Jamiyat
Hech narsani bilmasligini bilgan buyuk donishmandning ayanchli qismati
Hisoblab ko‘rsak, uning sudi bo‘lib o‘tganiga yigirma to‘rt asrdan oshibdi. Shunday bo‘lsa-da, hali-hanuz ahli bashariyatning esidan chiqqani yo‘q. Chunki u jahon tarixidagi eng adolatsiz sudlardan biri edi hamda yetmish yoshli faylasufga adolatsiz o‘lim jazosi berilgandi. Bu qattollikning qurboni keyinchalik nomi jamiki avlodlar va xalqlar uchun donishmandlik ramziga aylangan daho Suqrot edi.
Suqrot miloddan avvalgi 470–469-yillarda afinalik haykaltarosh Sofriniks va doya Fenaretta oilasida tug‘ilgan. Patrokl degan inisi, Ksantippa ismli xotini, uch nafar o‘g‘li bo‘lgan.
Ayrim manbalarda yozilishicha, Suqrot faqirona hayot kechirgan. Qachon qaramang, eski libos kiyib, oyoq yalang yurgan. Ko‘p vaqtini ko‘cha-ko‘yda, maydon-xiyobonlarda odamlar bilan gurunglashib o‘tkazgan. Har qanday kishini chuqur o‘ylantirib qo‘yadigan jumboqli savollari bilan suhbatdoshlarini hayratga solgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Suqrot olibsotarlik orqali kun kechirib, uchta harbiy yurishda qatnashgan. Ba’zi adabiyotlarda Afinada aholi soni kamayib ketishining oldini olish niyatida erkaklarga o‘z jufti halolidan boshqa ayoldan ham farzand ko‘rishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingach, u ikkinchi bor uylangani eslatilgan.
Ajablanarlisi, Suqrot umrida biron narsa yozmagan, barcha fikr-g‘oyalarini og‘zaki bayon etgan. Uning falsafiy ta’limotiga oid ma’lumotlarni zamondoshlari va shogirdlaridan Ksenofont, Aflotun, keyinroq Arastu qog‘ozga tushirgan.
Qandayligidan qat’i nazar, Suqrot ko‘hna Yunoniston hamda dunyo pedagogikasi, falsafasi va mantiq fani rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Birinchi navbatda, yoshlar tarbiyasini sharafli vazifa deb bildi. Bu borada o‘ziga xos nazariya yaratib, tarbiyadan ko‘zlangan maqsad insonni bilimli va yuksak axloqli qilib kamol toptirishdan iboratdir, degan fikrni ilgari surdi. Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonidagi har qanday aqidaparastlikni keskin qoraladi. Pedagogikada majburlash va zo‘ravonlikdan voz kechish, bilim berishning yagona vositasi ishontirish bo‘lishi lozimligini uqtirdi.
Ikkinchidan, Suqrot borliqning vujudga kelishi va rivojlanishi haqidagi falsafiy ta’limot hamda voqelikni bilish va unga asoslangan tafakkur uslubi – dialektika so‘zini ilk bor amaliyotda qo‘lladi. Uni bir-biriga zid, qarama-qarshi fikrlar to‘qnashuvi orqali haqiqatni kashf etish san’ati sifatida baholadi.
Uchinchidan, miloddan oldingi V asrning ikkinchi va IV asrning birinchi yarmida Yunonistonda donolik va chiroyli so‘zlashish bo‘yicha saboq beruvchi faylasuf-muallimlar, lo‘ndaroq qilib aytganda, sofistlar paydo bo‘lishgan. Ular muayyan haq evaziga odamlarga munozara olib borish, muxolifi mulohazalaridagi zaif tomonlarni topib, zarba berish, o‘z bema’ni fikrlarini boshqalarga o‘tkazib, g‘olib chiqish yo‘llarini o‘rgatishgan. Bunda o‘zlari joriy etgan, mantiq qonunlarini atayin buzib, yolg‘on dalillarga tayangan holda hiylakorona muhokama yuritishga asoslangan falsafiy oqim – sofistikadan foydalanishgan. Raqibni esankiratib qo‘yadigan mantiqiy sofizm hamda an’anaviy fikr yoki tajribaga zid favqulodda mulohaza yoki g‘alati muhokamalarni o‘ylab topishgan.
Yunonistonda falsafaning asosiy e’tibori dunyo muammolaridan odamzod va uning ma’naviy olami muammolariga yo‘naltirilgach, sofistlar «Inson hamma narsaning mezonidir!» degan aqidaga ruju qo‘yishdi. Ular yaratgan sofizm esa rostni yolg‘on, yolg‘onni rost deb tushuntirish va mantiqqa xilof xulosa chiqarishga xizmat qildi. Yanada aniqrog‘i, sodda kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi, ularning qalbida haqiqat va adolatga shubha uyg‘otuvchi makkorlik quroli vazifasini o‘tadi.
Shu bois miloddan avvalgi IV asrda yashagan Arastu sofizmni «sun’iy isbot», uning targ‘ibotchilarini «soxta donolik o‘qituvchilari» deb atagandi. Suqrot esa, haqiqatni bahsli suhbat orqali aniqlash mumkin, degan fikrni ilgari surdi.
U tarixda birinchi bo‘lib insonni falsafiy anglash masalasini o‘rtaga qo‘ydi. Ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlarining mavzusi sifatida axloqiy muammolarni tanladi. Asosiy e’tiborni inson ongi va tafakkurini tahlil qilishga qaratdi. Suqrot ta’limotiga ko‘ra, falsafaning asl mohiyati o‘zlikni anglashdan iborat bo‘lib, bu chinakam ezgulikka yetishish yo‘lidir. Ezgulik esa bilim yoki donishmandlik alomatidir.
Suqrotning suhbatlashish va bahslashish san’ati bo‘yicha ish tutishi, ya’ni borliq to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot hamda voqelikni bilish va unga asoslangan tafakkur uslubi, o‘zi yaratgan induktiv ta’limotdan, ya’ni to‘g‘ri tafakkur yuritishning asosiy qonunlari va shakllari haqidagi mantiq faniga taalluqli usuldan mohirona foydalanishi boshqalarda katta qiziqish uyg‘otgan.
«Men hech narsani bilmasligimni bilaman!» degan so‘zlar Suqrotning hayotiy shiori bo‘lgan. Shu bois u mudom aqlli insonlarni izladi. Dastlab davlat arboblari bilan do‘stlashishga intildi. Biroq elaro mashhur amaldorlardan biri bilan suhbatlashayotib, uning manmanligidan hafsalasi pir bo‘ldi. «Men-ku, hech narsa bilmasligimni bilardim, u esa shuniyam bilmas ekan!» deya afsuslandi. Keyin o‘sha kezlarda zamonasining eng zukko kishilari sanalgan shoirlar davrasiga oshiqdi. Lekin ularning timsolida ham haqiqiy donolarni ko‘rmadi, bil’aks, barchasi tug‘ma iqtidorli folbinlar singari va nima deyayotganini o‘zlari ham durust tushunmagan holda ijod qilishining shohidi bo‘ldi.
Suqrot ko‘p vaqtini bahs-munozaralar bilan o‘tkazar va hamisha g‘olib chiqardi. Mag‘lub bo‘lganlar alamiga chidolmay, uni haqoratlashar, mazaxlashar va kaltaklashardi. Do‘stlari nega ularga qarshi chora ko‘rmasligini so‘rashsa, Suqrot «Meni eshaklar tepyapti, ularni sudga berolmayman-ku!» derdi. Ustiga-ustak, u davlat boshqaruvining adolatni buzadigan barcha shakllarini keskin tanqid qilardi.
Suqrotning bilimdonligi va shakkokliklari juda qimmatga tushadi. Uning ta’limotidagi tanqidiy ruh o‘zlarini oqilu dono hisoblovchilarga yoqmadi. Bu, ayniqsa, Afina hukmron doiralarini qattiq xavotirga soldi. Masala jiddiylashgach, xalq orasida mavqei tobora oshib borayotgan, odamlar ko‘zini ochayotgan faylasufga hukumatning o‘zi qarshi chiqadi. Uni demokratiyaga dushmanlikda, yoshlarni yo‘ldan urish, fuqarolik me’yorlarini buzish hamda shahar ahli azaldan sig‘inib kelgan xudolarni mensimay, yangi ma’budalar yaratishda ayblab, sudga berdi.
Sudda ajabtovur usul qo‘llanildi. Kosiblar nomidan Anit, notiqlar nomidan Likon, shoirlar nomidan Melet da’vogar sifatida so‘zga chiqib, hamkasblarini uzluksiz masxaralab kelgani uchun aybdorga nisbatan oliy jazo tayinlashni so‘rashdi. Suqrot esa o‘zini himoya qilish o‘rniga g‘animlari va hakamlarni battar g‘azablantiruvchi gaplarni aytdi. «Tag‘in meni o‘limga mahkum etib, Xudo sizlarga bergan ehsondan ayrilib qolmanglar», deya ularning jig‘iga tegdi. Shu bois mahkamada qatnashgan 501 nafar sudyadan 281 nafari uni aybdor deb topish yuzasidan ovoz berdi.
Sudyalar jazoni belgilayotganida Suqrot yana sarkashlik yo‘lini tutdi. U agar aybi isbotlansa, arzimagan miqdorda jarima puli – 25 drahma to‘lashga rozi ekanligini bildirdi. So‘ngra «Aslida bu ishlarim uchun meni jazolashlaring emas, davlat kengashida tekin tushlik berishlaring kerak… Chamamda, Tangri kaminani uzzukun shahar kezib, sizlarni uyg‘otish uchun yuborgan. Menga o‘xshaganlarni osonlikcha topolmaysizlar. Gapimga ishonsangiz, hayotimni saqlab qolarsiz, aksincha bo‘lsa, so‘na chaqib, jahli qo‘zigan odamlar kabi urib o‘ldirarsiz. U holda Xudo mening o‘rnimga boshqa birovni yo‘llaguncha umringiz g‘aflatda o‘tadi», deydi.
Bu qochirimli gaplar qasoskorlar qahrini junbishga keltirdi. Keyingi safar qarshi ovoz berganlar soni 361 nafarga yetdi. Suqrot esa otdan tushsa-da, egardan tushmasdi.
– Nachora! – dedi u sud nihoyasida so‘nggi so‘zini aytarkan, iztehzoli ohangda. – Endi men o‘limga yuz tutaman, sizlar yashamoq uchun tarqalasizlar. Lekin qay birimiz yaxshilik sari yo‘l olishimiz yolg‘izgina Yaratganga ayon!..
Xullasi kalom, sud keksa faylasufni o‘limga loyiq ko‘rdi. Sud tugagach, do‘stlari unga hukm ijro etilgunga qadar qamoqdan qochishni taklif qilishdi. Ammo Suqrot ko‘nmadi. «Men, – deydi Suqrot sababini tushuntirib, – umrim bo‘yi qonunlarni, davlatni, vatanni hurmat qilib, shu darajaga yetishdim. Nega endi ajalga ro‘baro‘ bo‘lganda ularni tashlab qochishim kerak? Agar qonun va davlat yomon bo‘lib, meni qoniqtirmaganida, oldinroq ketishim yoki ularni o‘zgartirish uchun kurashishim kerak edi. Men bunday qilmaganman. Demak, endi qonun va davlatga so‘zsiz itoat etishim kerak!»
U lafziga sodiq qoldi. Biroq jallod tomonidan qatl etilmadi, balki hibsxonada o‘z ixtiyori ila bir kosa og‘u ichib, miloddan avvalgi 399 yili dorilbaqoga rixlat qildi.
Antik davrda o‘z jamiyatiga sig‘magan faylasufning hayoti shu zayl ayanchli yakun topdi. Afina ulusi keyinchalik xatosini anglab yetdi. Pirovardida sud hukmi asossiz ekanligi isbotlanib, tuhmatchilar jazolandi. Chunonchi, Melit o‘ldirildi, Anit va Likon shahardan quvildi. Suqrotga esa bronza haykal o‘rnatildi. Lekin hech kim «Hoy, birodarlar! Uni yollanma da’vogarlar emas, aslida ko‘pchilik ovoz bilan o‘zimiz oliy jazoga mahkum etgandik. Bu qanday bedodlik, axir?!.» degan savolni xayoliga keltirmadi.
O‘tmishda ne-ne tabarruk insonlarning boshiga yetgan, Suqrotdek buyuk daholar umriga zomin bo‘lgan bunday fojiali hodisalar takror-takror ro‘y bergan. O‘z allomalarini tirikligida xo‘rlagan, vafotidan so‘ng ko‘klarga ko‘tarib, ulug‘lagan millatlar va xalqlar juda ko‘p bo‘lgan.
A.Haydarov
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat14 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
