Jamiyat
Internetdan boshlangan xiyonat yoxud tiriklar orasida «o‘lgan» ayol qismati
Navoiy shahridagi yaqin qarindoshimizdan xabar olish uchun yo‘lga otlandim. Avtobusda. Yonimdagi o‘rindiqda, chamasi, 40-45 yoshlardagi ayol. Shu payt qo‘l telefonimga «sms» xabar keldi. «Obbo, yana internet orqali aldangan, oilasiga xiyonat qilayotgan ayollar…»- dedim beixtiyor ovoz chiqarib.
Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimidan kelgan ma’lumotnomani tahrirlashga tushganimda, yonimdagi ayol uni mazmunan aytib berishimni so‘radi. Aytib berdim. Ayol mahzun tortdi. Chuqur xo‘rsindi.
— Men erimning qotiliman!-qo‘qqis so‘zladi ayol.
«Yalt» etib qaradim. Ammo, u aftidan «o‘tirib-chiqqan»larga o‘xshamasdi.
— Men uchun qiziq. Agar lozim topsangiz, gapirib bering!-dedim men ham qiziqishim ortib.
Ayol o‘z hikoyasini dam vajohat, dam uzoq-uzoq sukut bilan so‘zlardi.
«Ikki o‘g‘limiz bor. Yigirma yillarcha avval erim chetga chiqib ketgan. U davlat xizmatida uzoq yillar ishladi. Hujjat, majlis, javobgarlik… Doim jamiyat uchun yugurardi. Lekin, men va farzandlari uchun vaqt ajratmas va hatto, deyarli, e’tibor ham qaratmas edi. Bolalarining sog‘inchiyu, mening ilhaq kutishlarimni juda kech angladi. Juda kech payqab yetdi.
O‘shanda men ham yosh, e’tiborga muhtoj edim. Mehrga muhtojlikmi, men internet orqali boshqa bir erkakka bog‘lanib qoldim. Erimga xiyonatim oshkor bo‘lgan kun erim o‘zini butunlay yo‘qotdi. Chunki, sevib turmush qurganmiz. Hatto, quda-andachilik rishtalari yanayam bog‘lanib, ukam uning singlisiga uylangan. Men esa bilib-turib… Men xiyonatga, erim oriyatga botdi. Qishloqdoshlarning gap-so‘zlari, odamlar nigohidagi achchiq hukm, o‘zining yuragidagi ayblov uni qurshab oldi. Chet elga chiqib ketdi. Yigirma yildan ortiq vaqt. Bu vaqt orasida men bilan, aqalli, bir marta ham gaplashmadi. Chunki, men uning uchun «o‘lgan» ekanimni tan olib bo‘lgandim. Bolalarini singlisi orqali so‘rab-surishtirardi.
Rossiyada uni hech kim kutmagandi. Tanish-bilishi ham, yoru-birodari ham yo‘q edi. O‘z xiyonatimdan o‘zim pushaymonda qolgandim, erimga qattiq achinardim. Qish-qirovli kunlarda qurilish maydonlarida qo‘lida temir, yelkasida yuklar bilan tushgan suratlarini ham uning singlisi orqali ko‘rardim. Yig‘lardim. Sovuq suyak-suyagigacha o‘tganini, barmoqlari qotib, kechqurunlari og‘riqdan uxlay olmasligini his qilardim.
Keyin Xitoyga ketdi. U yerda ham ishi yanada og‘ir edi. Zavod, tungi smena, sal ehtiyot bo‘lmasa, qo‘lni kesadigan temir, quloqni qomatga keltiradigan shovqin. Kun bilan tunning uning uchun farqi qolmagandi.
Yillar o‘tdi. Yigirma yil. Bu orada ikki o‘g‘limni ham uylantirdim. Erim esa tanasi bilan tirik edi, xolos. Men bilardim, u bir umr «Nega, nima uchun?!»-degan savol bilan o‘zini qiynab o‘tgan. Yigirma yildan so‘ng qishloqqa qaytganini eshitdim. Garchi, o‘rtamizdagi munosabatlarga darz ketgan bo‘lsa ham uni, negadir, ko‘rishga oshiqardim. Biroq, u uzoq yillar oldin to‘siq qo‘yib bo‘lgan, hatto, ko‘rish tugul, ovozimni eshitishni ham istamas edi. O‘g‘illarim esa otasining qaytganidan xursand, otasini topishganidan mamnun edilar. Eshitishimcha, erimning sochlari oqargan, yelkalari cho‘kkan, g‘am yemirgan ekan.
Taqdirni qarangki, qishlog‘imizdagi ma’rakalardan biri bizni bir-birimizga ro‘paro‘ qildi. U shundoq yonginamdan shu qadar nafrat bilan o‘tib ketdiki, men esa shu hayotda yashab yurganim uchun pushaymonlarda qoldim. Uzoqdan bo‘lsa ham uni bir bor ko‘rish uchun qilgan har qancha harakatlarim zoye ketdi.
Eshitishimcha, u o‘sha ma’rakadayam jimgina o‘tirgan. Ko‘pchilik tanimagan, hatto, deyarli, hech kim uning shu yerdaligiga e’tibor ham bermagan. Suhbatlar qizib, kimdir kutilmaganda: «Eslaringizdami, falonchi bor edi… Xotini xiyonat qilgandi, shundan keyin chetga chiqib ketgandi…» Bu erim uchun yigirma yillik og‘riqning yana qayta tirilishi, yana qayta zarbasi bo‘lgan. U o‘sha kecha uyiga qaytgan. Rossiyada muzlagan qo‘llari, Xitoyda qonagan barmoqlari… og‘ir va jismoniy mehnatlarning hamma-hammasiga chidagan, lekin, yigirma yildan keyin ham yana qayta qonagan yara – gapga chiday olmagan. Tong saharda erimning jasadini og‘ilxonadan topishgan. «Oriyat vaqt bilan ham tuzalmaydi» deyishgani rost ekan… »
Ayol hikoyasini tugatdi, shekilli, jimib qoldi.
– Shu taqdir, demak, sizning internetdan topgan achchiq qismatingiz?-xo‘rsindim.
– Yo‘q. Bu hech nima emas. Bolalarim mening xiyonatimni yigirma yildan keyin bilishdi. Men ahmoq esa… erimga xiyonatim yetmaganday, bolalarimga: “Otangiz menga xiyonat qilgan edi, shuning uchun men u bilan ajrashganman, u meniyam, sizlarniyam tashlab ketgan”,-deb miyalariga singdirib kelganman. Erning nafrati emas, farzandlarning nafrati yomon ekan, kuydirar ekan. Og‘aynilarim-ku, o‘sha paytlardayoq, mendan yuz o‘girishgan, shunchaki, qarindoshlik uchun goh-gohda hol so‘rashmasa, biror marotaba daraklab ham kelishmagan. Bugun esa ship-shiydonman. Ikki o‘g‘lim ham ostonasiga yaqinlashtirishmaydi. Gohida kichik o‘g‘lim akasidan yashirincha hol-ahvol so‘rashini aytmasa, u ham xabarlashmaydi. Bu gunohlarim badali. Men-ku, shuncha yillar qiynaldim. Azob chekdim. Jabrini ham tortdim. O‘sha paytning o‘zidayoq, tovba qilgandim. Boshqa unday nobakor yo‘llarda yurmagandim. Ammo, yoshlikdagi birgina xiyonatim bir umrlik xazonimga aylandi. Bugun esa ayollar men adashgan yo‘llarda har kun, har soatda adashishmoqda. Ularning ham kun kelib, mening sinovim bilan sinalishlarini eslasam, qo‘rqib ketaman. Men faqatgina rahmatli erim uchun emas, juda ko‘pchilik uchun, hatto, farzandlarim uchun ham «o‘lgan»ga aylandim…
— Qayoqqa ketayapsiz?!
— Erim, hatto, Buxoro tuprog‘ida ham jasadini qo‘ydirmasliklarini so‘rab, xat qoldirgan. Hatto, oxiratini ham men bilan bitta qabristonda bo‘lishini istamagan. Uning vasiyatiga ko‘ra, asli navoiylik bo‘lgan qaynonam tug‘ilgan qishloq qabristoniga ko‘mishgan… Hech bo‘lmasa, qabriga ziyoratga boray..,-dedi ayol hazin tovushda.
— Bormang!-dedim. Tilimdan bu so‘z chiqib ketganini o‘zim ham bilmay qoldim,- u tirigida ham istamaganmi, bir qabristonda yotishni ham xohlamaganmi, endi oxiratini tinch qo‘ying, mozorini kuydirmang!
Bu gapni nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri aytdim, bilmadim, ammo, Navoiy shahriga yetib kelgach, u ayol men bilan xayrlashdi-da, hech qayerga yo‘nalmay, Buxoroga qatnovchi boshqa bir avtobusga o‘tirdi…
Laylo Hayitova
Jamiyat
BMW urib ketgan YPX xodimi ishi: avariya tasvirlari paydo bo‘ldi
25 fevral kuni poytaxtning Nukus ko‘chasida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov o‘z boshqaruvidagi BMW M4 mashinasida YPX xodimini urib ketgandi. Hodisada olgan tan jarohatlari oqibatida kichik serjant Hosilbek Eshnazarov shifoxonada vafot etdi.
Holat yuzasidan avtotransport vositasini olib qochish va odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish ayblovlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Keyinchalik inspektor olgan og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etdi.
Shundan so‘ng Doniyor Turg‘unovga nisbatan qamoqqa olingan. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi (avtotransport vositasini olib qochish) va 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandida (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov prezident farmoniga ko‘ra, «Jasorat» medali bilan mukofotlandi va uning oilasiga Toshkent shahridan 3 xonali kvartira berildi.
Jamiyat
Original dorilarni mahalliylashtirish va insonparvarlik yordami bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Original dorilarni mahalliylashtirish va insonparvarlik yordami bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.
Yurtimizda farmatsevtika sohasini tubdan o‘zgartiruvchi va aholimizni sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlashga qaratilgan muhim Prezident Farmoni qabul qilindi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar oddiy fuqarolar hayotida qanday aks etadi?
Eng muhim yangiliklar:
Original dorilar arzonlashadi: Xorijning original dorilari patent muddati tugashi bilan o‘zimizda ishlab chiqariladi. Buning uchun tadbirkorlarga davlat tomonidan 100 ming dollargacha subsidiya ajratiladi. Natijada, dorixonalarimizda sifatli va hamyonbop mahalliy mahsulotlar ko‘payadi.
Dorilarni yo‘q qilish o‘rniga — muhtojlarga xayriya: Shu paytgacha tadbirkorlar yaroqlilik muddati tugab borayotgan dorilarni bepul tarqatishdan ko‘ra, yo‘q qilishni afzal ko‘rardi (chunki xayriya qilinsa, soliq to‘lanardi). Endilikda yaroqliligiga 6 oy qolgan dorilarni tibbiyot muassasalariga bepul bergan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi.
Maktabdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetning 2-kursiga: Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab o‘quvchilari uchun 5 yillik maxsus STEM dasturi joriy etiladi. Chet tili va tabiiy fanlarni a’lo baholarga yopgan bitiruvchilar Farmatsevtika texnik universitetining 2-kursiga imtihonsiz qabul qilinadi.
Farmonning qabul qilinishi ichki bozorni xavfsiz va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlash orqali millat salomatligini asrashda muhim qadam bo‘ladi. Bundan tashqari, sohada yangi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va yosh iqtidorlarni tayyorlash tizimi butunlay yangi bosqichga olib chiqiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar 8-mart bayramida necha kun dam oladi?
Bu yil 8-mart yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.
Shunga ko‘ra, haftada 5 kun ishlaydiganlar 3 kun dam oladi:
7 mart, shanba – dam olish kuni;
8 mart, yakshanba – dam olish kuni;
9 mart, dushanba – bayramdan ko‘chirilgan qo‘shimcha dam olish kuni.
Haftada 6 kun ishlaydiganlar esa 2 kun dam oladi:
8 mart, yakshanba – bayram kuni, dam olish kuni;
9 mart, dushanba – bayramdan ko‘chirilgan qo‘shimcha dam olish kuni.
Jamiyat
Namanganda ayol jazmani bilan birgalikda yollanma qotil orqali erini o‘ldirmoqchi bo‘ldi
Olingan tezkor ma’lumot asosida tadbir o‘tkazilib, jabrlanuvchining o‘ldirilgani sahnalashtirilgan. Shartli yollanma qotil holatni tasvirga olib, buyurtmachilarga ko‘rsatgan. Erining o‘lganiga ishongan ayol va uning jazmani shartli yollanma qotilga kelishilgan 6 ming dollardan 5,5 mingini berayotganda qo‘lga olingan.
Davlatobod tumanida qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatning oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4 mart kuni Davlatobod tumanida yashovchi ayol turmush o‘rtog‘ini notanish shaxs orqali 6 ming dollar evaziga o‘ldirishni rejalashtirayotgani haqida tezkor ma’lumot olingan. U buning uchun o‘zining jazmani bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.
DXX, viloyat IIB hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Buyurtmachilar Telegram orqali shartli qotil bilan suhbatlashgan. Ayol turmush o‘rtog‘i Cobalt mashinasida yolg‘iz yurishini, uni “Andijon–Namangan” yo‘lidagi ovloq joyda o‘ldirib, mashinasini yoqib yuborish kerakligini, buning evaziga 6 ming dollar berishini aytgan.
Darhol jabrlanuvchining o‘ldirilgani aks etgan qotillik jinoyati sahnalashtirilgan.
Shartli qotil ushbu holatni tasvirga olib, buyurtmachi ayol va uning jazmaniga ko‘rsatgan. Buyurtmachilar kelishilgan puldan 5,5 ming dollarni shartli qotilga berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda yollanma qotil orqali tanishini o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingandi.
Jamiyat
Jurnalistlar uyushmasiga yangi rahbar tayinlandi
Shuhrat Oripov Xolmurod Salimovning o‘rnini egalladi.
Shuhrat Oripov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Bu qaror Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvining yig‘ilishida qabul qilindi.
U ayni vaqtda Biznesni rivojlantirish banki matbuot kotibi lavozimida ishlab kelmoqda.
Shuhrat Oripov mehnat faoliyatini 1999 yilda jurnalist sifatida boshlagan va bir qancha gazetalarda faoliyat yuritgan.
Keyinchalik davlat va jamoat tashkilotlarida, shuningdek, O‘zLiDep tizimida axborot siyosati va matbuot xizmati yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan.
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Iqtisodiyot5 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Dunyodan1 day ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days agoAQSh Eronga zarbalarni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatadi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev pedofillarga umrbod qamoq jazosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
-
Iqtisodiyot19 hours agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Siyosat5 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
