Iqtisodiyot
15 turdagi mahsulotlar uchun import bojlari bekor qilinmoqda
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo importiga bojxona bojlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, ayrim sohalarda «tarif inversiyasi» holati kuzatilmoqda. Ya’ni tayyor mahsulotlarni import qilish arzonroq, ammo ularni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyolarga yuqori bojlar qo‘llanilmoqda.
Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keltirib, raqobatbardoshlikni pasaytirmoqda. Natijada ayrim korxonalar to‘liq quvvatda ishlay olmayapti.
Tahlillar asosida tajriba tariqasida quyidagi mahsulotlar uchun xomashyo importida bojlarni bekor qilish taklif etilmoqda:
elektr skuterlar;
nogironlik aravachalari;
kungaboqar yog‘i;
marmeladlar;
karamelli shirinliklar;
shokolad;
bolalar ozuqasi;
tez tayyorlanadigan ugra;
pryanik va pechenelar;
vaflilar;
piroglar;
kekslar;
jem va murabbolar;
konservalangan qulupnay;
shakarli ichimliklar.
Shuningdek, qandolat mahsulotlari misolida bu muammoni tushuntirib, hozirda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotgani qayd etildi.