Jamiyat
bemor bolalar uchun xayriya videolari orqali pul yig‘gan shaxs ushlandi
Toshkent viloyati IIBB Ramazon oyi munosabati bilan fuqarolarni internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlaridan ogohlantirdi. Monitoring hamda fuqarolar murojaatlari asosida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Instagram tarmog‘ida xayriya niqobida pul o‘zlashtirish holati fosh etildi.
Foto: Toshkent viloyati IIBB
Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lum qilishicha, Buxoro viloyatida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs (M.D.) Instagram ijtimoiy tarmog‘ida bemor bolalar nomidan joylashtirilgan ehson videolarini yuklab olib, ularni qayta ishlab, montaj qilgan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi asl videolardagi bank karta raqamlarini o‘zgartirib, o‘rniga boshqa karta ma’lumotlarini joylashtirgan. Shu yo‘l bilan fuqarolar tomonidan ehson maqsadida yuborilgan pul mablag‘lari uning qo‘liga tushgan va o‘zlashtirib kelingan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu shaxs 2025 yil oktabr oyidan fosh etilgunga qadar onasiga tegishli bank kartasiga qariyb 2 ming tranzaksiya orqali jami 161 million so‘m mablag‘ni tushirgan hamda uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Stokgolmda O‘zbekiston va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi «Zayd ibn Sulton al-Nahayyon» masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Jamiyat
Turkiyada ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Ular O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona
Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 40 yoshli T.R. va 38 yoshli F.A. O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan qabul qilinib, sud oldida javobgarlikka tortilishi uchun O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish borasida samarali natijalarga erishilmoqda.
“Hozirgi kunda ham mamlakatimiz hududida turli jinoyatlar sodir etib, Turkiya hududida yashirinib yurgan boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tegishli tezkor-qidiruv hamda huquqiy choralar davom ettirilmoqda”, deyiladi konsullik xabarida.
Jamiyat
Toshkentda 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi aniqlandi
Ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarning 107 tupi qurib qolgan va tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga kelib tushgan murojaat asosida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasi hududida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari davomida yopiq kollektor hududida 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi va ularning 107 tupi qurib qolganligi aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, bu daraxtlar yuzasidan Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasiga murojaat qilingan va boshqarma tomonidan rad javobi berilgan. Ammo daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirib o‘tqazilgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
Jamiyat
Chust tumani bosh soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Chust tumanida yashovchi ayol mas’uliyati cheklangan jamiyatning soliq qarzdorligini ushbu tizimda ishlovchi tanishlari yordamida bartaraf qilib berish evaziga MChJ ish yurituvchisidan 20 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Chust tumanida yashovchi ayol savdo sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatning 376,6 mln so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini ushbu tizimda ishlovchi tanishlari yordamida bartaraf qilib berish evaziga MChJ ish yurituvchisidan 20 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur ishga Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ekologik bilimlari sinovdan o‘tkazildi
25–28 mart kunlari Buxoro viloyatida “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining kasbiy ta’lim muassasalari jamoalari o‘rtasidagi final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etildi. Unda jamoalar 4 shart bo‘yicha bellashdi.
1-shartda (“Bu bizning hudud”) ishtirokchilar o‘z hududlarining ekologik holati, ekomadaniyati, piknik madaniyatlari, hudud ekologiyasini yaxshilashga doir amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarining ekologiyaga bo‘lgan munosabatini ochib berishdi. Ikkinchi shartda esa (“Intellektual ring”) jamoa a’zolari 3 daqiqa ichida ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi l0 ta savolga javob berishdi.
Shuningdek, 3-shartda (“Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!”) ishtirokchilar respublikamiz ekologiyasini asrab-avaylash, yoshlar orasida ekomadaniyatni targ‘ib qilish, plogging, iqlim o‘zgarishlari, daraxt ekish hamda suv muammolariga qaratilgan loyihalarini ibratli sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berishdi. 4-shart esa (“Eng yaxshi ekologik loyiha”) respublika miqyosida ekologiya sohasini rivojlantirish, yosh ekologlar sonini ko‘paytirishga erishish, ekologiya yo‘nalishidagi investitsiyalarni jalb qilish, ekologiya salohiyatini kengaytirish borasidagi taklif va loyihalarga bag‘ishlandi.
Yakunda Navoiy viloyatining «Ecoline» jamoasi 1-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Qoratol» jamoasi 2-o‘rinni, Toshkent viloyatining «Zamin» jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi yoshlarning ekologik-huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, milliy huquq tizimiga hurmat munosabatini shakllantirish, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillariga nisbatan huquqiy immunitetini shakllantirish, qonun buzilishi holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish maqsadida 2025 yildan boshlab har yili yanvar-mart oylari davomida tashkil etiladi.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Turk dunyosi5 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Dunyodan4 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
-
Dunyodan2 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
