Jamiyat
Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari ishsizlikdan xoli hududlarga aylantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni AQShning Vashington shahriga amaliy tashrifdan so‘ng Toshkentga qaytib kelgach, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Qoraqalpog‘iston o‘zining ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega. Xususan, 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 30 million kub metr qurilish qumlari, 27 million kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.
Shu bilan birga, shahar va tumanlar, ovullar o‘rtasidagi masofa uzoqligi har bir hududning solishtirma ustunligidan unumli foydalanib, aniq hisob-kitob bilan ishlashni taqozo etadi. Umuman, qayerda sog‘lom muhit, qulay sharoit, adolatli va shaffof tizim bo‘lsa, tadbirkor o‘sha joyda ishlashni xohlaydi, investor ham ana shunday hududga mablag‘ tikadi.
Taqdimotda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun 7-o‘ringa ko‘tarildi. Sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetdi. Umumiy eksport 2016 yilga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar bo‘ldi.
Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion so‘mga (2025 yilda 54,3 trillion so‘m bo‘lgan), jon boshiga esa 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi (2025 yilda 435 million dollar bo‘lgan).
Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qo‘shimcha ravishda “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezidentimiz ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025 yilda 3,5 milliard dollar bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etildi.
Hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Sun’iy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish, bazalt tolasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi, Taxtako‘pir tumanida paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.
Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud maydonlarning atigi 2,5 foiziga ekin ekilayotgani, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi. Iqlimga mos yangi ekin turlarini topib, ularni yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish, suvsizlik va sho‘rga chidamli, shu jumladan, farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksportni ko‘paytirish vazifalari belgilandi.
Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari lavozimini kiritish taklif qilindi. Joriy yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, o‘simliklarni sun’iy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.
Joriy yilda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.
Turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
“Borsa kelmas” tuz koni hududida “Yer ko‘zgusi” brendi ostida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi. Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi ochiladi.
Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi.
Intellektual loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizimni Qoraqalpog‘istondan boshlash belgilandi. Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ma’lumotlarni qayta ishlash, “bulutli” ma’lumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda 1 million dollarlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 milliard so‘mdan ajratib borish topshirildi.
2027-yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 milliard so‘m, markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga 200 million dollar jalb qilinishi belgilandi.
Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Bir necha viloyatda sotilayotgan un mahsulotlari talabga javob bermasligi aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridlarida bir qator un mahsulotlarining sifati amaldagi sanitariya-gigiyenik hamda xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Xususan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruviga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “555 MUKA” un mahsuloti sanitariya talablariga javob bermasligi va iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro viloyatida laboratoriyaga topshirilgan “Sulaymon Nafosat Fayz” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Sulaymon Fayz” birinchi navli bug‘doy uni sanitariya-gigiyenik me’yorlarga mos emasligi aniqlandi. Un mahsuloti sotuvidan tushgan 5,7 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyatida nazorat xaridi uchun “Javhar Flour Trade” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Ardus” un mahsuloti namunalari laboratoriyaga topshirilganda unda temir va rux miqdori belgilangan me’yorlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida “Troyka” nomli bug‘doy uni namunasi laboratoriya tekshiruvlarida me’yoriy talablarga nomuvofiq deb topildi.
Sifatsiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish orqali qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga, shuningdek saqlash tartiblariga rioya etmagan sotuvchilarga nisbatan tegishli ta’sir choralari belgilanib, mahsulotlarni savdodan olib tashlash bo‘yicha tadbirkorlarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat
Qamchiq dovonida majburiy tosh ko‘chirish ishlari amalga oshirildi
Xabar qilinishicha, mazkur ishlar tabiiy ofatning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan.
18 iyul kuni A-373 “Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” avtomobil yo‘lining 142,8 km. qismida tegishli tashkilotlar tomonidan tog‘ning yuqori nuqtalaridagi nomustahkam toshlarni sun’iy tushirish ishlari olib borildi.
Xabar qilinishicha, mazkur ishlar tabiiy ofatning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ayrim elektron nashrlar va blogerlardan ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘radi.
Jamiyat
“Mirob suv bermayapti” – Farg‘onadagi Chimyon qishlog‘ida bog‘lar quriyapti
Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikda bog‘ barpo qilgan ayrim tadbirkorlar suv muammosiga duch kelishyapti. Suv yo‘q emas, bor: maxsus texnikalar yordamida tepalikka suv chiqarilgan, lekin ming mashaqqat bilan daraxt ko‘kartirgan odamlarga shartnomasi bor bo‘lsa-da, suv berilmayapti.
“Mirob Sh.I. o‘ziga qarashli odamlargagina suv beradi xolos. Bizdan esa pul talab qiladi. Suv uchun davlatga pul to‘layapmiz-ku. Mirob o‘z cho‘ntagini qappaytirish uchun bizdan yana pul olishga harakat qilyapti. Daraxtlarimiz qurib boryapti, dodimizni eshitadigan kimsa yo‘q”, deydi murojaatchilar.
Abdujalil Mamadiyev adirlikda 1,5 gektar yerni o‘zlashtirib, 500 tup o‘rik daraxti ko‘kartirgan, endi esa suvsizlikdan daraxtlari quriyotgan ekan:
“Farg‘ona tumani, Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikni o‘zlashtirib, 1,5 gektar yerda ming mashaqqat bilan o‘rik bog‘i yaratdim. 500 tup o‘rik daraxtini amallab ko‘kartirganman.
Endi esa suv muammo bo‘lyapti. Daraxtlarimiz qurib ketyapti. Eng qizig‘i, suv yo‘q emas, bor, adirga mirob etib tayinlangan Sh.I. xohlagan odamiga suv beradi, xohlamagan odamiga bermaydi. Shartnomamiz bor. Suv solig‘iniyam o‘z vaqtida to‘layapmiz. Mirob o‘z cho‘ntagi uchun biz bog‘bonlardan pul so‘raydi. Pul berganlargagina suv beryapti. Axir biz suv uchun davlatga o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshiryapmiz-ku.
Masala yuzasidan suv xo‘jaligiga, nasos stansiyalari markazlariga, ichki ishlarga murojaat bilan chiqdik, hokimiyatlarga bordik. Lekin muammo hal bo‘lmadi.
Masalan, men suv uchun 4 yilda 8 million 200 ming so‘m to‘lov qilganman. Davlatga pul to‘lasam bo‘ldi-ku, nima uchun yana mirobning cho‘ntagi uchun ham yana pul berishim kerak? Menga o‘xshab bog‘ yaratib daraxtlarini sug‘ora olmayotganlar talaygina. Mirobga chora ko‘rib bering, deb kirmagan tashkilot qolmadi. Bahordan to shu kungacha bog‘imni ikki marta sug‘ordim xolos. Daraxtlar qurib boryapti. Mehnatimga achinyapman.
Daraxtlar qurib qolmasligi uchun o‘zimiz 10 litr, 20 litr qilib chelaklab suv tashib quyib ham ko‘rdik. Shu holatni ko‘rib ham mirob pinagini buzgani yo‘q. Suv ber desak, u biz bilan janjal qiladi. Davlatga pul to‘laganingizdan keyin u navbati bilan suv berishi kerak-ku.
Mirob suv bersa, ko‘chat oralariga qora ekin qilish mumkin, lekin mana, hozir bekor yotibdi. Pomidor, loviya ekish mumkin, davlatga foydasi tegadigan tirikchilik qilib, ish qiladigan sharoit qilsa bo‘ladi. Faqat mirob suv bersa. Suv bermagani uchun oddiy daraxtimizni ham sug‘ora olmayapmiz.
Farg‘ona tumanida Chimyon qishlog‘i aholisining tirikchiligi o‘rikdan. Qiynalib bir yilda bir marta hosil olamiz-da. Suv beriladigan bo‘lsa, o‘rikdan ko‘proq hosil olish mumkin. Boshimizda shunday tashvish bo‘lganidan nima qilishni, yana kimlarga murojaat qilishimizni bilmayapmiz”, deydi Abdujalil Mamadiyev.
Abdujalil Mamadiyev
Tasvirga olish jarayonida adirda mirob Sh.I. ni uchratdik. U holat yuzasidan izoh berishni istamadi.
Sh.I , mirob
Mavjud muammo yuzasidan izoh olish uchun Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi suv yetkazib berish davlat muassasasi direktori Dilyor Yo‘ldoshev bilan telefon orqali suhbatlashdik.
U muammoni nazoratga olishini, daraxtlarni sug‘orish uchun davlat bilan shartnoma qilgan bog‘bonlarga suv, albatta, berilishini ta’kidladi.
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan5 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoChimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
-
Jamiyat4 days agoO‘zini o‘zi band qilganlarga ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
MICE turizm tadbirlarini tashkil qilgan tadbirkorlarga QQSdan imtiyoz beriladi
