Connect with us

Iqtisodiyot

OKMKning 200 mln dollarlik tenderlari: g‘oliblar bir-biriga aloqadormi?

Published

on


Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi (OCCRP) Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining oxirgi 3 yildagi 200 mln dollardan ortiq qiymatdagi tenderlarini o‘rgandi. Surishtiruv xulosasiga ko‘ra, garchi g‘olib kompaniyalar dunyoning turli chekkalarida: Britaniya, Gruziya va Singapurda joylashgan bo‘lsa ham, ularning barchasi bitta shaxs – O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sobiq vitse-prezidentiga aloqador bo‘lishi mumkin.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati oxirgi 3 yil ichida 10 ta xorijiy kompaniya bilan tuzgan, umumiy qiymati 200 mln dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar – xalqaro surishtiruvchi jurnalistlarning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) nazariga tushdi.

Surishtiruvchi jurnalistlarga ko‘ra, garchi bu 10 ta kompaniya dunyoning turli davlatlari – Buyuk Britaniya, Gurjiston va Singapurda joylashgan bo‘lsa-da, ularning barchasi bitta shaxs – O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Grigoriy Xvan bilan aloqador bo‘lishi mumkin.

OKMK bu kompaniyalarga mijoz bo‘larkan, ulardan uskunalar va xomashyo materiallarini sotib olgan. Surishtiruvda bu kompaniyalarning tog‘-kon sanoati korxonalari uchun ta’minotchi bo‘lishda tajribasi bor-yo‘qligi shubha ostiga olinadi.

Ta’kidlanishicha, Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan ikkita firma rasman “faoliyat ko‘rsatmayotgan” statusda bo‘lgan davrda ham OKMKdan o‘nlab million dollarlik buyurtmalarni olavergan.

Bu kompaniyalarning OKMK bilan umumiy qiymati 7 mln dollarlik boshqa shartnomalarida elektron imzosi qo‘yilgan shaxslar bu hujjatlarga imzo chekkanini rad etib, kelishuvlarda umuman ishtirok etmaganini bildirgan.

Surishtiruvchi jurnalistlar bu kompaniyalarga benefitsiar egasi kimligini so‘rab murojaat qilganidan keyin, ayrimlari tegishli korporativ hujjatlariga o‘zgarishlar kiritgan. OKMK va ta’minotchilar OCCRP yo‘llagan savollarni javobsiz qoldirgan.

OKMK – qisman xususiylashtirish ko‘zda tutilgan strategik davlat korxonalaridan biri. Kompaniya 2025 yil 4-choragida xalqaro fond bozorida 5 foizgacha aksiyalarining birlamchi taklifini o‘tkazishi (IPO) ko‘zda tutilgandi.

Britaniyadagi “faoliyat yuritmayotgan” kompaniyalar

2018 yilda Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Lemixton Solutions 2022 yildan buyon OKMKning kamida 56 ta tenderida g‘olib chiqib, 22,5 million dollarlik ortiq qiymatdagi shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Vaholanki, u 2021 yildan beri rasmiy hisobotlarda o‘zini “nofaol” holatda ekanini ko‘rsatib kelgan. Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, “nofaol” maqomidagi kompaniya uzrli sababsiz tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi, shartnomalar tuzishi yoki moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi man etiladi.

Atigi bitta xodimi bor, rasmiy veb-sayti yo‘q va O‘zbekistonda aniqlangan ofisi mavjud bo‘lmagan Lemixton 2022 yildan boshlab OKMK tenderlarida tez-tez g‘olib bo‘lgan va po‘lat quvurlar, alyuminiy listlar hamda boshqa mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Import-eksport ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yildan boshlab kompaniya “nofaol” maqomiga qaramay OKMK manziliga o‘nlab marta jo‘natmalar yuborgan.

Bu davr mobaynida Lemixton’ning rasmiy egasi sifatida 71 yoshli britaniyalik buxgalter Uendi Meri Enn Konroy ko‘rsatilgan. Lekin 2025 yil 2 dekabr kuni surishtiruvchi jurnalistlar kompaniyaga aloqaga chiqqanidan keyin, firma korporativ hujjatlariga orqa sana bilan “g‘alati va shoshilinch” o‘zgarishlar kirita boshlagan. Buyuk Britaniya kompaniyalar reyestri – Companies House’da firma egasi qisqa vaqt ichida bir necha bor almashtirilishi kuzatilgan.

Xususan, 2 dekabr kuniyoq Konroy Lemixton’da “katta nazoratga ega shaxs” (person with significant control) maqomidan chiqariladi. Uch kundan keyin joylashtirilgan yangi hujjatlarda 61 yoshli tadbirkor, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Grigoriy Xvan aslida 2018 yil 20 noyabrdan buyon kompaniya egasi bo‘lib kelgani keltiriladi. Biroq Xvanning davlat reyestridagi “faoliyati” uzoq davom etmaydi: 2026 yil yanvar oyi boshida Lemixton yangi bildirishnoma topshirib, Xvanning kompaniya ustidan nazorati boshlangan kuniyoq (2018 yil 2 dekabrda) tugaganini ma’lum qiladi. Uning o‘rniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Guerrero kompaniyaning yangi “katta nazoratga ega shaxsi” sifatida ko‘rsatiladi. U ham o‘sha sanadan – 2018 yil 2 dekabrdan beri Lemixton Solutions’ning egasi bo‘lib kelayotgani ko‘rsatiladi.

Shunga o‘xshash holat boshqa bir britan firmasi – Golders Business bilan ham kuzatiladi. Kompaniya OKMKning kamida 13 million dollarlik tenderlarini yutgan va 100 martadan ortiq yuk yetkazib bergan bo‘lsa-da, moliyaviy hisobotlarda o‘zini “nofaol” deb ko‘rsatgan.

2018 yilda firma “rasman ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘lgan shaxs yo‘q” deya hisobot beradi. Bu kompaniyada sezilarli nazoratga ega shaxs mavjud emasligini anglatadi. Bu maqom Uendi Konroyning o‘g‘li Maykl Konroy tomonidan boshqariladigan ATC Nominees Limited firmasi Golders’ning kotibi bo‘lib ishlagan davrda saqlanib qoladi. Ammo Lemixton bilan bo‘lgani kabi, 2025 yil dekabr oyi boshida dastlabki bayonot bekor qilinib, Xvan 2018 yil 1 avgustdan buyon firmada nazorat qiluvchi shaxs bo‘lgani ko‘rsatiladi. 2026 yil yanvar oyi boshida bu ma’lumot yana o‘zgartirilib, Xvanning nazorati 2018 yil avgust oyidayoq tugagani qayd etiladi. Uning o‘rniga yana o‘sha Guerrero 2018 yil 30 noyabrdan buyon kompaniya nazoratchisi sifatida orqa sana bilan kiritiladi.

MoreGroup direktori: “Ularning ortida bitta odam turadi”

Korporativ hujjatlar va moliyaviy yozuvlar Lemixton hamda Golders kompaniyalari Maykl Konroyga tegishli britan firmasi – MoreGroup tomonidan boshqarilganini ko‘rsatadi. MoreGroup ikkala kompaniyada rasmiy buxgalter sifatida ko‘rsatilgan, MoreGroup xodimlari Lemixton va Golders’ning mansabdor shaxslari bo‘lib ishlagan. MoreGroup’ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Jyeymi Barkli – Finance Uncovered (surishtiruvga hammuallif bo‘lgan guruh)ga bergan izohiga ko‘ra, Uendi Konroy Lemixton’da “muhim nazoratga ega shaxs” sifatida ko‘rsatilmasligi kerak bo‘lgan va bu borada “ichki tekshiruv” olib borilmoqda.

Barklining aytishicha, Lemixton, Golders va yana bir britan shirkati Alrick Solutions uchalasining ortida “bitta odam” turadi. U bu haqda surishtiruvchilarga aytganidan bir kun o‘tib, 2025 yil 5 dekabrda Grigoriy Xvan ana shu uchala kompaniyada ham “katta nazoratga ega shaxs” sifatida ko‘rsatiladi.

MoreGroup buxgalterlik firmasi surishtiruvchi jurnalistlarning boshqa savollariga aniq javob bermagan va “aytilgan ma’lumotlar hamda so‘ralayotgan hujjatlarga kompaniyaning hech qanday aloqasi yo‘qligi”ni bildirgan.

Buyuk Britaniya reyestrida Lemixton va Golders yana ikki kompaniya – Britaniyada joylashgan Alrick Solutions va Kanadadagi Hightron Logistics bilan “umumiy nazorat ostida” ekani ko‘rsatilgan. Bu firmalar o‘zaro yaqin moliyaviy aloqalarga ega bo‘lib, ular o‘rtasida kompaniyalararo qarzlar almashilgan.

Jurnalistlarning dekabr oyidagi murojaatidan keyin Lemixton va Golders’dagi sxemaga o‘xshash tarzda, Grigoriy Xvan Alrick’ning ham “muhim nazoratga ega shaxsi” sifatida orqa sana bilan qayd etiladi. Hightron’ning egalik zanjiri esa Karib dengizida joylashgan ofshor hudud – Nevis oroliga borib taqaladi.

Kanada korporativ qaydnomalariga ko‘ra, O‘zbekistonga yuk jo‘natgan Hightron rasman Nevisda joylashgan ikki kompaniya – Tallberg Ltd va Uniwell Inc’ga tegishli. Bu ikki firma Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa davlatlardagi yuzlab kompaniyalarda aksiyador yoki mansabdor shaxs sifatida ko‘rsatilgan.

Hujjatlarni kim imzolagan?

Ikki britan firmasining egalik va operatsion yopiq­ligi ularning OKMK bilan tuzgan shartnomalarida ham aks etgan. OCCRP ko‘rib chiqqan kamida 13 ta shartnomada MoreGroup’ning amaldagi va sobiq xodimlarining elektron imzolari mavjud. Lemixton va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasidagi jami 6,2 million dollarlik 7 ta shartnomada Uendi Konroyning imzo nusxasi (faksimile)ni ko‘rish mumkin.

Eng so‘nggi shartnoma 2025 yil 5 dekabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, bundan uch kun oldin buxgalter Uendi Konroy Lemixton’ning “muhim nazoratga ega shaxsi” maqomidan chiqarilgan. MoreGroup vakili Jyeymi Barkli Finance Uncovered’ga bu shartnomalarni “100 foiz Konroy imzolamagani”ni aytgan.

Shuningdek, Golders va OKMK o‘rtasidagi jami 1,4 million dollarlik 6 ta shartnomada MoreGroup’ning sobiq xodimi Ruairi Laflin-Makkanning imzosiga o‘xshash faksimile mavjud. Laflin-Makkann OCCRP’ga u besh yildan beri Golders bilan aloqasi yo‘qligini va shartnomalarni “mutlaqo imzolamagani”ni bildirgan. Hujjatlardan birida u 2025 yil 25 noyabr holatiga ko‘ra Golders direktori sifatida ko‘rsatilgan.

Laflin-Makkann holat yuzasidan London shahri politsiyasi va Buyuk Britaniyaning Jiddiy firibgarliklarga qarshi kurash idorasiga murojaat qilganini aytgan. Serious Fraud Office surishtiruv chop etilgunga qadar qadar izoh bermagan, London shahri politsiyasi esa ma’lumot maxfiyligini sabab qilib, ariza berilgan-berilmaganini tasdiqlay olmasligini bildirgan.

MoreGroup OKMK bilan shartnomalarda Lemixton va Golders’ning rasmiy muhrlari bosilgani (izoh: muhr boshqaruvchida bo‘ladi) va imzolar soxta bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollarga javob bermagan.

Gruziyadagi “raqobatchilar”

OCCRP surishtiruvni davom ettirarkan, Grigoriy Xvan va Felipe Guerreroning 2025 yil dekabr oyida Britaniya korporativ reyestriga qo‘shilishi jurnalistlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi: ular endi Britaniyadagi firmalarni minglab kilometr sharqda joylashgan, OKMK tenderlarida o‘nlab million dollar yutgan boshqa noma’lum kompaniyalar bilan ham bog‘lay olgan.

Xususan, Gruziyada ro‘yxatda o‘tgan, OKMK tenderlarida britan firmalari bilan raqobatlashgan kompaniyalar surishtiruvchilar e’tiborini tortgan. Bunda, eng yirik g‘oliblar – LOSBP va Prof Engineering firmalari bo‘lib, bu ikki kompaniya 2022 yildan buyon tenderlarda yutish orqali OKMKdan jami 68,45 million dollarlik buyurtmalarni qo‘lga kiritgan. Ularning egasi esa Britaniyadagi “raqobatchilari” bilan shaxsiy aloqalarga egaligini ko‘rsatuvchi holatlar bor.

Hujjatlarda LOSBP va Prof Engineering’ning egasi sifatida qayd etilgan shaxs – Janubiy Koreya fuqarosi, O‘zbekiston bilan aloqalarga ega 41 yoshli Polina Ostanova. Seulda yashovchi Ostanova tibbiy koordinator sifatida ishlagan va tibbiy turizm kompaniyasini tashkil etishda qatnashgan. Uning kasbiy faoliyatida konchilik yoki yirik sanoat eksporti bilan bog‘liq tajribasi borligi aniqlanmagan.

2025 yil fevral oyida Ostanova beshta gruzin kompaniyasini, jumladan, LOSBP va Prof Engineering’ni Qozog‘iston fuqarosi Rahat Nauruzbekovdan sotib olgan.

Nauruzbekov Prof Engineering va yana ikki kompaniyani 2018–2022 yillar oralig‘ida tashkil qilgan, shu davrda LOSBP va yana ikkita gruzin firmasining yakuniy egasiga aylangan. Beshinchi firmani esa atigi 35 dollarga sotib olgan.

Gruziya korporativ reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Ostanova 2025 yil fevralida bu beshala kompaniyani bir kunning o‘zida taxminan 350 dollarga xarid qiladi. Sotib olish vaqtida bu firmalardan ikkitasi allaqachon OKMK tenderlarida jami 65,9 million dollarlik shartnomalarni yutib bo‘lgan edi.

65,9 mln dollarlik shartnomalarga ega kompaniyalarning bir necha yuz dollarga sotilgani – diqqatga sazovor.

OSSRP jurnalistlarining qayd etishicha, xuddi Britaniyada bo‘lgani kabi, beshta gruzin kompaniyasining barchasi kamida oxirgi 2 yil davomida “nofaol” holatda bo‘lgan va Gruziya hukumatiga yillik moliyaviy hisobotlarini taqdim etmagan.

Bir qarashda, Gruziyadagi firmalar bilan Britaniyadagi kompaniyalar o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qdek ko‘rinadi. Biroq Ostanovaning Instagram sahifasini tahlil qilgan jurnalistlar u Felipe Guerrero bilan shaxsiy aloqalarga egaligini ko‘rsatuvchi dalillarni aniqlagan:


tarmoqqa Ostanovaning do‘sti joylagan bir videoda Ostanova va Guerrero Samarqand shahrida birga sayr qilayotgani aks etgan;
Ostanova Janubiy Koreyadagi Unicos Cars nomli avtosalonning Instagram’dagi ko‘plab postlariga layk bosgan, bu avtosalonning sahifasida Guerreroning telefon raqami kontakt sifatida ko‘rsatilgan;
Koreyada go‘zallik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi bir firma Ostanova va Guerreroni o‘z vakillari sifatida taqdim etgan.

Surishtiruvchilarga ko‘ra, Polina Ostanova nafaqat Felipe Guerrero, balki Grigoriy Xvan bilan ham tanish bo‘lishi mumkin: tarmoqqa Xvanning qallig‘i joylagan postlarga Ostanova “layk” bosgan.

Ostanova va Xvan jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermagan. Guerrero esa telefon orqali muloqotda ayni paytda Ostanova bilan aloqada emasligini aytib, Britaniyadagi ikkita kompaniya haqidagi savollarga izoh berishdan bosh tortgan.

OSSRP, shuningdek, LOSBP va Prof Engineering kompaniyalari OKMKning o‘nlab million dollarlik tenderlarini qanday yutgani haqida izoh olish uchun Nauruzbekov bilan ham bog‘langan, lekin material e’lon qilingunga qadar u ham javob bermagan.

Singapurdagi aloqalar

So‘nggi uch yil ichida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan uchta kompaniya – Polisteel Solutions Pte Ltd, Ventopro Pte Ltd va Mek Industrial Technology Pte Ltd OKMKning jami 102,9 million dollarlik tenderlarida g‘olib bo‘ladi. Bu kompaniyalarning rasmiy egasi sifatida Janubiy Koreya fuqarosi Sedong Choy ko‘rsatilgan.

OSSRP ko‘rib chiqqan ochiq manbalar bu uchta kompaniya Karib dengizidagi firmalar orqali Grigoriy Xvanga bog‘langan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Xitoyning Denair kompaniyasi 2025 yil uchun tayyorlagan moliyaviy hisobotida Mek Industrial Technology (OKMK tenderida 7,1 mln dollarlik buyurtmani qo‘lga kiritgan firma)ni nazorat qiluvchi shaxs Baham orollaridagi Colcot Company Ltd firmasini ham nazorat qilishi, bu yerda Xvan direktor bo‘lib ishlaganini qayd etgan. Keyinchalik Denair ushbu ma’lumotga tuzatish kiritib, bunday xulosa bu ikki firma bilan aynan bir vakil orqali ishlangani sababli chiqarilganini va haqiqiy manfaatdor egalik haqida ma’lumotga ega emasligini bildiradi.

OSSRP Colcot’ning yakuniy egasini aniqlay olmagan, biroq shunisi ma’lumki, ko‘chmas mulk hujjatlariga ko‘ra, Colcot 2024 yil mart oyida Manhettenda 4,4 million dollarlik kvartira sotib olgan va bitimga Xvanning o‘g‘li Aleksey imzo chekkan.

Singapurdagi uchta kompaniya nomidan izoh bergan advokat Mark Ludvikovski bu firmalar Colcot yoki uning manfaatdor egalari tomonidan nazorat qilinmasligi va Xvan ularning hech birida rasmiy yoki norasmiy rol o‘ynamasligini bildirgan.

Aleksey Xvandan izoh so‘ralganda, u jurnalistga “boshqa Alekseyga qo‘ng‘iroq qilyapsiz”, deya javob qaytargan. Otangiz Grigoriy Xvanmi degan savolga esa biroz sukutdan so‘ng: “Yo‘q, u emas. Qaysi Grigoriy?” deya javob bergan. Grigoriy Xvan ham, Singapur kompaniyalarining rasmiy aksiyadori Sedong Choy ham yozma so‘rovlarga javob bermagan.

O‘z navbatida, OKMK ham o‘zi o‘tkazgan tenderlarda g‘olib kompaniyalar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilgan yoki bajarilmagani haqidagi savollarga oydinlik kiritmagan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

2031 yilga borib dunyo iqtisodiy xaritasi o‘zgaradi

Published

on


2031 yilga borib jahonning eng yirik iqtisodiyotlari o‘rtasidagi kuchlar muvozanati sezilarli darajada o‘zgarishi kutilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) prognozlariga ko‘ra, bu davrda eng katta iqtisodiy o‘sishni Hindiston namoyon etadi.

Visual Capitalist infografikasida 2026, 2028 va 2031 yillardagi nominal yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi bo‘yicha dunyoning 15 ta eng yirik iqtisodiyoti keltirilgan. Ma’lumotlar XVJning 2026 yil aprel oyida yangilangan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” hisobotiga asoslangan.

Prognozlarga ko‘ra, AQSh va Xitoy yaqin yillarda ham jahon iqtisodiyotida mutlaq yetakchilikni saqlab qoladi. Har ikki davlat iqtisodiyoti 2031 yilga qadar taxminan 6,6 trillion dollarga o‘sishi mumkin. Bu AQSh uchun qariyb 20 foiz, Xitoy uchun esa 32 foizlik o‘sishni anglatadi.

Shunga qaramay, Xitoy iqtisodiyoti 2031 yilda 27,5 trillion dollarga yetsa ham, u hali ham AQSh iqtisodiyotidan taxminan 11,5 trillion dollarga kichik bo‘lib qoladi. Ayni vaqtda Xitoy dunyodagi navbatdagi eng yirik iqtisodiyotdan deyarli to‘rt barobar katta bo‘lishi kutilmoqda.

Mutaxassislar AQSh va Xitoy kelgusi yillarda jiddiy ichki muammolarga duch kelishini ta’kidlamoqda. AQShda siyosiy qutblashuv va davlat qarzi ortib bormoqda. Xitoy esa aholi soni qisqarishi va eksportga bog‘liq iqtisodiyot sabab uzoq muddatli o‘sish sur’atlari sekinlashishi xavfiga yuz tutmoqda.

Hindiston esa kelajakda jahon iqtisodiyotining yangi superkuchiga aylanishi mumkin. XVJ prognozlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 2031 yilga qadar 63,5 foizga o‘sadi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ladi.

Taxminlarga ko‘ra, Hindiston 2028 yilga borib Yaponiya va Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, YaIM hajmini 5 trillion dollardan oshiradi. 2031 yilga kelib esa Germaniyani ham quvib o‘tib, 6,8 trillion dollarlik iqtisodiyotga aylanishi mumkin.

1,4 milliarddan ortiq aholiga ega Hindiston uchun bu o‘sish global iqtisodiy tartibdagi o‘zgarishlar ramzi sifatida baholanmoqda. Mamlakat kompaniyalarining xalqaro bozorda raqobatbardoshligi ham ortib bormoqda.

Hisobotda Rossiya iqtisodiyotiga oid prognozlar ham keltirilgan. Qayd etilishicha, 2016–2026 yillar oralig‘ida Rossiya iqtisodiyoti ikki barobardan ko‘proq o‘sgan va yirik iqtisodiyotlar orasida yuqori sur’atlarni ko‘rsatgan. Biroq 2031 yilga kelib Rossiya nominal YaIM hajmi qisqaradigan yagona yirik iqtisodiyot bo‘lishi mumkin.

Prognozlarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi natijasida Braziliya, Kanada va Meksika uni jahon reytingida ortda qoldiradi. Mutaxassislar buni mamlakatning uglevodorod eksportiga yuqori darajada bog‘liqligi, mehnat unumdorligining past o‘sishi hamda G‘arb davlatlari sanksiyalari bilan izohlamoqda.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Chet elliklar O‘zbekistonda maxsus soliq rejimiga o‘tish uchun 50 ming dollar to‘laydi

Published

on


Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi. 

Hukumat qarori bilan “Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza taqdim etadi.

Arizaga chet el pasportining nusxasi va O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar) ilova qilinadi.

Soliq qo‘mitasi Maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasining arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha xulosasi yuzasidan 1 ish kunida chet el fuqarosiga xabarnoma yuboradi.

Ijobiy xulosa bo‘yicha xabarnoma olgan chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yig‘imni to‘laydi.

Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Chet elliklar uchun maxsus soliq rejimi taqdim etiladi

Published

on


Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi belgilandi. 

Hukumat qarori (270-son, 21.05.2026 y.) bilan «Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza taqdim etadi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

– chet el pasportining nusxasi ;

– O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar).

Soliq qo‘mitasi Maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasining arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha xulosasi yuzasidan 1 ish kunida chet el fuqarosiga xabarnoma yuboradi.

 Ijobiy xulosa bo‘yicha xabarnoma olgan chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yig‘imni to‘laydi.

Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar 46 trln so‘mdan oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar hajmi 46,8 trln so‘mni tashkil qildi.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga oshgan. Tahlillarga ko‘ra, bank, kredit, to‘lov va boshqa moliyaviy xizmatlarga talab yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda.

Hududlar kesimida eng katta hajm Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda uch oy davomida 27,5 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Shu tariqa, respublikadagi umumiy moliyaviy xizmatlarning katta qismi aynan Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Statistikaga ko‘ra, Toshkent shahridan keyingi o‘rinlarni Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyati egallagan. Farg‘ona viloyatida moliyaviy xizmatlar hajmi 2,4 trln so‘mni tashkil etgan. Andijon va Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 2 trln so‘mdan qayd etildi.

Samarqand viloyatida 1,8 trln so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 1,6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Buxoro va Xorazm viloyatlarida 1,4 trln so‘mdan, Surxondaryo va Namanganda 1,3 trln so‘mdan xizmatlar amalga oshirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Navoiy viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,1 trln so‘m atrofida shakllangan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilib, hududda 694,6 mlrd so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

PREMIER – Qurbon Hayiti munosabati bilan sovitkich narxlari pasaytirildi

Published

on


Maishiy texnika ishlab chiqaruvchisi PREMIER brendi Qurbon Hayiti arafasida iste’molchilar uchun qulay imkoniyat yaratdi. 2026-yil 22-maydan 24-may kunigacha bo‘lgan uch kunlik aksiya doirasida yettita sovitkich modeli maxsus narxlarda 1 899 000 so‘mdan boshlab xaridorlarga taqdim etiladi.

Aksiyada ishtirok etuvchi modellar qatoriga PRM-211TFDF/DI, PRM-211TFDF/I, PRM-211TFDF/W, PRM-222TFDF/DI, PRM-222TFDF/I, PRM-222TFDF/W va PRM-261TFDF/W kiradi. Narx modelning rang variantiga bog‘liq holda farqlanadi.

PREMIER brendi O‘zbekiston bozorida zamonaviy texnologiyalari bilan tanilgan. Kompaniyaning sovitkichlari yuqori sovutish samaradorligi, keng ichki hajm va uzoq muddatli ishonchlilik bilan ajralib turadi. PREMIER Electronics bugun 20 turdagi mahsulotni 400 dan ortiq modelda ishlab chiqarmoqda:

– Smart televizorlar;

– Energiya tejamkor muzlatkichlar;

– Invertor konditsionerlar;

– Zamonaviy kir yuvish mashinalari va boshqa maishiy texnikalar.

Qurbon Hayiti arafasi an’anaviy ravishda maishiy texnikaga bo‘lgan talabning oshishi bilan kuzatiladi. PREMIER aksiyasi aynan shu davrda xaridorlarga haqiqiy tejash imkoniyatini taqdim etmoqda.

Aksiya muddati cheklangan — faqat 22, 23 va 24-may kunlari amal qiladi. Shoshiling hoziroq buyurtma bering. Xarid qilish uchun Respublika maishiy do‘konlaridan so‘rang!

Murojaat uchun: 📞 71 200-41-00

Premier.uz



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.