Jamiyat
«Juda ko‘p bola evakuatsiya qilindi» – Aviator’dan reportaj
Yong‘in asosan 2-qavatda, bolalar o‘yingohida yuz bergan. Odamlar sarosimada tartibsiz harakat qilishgan, ko‘pchilik tashqariga otilgan, ota-onalar esa farzandlarini qutqarish uchun o‘zini ichkariga urgan. Kun.uz voqea joyidan tayyorlagan reportajda FVV vakili qutqaruv amaliyoti tafsilotlarini aytib berdi.
31 yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumani Parkent ko‘chasida joylashgan Aviator savdo-ko‘ngilochar markazida yirik yong‘in sodir bo‘ldi.
Yong‘in umumiy ovqatlanish shoxobchalari va bolalar maydonchasi joylashgan ikkinchi qavatda chiqib, atrofga tarqalgan. Olov taxminan 800 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.
Dam olish kuni bo‘lgani sababli bu yerga ko‘plab oilalar yosh farzandlari bilan kelgandi.
Yong‘in o‘chirilganidan keyin bolalar o‘yingohida 3 yoshli bolaning jasadi topildi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Zuhriddin Qurbonov jurnalistlarga hodisa tafsilotlari haqida aytib berdi. Qayd etilishicha, ichkaridan juda ko‘p yosh bolalar olib chiqilgan.
Hodisa haqida xabar berilganda qutqaruv texnikalari zudlik bilan voqea joyiga jo‘nab ketgan. Dastlabki qutqaruv texnikalari yetib kelganda vaziyat tartibsiz holatda bo‘lgan.
«Ayrim fuqarolar ichkariga kirayotgan, ayrimlar tashqariga chiqayotgan, tartibsizlik yuzaga kelayotgandi. Shunday sharoitda qutqaruvchilar qutqaruv va evakuatsiya ishlariga kirishdi.
Pastki qavatdagi fuqarolar yuqoriga chiqib olgandi, lekin yuqori qavatdagi vaziyat xavfli edi, u yerdagi yosh bolalar o‘yingohida bolalar juda ko‘p edi – ikkinchi qavatda 120 dan ortiq fuqarolar bor edi.
Birinchi navbatda, xodimlarning barchasi shu fuqarolarni evakuatsiya qilishga jalb etildi. Farzandlari ichkarida qolib ketgani sababli ayrim ota-onalar ichkariga kirishga urinardi. Tartibsizlik yuzaga kelgandi.
Ichki ishlar vazirligidan yordam chaqirildi va qutqaruvchilar deyarli barcha fuqarolarni va ichkarida qolib ketgan bolakaylarni qutqarib olib chiqishga erishdi. Afsuski, yong‘in o‘chirib bo‘linganidan so‘ng, ichkarida 2023 yilda tug‘ilgan bir bolakayning jasadi topildi. U ham shu bolalar o‘yingohida bo‘lgan», – deydi u.
Hozirda ichki ishlar vazirligi va prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruvlar, xususan, yong‘in nimadan kelib chiqqani bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
«Aynan qaysi nuqtada [yong‘in chiqqani] aniq emas, lekin kelib chiqish sababi tom qismida bo‘lgan – yong‘in ikkinchi qavatning tom qismida boshlangan. U yer avvaliga tutun bilan qoplangan va fuqarolar u yerdan tashqariga chiqishgan. Ayrim fuqarolar sarosimaga tushib qolgan, shunday vaziyatda ota-onalar o‘z farzandini olib chiqish uchun ichkariga qarab harakat qilgan. Lekin qutqaruvchilarimiz ichkariga kirib, barcha bolalarni olib chiqish uchun evakuatsiya ishlarini boshlagan.
Har bir qutqaruvchining vazifasi insonlarni qutqarish, evakuatsiya qilishdir. O‘sha vaziyatda birinchi navbatda evakuatsiya ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, qutqaruvchilar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan… Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan kadrlarda qutqaruvchilarning o‘zi ham yonib ketishi mumkin bo‘lgani haqida aytilgan. Qutqaruvchilarda professional qutqaruv kiyimlari bo‘lgani sababli, ularga hech qanday zarar yetmagan. Qutqaruvchilarning jangovar kiyimlariga zarar yetgan, lekin hech qanday jiddiy zarar va jarohatlar bo‘lmagan. Qutqaruvchilar o‘z vazifasini bajargan», – dedi Qurbonov.
Qo‘shimcha qilinishicha, binoda yong‘inga qarshi xavfsizlikning barcha tizimlari o‘rnatilgan bo‘lgan. Yashnobod tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan profilaktik ko‘riklar o‘tkazilgan, profilaktik tavsiyalar, ya’ni yong‘inning oldini olishga qaratilgan ishlar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan.
Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqt videokuzatuv moslamalari tekshirilmoqda, yong‘in aynan nimadan chiqqani bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat12 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
