Jamiyat
O‘z kelajagi – bolalarini “iste’mol” qilayotgan jamiyat yuzini ochmoqda / 5 daqiqa
So‘nggi bir necha hafta davomida Epshteyn mojarosi dunyo jamoatchiligini o‘z domiga tortdi. Yashirin olam haqida ko‘plab ma’lumotlar yuzaga chiqmoqda. Zamonaviy jahon adabiyoti vakili Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani ham bizga shunday rasvo dunyo haqida xabar beradi. Bugun “5 daqiqa”da kannibalizm, ya’ni odam go‘shti, aniqrog‘i, o‘z bolalarini tanovul qilayotgan jamiyat haqida gaplashamiz.
Asarda hamma narsa aniq vazifadan boshlanadi: prokuratura tergovchisi Ding Gouerga maxfiy tizimni fosh etish topshirig‘i beriladi. Go‘yoki provensiyada odamning aqliga sig‘maydigan ishlar bo‘lyapti, deyiladi. U yerda bolalar go‘shtidan taom tayyorlanib, ziyofatlarda yedirilayotgani haqida aytiladi.
Ding Gouer “Musallas mamlakati” tomon ketarkan, ko‘mir tashuvchi yuk mashinasida g‘adir-budur yo‘llardan chayqalib boradi. Uni boshqarayotgan yosh haydovchi qiz bilan o‘rtasida hazil, haqorat, shahvoniy lavhalar yuzaga keladi. Bu sahna tergovchining ichki zaif nuqtasini ilk lahzalardayoq ochib beradi: tergovchi qat’iyatli davlat xodimi bo‘lishi kerak, ammo u ham tanasi, istagi, kayfiyati bilan yashaydigan odam.
Ding Gouerga xushomad va ziyofatlar taklif qilinadi. Tergovchini kutib olgan posbonlar uning oldiga musallas qo‘yishadi, keyin yana musallas. Bu ichirish shunchaki ziyofat emas, nazorat usuli edi. Tergovchining ongi loyqalasha borgani sayin, savol berish qiyinlashadi. U muhitga moslashtiriladi.
Nihoyat, Ding Gouer kon direktori va partiya qo‘mitasi kotibi bilan yuzma-yuz turadi. Muallif ularni ataylab bir xil qilib tasvirlaydi. Ikkalasi ham ellik yoshlar atrofida, qorin qo‘ygan, istarali, qo‘l berish me’yori ham juda silliq. Ular hatto egizakdek ko‘rinadi. Bu obraz o‘quvchiga muhim signalni beradi: bu joyda shaxslar almashib turadi, biroq tizimning yuzi o‘zgarmaydi. Ding Gouer kim bilan gaplashayotganini aniq ajrata olmasligi – tergovning kelajakda qanday qiyinlashishidan darak berardi.
Direktor va kotib tergovchini “o‘z odami” qilib olishga harakat qiladi. Bu yerda shantaj ham, tahdid ham shart emas. Ular uni qadah ko‘tarishga chaqirishadi, “biz bir oilamiz” degan iltifot bilan qonun emas, “qarindoshchilik” tuyg‘usini ishga solishadi. Qarshilik qilish qo‘pollikka aylantiriladi, rozi bo‘lish – adolatdan uzoqlashtiradi. Mo Yan shu tarzda jamiyatdagi eng xavfli usulni ko‘rsatadi: odamni buzish uchun uni sindirish shart emas, unga xushomad qilib, erkalatib ham yengish mumkin.
Mast bo‘lgan tergovchi o‘zi nafratlanib turgan jamiyat va odamlarning biriga aylanib boraveradi.
Hushini deyarli yo‘qotgan tergovchining oldiga do‘mboqqina bolakayni olib kelishadi. Bu inson emas, faqat inson shaklidagi taom, boshqa masalliqlardan tayyorlangan, deb ishontirishadi. Tergovchi har safar bunday detallar bilan to‘qnash kelganida o‘zining asl maqsadi – adolatni eslab qoladi. Biroq yana bir qadam ortga tashlashga, o‘zligini yo‘qotishga majbur bo‘laveradi. Ularga qo‘shilib o‘sha taomni ist’yemol qiladi.
Bola go‘shti shu yerda ramzga aylanadi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri oshxonadagi taom emas, balki jamiyatning kelajagiga ishora edi. Bola – ertangi kun. Agar tizim manfaat uchun har narsani qurbon qilaversa, u ertani ham qurbon qiladi. Musallas jamiyatdagi unuttirish vositasiga aylanadi. Musallas bor joyda xotira zaiflashadi, uyat susayadi, mas’uliyat unutiladi. Shuning uchun Ding Gouerning tergovi ham, uning ichki dunyosi ham asta-sekin parchalanib boradi.
Mo Yan romanda hamma sirlarni sizga ochib bermaydi, ayrim eshiklar yopiq qoladi, kalitni o‘zingiz izlaysiz. Chunki asarda bunday rasvo ishlarning kim tomonidan qilinayotgani, nega bu holatlar sodir bo‘layotgani muhim. Agar jamiyatda inson qadri arzonlashsa, agar manfaat axloqdan ustun kelsa, unda dahshat faqat mish-mish emas, haqiqatga aylanadi.
***
Mo Yan shu mazmundagi asarlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Xususan, “Musallas mamlakati” ham go‘daklar va yosh qizlarni qurbonlikka tayyorlagan epshteynlar jamiyatining qanday barpo bo‘lishi haqidagi achchiq ma’lumotlarni beradi.
Jamiyat
Asakada savdo rastasida yong‘in sodir bo‘ldi
Andijon viloyatining Asaka tumanida joylashgan savdo rastasida tungi vaqtda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga qisqa vaqt ichida yetib borib, yong‘inni bartaraf etdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar 16 iyul kuni soat 23:43 da 112 tizimi orqali kelib tushgan. Hodisa Andijon viloyati, Asaka tumani, Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan savdo rastasida sodir bo‘lgan.
Xabar olingach, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 23:48 da hodisa joyiga yetib borgan. Yong‘in 17 iyul kuni soat 00:10 da to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida savdo rastasining taxminan 60 kvadrat metr maydondagi shift va tom qismi, shuningdek, kiyim-kechak mahsulotlari yonib zararlangan.
Hodisa natijasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sababi hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Jamiyat
Jaziramada konditsionersiz qanday yashash haqida 10 ta foydali maslahat
Bu yil yozda dunyoning aksariyat mintaqalarida g‘ayrioddiy jazirama hukm surmoqda. Biroq, konditsionerdan foydalanish imkoniyati hammada ham mavjud emas.
Jaziramadan saqlanish bo‘yicha Hindistonning NPR nashri jamlagan maslahatlarning har biri alohida olinganda arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo ular birgalikda tananing sovishiga haqiqatan ham yordam beradi.
Alohida ta’kidlanishicha, issiq urish belgilariga quyidagilar kiradi: tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ongning chalkashishi yoki holsizlik. Ushbu alomatlar paydo bo‘lganda, darhol tez yordam chaqirish va tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
Jazirama bilan kurashishga yordam beradigan maslahatlar:
1. Ko‘p suyuqlik iching
Tana gidratatsiyasi darajasini doimo kuzatib borish kerak. Har qanday jismoniy faoliyatni boshlash bilan suvni kichik qultumlarda ichish lozim. Ko‘chaga chiqqanda suv olib yurish – jaziramada hayot-mamot masalasidir.
2. Albatta, biror narsa yeb oling
Hech qachon uydan och qoringa chiqmaslik kerak, doim nimadir yeb olish lozim. Masalan, tarkibida erigan elektrolitlar bo‘lgan bodring yoki bir bo‘lak ananas buning uchun ayni muddao.
3. Ruh tetikligi
Agar isib ketayotgan bo‘lsangiz, sovuq dush qabul qiling yoki hech bo‘lmaganda yuzingiz va qo‘llaringizni, shuningdek, boshingizni vaqti-vaqti bilan suv bilan ho‘llab turing – bu tana haroratini pasaytirishga yordam beradi.
4. Dam olish uchun salqin joy toping
Shuni bilish kerakki, issiq havo yuqoriga ko‘tarilgani uchun ko‘p qavatli uylarning pastki qavatlari salqinroq bo‘ladi. Kunduzi quyosh nurini qalin pardalar bilan to‘sing. Qo‘lingiz ostidagi barcha ventilyatorlarni ishga tushiring.
Va salqinlik izlab mebellarni qayta joylashtirishdan qo‘rqmang. Masalan, karavotni deraza yoniga qo‘ysangiz, uxlayotganda yengil shabadani his qilishingiz mumkin.
Agar xona ichida nafas olish qiyinlashib, dim bo‘lib ketsa, tashqariga chiqing va gamakda yoting. Tebranish paytida hosil bo‘ladigan havo oqimi tanani sovutishga yordam beradi.
5. Me’morchilikdan ilhomlaning
Ko‘plab me’moriy yangiliklar orasida «jaali» deb nomlangan me’moriy uslub bor, u hind va urdu tillaridan tarjima qilinganda shunchaki «to‘r» degan ma’noni anglatadi. Aslini olganda, bu tosh devorni yaxlit qoldirish o‘rniga, bir qator kichik teshiklari bor geometrik naqshlarni o‘yib, uni naqshinkor panjaraga aylantirish usulidir.
6. Bug‘lantiruvchi sovutgich
Ushbu elektr qurilma, shuningdek, bug‘lantiruvchi sovutgich sifatida ham tanilgan bo‘lib, xonadagi havoni suvga botirilgan filtrlar orqali o‘tkazadi, bu filtrlar havoni sovutadi va keyin uni xonaga qaytaradi. Bu qurilmalar konditsionerlardan arzonroq va kamroq energiya sarflaydi. Bunday qurilmani hatto o‘zingiz ham yasashingiz mumkin.
7. Oq rangli kiyimlar kiying
Paxta va zig‘ir matolaridan tikilgan kiyimdan foydalaning, oq rang issiqlikni samarali qaytaruvchi hisoblanadi.
8. Bosh va bo‘yningizni yopib yuring
Yozda boshni yopib yurish qadimiy va samarali an’anadir.
9. Tushki quyoshdan saqlaning
Kunning eng issiq vaqtida ko‘chaga chiqish, sport bilan shug‘ullanish yoki ochiq havoda bo‘lish orqali o‘zingizni charchatmaslikka va quvvatingizni behuda sarflamaslikka harakat qiling, chunki jazirama quyosh nuri va issiq havo tana haroratini yanada oshirib yuboradi.
10. Soyadan foydalaning
Ochiq havoda ishlayapsizmi yoki ko‘chada ketyapsizmi, daraxtlar soyasida yurishga harakat qiling. U yerdagi havo harorati aslida quyosh ostidagidek bo‘lsa-da, teringiz quyosh nurlarini yutmaydi va bu tanangizning qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Jamiyat
Jazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
Jazirama issiq sabab ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.
Foto: Temiryo‘lekspress
“Temiryo‘lekspress” AJ xabariga ko‘ra, mazkur choralar yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlash maqsadida ko‘rilmoqda. Shu sababli ayrim poyezdlar harakat jadvalida belgilangan vaqtdan kechroq manzilga yetib borishi mumkin.
Xabarda qaysi yo‘nalishlarda cheklov joriy qilinishiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududida g‘ayritabiiy o‘ta issiq ob-havo sharoiti kuzatilmoqda, u 20 iyulgacha davom etishi mumkin. Havo harorati 43-45 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 46-48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Toshkent va Nurafshonni bog‘lovchi yo‘l vaqtincha yopildi
D002 avtomobil yo‘lining 4-9 kilometri oralig‘i 21 iyulga qadar yopildi. Haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Toshkent va Nurafshon shaharlarini bog‘lovchi avtomobil yo‘lida joriy yilning 21 iyul kuniga qadar transport vositalarning harakati to‘liq cheklandi.
Toshkent viloyati YHXB xabariga ko‘ra, bunga yo‘ldagi inshootlarning qurilishi sabab bo‘lgan.
«Toshkent – Nurafshon (D002) avtomobil yo‘lining 4 kilometridan 9-kilometriga qadar transport vositalarining harakati to‘liq cheklanadi», deyiladi xabarda.
Shu sababli YHXB ushbu yo‘ldan harakatlanuvchi haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Jamiyat
Prezident banklarga har bir mahallada daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla bankirlari ish tizimi tubdan o‘zgarishini ma’lum qildi. Endi bir bankirga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilib, biznes faolligi, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadini oshirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Shuningdek, banklarga har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash va daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi. Ta’kidlanishicha, joylarda yaxshi tajribalar bor. Masalan, Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obekti ishga tushirildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.
Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurishib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.
Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganadi.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi.
Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni 1 avgustdan amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mahalla bankirlariga biznes faollikni oshirish, tadbirkorlik, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birga har bir mahalla bankiriga yil yakunigacha aniq buyurtma shakllantirib beradi.
Davlat banklari bu yil 100 tadan mahallani ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqqan. O‘tgan yili 9 ta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun “Agrostar” kompaniyalari tashkil qilingan edi.
Endi banklar mahallani ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmasdan, “Agrostar”larni jalb qilgan holda “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratadi. Bir oyda dastur qilib, 1 mingta mahallada ish boshlash topshirildi.
-
Siyosat4 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport5 days agoAngliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi
-
Jamiyat4 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Sport5 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat5 days agoEnergetika tizimidagi ayrim rahbarlar ishdan olindi
-
Dunyodan5 days ago
NATO 2026-yilda Ukrainaga 70 milliard yevro miqdorida yordam ajratmoqchi
-
Dunyodan4 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
