Jamiyat
yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda
«Media haftalik»: mamlakatimizda yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda.
Global axborot makonidagi shiddatli o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Shu maqsadda respublikamizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi — jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi «Media haftalik» o‘z ishini boshladi.
Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi. Joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturda nazariya va amaliyot birlashadi: asosiy urg‘u haqiqiy tajriba orttirishga qaratiladi. Mamlakatimizning eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar kabi muhim mavzular bo‘yicha treninglar olib boriladi.
Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanuvchi mazkur media-estafetaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanadi. Darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Spikerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.
Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:
• 30 mart – 03 aprel: Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
• 6 aprel – 10 aprel: Xorazm viloyatida;
• 13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyatida;
• 20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyatida;
• 27 aprel – 1 may: Samarqand viloyatida;
• 4 may – 8 may: Navoiy viloyatida;
• 11 may – 15 may: Buxoro viloyatida;
• 18 may – 22 may: Farg‘ona viloyatida;
• 25 may – 29 may: Namangan viloyatida;
• 1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyatida;
• 8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyatida;
• 15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyatida;
• 22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida.
Jamiyat
Andijondagi poliklinikada fojia: 4 kishi vafot etdi
Marhamatdagi Markaziy poliklinikada – chiqindi suvlar to‘planadigan nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib vafot etdi.
10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi markaziy poliklinikada insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan fojia yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda dastlab poliklinika xodimi hojatxonani tozalash uchun chuqurga (kolodets) tushib ketgani aytiladi.
Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Markaziy poliklinika hududida joylashgan tozalash inshooti – chiqindi suvlar to‘planish sig‘imi nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik N.I. gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib vafot etgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Marhamatdagi holatda qutqaruvchilar 4 jasadni chiqarib olgani tasdiqladi.
Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Andijon viloyati IIB matbuot kotibi tez orada rasmiy munosabat berilishini ma’lum qildi.
Andijon viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan voqea joyiga zudlik bilan viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borgan.
«Vafot etganlarning har bir xonadoniga borilib, oila a’zolariga viloyat hokimi nomidan chuqur hamdardlik bildirildi hamda dafn marosimini tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar hal etildi», deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. Holat mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan», deya qo‘shimcha qilgan hokimlik.
Jamiyat
Tashkilotlar korporativ pochtalariga kiberhujumlar kuzatilmoqda
Kiberxavfsizlik markazi so‘nggi kunlarda ayrim oliy ta’lim muassasalari va davlat tashkilotlari xodimlariga tegishli korporativ elektron pochta hisoblari ruxsatsiz egallab olinayotgani haqida ogohlantirdi. Ushbu hisoblar orqali respublika bo‘ylab tashkilotlarga zararli havolalar va fayllar tarqatilmoqda.
Markazning UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida korporativ elektron pochta hisoblarining buzilishi bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangan.
Dastlabki tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar xodimlarning ishonchliligi tasdiqlanmagan internet-resurslarda korporativ elektron pochta manzillari orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda kibergigiyena qoidalariga to‘liq amal qilmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ruxsatsiz egallab olingan elektron pochta hisoblari orqali 50 dan ortiq tashkilotga ommaviy xabarlar yuborilgan. Ularda zararli dasturlar yoki tashkilotlarning axborot infratuzilmasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan havolalar joylashtirilgan.
Mutaxassislar bunday xatlar rasmiy yozishmalarga o‘xshash ko‘rinishda yuborilayotgani sababli foydalanuvchilar tomonidan ishonchli deb qabul qilinishi va zararli havolalar ochilishi xavfi yuqori ekanini ta’kidlamoqda.
Shu munosabat bilan tashkilotlar va ularning xodimlariga elektron pochta xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, shubhali havolalar va fayllarni ochmaslik, shuningdek ko‘p faktorli autentifikatsiyadan foydalanish tavsiya etildi.
Jamiyat
Sergeli avtomobil bozori uchun alohida lokal yo‘l tashkil etilmoqda
Toshkent shahridagi Sergeli avtomobil bozori atrofidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida harakatni tashkil etishning yangi sxemasi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, bozorga kirib-chiquvchi transport vositalari uchun alohida lokal yo‘l barpo etilmoqda.
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, Sergeli avtomobil bozori poytaxtdagi eng yirik transport oqimini shakllantiruvchi hududlardan biri hisoblanadi. Bozor 5 400 ta avtomobil sig‘imiga ega bo‘lib, har kuni uning Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish-chiqish nuqtalaridan 1 500 dan ortiq transport vositasi foydalanadi.
Yillar davomida aynan shu holat Yangi Sergeli ko‘chasida transport yuklamasining oshishi va tirbandliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lib kelgan.
Yangi loyiha doirasida tashkil etilayotgan lokal yo‘l bozor bilan bog‘liq transport oqimini asosiy harakat qatnovidan ajratish imkonini beradi. Endi haydovchilar bozorga kirish va chiqishda umumiy transport oqimiga xalal bermasdan harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha doirasida piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma yaratilmoqda. Bozor hududidagi avtoturargohlarni tartibga solish maqsadida esa 2 mingdan ortiq avtomobil joyi uchun yo‘l chiziqlari chizilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yechim Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandliklarni kamaytirish, harakat xavfsizligini oshirish va jamoat transporti harakati samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Jamiyat
Pora talab qilgan profilaktika inspektorlari qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritgan ikki nafar profilaktika inspektorining korrupsiyaviy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar IIO FMB profilaktika inspektori sobiq ichki ishlar xodimining tizimga qayta ishga tiklanishiga mansabdor tanishlari orqali yordam berishini aytib, buning evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilgan. U mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumani IIB profilaktika inspektori fuqaroga nisbatan kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirganligini ro‘kach qilib, undan 2 ming AQSh dollari talab qilgan. U avval 700 dollar olgan bo‘lib, qolgan 1300 dollarni hamda kelgusida davlat chegarasi orqali chorva mollarini noqonuniy olib o‘tishda ko‘maklashish evaziga yana 2 ming dollar so‘ragan.
DXH, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor navbatdagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda bu haqda tegishli organlarga xabar berish so‘ralmoqda.
Jamiyat
Yo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashgan va ayol haydovchini haqorat qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. 41 yoshli haydovchi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. Ayolga himoya orderi berildi.
«Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman», dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.
«Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni jilovlab, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi», dedi haydovchi.
-
Jamiyat5 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Mahalliy4 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Mahalliy4 days ago
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
-
Jamiyat4 days agoOlti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat4 days agoMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzgan 19 nafar xodim ishdan olindi
-
Dunyodan3 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
