Iqtisodiyot
TEPSCO O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi
Yaponiyaning Tokyo Electric Power Services Co. (TEPSCO) kompaniyasi O‘zbekistonda energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shirkat vakillari ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.
«O‘zbekistonda so‘nggi 15 yilda ko‘plab loyihalarni amalga oshirdik. Jumladan, 2015-2022-yillarda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishida munosib darajada konsalting xizmati ko‘rsatdik. Navoiy issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihada ham ishtirok etdik. Kompaniyamiz texnik-iqtisodiy asoslash, loyihalashdan tortib qurilish va xizmat ko‘rsatishga qadar bo‘lgan xizmatlarni qamraydi. O‘zbekiston bilan hamkorlik ijobiy natija bermoqda. Biz ushbu hamkorlikni izchish davom ettirish niyatidamiz», — dedi TEPSCO kompaniyasining xalqaro loyihalar bo‘limi bosh menejeri Shinsaku Yoshimizu.
Ma’lumot o‘rnida: Navoiy IESda bunyod etilayotgan navbatdagi 3-sonli bug‘-gaz qurilmasining o‘rnatilgan quvvati 650 MVtni tashkil etadi. Moliyalashtirish manbai JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) mablag‘lari bo‘lib, loyihaning shartnoma qiymati 128,2 mlrd iyenani tashkil etadi.
Yapon shirkati, shuningdek, energetika sektori salohiyatini oshirish yo‘nalishida Toshkent, Navoiy va To‘raqo‘rg‘on IESlarida kadrlar tayyorlash va ekspluatatsiya ishlarini optimallashtirish loyihasida ham qatnashmoqda. Loyiha texnik xizmat va samarali boshqaruvni ta’minlash uchun inson resurslarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. 36,6 mlrd iyenalik kredit shartnomasi 2021-yil 14-apreldan 2027-yil 14-iyunga qadar amalga tatbiq etiladi.
«Ushbu loyiha bo‘yicha TEPSCO o‘zbekistonlik mutaxassislarni Yaponiyada o‘qitmoqda. Biz ish faoliyatimizda yagona oyna tamoyiliga asoslangan kompleks yondashuv orqali yuqori xizmat ko‘rsatishga intilamiz», — dedi kompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar ofisi bosh menejeri Hiro Hasegava.
TEPSCO dunyoning 20 ga yaqin davlatida, jumladan, Ozarbayjon, Vetnam, Misr, Malayziya, Bangladesh, Indoneziya, Uganda, Mozambik, Myanma va Tayvanda ofis hamda sho‘’balarga ega.
Elektr energetikasi sohasida yetakchilardan biri deb tan olingan kompaniya JICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi donorlar ko‘magida butun dunyoda, xususan, Osiyo, Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropada energetika bo‘yicha loyihalarni amalga tatbiq etmoqda.
Ma’lumki, 2015-yilning sentyabr oyida BMT sammitida 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlangan edi. TEPSCO o‘z faoliyati mobaynida mazkur maqsadlar ro‘yobiga hissa qo‘shishni ham ko‘zda tutadi.
Kompaniya faqat issiqlik elektr stansiyalari bilan cheklanib qolmay, gidroenergetika, elektr tarmoqlari, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli yechimlar bo‘yicha ham faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning ko‘plab loyihalari ODA (Official Development Assistance) — Yaponiya hukumatining rasmiy yordami hisobidan amalga oshiriladi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 20-dekabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida Yaponiyaning zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni to‘liq bartaraf etishga erishish borasidagi tajribasini e’tirof etib, Yaponiya tomoni bilan «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘yicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish loyihalarini birgalikda ishlab chiqishni taklif etgandi.
Ikki davlat o‘rtasida shakllantirilgan qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelida ham ko‘plab sohalar qatori energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratilgandi.
Iqtisodiyot
Qaysi xizmat turlari eng tez o‘smoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 533,1 trln so‘mni tashkil etdi.
O‘sish sur’atlari eng yuqori xizmatlar — moliya, aloqa va axborotlashtirish hamda ta’lim sohalari.
Xizmatlar turlari bo‘yicha o‘sish sur’atlari quyidagicha:
moliyaviy xizmatlar — 124,9 foiz;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 122,2 foiz;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 121,0 foiz;
ijara xizmatlari — 117,6 foiz;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 117,5 foiz;
me’morchilik va muhandislik sohasidagi xizmatlar — 115,3 foiz;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 114,7 foiz;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 114,1 foiz;
savdo xizmatlari — 114,0 foiz;
transport xizmatlari — 113,3 foiz;
kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 113,0 foiz;
shaxsiy xizmatlar — 111,6 foiz;
boshqa xizmatlar — 115,8 foiz.
Iqtisodiyot
XVJ O‘zbekistondagi valuta kursining “suzuvchi” rejimini tan oldi
Valuta kursi shakllanishida Markaziy bank aralashuvining minimallashishi – iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshiradi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning de-fakto valuta kursini “sekin o‘zgaruvchi” (crawl-like) rejimdan “suzuvchi” (floating) rejimga qayta tasnifladi.
Bu haqda XVJ missiyasining O‘zbekistonga 2026 yilgi tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobotida ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, 2025 yil aprelidan boshlab valuta kursi moslashuvchanligi oshganidan kelib chiqib, O‘zbekistonning de-fakto valuta kursi 2025 yil 8 maydan e’tiboran “suzuvchi” rejimda deya e’tirof etilgan.
Xalqaro tashkilotga ko‘ra, iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshirish, xalqaro zaxiralarni asrash, valuta risklarini sug‘urtalash (hedjirlash)ni rag‘batlantirish hamda inflyatsion targetlash rejimi samaradorligini ta’minlash maqsadida valuta kursining “suzuvchi” rejimini saqlab qolish tavsiya etiladi.
Shu maqsadda XVJning Pul-kredit va kapital bozorlari departamenti tomonidan valuta bozori faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha berilgan texnik ko‘mak tavsiyalarini amalga oshirish, jumladan, ixtiyoriy intervensiyalar ulushini kamaytirish uchun xavflarga asoslangan, aniq belgilab qo‘yilgan valuta intervensiyasi strategiyasini joriy etish tavsiya etilgan.
Ta’kidlanishicha, valuta bozori likvidligini chuqurlashtirish likvidlikni yanada samarali boshqarish imkonini beradi hamda sterilizatsiya xarajatlarini kamaytiradi.
Iqtisodiyot
Tabiiy suv havzalari auksionga chiqariladi, davlat xarajatlarga sherik bo‘ladi
Mamlakatimiz baliqchilik tarmog‘ini tizimli rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida tub islohotlar bosqichi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu boradagi huquqiy va iqtisodiy o‘zgarishlarning bosh omili bo‘ldi. Markaziy hujjatga muvofiq, 2026–2027-yillar mamlakatda baliqchilik sohasini rivojlantirishning ustuvor davri etib belgilandi.
Yangi strategiyaning bosh maqsadi aholini sifatli va arzon oqsil mahsuloti bilan ta’minlash hamda eksportni oshirishdir. Farmon bilan mamlakatda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga, yuqori qiymatli sovuq suv baliqchiligini (forel, osyotr va boshqalar) esa 20 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha qat’iy vazifa qo‘yildi.
Bu marralarga erishish uchun sohaga mutlaqo yangi boshqaruv tizimi kirib kelmoqda. Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchi maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Bu esa loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va byurokratiyasiz moliyalashtirish imkonini beradi.
Sohadagi eng katta korrupsion xavflardan biri bo‘lgan suv havzalarining nohaq taqsimlanishiga chek qo‘yilmoqda. 2027-yildan boshlab barcha suv omborlari va tabiiy suv havzalari faqat va faqat ochiq elektron auksionlar orqali ijaraga beriladi. Bu har bir intiluvchan tadbirkor uchun teng imkoniyat, sog‘lom raqobat va xavfsiz investitsiya muhitini kafolatlaydi.
Yangi davrda davlat baliqchilarni shunchaki kuzatib turmaydi, balki ularning xarajatlariga sherik bo‘ladi. Endilikda tadbirkorlarga quyidagi yo‘nalishlar uchun subsidiyalar va kompensatsiyalar ajratilishi belgilandi:
Suv havzalariga o‘rnatiladigan quyosh panellari;
Aeratorlar va intensiv baliq yetishtirish uchun yopiq suv aylanish tizimlari;
Xorijdan keltiriladigan nasliy ona baliqlar importi;
Omuxta yem ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar.
Ushbu chora-tadbirlar baliq yetishtirish tannarxini kamida 25-30 foizga kamaytirish va yil davomida uzluksiz mahsulot olish imkonini beradi.
Baliqchilik endi shunchaki havzaga chovoq tashlash emas, bu yuqori texnologik ilm. Shu bois, soha vakillari uchun qisqa muddatli professional o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Eng e’tiborlisi, jarayonga xorijiy yetakchi mutaxassislarni jalb etish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Ushbu keng ko‘lamli islohotlar zanjiri baliqchilikni an’anaviy usullardan voz kechib, zamonaviy, raqobatbardosh va yuqori daromadli sanoatga aylantirishga qaratilgan. Natijada bozorda mahsulot ko‘payadi, narxlar barqarorlashadi va eng muhimi minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Investitsiya kiritish va sohada o‘z o‘rnini topishni istagan tadbirkorlar uchun ayni muddao, fursatni boy bermaslik kerak.
Iqtisodiyot
Neft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
O‘zbekistonda neft mahsulotlari zaxirasi 2-3 oy uchun yetarli. Bu haqda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yig‘ilishdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Foto: Videodan kadr / O‘zbekiston 24
«Hozirgi geosiyosiy vaziyatda boshqa davlatlarda energetika xavfsizligiga ham tahdid qilinganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun neft mahsulotlarining faqatgina zaxirasini yaratish emas, bu mahsulotlarni ishlab chiqarish obektlarini rivojlantirish juda muhim», dedi u.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2 mln tonnadan oshgan. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar yana 600−700 ming tonna mahsulot import qilmoqda. «Shu hisobdan neft mahsulotlariga bo‘lgan barcha ehtiyojimiz qoplanadi», dedi u.
Madaminovning aytishicha, yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va yoqilg‘i zaxiralarini tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
«Kuz-qishga alohida reja qilib olganmiz. Yetarlicha zaxiralar yaratilgan va hozirgi ichki ishlab chiqarishimiz bor, shularni hisobga oladigan bo‘lsak, 100 ming tonnadan oshiq mahsulot o‘zimizda ishlab chiqariladi. Ya’ni ishontirib aytamanki, kelasi 2-3 oy uchun bizning zaxiramiz yetarli», dedi u.
Uning ta’kidlashicha, butun tizim tashkilotlari, hududlar va boshqa tarmoq vakillari bilan birgalikda kuz-qish betalofat o‘tkaziladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Gruziyadagi eng yirik chuqur dengiz portini barpo etish loyihasida ishtirok etishi mumkin
3-4 iyul kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Gruziyadagi Anakliya, Poti va Batumi portlari, shuningdek Poti erkin sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning eksport-import operatsiyalarini Gruziya yo‘nalishi orqali kengaytirish hamda transport-logistika imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Anakliya portida O‘zbekistonning Gruziyadagi eng yirik chuqur dengiz portini barpo etish loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, loyiha yakunlangach, port barcha turdagi kemalarni qabul qila oladi va xalqaro transport yo‘laklarining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. U, jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston transport yo‘nalishi uchun ham strategik ahamiyat kasb etadi.
Poti portida O‘zbekiston eksport-import yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini joylashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Batumi portiga tashrif chog‘ida ham Qora dengiz orqali yuk tashuvlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida konsorsium tashkil etish hamda tegishli hamkorlik bitimlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Dunyodan5 days ago
Serbiyada majburiy harbiy xizmat tiklanadi
