Jamiyat
Sankt-Peterburgdagi bayramga iqtidorli o‘quvchilar qolib, amaldorlarning farzandlari bordi
Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan yuborilgan maktab o‘quvchilari ro‘yxati jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Sayohatga borganlar orasida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani, shuningdek boshqa mas’ullarning farzandlari ham borligi aytilyapti – MMTB buni rad etmadi.
Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tkaziladigan “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) bayrami odatda Rossiyaning o‘zidagi maktab bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan tadbir sifatida tanilgan. Biroq 2025 yilda bu bayram doirasida O‘zbekistondan ham, xususan Samarqand viloyatidan maktab o‘quvchilarini taklif qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.
Rossiya tomoni yo‘llagan rasmiy taklif xatiga ko‘ra, Samarqand viloyatidan 9-11-sinf o‘quvchilaridan iborat delegatsiya 2025 yil 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bayramda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu taklifni viloyat va shahar hokimliklariga yetkazar ekan, ishtirokchilar ro‘yxatini shakllantirishda muhim tavsiyani ham alohida belgilab o‘tgan: ta’limda yuqori natija ko‘rsatib kelayotgan, milliy va xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib yoki faol ishtirok etgan o‘quvchilarga ustuvorlik berish lozim.
Shundan keyin Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bu safar masalasida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat yo‘llab, Rossiya tomoni taklif etgan kvota doirasida 14 nafar yuqori sinf o‘quvchisi va 1 nafar mas’ul xodim ro‘yxatini shakllantirish uchun rozilik so‘ragan. Hujjatlarda vazirlik roziligi olingan taqdirda, ishtirokchilar ro‘yxati viloyat hokimligiga taqdim etilishi belgilangan.
Telegram’dagi Samarqand_LIVE kanalinng yozishicha, ishtirokchilar ro‘yxatida Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamovning 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2011 yilda tug‘ilgan jiyani ham bo‘lgan. Shuningdek, boshqarmaning ayrim bo‘limlari rahbarlari va mas’ul xodimlarining farzandlari ham mazkur safarda ishtirok etgani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, bu o‘quvchilarning birortasi xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etmagan, hatto ayrimlari tuman yoki shahar bosqichida ham qatnashmagan.
“Dastlabki surishtiruvimizga ko‘ra, hatto ayrim o‘quvchilarning davomati past bo‘lib, maktabda yaxshi o‘qimaydigan tanish-bilish va qarindosh bolalar yuborilgan”, – deb yozadi Samarqand_LIVE.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, dastlab mazkur tadbir uchun 14 nafar iqtidorli o‘quvchi va 1 nafar mas’uldan iborat delegatsiya shakllantirilgan. Ammo ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasportlari o‘z vaqtida tayyor bo‘lmagani va ayrimlarining ota-onalari safarga ruxsat bermagani sababli ro‘yxat o‘zgartirilgan.
Natijada “8 nafar a’lochi o‘quvchi va 2 nafar mas’uldan iborat jamoa” shakllantirilgan hamda Sankt-Peterburgdagi tadbirda viloyatdan jami 10 nafar ishtirokchi qatnashgan. Shuningdek, guruhga rus tilini mukammal biluvchi malakali mutaxassis sifatida Gulmira Salimova mas’ul etib tayinlangan.
Boshqarmaning rasmiy axborotida o‘quvchilar orasida boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani ham bo‘lganiga munosabat bildirilmagan. 8 nafar o‘quvchining ro‘yxati va ular aynan qaysi olimpiadada qanaqa o‘rin olgani kabi ma’lumotlar ham berilmagan.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: agar xalqaro bayramga borish uchun asosiy mezon iqtidor, yuqori ta’lim natijalari va olimpiada yutuqlari bo‘lsa, nega aynan shu imkoniyat boshqarma rahbariyati va ayrim mas’ul xodimlarning farzandlariga nasib etdi? Nega rasmiy hujjatlarda belgilangan talablar amalda boshqacha ishladi?
Va eng muhimi – nega aynan ma’muriyatga aloqasi bo‘lgan odamlarning farzandlari bu tarzda “siylandi”?
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
