Mahalliy
“Oshkora qotillik qissasi” (esse)
Aytishlaricha, o‘sha kuni havo har doimgidan dim, issiqroq va go‘yoki, yoz kuni emas, kech kuzni eslatib yuboradigan timqora bulutlari hansirab, ana yog‘aman, mana yog‘aman deb turgan ajabtovur kun bo‘lgan emish. Bu vahshiyona fojeani oldingi hafta payshanba shomida eshitganmidim yoki undan oldingi hafta juma xuftonidami hozir eslolmayman. Aslida, gap qachon eshitganimda ham emas, qotillikning ikki kun davomida qotil tomonidan jar solinib, butun mahalla xabardor holda sodir etilishidir. Men kabi, uyida biqinib shu kungi ob-havodan ham xabari bo‘lmagan “uy alvastisi”dan esa bu haqda surishtirib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Qotillik qo‘shni mahallada emas, yon qo‘shnimnikida ro‘y bergan taqdirda ham dunyo bexabar o‘tiravergan bo‘lar edim. Xo‘p, qotillik qo‘shni uyda ro‘y berib, g‘ala-g‘ovur, chinqiriq va o‘kiriklar shundoqqina peshonamda sodir bo‘lganidachi!? Qanday chora ko‘rgan bo‘lar edim? Hech qanday! Asabiylashganimcha, “Boshlandi, ko‘chib qutulamiz shekilli bu bedavolardan!? Aroqxo‘r, bir kun xotinini bo‘g‘izlab qo‘yishi tayin!” — derdim. Ammo, yuqorida aytganimdek ushbu qotillik odatiy holatlardan tamom boshqacha, ta’bir joiz bo‘lsa, Markeschasiga “oshkora qotillik” tarzida sodir etilgan va o‘sha mash’um qissa ko‘r-ko‘rona takrorlangan.
Xullas, Santyago Nasarning prototipi bo‘lmish 30 yoshlar atrofidagi juvon chavaqlangan tunda butun mahallani qon va murda hidi tutib ketgan. Aniqlanishicha, ayolning bo‘g‘ziga pichoq tortilganida u hech narsadan xabari yo‘q holda yotog‘ida uxlab yotgan bo‘lgan. Sho‘rlikning so‘yilayotgan tovuqdek tipirchilab g‘iyqillashga ham ulgurolmay qolgani bizga ma’lum holda, erining ishni bamaylixotir davom ettirishi; ayoli tanasi bo‘ylab ayovsiz pichoq sanchishi, tanani ilma teshik qilib ishini tugatgach, ko‘chaga chiqib qonli pichog‘ini yuqori ko‘tarib, “Odamlar ko‘rib qo‘yinglar, men dunyoni bitta yengiltakdan tozaladim!” — deb quturgan ayiqdek o‘kirishi, ayni, tanish ssenariy takrorini eslatadi. Uni aroq ichgani uchun nima qilayotganini anglab yetmagan desak, xuddi shu qotillik kuni qotil hushyor bo‘lgan. Qolaversa qotillik haqida ham o‘zi xabar bergan. Sud jarayonida “Qilgan ishingizdan pushaymonmisiz?” — degan savolga “Esiz, u manjalaqini go‘shtini maydalab daydi itlarga tashlashga ulgurolmadimda!” — deb afsus chekkan….
Bizning qotilimiz, guyoki singlisi Anxela Vikario nomusi, balki o‘zlarining sha’ni uchun Kolumbiyaning bir chekka qishlog‘i bo‘ylab qotilligini oshkora aytib, hammaga bildirib ketayotgan aka-uka egizaklar Pablo hamda Pedro Vikariolardan qay jihati bilan farqli deb o‘ylaysiz? Ishonavering, biror farqli tomoni topilmaydi. Ikki qotillik ham shu qadar o‘xshashki, necha zamonlar o‘tib hayot atalmish yozuvchi yana Markesning “Oshkora qotillik qissasi”ni qaytadan, boshqa makon va zamonda yozgandek. Qotillikdan keyin tergov-surishtiruv ishlari olib borilganida, deyarli butun mahalla ahli bu xunrezlikning sodir etilishidan xabardor bo‘lgan. Albatta, sezib turganingizdek Santyago Nasar kabi birgina qotillik qurbonigina bexabar bo‘lgan.
Surishtirib borilsa, qotillik ibtidosining ilk makoni shahar tupkanining tubida joylashgan allaqanday “shisha zavodi”ga borib taqaladi. Bilishimizcha, butun mahallaning ishsiz ayolu erkak, xotin qizlari og‘ir mehnat, turfa xil orttirilgan kasalliklar, albatta, past oylik maosh bilan “qora xalq” orasida dovrug‘ qozongan zavodda ertalabdan qara kechgacha mehnat qilishga majbur bo‘lishgan. Shu jumladan, qurbonlikka so‘yilgan qo‘ydek bo‘g‘izlangan qurbonimiz ham. Keling, bu safar doimgi uslubimga teskari bo‘lsada, qahramonlarimizni shartli ravishda ismlarning bosh harflari bilan ataymiz. (Odatda asarlarimda qahramonlar ismsiz bo‘lishadi. Ayol, qiz, erkak, bobo, buvi degandek) Qurbonimizni L desak, aroqxo‘r erini K deb atay qolamiz. Xullas, K bilan L oila qurishganiga 15 yildan oshgan, ikki nafar farzandlari bo‘lgan. Avvaliga K ning shaxsiy tijorat ishi va mo‘maygina daromadi bo‘lgan. Keyinchalik ishlari chappasidan ketib, qarzga botgan. Shu bo‘lganu erkak ichkilikka ruju qo‘ygan va turmush o‘rtog‘i L amal-taqal kun ko‘rishlari uchun shisha zavodida ishlay boshlagan. Qo‘shnilarining guvohlik berishicha, garchi eri jig‘ildoniga deyarli har kuni “shayton suvi”dan to‘ldirib olib, cho‘chqadek bo‘kib kelsada, urush-janjallarsiz yashashgan. Na, L ning diydiyosi va na K ning almoyi-aljoyi haqoratlariyu, ayovsiz kaltak zarblari, baqir-chaqirlarini eshitishmagan. Marhuma bilan zavodga birgalikda qatnagan 4-5 nari uyda yashovchi ayol ham “Juda xushchaqchaq va sabrli ayol edi” — deb xotirlagan. Har kuni tongda mahallaga keladigan zavod avtobusi ayol-erkak ishchilarni olib ketib, kechga tashlab ketgan. Qisqa qilib aytganda, umr tinchgina o‘tib, qora qozon qaynab turgan. Ammo, peshona yozig‘idan arqon eshib, qotillik sodir etilgan mash’um kundan ikki kun oldinga sirtmoq solib otadigan bo‘lsak, ayni mahalla guzaridagi choyxona ostonasiga borib tushadi. Bu vaqtda K va bekorchi oshnalari choyxonada otamlashib o‘tiradilar. Xurmacha zahri qotilga to‘lgan sari tillar ham iblis tilida so‘ylay boshlaydi. K xuddi shu manzilda allaqachon butun mahalla quloqlari eshitib, tillarda g‘iybatga aylanib ulgurgan, bigiz barmoqlarga nishon bo‘lgan L haqidagi “haqiqat” bilan yuzlashadi. Oshnalari K ga ayoli suyuqoyoq ekani, zavodda jazman orttirganiyu, bu sharmandagarchilikdan butun mahalla voqifligi haqida sha’ma qilishadi. K me’yordan ortiq aroq ichgani uchun shu tunda choyxonada qolib ketadi.
Voqiylik ayni nuqtasiga yetganida beixtiyor Gabriel Garsiya Markesning “Oshkora qotillik qissasi” asarini ilk marta mutolaa qilgan chog‘im yodimga tushdi. Xotiram pand bermasa deyolmayman, esini yegan xotiralarsiz ham eslab ko‘rishga harakat qilaman. Bitiruvchi sinf edik. Adabiyot, kitoblar desa bor ishimni yig‘ishtirib, sho‘ng‘ib ketadigan ashaddiy muxlis edim. Adabiyot darsligimizda qissadan parcha, adib va asar haqida batafsil ma’lumot berilgandi. Asarni o‘qib shu qadar hayrat va o‘zgacha hislar qurshovida qolgandimki, “shunday yozsa ham bo‘larkanda, Markes deganlari boshqacha yozuvchi ekanmi!” — deb yuborgan edim va adibning ijodiga mehrim tushib, ashaddiy muxlisasiga aylangandim. Ayniqsa, toki qissa yakuniga qadar “Kimdir borib Santiyagoni qotillikdan ogohlantirsachi, nega hamma qotillikdan xabardor bo‘lsa ham churq etmayapdi?! Nega Santiyago ogohlantirish xatini ko‘rmadi yoki biror kishi topib olib uni ehtiyotkorlikka chorlamadi? Nima uchun barcha tomoshabin bo‘lib turdi? Ne sababdan oxirgi daqiqalarda ochiq eshiklar yopildi va qotillik baribir ro‘y berdi? Aka-uka Pablo va Pedro jazoga shoshilishdan oldin, Anxela rost gapirmoqdami yoki Santiyago Nasar rostdan gunohkormi degan savollarni o‘zlariga berib ko‘rmadi? Ular qotillikni shundayin oshkora tarzda, ta’bir joiz bo‘lsa, butun olamga jar solib, qo‘llarida qon yuqili qassob pichoqlarini ko‘z-ko‘z qilganlaricha, ro‘parasidan chiqqan odamga “Biz Santiyagoni o‘ldirmoqchimiz, uni ko‘rmadingizmi?!” — deb davom ettirdilarki, bu harakatlari bilan kimdir o‘zlarini to‘xtatib qolishlari yoki Santiyagoni ogohlantirib qo‘yishlarini istadilar. Bo‘lajak qurboni yashrinib, yo bo‘lmasa biror uzoq joylarga qochib ketib rejasini chippakka chiqarishini chin dildan tiladilar. Men ham guyoki ularni izma-iz kuzatib yurar, ammo, ming afsuski Santiyagoni qutqarishi mumkin bo‘lgan odamlar orasida bo‘lolmasdim. Igna ustida o‘tirgandek tipirchilar, nuqul ichimda “Kimdir ogohlantirsachi? Biror jon borib aytsin, toki u jonini saqlab qolishga ulgursin!” — deb ich-etimni yeb bitirgan edim. Ammo, ming afsus-nadomatlar bo‘lsinki, qotillik oldi olinishi mumkin bo‘lgan olomon guvohligida, ochiqdan-ochiq ijro etildi. Aka-uka qotillar o‘zlarini gunohkor hisoblashmadi. Oilamiz, singlimiz or-nomusini saqlab qolish uchun aybdorni jazoladik va to‘g‘ri ish qildik deb bilishdi. Qotillik sodir etilgunga qadar og‘ziga tolqon solib o‘tirgan odamlar, xunrezlikdan keyin qotillarni quvlab ayuhannos sola boshlashdi…
Kechagi maishatparastlikdan so‘ng kallasi shishib uyg‘ongan K o‘zini choyxonada ko‘radi. Choyxonachi aytguvchi — xotini va katta o‘g‘li kechasi kelib olib ketmoqchi bo‘lgani, borishni istamay oyoq tirab turib olganini ming tirishib ham eslay olmadi. Ammo, oshnalari, ko‘chadagi jamiki odamlar, manavi choyxonachidan tortib, choyxona eshigida yotgan anavi daydi itgacha sim-sim ustidan masxaralab kulayotgani, “Erkak bo‘lmay, bu kuningdan o‘lib ketganing afzalroq edi, so‘tak!” — deb kuydirilgan kalladek tirjayib turishgani na ko‘z oldidan yo‘qoldi, na xayollarini iskanjasidan bo‘shatdi. K qo‘lidagi qotillik qurolini ko‘z-ko‘z qilganicha butun guzar hamda mahalla bo‘ylab kezinadi va ko‘ringan odamga ayolini so‘ymoqchi ekani haqida jar soladi. Xullas, xuddi qotil egizak Vikariolar kabi qotillikdan ogoh etmagan biror odam qolmaydi. Shu tariqa kun bo‘yi allaqayerlarda sandiroqlab, yarim tunda uyiga qaytadi. Bu paytda bolalari o‘z xonalarida, xotini L yotog‘ida hech narsadan bexabar dong qotib uxlab yotishardi. Ayoli erining shum niyatidan shunchalar bexabar bo‘lganki, oshxonada usti yopig‘liq issiq ovqat va choy tayyor qilib qo‘ygan. O‘zi esa Santiyago Nasar singari, bosh uzra hujum qilayotgan qushlarni tush ko‘rib yotganmikin?! Yoki, ishxonasida shallaqilikda dovrug‘ qozongan ayolning “Fohisha, nimalar qilib yurganingni hech kim sezmaydi deb o‘ylaysanmi?” — deb chinqirganiyu, sochidan changallab butun mahalla bo‘ylab, yalong‘och holda sazoyi qilib chiqayotganini tushida ko‘rib, yuz muskullari, qo‘l-oyoqlari uchib-uchib, chala uyqu holatida bo‘lganmikin? Bilmadim, birovnii xayollarini o‘qiy olish, tushlariga mo‘ralab ishtirok etish imkoni bo‘lsaki tayin fikr bildira olsam. Fikr bildirganimdachi, barcha falokatlar ortiga qaytib, olam munavvar bo‘lib ketarmidi? Bolalar onasining qonga botgan tanasini ko‘rib, bir umrga yetadigan chiqur ruhiy zarba olmasmidi? Bir tunda onasidan judo bo‘lib, endilikda qotilga aylangan otasi 20 yilga qamalib chorasiz yetimlarga aylanib qolmasmidi? Bilolmadim, agar men L ning qo‘shnisi yoki yaqin dugonasi bo‘lsamu, K ning qotillik rejasidan xabardor bo‘lsam, hechqursa qo‘ng‘iroq qilib, “L ehtiyot bo‘l, bolalaringni olda iloji boricha uzoqroqqa qoch! Eringni hovuri bosilguncha qonga to‘lgan ko‘ziga ko‘rinmay tur!” — degan bo‘larmidim? Yoki, “Aroqxo‘r, bo‘kib olgach nimalar deb aljiramaydi!” — derdimu, qo‘l siltab qo‘ya qolarmidim? Sizchi, balki L bilan birga ishlagandirsiz? Yo, shunchaki mahalladoshdirsiz? Nega jimsiz? Nima uchun ogoh etib qo‘ymadingiz? Gunohkorning jazosi shu dedingizmi? “Menga nima, bu ularning oilaviy, shaxsiy ishi, qolaversa, butun mahalla eshitgan, birortasi aytib ogohlantirib qo‘yar” — deb o‘yladingizmi? Albatta, sizni ayblashdan yiroqman. Chunki, men ham huddi shunday o‘ylagan bo‘lar edim. Qolaversa, bundayin “Oshkora qotillik qissalari”ni bir Markes yoki biz ko‘rgan emasmiz. U hamon tomoshagohda jimgina uzluksiz davom etmoqda…!
Aytishlaricha, marhumani sud tibbiy ekspertizaga olib ketishganidan so‘ng, qarindoshlari qotillik ro‘y bergan yotoqxonani tozalab olishibdi. Qonga botgan yotoqni yuvib tozalash uchun hovliga chiqarishibdi. Tunda shunchalar kuchli jala quyibdiki, ertalabgacha tinmabdi. Yotoqdan selgigan qon jilg‘alarga bo‘linib, mahalla ko‘chasiga oqibdi va har bitta hovliga kirib, butun mahalla sathini alvon rangga bo‘yash uchun yetib ortgan emish…
Mastura Abduraimova
Mahalliy
Tepadan sochilgan pul, havoga sovurilgan qadr
Tasavvur qiling, Nyu-Yorkning mashhur restoranlaridan birida taniqli xonanda kuylamoqda. Davraga chiqqan bir boyvachcha esa uning boshidan yuz dollarlik kupyuralarni xazonrezgidek sochyapti… Yoki Seuldagi hashamatli to‘yxonada kelin-kuyovning ustidan millionlab vonlar chirpirak qilib havoga uchirilyapti, odamlar esa yerda emaklab pul teryapti…
Ochig‘i, bu manzarani yozyapmanu, ko‘z oldimga umuman keltira olmayapman. Tasavvur qilishning ham iloji yo‘q! Chunki rivojlangan davlatlarda bunday holatni ko‘rgan odam sog‘lom fikrli insonni emas, balki jinnixonadan qochgan kimsani ko‘rgandek angrayib qolishi aniq.
Axir qanday tasavvur qilish mumkin? Kundalik hayotimizda o‘sha yashil dollarning yuziga kichkinagina bir nuqta tegsa yoki biroz chizilsa, banklar «eskirgan pul» deb narxini tushirib, bizdan sotib olishga ikkilanib tursayu, to‘yxonada uni oyoq osti qilib sovurish mumkinmi?
Afsuski, o‘zganing puliga, xorij valyutasiga kelganda ularni shu qadar qadrlaymizki, o‘z milliy valyutamiz, ya’ni so‘mimizning oyoq osti bo‘lishiga negadir o‘rganib qolganmiz. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, to‘yda xonandaning boshidan pul sochilayotgani aks etgan navbatdagi video ham buning achchiq isboti bo‘ldi.
Aslida pulning tepadan yerga sochilishing o‘zi uni qadrsiz ekanidan dalolat. Osmondan uchib tushayotgan pul davlat ramzi emas, shunchaki yengiltaklik va maqtanish qurboniga aylangan qog‘oz parchasidek tasavvur uyg‘otadi.
Xorijda vaziyat qanday?
Bu muammo faqat bizga xos emas, biroq rivojlangan va tizimli davlatlarda milliy valyutaga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha. U yerlarda pul — davlatning suvereniteti, inson mehnatining oliy ramzi sifatida qonun va yuksak madaniyat bilan himoyalanadi.
Misr
Yaqin Sharq, xususan Misr to‘ylarida ham pul sochish holatlari uchrab turadi. Biroq so‘nggi paytlarda tarmoqlarda mashhur san’atkorlarning ustidan pul sochilgan videolar tarqalishi ortidan Misr Soliq boshqarmasi (Egyptian Tax Authority) rasmiy surishtiruvlarni yo‘lga qo‘ydi. Bunday «shou» qilgan shaxslarning daromad manbasi va o‘sha pulni yig‘ib olgan xonandalarning yil yakunidagi deklaratsiyasi qattiq tekshiriladi. Pul sochish, yashirin iqtisodiyot va soliqdan bo‘yin tovlash omili sifatida davlat darajasida nazoratga olingan.
Amerika
Dunyodagi eng ommabop valyuta bo‘lgan dollar ham AQShda qattiq huquqiy himoyaga ega. AQSh Jinoyat kodeksining 18-tituli, 333-moddasiga ko‘ra, milliy banknotalarni qasddan yaroqsiz holga keltirish, shikastlash yoki yirtish qonunbuzarlik hisoblanadi. Buning uchun yirik miqdorda jarima yoki (6 oy)gacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosi belgilangan. To‘ylarda pul sochib, uni oyoq osti qilish banknotalarning shikastlanishiga olib kelishi sababli, Amerika jamiyatida bunday xatti-harakatlar Federal qonunni buzish va moliyaviy tizimni haqorat qilish deb baholanadi.
Yaponiya
Yaponiyada milliy valyuta iyenaga munosabat insonning o‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan hurmati belgisidir. Bu yerda pul hech qachon g‘ijimlanmaydi, yerga otilmaydi. To‘y va marosimlarda san’atkorga yoki xizmatchilarga pul berilmoqchi bo‘lsa, u hech qachon ochiq uzatilmaydi. Pulni nafis, an’anaviy shugibukuro konvertlariga solib, ikki qo‘llab, ta’zim bilan topshirishadi. Bu ham pulning qadrini, ham qarshisidagi insonning mehnatini ulug‘lashdir.
Qadriyatlar qanday buziladi?
To‘ylarda pul sochilganda, davra o‘rtasiga birinchi bo‘lib yosh bolalar yugurib chiqadi. Ularning bir-birini itarib, yerda emaklab pul terayotgan manzarasini kuzatish juda achinarli. Biroz chuqurroq mushohada qilsak, bu jarayon go‘daklar ongida salbiy iz qoldiradi. Pulga sig‘inish va ochko‘zlik ana shunday paydo bo‘ladi. Bola go‘dakligidanoq pul uchun yerga egilish, tiz cho‘kish, pul uchun talashish oddiy hol ekan, degan xulosaga keladi. Pul uning ko‘ziga mehnat bilan topiladigan vosita emas, balki davralarda oyoq ostidan terib olinadigan, talashiladigan qandaydir buyumdek bo‘lib ko‘rinadi.
Ular pul topgan odamning peshona terini, mehnatini, mashaqqatini ko‘rmaydi, balki pulni havoga sovurayotgan boyvachchani va uning ortidan yerda dumalab yurganlarni ko‘radi. Kattalar o‘zlari sezmagan holda yosh avlodga pul uchun har qanday holatga tushish mumkinligini ana shunday namoyish qilib berishadi.
Yerga tushgan pul mikrobning koni…
Endi masalaning eng oddiy va sanitariya jihatiga e’tibor qarataylik. To‘yxona sahnida odamlar raqsga tushadi. Ko‘chadan chang, loy va turli iflosliklar tekkan yuzlab tuflilar bosgan o‘sha sahnaga milliy valyutamiz uchib tushadi. Yer bilan bitta bo‘lgan, ustidan kimdir bosib o‘tgan pul shunchaki qog‘oz emas, balki eng xavfli infeksiyalar o‘chog‘iga aylanadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, qog‘oz pullar yuzasida shundoq ham millionlab bakteriyalar yashaydi. Endi ularni to‘yxonaning chang poliga tashlab, so‘ng yerdan terib olish sanitariya qoidalariga mutlaqo ziddir. O‘sha iflos pullarni bolalar yerdan oladi, cho‘ntagiga soladi, keyin esa to‘y dasturxonidagi shirinliklarga yuvilmagan qo‘lini uzatadi.
Havoga uchgan pullar…
Yana o‘sha manzaraga qaytamiz: to‘yxona chiroqlari ostida raqqosa sho‘x kuylarga xirom aylamoqda. Uning atrofida esa ko‘k, qizil, yashil rangli qog‘oz pullar chirpirak bo‘lib havoga uchib, chang va tufli izlari tushgan yerga tushmoqda. Davradagilar qarsak chalib, maza qilmoqda…
Endi shu suratning ortiga yashiringan ikkinchi, asl manzarani ko‘raylik. Davrada xazonrezgidek sochilayotgan o‘sha yashil va ko‘k pullarni ishlab topish uchun to‘y egalari begona yurtlarda, qahraton sovuqda tong saharlab ko‘cha supurgan, qurilishlarda og‘ir mehnat qilgan. Oilasini boqish, to‘y qilish ilinjiga o‘zga yurtlarda kimlargadir bosh egib, past kelib, tish-tirnog‘i bilan topgan mablag‘i ortida bir insonning orttirgan kasalligi, yaqinlari sog‘inchi va ko‘z yoshlari yotibdi. Qanday qilib o‘z vatandoshingning, balki o‘z ota yoki aka-ukaning sog‘lig‘i, or-nomusi evaziga kirib kelgan mablag‘ni bir necha daqiqalik soxta obro‘ uchun raqqosaning, xonandaning oyoq ostiga sovurish mumkin? Bu nafaqat milliy valyutaga, balki o‘sha mashaqqatli mehnatga va inson qadriga bo‘lgan eng oliy darajadagi hurmatsizlikdir.
Achchiq e’tirof
Ha, men AQSh dollari yoki Koreya voniining to‘ylarda sochilishini tasavvur qila olmayman. Lekin, afsuski, o‘zbek so‘mining osmondan chirpirak bo‘lib yerga tushishini, oyoq ostida sochilishini juda oson «hazm» qila olaman. Chunki bolaligimdan, yoshligimdan to‘ylarimizda aynan mana shu manzarani ko‘rib ulg‘aydim.
Eng achinarlisi, biz o‘z pulimizga, demakki, o‘z peshona terimiz bilan qilgan mehnatimizga mana shunday munosabatda bo‘lishga ko‘nikib bo‘lganmiz. Bu ko‘nikmani, bu qon-qonimizga singib ketgan madaniyatsizlikni bugun o‘zgartirmasak, ertaga farzandlarimiz ham milliy ramzimizni oyoq ostida ko‘rib ulg‘ayaveradi… O‘z milliy valyutasini, o‘z vatandoshining mashaqqatli mehnatini qadrlamagan millat, o‘zgalar ko‘zida ham hech qachon qadr topmaydi.
Milliy bayrog‘imiz va gerbimizni tahqirlaganlik uchun qonunda javobgarlik belgilangan. Demak, milliy so‘mimizni oyoq osti qilish odati qonun bilan taqiqlanmas va jazo muqarrar bo‘lmas ekan, bu xunuk holat davom etaveradi.
Barno Sultonova
Mahalliy
Yosh ixtirochi qizga Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirildi
30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan bayram tadbiri doirasida Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi tomonidan bir qator innovatsion loyihalar O‘zbekiston Prezidentiga taqdim etildi.
Taqdimot davomida iqtidorli yoshlar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, muhandislik loyihalari va ilmiy tashabbuslari bilan ishtirok etdi.
Jumladan, Ibrohimov No‘monjon «Kelajak muhandislari» xalqaro festivalining natijalari hamda mamlakatimizda muhandislik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ismoilov Biloliddin 2024–2025 yillarda FPV dronlar poygasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempioni sifatida «Shunqor-8» va «X1» antidron tizimlarini yaratish hamda takomillashtirish ishlaridagi ishtiroki haqida taqdimot qildi.
Kurmayeva Diyora oliy ta’lim muassasalarida «Fudomika va metabolomika» ta’lim yo‘nalishi hamda maxsus laboratoriyani tajriba tariqasida tashkil etish bo‘yicha taklifini ilgari surdi.
Asanova Ayzada — «Kelajak muhandislari» xalqaro festivalining «Yangi avlod avtomobillari» yo‘nalishi g‘olibasi bo‘lib, Belgiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlov yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Asanova Ayzada Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili bilan taqdirlandi.
Mahalliy
Jahon banki O‘zbekiston boshlang‘ich ta’limini imtiyozli moliyalashtiradi
Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan 100 million dollarlik imtiyozli moliyalashtirishni ma’qulladi.
«BILIM» («Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini o‘zgartirish») dasturi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.
Dasturning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi. Shundan 273 million dollar O‘zbekiston hukumati, 100 million dollar Jahon banki va 5 million dollar Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) granti hisobiga moliyalashtiriladi.
2030-yilgacha dastur doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi mutaxassislarining malakasi oshiriladi. Shuningdek, yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi 1–4-sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchining o‘qish, matematika va ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ular uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Mahalliy
Birov bildi, birov bilmadi…
U bir oz kechikib tug‘ilgan bola edi. Shu bois chaqaloqning inga-ingasi er-xotin o‘rtasida soviy boshlagan munosabatlarni yana asl holiga keltirdi…
Chaqaloqqa Orzimurod deb ism qo‘yishdi. Topgan-tutganlarini dasturxonga to‘kib, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonga aqiqa oshi tortmoqchi bo‘lishgandi, kimdir: «Hay-hay, aslo unday qilmang, bola ko‘zikib ketadi», dedi. Aqiqa marosimi juda kamtarin o‘tdi, birov bildi, birov bilmadi.
Orzimurodning sunnat to‘yi ham choqqina o‘tdi. Otasining yelkasiga omad qushi qo‘nib, balandroq lavozimga o‘tirgan payt edi-da, bir-ikkita hamkasbi: «To‘yni katta qivormang, nozik joyda ishlayapsiz», deb shipshib qo‘yishdi.
Orzimurod uylanganida, o‘zi farzand ko‘rganida ham shunday bo‘ldi. Farzandlari ulg‘aygach, orttirgan uch-to‘rt so‘miga hovli qurmoqchi bo‘lgandi, «Hay birodar, sal o‘ylab ish qiling. Otangiz falon joyda, o‘zingiz pismadon joydasiz, «dom»ingiz bo‘lsa bor, hovlini nima qilasiz, gap-so‘z bo‘lishi mumkin», deb bu niyatidan qaytarishdi.
Gap-so‘z bo‘lishidan qo‘rqib, hovli qurmadi, mashina sotib olmadi, umrida biror marta bo‘lsin bola-chaqasi bilan kurortga borib dam olmadi. Ellik, oltmishga kirganini birov bildi, birov bilmadi.
Nabirasi uylanayotganida yoshlar «To‘yni falon restoranda qilamiz, falon-pismadon san’atkorlarni taklif qilamiz, qancha deyishsa, beramiz», deb oyoq tirab qolishdi. Maslahatchilarning fikri esa butunlay boshqacha bo‘ldi: «Dabdabaning nima keragi bor, el og‘izga tushgan to‘yning xosiyati bo‘lmaydi».
To‘y mahalla choyxonasida, mahalla havaskorlari ishtirokida o‘tdi. Birovga ma’qul keldi, boshqa birov burnini jiyirdi: «O‘l, xasis, puling bo‘lsa bor, to‘y deganni varanglatib qilmaysanmi…»
Orzimurod ota pensiyaga chiqayotganida hamkasblari maromiga yetkazib maqtashdi. Kamtar, kamsuqumligi, o‘zini o‘t-cho‘qqa urmasligi, betga chopmasligi, kim nima desa «xo‘p» deyishini takror-takror aytib, qo‘liga bir dasta gul tutqazishdi.
Otaxon gulni ko‘tarib uyiga keldi. Bekorchilik, kun sanashga o‘tdi. Umrida birinchi marta kasal bo‘ldi. Uzoq vaqt yotib qoldi. Birov bildi, birov bilmadi.
O‘tgan yili bahorda Orzimurod otaning qazosi yetdi. Mahalladoshlaridan biri: «Ta’ziya marosimida bir-ikki kishi gapirsin», deganday gap qilgandi, masjid imomi unga yovqarash qildi. Marhum «Menga hech narsa kerakmas», deganday qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, shahar chekkasidagi qabristonning bir chetidan qazilgan qabrga beozorgina kirib ketdi.
Xotira marosimlari choqqina o‘tdi. Birov bildi, birov bilmadi…
(«Siz yozmagan kitob»dan)
Mahalliy
O‘zbekistonning 24 universiteti xalqaro reytingga kirdi
Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan «Global Sustainable Development Congress-2026» doirasida «Times Higher Education» xalqaro reyting agentligi «THE Sustainability Impact Ratings-2026» natijalarini e’lon qildi. Reyting oliy ta’lim muassasalarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasini baholaydi.
Bu yilgi reytingga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim tashkiloti kiritildi. Ulardan 24 tasi dunyoning eng yaxshi 1000 ta universiteti qatoridan joy oldi.
101–200 o‘rinlar:
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
201–300 o‘rinlar:
O‘zbekiston Milliy universiteti;
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti.
301–400 o‘rinlar:
Buxoro davlat universiteti;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti;
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti.
401–600 o‘rinlar:
Farg‘ona davlat texnika universiteti;
O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti;
Toshkent davlat texnika universiteti;
Toshkent davlat yuridik universiteti;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
Termiz davlat universiteti;
Toshkentdagi «Vestminster» xalqaro universiteti.
601–800 o‘rinlar:
International School of Finance Technology and Science;
Navoiy davlat universiteti;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
Samarqand davlat universiteti;
Toshkent davlat tibbiyot universiteti;
Toshkent davlat transport universiteti;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
801–1000 o‘rinlar:
Farg‘ona davlat universiteti;
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi;
Toshkent farmatsevtika instituti.
O‘zbekiston universitetlari Barqaror rivojlanish maqsadlarining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham yuqori o‘rinlarni egalladi. Xususan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti «Gender tengligi» yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat texnika universiteti «Arzon va toza energiya» yo‘nalishida 5-o‘rin, Farg‘ona politexnika instituti esa shu yo‘nalishda 6-o‘rinni qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti «Gender tengligi» bo‘yicha 20-o‘rin, Termiz davlat universiteti 36-o‘rin, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 48-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti «Sog‘liq va farovonlik» yo‘nalishida 81-o‘rin, Samarqand davlat tibbiyot universiteti esa 82-o‘rindan joy oldi.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport5 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
-
Iqtisodiyot1 day agoO‘zbekistonda benzin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Sabab nima?
