Sport
Mundial yilidagi mavsum: kim favorit?
Bugun futbol bo‘yicha Osiyoning eng kuchli ligalaridan biri O‘zbekiston chempionati boshlandi. Bu yil o‘zbek futboli uchun o‘zgacha yil — mundial yili. Shu bois chempionat ham o‘zgacha o‘tadi. Format ham, to‘xtalishlar ham biroz boshqacha bo‘ladi. Bu yil chempionlik uchun kimlar kurashadi? Transfer bozorida kim faol bo‘ldi? «O‘zbekneftgaz» homiylikni to‘xtatsa, «Nasaf» va «Bunyodkor» kabi klublar holi nima kechadi? Quyida shu haqda.
Hamma Turkiya va BAAda shug‘ullandi
Qishda O‘zbekistonda futbol o‘ynashga yaragulik stadion bo‘lmaydi hisob. Chunki bizning iqlimda maysani qishda ham yaxshi saqlash uchun katta pul kerak. Shu uchun imkonini qilgan jamoalar mavsumoldi tayyorgarlikni BAA yoki Turkiyada o‘tkazdi. Avvallari sanoqli jamoalar xorij yig‘ini o‘tkazar va odatda bunday yig‘inda qatnashgan jamoalar natijalari ham yaxshiroq bo‘lardi.
Hozir aksar klublarning moliyaviy holati yaxshi, shu uchun kimni ko‘rsangiz, xorij yig‘inidan qaytdi. Qishki tayyorgarlikni faqat bizning jamoalar emas, qish sovuq keladigan boshqa davlat klublari ham BAA va Turkiyada o‘tkazadi. Shu sabab sparring uchun raqib topish ham qiyin bo‘lmaydi.
«Neftchi» — asosiy favorit
Amalga oshirilgan transferlar va o‘tgan yilgi o‘yindan kelib chiqsak, yangi mavsumda ham chempionlik uchun asosiy da’vogar — «Neftchi». Hozir pul masalasida hech qaysi klub farg‘onaliklarga yaqinlasha olmaydi. Bizning futbolda maoshlar e’lon qilinmaydi, lekin biz futbol jurnalistlari baribir bilib olamiz. Hozir «Neftchi» futbolchilarga taklif qilayotgan maosh Yevropaning o‘rtamiyona klublari darajasida.
O‘tgan mavsum yakunlangach yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan, «Neftchi»ni chorak asr o‘tib O‘zbekiston chempioni qilgan tojikistonlik Vitaliy Levchenko ishdan ketdi. Bu iste’fo «Neftchi» chempionligining eng asosiy omili iqtisodiy imkoniyat bo‘lganini qaysidir ma’noda isbotlaydi. Bo‘lmasa uzoq kutilgan chempionlikni keltirgan murabbiyni nega ishdan olishsin? Levchenko o‘rniga Yevropadan biror kuchli murabbiy olib kelishsa ham iste’fo sababini yangi bosqichga ko‘tarilish deb izohlasa bo‘lardi.
Yangi mavsumda «Neftchi»ga O‘zbekiston o‘smirlari jamoasini Osiyo chempioni qilgan Islom Ismoilov murabbiylik qiladi. Ko‘ramiz, Ismoilov bunchalik ko‘p yulduzlar to‘plangan jamoani qanday boshqararkin.
Transfer bozorida «Neftchi» faol bo‘ldi. Eng asosiy transfer «Dinamo» yarimhimoyachisi Ratinio bo‘ldi. Maydon markazida hozir bu braziliyalik futbolchiga yetadiganini topish qiyin. Shuningdek, o‘zbek futbolining eng kuchli pleymeykerlaridan biri Xurshid G‘iyosov ham endi Farg‘onada o‘ynaydi. Xurshid Jamshid Iskanderov bilan markazda nimalar qilib tashlashini tasavvur qilavering. Aytgancha, endi Jamshid asosiy penaltichi rolidan ayrilsa kerak, chunki Xurshid bu borada O‘zbekistonda eng yaxshisi. Axir Murod Xolmuhammedov futbol o‘ynamayapti.
«Neftchi» xorvatiyalik hujumchi Stipe Peritsani qo‘shib oldi. O‘z vaqtida «Chelsi», «Uotford», «Udineze» kabi kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynagan hujumchi jamoa o‘yinini kuchaytirishi aniq. Hujumchining Italiyadagi faoliyati ayniqsa yorqin kechgan.
«Paxtakor» ham kuchaydi
Toshkentning «Paxtakor» klubi o‘tgan mavsum yakunini juda kuchli o‘tkazdi. Mavsum boshidagi o‘yinlarini ko‘rib ko‘pchilik o‘zbek futboli bayroqdori bu yil medallar uchun kurashmasa kerak deb o‘ylagandi, lekin rahbariyat xorijlik murabbiy olib kelish xato bo‘lganini anglab, Kamoliddin Tojiyevni bosh murabbiy qilgandiki, barchasi joyiga tushishni boshladi. Yakunda jamoa O‘zbekiston kubogini yutdi, chempionatda ikkinchi o‘rinni oldi.
Klub zo‘r transferlar qildi: «Nasaf» yetakchilari Oybek Bozorov va Sherzod Nasrullayev nihoyat «Paxtakor»ga o‘tdi, milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Akmal Mozgovoy ham legionerlikdan qaytib «Paxtakor»ga o‘tdi.
Jamoa Igor Sergeyev ortidan Eronga yo‘l olishiga sal qolgan Hojiakbar Alijonovni saqlab qoldi. «Persepolis»ga ketgan Sergeyev o‘rnini to‘ldirish uchun Rustam Turdimurodov ijaradan qaytarildi. Shuningdek, yaqindagina Yevropa konferensiyalar ligasida «Kristal Pelas»ga gol urgan polshalik hujumchi Pyotr Parijshek ham endi «Paxtakor»da o‘ynaydi. Levandovski uslubidagi bu hujumchi shubhasiz O‘zbekiston chempionati darajasi uchun kuchli yulduz. Xullas, «Paxtakor» yaxshi transferlar qildi va shubhasiz chempionlik uchun kurashadi.
Vodiy derbilari «yonadi»
O‘tgan mavsumda chempionat g‘olibligi chorak asr o‘tib yana vodiyga qaytdi. Bu mavsumda vodiyning uch jamoasi ham chempionlik uchun kurashmoqchi. «Navbahor» milliy jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan Temur Kapadzeni, «Andijon» milliy jamoa sobiq murabbiyi Samvel Babayanni murabbiylikka olib keldi. Hozir O‘zbekistonda eng katta budjetga ega uch klub aynan vodiy jamoalari bo‘lsa kerak. Vodiyda futbol tepasida shaxsan viloyat hokimlari turadi. Uch hokim futbol orqali o‘ziga xos raqobatlashishi ham sir emas. Shu sabab bu yilgi vodiy derbilari juda qiziqarli kechadi.
«Andijon» murabbiylikka Samvel Babayanni olib keldi. Milliy jamoa sobiq murabbiyi tashkilotchilikni boplaydi, shu sabab Andijon hokimi bu yil jamoadan medallar kutishini aytdi. «Andijon» ham yomon transferlar qilmadi: Dragan Cheran, Aziz Turg‘unboyev, Imedi Ashortia, Islom To‘xtaxo‘jayev kabi futbolchilar tarkibni kuchaytirishi aniq. Katta ehtimol yangi mavsumda oldingi yillar o‘ynagan jamoa o‘zagi keskin o‘zgaradi.
«Navbahor»ga Temur Kapadze keldi. Milliy jamoani mundialga olib chiqqan murabbiyda variantlar juda ko‘p edi, hatto boshqa davlat milliy jamoalaridan taklif bo‘lgan, lekin murabbiy «Navbahor»ni tanladi. Namangan klubi ham yaxshi transferlar qildi, transfer oynasi yakunida Husayn Norchayevni qo‘shib oldi. Birinchi turda «Navbahor» Samarqandda mehmon bo‘ladi.
«Dinamo»da nima gap?
O‘tgan mavsumning eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan jamoasi ko‘pchilikning fikricha «Dinamo» bo‘ldi. Abramov o‘zi yaxshi ko‘radigan to‘p nazoratiga asoslangan futbolni Samarqanddagi uchinchi mavsumida nihoyat yo‘lga qo‘ya oldi. Jamoa oxirgi turgacha ikkinchi o‘rin uchun kurashdi, lekin yakunda to‘rtinchi bo‘lib klub tarixidagi eng yaxshi natijani takrorladi. O‘tgan mavsumni Samarqand jamoasi moliyaviy qiyinchiliklar bilan o‘tkazdi, oddiy mashg‘ulot maydoni bilan bog‘liq muammo ko‘plab jarohatlarga olib keldi. Oqibatda mavsum yakunida bir qator muhim futbolchilar safdan chiqdi. Shunga qaramay, Abramov jamoasining o‘yini yo‘qolib qolmadi.
Bu mavsumda ham «Dinamo» iqtisodiy jihatdan yuqorida nomi tilga olingan jamoalar bilan raqobat qilishi qiyin, lekin klub baribir yaxshi transferlar qildi. O‘tgan mavsum yakunida «Dinamo»ni Ratinio, Kucherenko, Pletnyov va Stanoyevich kabi yaxshi legionerlar tark etdi. O‘tgan mavsumdagi kabi zaxira bo‘shab qolishidan xavotirlangan ko‘rinadi, Abramov jamoasi mavsumlar oralig‘ida juda ko‘p transfer qildi. Transferlar orasida Azizbek Amonov, Bektemir Abdumannonov, Kingsli Sarfo, Til Mavretich va Mahamadu Dembeleni alohida ta’kidlash mumkin.
«Dinamo» mavsumlar oralig‘idagi yig‘inni ham yorqin o‘tkazdi. BAAdagi yig‘in doirasida Rossiyaning eng kuchli jamoalari bilan o‘ynadi, TsSKAni yengdi, «Zenit» bilan tengma-teng kurashdi, Armaniston futboli bayroqdori «Pyunik»ni yirik hisobda yengdi. Rossiya chempioni «Krasnodar» ham o‘yinlarni ko‘rgach «Dinamo» bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni juda istagan, lekin samarqandliklar qaytish rejasi hal qilib bo‘lingach berilgan taklifni chempionat startiga oz fursat qolgani uchun qabul qila olmagan. Samarqandda «Dinamo»dan yangi mavsumda chempionlik kutishmoqda.
«Nasaf» va «Bunyodkor» nima bo‘ladi?
Oxirgi vaqtlarda «O‘zbekneftgaz» davlat korxonasi futbolga homiylikni to‘xtatishi muxlislar orasida keng muhokama qilinmoqda. Bu tashkilot uzoq yillardan buyon «Nasaf» va «Bunyodkor» kabi kuchli klublarni moliyalashtirib keladi. Lekin chindan yangi mavsumdan tashkilot bu ikki jamoaga, shuningdek, «Buxoro»ga homiylik qilmasligi aniq bo‘libdi.
Bu xabar chiqqanidan keyin chindan ikki jamoa ham transfer bozorida faol bo‘lmadi. Ayniqsa «Nasaf» Bozorov, Nasrullayev va Cheran kabi yetakchilari o‘rnini to‘ldirmadi. Faqat Bobir Abduxoliqov ortga qaytdi. Hatto jamoada eng maoshi katta futbolchilardan bo‘lgan Abduvohid Ne’matov transfer oynasi yopilishi arafasida boshqa klublarga o‘tishi mumkin bo‘lgani haqida xabarlar chiqdi. Milliy jamoaning ayni damdagi asosiy darvozaboni ikkinchi davrada boshqa jamoaga o‘tishi ehtimoli oshgan.
Lekin bu omillar «Nasaf»ni chempionlik uchun kurashdan chiqarmaydi. Berdiyev yana bir qator yoshlarni topib qo‘ygan, ular allaqachon Chempionlar Ligasida gol urib yuribdi. Qarshi jamoasini shubhasiz chempionlik uchun favoritlar sirasiga qo‘shamiz. «Bunyodkor» ham yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. Ilyos Zeytullayev o‘tgan mavsumda kuchli murabbiy ekanini ko‘rsatdi. Asosiy yulduzi murabbiy bo‘lgan jamoalardan ko‘p narsa kutish mumkin.
Biroz o‘zgacha taqvim
Bu yil jahon chempionati o‘tishi sabab Superliga taqvimi ham boshqacha bo‘ladi. Chempionat aynan shu sabab biroz avvalroq, fevralda boshlanyapti. Maqsad may oyigacha ko‘proq o‘yin o‘tkazib olish. Chunki mayda milliy jamoa jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaydi. Chempionat startidan mundialgacha ikkita FIFA kunlari bor, bu vaqtda klublar futbolchilarini milliy jamoaga qo‘yib yuborishga majbur.
Jahon chempionati boshlangach, tabiiyki chempionat to‘xtatiladi va orada uch oyga yaqin katta to‘xtalish yuzaga keladi. Mana shu to‘xtalish klublar murabbiylari uchun muammo tug‘diradi. Axir hamma ham mundialga bormaydi, milliy jamoa asosini legionerlar tashkil qiladi. Qolgan futbolchilar sport formasini saqlab qolish eng asosiy vazifa bo‘ladi. PFL shuni inobatga olib kubok o‘yinlarini may oyi oxirigacha o‘tkazmoqchi.
Xullas, mundial yilidagi O‘zbekiston chempionatida katta ehtimol oxirgi yillardagi eng qiziqarli mavsum boshlanmoqda. Yaqqol favorit yo‘q, ko‘p klublar kuchaygan, intriga avjida. Eng asosiysi hozir milliy chempionat o‘yinlarini avvalgi kabi «Mash’al» radiosidan eshitib o‘tirish shart emas, deyarli hamma o‘yin jonli efirda olib berilyapti.
Ligada infratuzilma rivojlangan, maydonlar holati yaxshilandi. Hamma stadionda VAR bor, o‘yinlardagi shubhali harakatlar, kelishilgan o‘yinlar yo‘q hisob. Bir so‘z bilan aytganda futbolimiz rivojlanish barobarida ancha tozalangan. Shu bois stadionlarga tushing, o‘yinlarni zavqlanib tomosha qiling, jonli futbol ko‘rishga nima yetsin…
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat14 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport15 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
