Jamiyat
Prezident «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini modernizatsiya qilishga o‘sishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ana shunday strategik loyihalardan biri «Toshkent-Sharqiy» aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.
Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.
Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.
Davlat rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Jamiyat
“Qamayman deb tazyiq o‘tkazgan” – Samarqandda IIB xodimi o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘ldi
Bulung‘ur tumanida o‘ziga o‘t qo‘ygan 17 yoshli o‘smir ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 2 oydan so‘ng vafot etdi. Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u profilaktika inspektorining qamayman, deya qilgan tahdididan qo‘rqib, o‘z joniga qasd qilgan. Inspektor esa bu da’voni tuhmat deb atagan va bolaning o‘limida aybi yo‘qligini bildirgan. Sud uni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi va sud zalidan qamoqqa oldi.
Bulung‘ur tumani IIB profilaktika inspektori jinoiy jazoga tortildi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Payariq tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1986 yilda tug‘ilgan I.X. Bulung‘ur tumani Kildon mahallasi profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
2025 yil 20 fevral kuni Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan B.B. amakisiga tegishli Cobalt mashinasini o‘zboshimchalik bilan boshqarib ketgani haqida xabar kelib tushadi. Profilaktika inspektori I.X. 21 fevral kuni B.B.ni qarindoshlari bilan birga izlab, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hududidan topgan. So‘ngra xodim o‘smirni uyiga olib borgan va uning onasidan o‘g‘lini olib kelish uchun Zarbdor tuman ichki ishlar xodimlariga 400 ming so‘m berganini aytib, ushbu miqdordagi mablag‘ni bank kartasiga o‘tkazib olishga erishgan.
Shundan so‘ng, profilaktika inspektori “Bu bola qamaladi, endi qonun oldida javob berishi kerak” deya qo‘rqitib, B.B.ni qarindoshlari yonidan olib chiqib ketgan. Biroq profilaktik tadbir o‘tkazmasdan yoki biror hujjat rasmiylashtirmasdan B.B.ni tungi vaqtga qadar o‘zi bilan olib yurgan. Soat 22:30 larda voyaga yetmagan yigitning onasi K.Q.ga qo‘ng‘iroq qilib, farzandini IIB ma’muriy binosidan olib ketishni aytgan. Ammo K.Q. kelmagach, B.B.ni soat 23:00 larda yashash uyiga olib kelib, qarindoshlariga qoldirib ketgan.
B.B. qilgan qilmishi uchun qamalishi haqida aytilgan gaplardan qo‘rquvga tushib, 2025 yil 22 fevral kuni yashash uyi molxonasida dizel yoqilg‘isini ustiga sepib, o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan. Buning oqibatida og‘ir darajadagi kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. U ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay 2025 yil 6 may kuni shifoxonada vafot etgan.
Profilaktika inspektori I.X. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan va B.B.ning o‘limida aybi yo‘qligini, unga tahdid qilmaganini, marhumning yaqinlari unga tuhmat qilayotganini aytgan.
“B.B.dan nega bunday qilganini so‘raganimda u amakisi uyidagi tovuq va g‘oziga qaramagani uchun urganini, shundan so‘ng qo‘rqib, mashinani boshqarib ketganini ma’lum qildi. Zarbdor tumanida B.B. “Aka, sizda gapim bor, 400 ming so‘m berib turing, telefonimni olay, faqat akam bilmasin. Agar bilsa meni o‘ldiradi, uning xarakteri yomon” deya yalina boshladi. Cho‘ntagimdan 400 ming so‘m pul olib, B.B.ga tutqazdim. U yoshi o‘zi tengi bola bilan gaplashib, Samsung A53 telefonini olib keldi va “Sizda turib tursin, uyda onamdan pul olib beraman” dedi. Shundan keyin Bulung‘ur tumaniga qaytdik.
B.B.ni uyiga olib borganimda onasi chiqib, “qayerga tashlash kerak o‘g‘lim olgan pulni?”, deb so‘radi. Onamning nomiga ochilgan bank kartasi raqamini aytdim. K.Q. 400 ming so‘m o‘tkazib berdi. Men B.B.ning onasi va qarindoshlaridan pul so‘raganim yo‘q. B.B.ni fosh etilmagan jinoyatlarni uning bo‘yniga qo‘yish bilan qo‘rqitmaganman. Bu – tuhmat”, degan profilaktika inspektori suddagi ko‘rsatmasida.
Marhumning onasi K.Q. esa inspektor o‘g‘liga uni qamatishini aytib, tahdid qilganini bildirgan.
“O‘sha kuni soat 23:00 larda profilaktika noziri I.H. menga qo‘ng‘iroq qilib, “Bir o‘zingiz kelib keting, farzandingiz Behruzning masalasini hal qilamiz” dedi. Men borolmasligimni aytdim. Oradan 30 daqiqa vaqt o‘tgach, I.H. o‘g‘limni uyga tashlab ketdi. Shunda o‘g‘lim qo‘rquv, stress holatda bo‘lganini, qo‘llari qaltirab turganini ko‘rdim. Ahvoling yaxshimi, deb so‘raganimda yaxshi dedi.
O‘g‘lim o‘zini yoqib yuborgach 2025 yil 6 mayga qadar davolandi, biroq kuyish darajasi og‘ir bo‘lgani sababli vafot etdi. Farzandim B.B. o‘z joniga suiqasd qilgani holatida profilaktika inspektori I.H.ning aybi bor, deb bilaman. Sababi, I.H. o‘g‘limni qo‘rqitib, qamayman deya unga tazyiq o‘tkazgan. U bu haqda menga va qaynukamga aytib berdi. Biz o‘g‘limning ushbu gaplarini video tasvirga olganmiz”, degan ayol sudda.
JIB Payariq tuman sudining hukmi bilan I.H. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 207-moddasi 3-qismi “a” bandida (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Profilaktika inspektori sud zalidan qamoqqa olingan.
Jamiyat
“Bolangizni kimdir boshqaryapti” – toshkentlik o‘smir PUBG’dagi suhbatlardan keyin yo‘qolib qoldi
Toshkentda yashovchi 14 yoshli bola PUBG’da noma’lum odam bilan do‘stlashib qolganidan keyin, uning buyrug‘i bilan uydan chiqib ketib, Farg‘onaga yo‘l olgan. Qochayotganida yuzini yashirish uchun ko‘zoynak va tibbiy niqob taqib olgan. Bola ikki kundan keyin topilganida, u katta qo‘rquv iskanjasida edi. Voqeani Kun.uz’ga so‘zlab bergan o‘smirning qarindoshi ota-onalarni ogohlikka chaqirdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Yaqinda toshkentlik bir oila noodatiy va xavotirli hodisani boshidan o‘tkazdi. 29 noyabr kuni 14 yoshli bola uyidan odatdagidek sport to‘garagiga chiqib ketib, sirli tarzda g‘oyib bo‘ladi.
O‘sha kuni bolaning yo‘qolgani haqidagi xabarlar internetdagi ko‘plab kanal va guruhlarda tarqalgan edi. Oradan 2 kun o‘tib, uning daragi Farg‘ona viloyatidan chiqadi. Bola uyiga qaytgach, boshidan o‘tkazganlarini hikoya qilib berarkan, ota-onasi va yaqinlari bundan dahshatga tushadi.
Ma’lum bo‘lishicha, PUBG onlayn o‘yiniga qiziqib qolgan o‘smir o‘yin ichidagi chat orqali noma’lum kimsalar bilan suhbatlasha boshlaydi. Suhbatdosh unga ruhiy bosim o‘tkazib, o‘ldirish bilan tahdid qiladi.
Bolaning amakisi Kun.uz’ga hodisa tafsilotlarini aytib berishdi. Uning hikoyasi – farzand o‘stirayotgan har bir ota-ona uchun qimmatli.
“Biz seni sputnik orqali ko‘rib turibmiz”
“Bola taekvondoga, trenirovkasiga borishi kerak bo‘lgan. Uydan 18:30 da chiqib ketgan, hech kim payqamagan. Trenirovkadan odatda soat 22:00 da chiqadi. 22:00 da chiqqandan keyin, uzog‘i bir soatda uyda bo‘lishi kerak bo‘lgan. Soat 23:00 da oyisi treneriga telefon qilganida, treneri u bugun mashg‘ulotga kelmaganini aytgan.
Darhol qat’iy choralarni ko‘rishni boshladik, 102 ga telefon qildik. Xodimlar kelishdi. Kelgandan keyin uydan xat topishdi. Bola xat tashlab ketgan. U yerda qisqacha mazmuni: “Men sizlarni rozi qilolmadim, yaxshi farzand bo‘lolmadim. Musulmon bo‘lib qaytaman, pul topib qaytaman”, deb xat tashlab ketgan. Bizlar hatto uyga qaramagan ham edik. U narsani qidirmaganmiz. O‘zini qidirish bilan ovora bo‘lgandik.
Keyinroq boshqa shahardan topildi. Borib olib keldik. Birinchi kun indamadi, qo‘rqdi. Keyingi kuni onasiga yig‘lab aytib berdi.
Xullas, bir yarim oy oldin PUBG o‘yinida bitta bola bilan tanishgan. “Legend” degan profil bilan tanishgan va o‘sha bilan o‘ynab kelgan. O‘yinda bir-birini rivojlantirishgan, bir-biriga kiyimlar bergan, qurollar bergan. Xullas, yaqin munosabatda bo‘lishgan. Keyin uni chaqirishgan: “Farg‘ona shahriga kel, biznikiga mehmonga olib ketamiz” deb. Bola rozi bo‘lmagan. Keyin uni ishlashga chaqirishgan: “Sen yaxshi o‘ynar ekansan o‘yinda, sen dasturchi ekansan, kel, yaxshi pul topamiz, o‘yin orqali sovg‘alar olamiz”, deb taklif berishgan. Bola o‘ziga to‘q oiladan, bu taklifni ham rad qilgan.
Shundan keyin ular tahdid qilishga o‘tishgan. “Seni so‘yamiz, ota-onangni so‘yamiz, o‘ldiramiz, singlingni olib ketamiz. Biz seni sputnik orqali ko‘rib turibmiz. Bugun maktabga boribsan-a?” deb siquvga olishgan. 14 yoshli bola maktabga borishi tabiiy, lekin bola haqiqatan ham meni kuzatishyapti deb o‘ylagan va o‘shalarning gapiga ishongan. Qo‘rqqan – unga odam so‘yish videolarini tashlab berishgan, unaqa videolarni qo‘rqinchliligidan biz kattalar ham ko‘rolmaymiz”, – deydi o‘smirning qarindoshi.
“Bolani bir zum ham o‘z holiga qo‘yishmagan”
Amakisiga ko‘ra, bola uydan chiqib ketishidan avval noma’lum kimsalarning ko‘rsatmasi asosida yaxshilab tayyorgarlik ko‘rgan. Sinfdoshlaridan Farg‘onaga qanday yetib borishni so‘ragan. Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha yozishmalarini o‘chirgan, PUBG o‘yinidagi do‘stlari ham o‘chirilgan, hatto telegramdagi oilaviy guruhlardan chiqib ketgan.
“Guruhdan nega chiqib ketding” deb so‘ragan oyisiga “adashib chiqib ketibman”, degan. O‘yinga kirsangiz, hech narsa yo‘q: “druzya”lari kim deb bossangiz, “druzya”lar yo‘q – o‘chirilgan. Hamma narsani tozalab, xat ham qoldirgan. Farg‘ona shahriga kelib, vodiy pitakka kelsang, seni o‘zimiz topib olamiz deyishgan. Ularning ko‘rsatmasi bilan ketishida baxila kiygan, niqob, ko‘zoynak taqqan, kepka, kapyushon kiygan.
Biz ichki ishlarga murojaat qilganimizda, tergov xodimi kelib: “Sizning bolangiz yaxshi sharoitda katta bo‘lgan ekan, oilaviy muhiti yaxshi ekan, hech qanday qanaqadir bosim yoki psixologik holat yo‘q. Faqatgina hozirgi holat: o‘g‘lingizni kimdir boshqaryapti”, deb aytishdi. U odam asli O‘zbekistonda ham emas ekan.
Ichki ishlar xodimlarining aytishicha, shunaqa holatlar bo‘lar ekanki, bolani xujralarga olib kirib ketib, hatto yillar davomida turli maqsadlarga tayyorlashar ham ekan. Kontrabanda orqali mol o‘tkazish bo‘yicha chegara hududlarda qancha tunellar bor – shular orqali chetga olib chiqib ketishi hech gap emas ekan.
Bizga shunday tushuntirishdi: chet davlatlarda shunday bolalarni topib, tuzoqqa tushiradigan guruhlar bor ekan. Qiladigan ishi – o‘yinda o‘tirish, voyaga yetmagan bolalarni topib, “gipnoz” qilib, chaqirish. O‘yinga uzoqroq vaqt kirmay qolsa yoki yozmay qo‘ysa, “aloqadamisan?” deb nazorat qilib turishgan. Bolani bir zum ham o‘z holiga qo‘yishmagan, sal yolg‘iz qolib, “to‘xta, nima qilyapman o‘zi” deb ham o‘ylashga qo‘yishmagan. Kechasi soat 3da ham muloqotda bo‘lishgan”, – deydi u.
“Bolangiz bilan tez-tez muloqot qilib turing”
Oradan ikki sutkaga yaqin vaqt o‘tib, bolaning daragi Farg‘ona viloyatining boshqa bir shahridan chiqqan. U topilgan paytda qattiq qo‘rquv va vahimada bo‘lgan.
“Bolaning aytishicha, Farg‘ona shahriga borsa, qaytib kelolmasligini bilib, boshqa shaharga ketgan. Boshqa shaharga borib, bir kecha masjidda yotib qolgan. 200 ming so‘m puli bo‘lgan: 150 mingni yo‘lkirasiga bergan, 50 mingga ovqatlangan. Ertasiga kuni qorni och, usti yupqa, borib bir joydan ish so‘ragan: qornim ochib ketdi, ish bersalaring ishlardim degan. Ana o‘sha ish so‘ragan joyidagilar orqali bola topilgan”, – deydi amakisi.
O‘smir hozirda oilasi bag‘rida. rRuhiy holatini to‘liq tiklash esa vaqt talab qiladi.
Suhbatdoshimiz ota-onalarni hushyor bo‘lishga, bolalar bilan tez-tez gaplashib turishga, o‘ynayotgan o‘yinlariga befarq bo‘lmaslikka, biror noodatiy xatti-harakat qiladigan bo‘lsa, yuzaki qarab o‘tkazib yubormaslikka chaqirdi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Jamiyat
Ekohududlarda turistik so‘qmoqlar tashkil qilinadi
Hukumatning778-son qarori bilan «Ekohududlarda turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizom davlat qo‘riqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomnik, o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlarida (ekohududlar) turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, balansda saqlovchi turistik so‘qmoqni tashkil qilish uchun tegishliligi bo‘yicha Turizm qo‘mitasining hududiy bo‘linmasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga turistik so‘qmoq to‘g‘risida ma’lumotnoma, xaritasi, foto va video tasvirlar ilova qilinadi.
Ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Hududiy bo‘linma turistik so‘qmoqning belgilangan talablarga javob berishini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.
Turizm qo‘mitasi hududiy bo‘linma tomonidan yuborilgan hujjatlarni 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, turistik so‘qmoqni Turistik so‘qmoqlarning yagona reyestriga kiritadi.
Yagona reyestrga kiritilgan turistik so‘qmoqlar tashkil etilgan hisoblanadi.
Balansda saqlovchi turistik so‘qmoq reyestrga kiritilgan kundan boshlab 1 oy ichida uning kirish nuqtasida pasporti va xaritasi hamda belgilangan axborot belgilarini o‘rnatadi.
Jamiyat
Navoiy va Chirchiqda fuqarolar yillik daromadi haqida deklaratsiya to‘ldirishi kerak bo‘ladi
2026-yil 1-martdan Navoiy va Chirchiq shaharlarida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyoti tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Joriy yil 10-dekabrdagi PF–246-son farmonga muvofiq, fuqarolarga yillik daromad deklaratsiyasini maxsus elektron platforma orqali topshirish imkoniyati beriladi. Platforma eng sodda va tushunarli tarzda o‘zaro hamkorlikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan.
Tizim xarajatlarni «Soliq» mobil ilovasi orqali avtomatik tarzda hisobga olish imkonini beradi. Ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan hollarda fuqarolar jarayon ustidan nazoratni saqlagan holda qo‘shimcha ma’lumotlarni qo‘ldan kiritishlari mumkin bo‘ladi.
Ilk bor soliq bazasi fuqarolarning daromad va xarajatlari haqidagi raqamli ma’lumotlarga tayangan holda shakllantiriladi.
Tajriba-sinov davri faqat mexanizmni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Loyiha doirasida qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va hech qanday sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
2026-yil 1-aprelga qadar hududlar va sektorlar kesimida alohida ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan yashirin iqtisodiyotni hisoblashning yangilangan metodologiyasi joriy etiladi.
Jamiyat
Yangi yildan taksi haydovchilari 1 foizli soliq to‘lashni boshlaydi
2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaror bilan taksichilik faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritilgan edi. Shu bois amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq mazkur shaxslarning o‘z faoliyati natijasida olgan va 100 mln so‘mgacha bo‘lgan daromadlari daromad solig‘idan ozod qilingan edi.
Biroq joriy yil 12-avgustdagi PQ-247-son qaror bilan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab mazkur tartib, ya’ni 100 mln so‘mgacha bo‘lgan soliq imtiyozi bekor qilindi.
Endilikda 2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Masalan, taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs shu faoliyat turidan 1 mln so‘mgacha daromad oladigan bo‘lsa, shundan 1 foiz – 10 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Bunda soliq summalari tegishli tartibda taksi agregatorlari tomonidan avtomatik tarzda ushlab qolinadi va davlat budjetiga o‘tkazib beriladi.
-
Jamiyat3 days agoToshkent viloyatida 13 yoshli qiz orqali dori sotgan ayol va uning sheriklari ushlandi
-
Jamiyat3 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
-
Dunyodan3 days agoYaponiyaning shimoli-sharqiy sohilining asosiy zilzilasi
-
Dunyodan3 days agoPiknik tugadi. Kelajakda Zelenskiy hukumatini kim boshqaradi?
-
Siyosat2 days agoO’zbekiston va Rossiya xalqaro temir yo’l xizmatlari uchun moslashuvchan narxlar haqida kelishib oldilar
-
Dunyodan2 days agoBashar Asadning Suriyadagi ag’darilganligining 1 yilligi
-
Jamiyat2 days agoNavoiyda portlovchi modda sotgan shaxs qamaldi
