kompostlash) orqali olingan organik moddalardan kompost sifatida va mulchalashda foydalanish tizimi joriy etish topshirig‘i berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari IV chorakda qariyb 40 foizga oshdi
2025 yilning oxirgi choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz o‘sish kuzatildi. «Pul o‘tkazmalari miqdorining sezilarli o‘sishi asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan jo‘natmalarning ko‘payishi bilan bog‘liq», deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Foto: Patrick T. Fallon / Bloomberg
2025 yilning IV choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga 5 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz o‘sish qayd etildi. Bu Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan mehnat bozori sharhida keltiriladi.
Pul o‘tkazmalari miqdorining sezilarli o‘sishi asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan jo‘natilgan o‘tkazmalarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Ushbu mintaqalardan yuborilgan o‘tkazmalar hajmi IV chorakda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 va 39 foizga oshgan.
2025 yilda aholining tashqi mobilligi va migratsiyasi ham sezilarli o‘sgan. Ushbu o‘sish bir tomondan pul o‘tkazmalarining turli mintaqalar kesimida diversifikatsiyalanishida, boshqa tomondan esa xorijga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarolari sonining sezilarli ko‘payishida namoyon bo‘lgan (xorijga chiqib ketgan fuqarolar (asosan turizm va qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida) soni 2024 yilga nisbatan 22,2 foizga yoki 1,4 mln nafarga o‘sgan).
«Ayrim davlatlarda makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligi hamda daromadlarning yuqori shakllanishi sharoitida ushbu davlatlarda migratsiya oqimining yuqori saqlanib qolishi kuzatilmoqda. Xususan, 2025 yilda Koreya Respublikasidagi O‘zbekistonlik rezidentlar soni 2024 yilga nisbatan 4,3 foizga o‘sib, 98,9 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, Turkiya respublikasida O‘zbekiston fuqarolari uchun berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni hamda doimiy bo‘lmagan migrantlar oqimining sezilarli o‘sishi kuzatildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra ushbu davlatda o‘zbekistonliklar uchun taqdim etilgan yashash ruxsatnomalari soni 10,7 foizga o‘sib, 64,1 mingtani, doimiy bo‘lmagan migrantlar soni esa 18,8 foizga o‘sib, 13,7 mingtani tashkil etdi», deyiladi MB sharhida.
Iqtisodiyot
2025 yilda O‘zbekistonda real ish haqining o‘sishi tezlashdi
2025 yilda real ish haqining eng yuqori o‘sishi Namangan (13,1 foiz), Sirdaryo (11,5 foiz) va Jizzax viloyatlarida (11,1 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past o‘sish Andijon (2,9 foiz) viloyatida qayd etildi. Eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta (17,6 mln so‘m) hamda axborot va kommunikatsiya (15,3 mln so‘m) xizmatlari yo‘nalishlarida, eng past ish haqi esa qishloq xo‘jaligi (3,4 mln so‘m) va ijtimoiy xizmatlar (4,1 mln so‘m) yo‘nalishlarida kuzatildi.
2025 yil davomida nominal ish haqi 18,9 foizga o‘sgan bo‘lsa, real ish haqining oshishi 9,3 foizni tashkil etgan. O‘rtacha oylik ish haqi esa qariyb 6,4 mln so‘mga teng bo‘ldi, deyiladi Markaziy bankning Mehnat bozori sharhida.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta (17,6 mln so‘m) hamda axborot va kommunikatsiya (15,3 mln so‘m) xizmatlari yo‘nalishlarida, eng past ish haqi esa qishloq xo‘jaligi (3,4 mln so‘m) va ijtimoiy xizmatlar (4,1 mln so‘m) yo‘nalishlarida qayd etilgan.
«So‘nggi yillarda (2023 yildan keyingi davrda) aksariyat tarmoqlarda kuzatilgan ish haqi o‘sish sur’atining pasayish tendensiyasi 2025 yil ikkinchi yarim yilligidan o‘suvchi fazaga o‘tdi. O‘sishning tezlashishi asosan qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda sezilarli yuqorilagan bo‘lsa, savdo va axborot xizmatlari sohalarida pasayish tendensiyasi saqlanib qoldi», deyiladi MB sharhida.
2025 yilning ikkinchi yarim yilligidan ish haqining o‘suvchi fazaga o‘tishi davlat sektorida oyliklarning indeksatsiyalanishi bilan bog‘liq. Bu, o‘z navbatida, ayrim tarmoqlarda ish haqi o‘sish sur’atining boshqa tarmoqlarga nisbatan yuqoriroq shakllanishiga olib keldi. Xususan tashish va saqlash yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xodimlarning ish haqi nominal qiymatda 18,9 foizga (real o‘sish 9,3 foiz), ijtimoiy sohalarda faoliyat yurituvchilarniki esa 17,4 foizga (real o‘sish 7,9 foiz) o‘sdi. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida saqlanib qoldi, ushbu tarmoqda faoliyat yurituvchi xodimlarning o‘rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 9,1 foizga, real qiymatda 0,6 foizga ko‘paygan. Hududlar kesimida, 2025 yilda real ish haqining eng yuqori o‘sishi Namangan (13,1 foiz), Sirdaryo (11,5 foiz) va Jizzax viloyatlarida (11,1 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past o‘sish Andijon viloyati (4,6 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.
«Tarmoqlar va hududlar kesimida ish haqi o‘sishi sur’atlarining sezilarli farqlanishi mehnat bozorida daromadlar tafovuti saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Biroq, ta’kidlash joizki, so‘nggi davrlarda yuqori maosh to‘lanadigan tarmoqlarda ish haqi o‘sishi tendensiyasining pasayishi fonida ayrim nisbatan past maoshli sohalarda (qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy xizmatlar) o‘sishning tezlashishi kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat bozorida sekin bo‘lsa-da tabaqalanishning pasayishi sodir bo‘layotganligini anglatadi», deyiladi MB sharhida.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda aholi umumiy daromadlarining nominal o‘sishi 18,5 foizni, real o‘sishi esa 8,1 foizni tashkil etgandi.
Iqtisodiyot
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
O‘zbekistonda aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida yangi qaror qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualari tashkil etiladi.
Qarorda 2026–2027-yillarda issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari belgilab berilgan. Unga muvofiq, energiya tejamkor va muqobil manbalarga asoslangan isitish tizimlari ulushi kamida 50 foizga yetkaziladi.
Shu bilan birga, atmosfera havosiga zararli tashlamalar chiqarayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini bosqichma-bosqich qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Sherobod tumanida «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Bu hududda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur zonada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qator imtiyozlar beriladi. Jumladan, yer uchastkalari elektron auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, issiqxonalarda ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun 3 yil muddatga to‘lovlar bekor qilinadi. Anomal sovuq ob-havo sharoitlarida tadbirkorlarga ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mirdan foydalanishga ruxsat beriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari e’lon qilindi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotida qator muhim ko‘rsatkichlar o‘sish dinamikasini namoyon etgan.
Xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga oshgan. Bu real sektorda faollik saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Qurilish ishlari hajmi ham 10,6 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, chakana savdo tovar aylanmasi 17,4 foizga, bozor xizmatlari hajmi esa 15,4 foizga ko‘paygan.
Iste’mol narxlari indeksi joriy yil boshidan 101,3 foizni tashkil etgan. Bu inflyasiya bosimi ma’lum darajada saqlanayotganini anglatadi.
Tashqi savdo aylanmasi hajmi 7,1 foizga o‘sgani qayd etildi. Bu eksport-import operatsiyalari barqaror sur’atda davom etayotganini ko‘rsatadi.
2026 yil 1 mart holatiga mamlakatda 486 448 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu iqtisodiyotda sub’yektlar soni yuqori darajada saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 415 066 taga yetgan. Bu sektor iqtisodiyotda muhim o‘rin tutayotganini tasdiqlaydi.
-
Dunyodan5 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan2 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan3 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi3 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Iqtisodiyot4 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
