Jamiyat
Akmal Shukurovni ozod qilib yuborgan sudyalar qamoqqa olindi
Akmal Shukurovni ozod qilib yuborgan sudyalar qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
A. Shukurov kafe oldida bir shaxsni urib, koma tushirgan va avval 8 yilga qamalib, so‘ngra ozodlikka chiqarilgandi.
Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi, 236-moddasi 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilxomjonov, Mirziyod Abidov va Muxtarama Turgunovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, A.Shukurov juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, bezorilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etganligi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchi A.Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi bo‘lib, sudga qilgan apellyasiya shikoyati apellyasiya instansiyasining sudyalari O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish to‘g‘risidagi xulosaga kelishgan.
Biroq, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeidan foydalanib, ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishi oqibatida, sudyalar O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar uning topshirig‘i noqonuniy ekanligini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lsalarda, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilgan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari M.Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar prokuraturasining protesti asosida A.Shukurovga oid ish shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida ko‘rilib, tegishli ajrim bilan protest qanoatlantirilgan va birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, apellyasiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, A.Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olinib, unga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Jamiyat
Gaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etildi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi hamda ushbu tashkilotning sobiq xodimi mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun muqaddam 11 600 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mansabdor shaxs olgan mablag‘ining bir qismini — 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Keyinchalik qolgan 89,5 mln so‘m ham jabrlanuvchiga qaytarilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.
Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.
Jamiyat
Deputatlarga «Tashabbusli budjet» loyihalari bo‘yicha yangi imkoniyatlar berildi
«Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Bunda:
har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;
deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda «Tashabbusli budjet» jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.
2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.
Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya ta’minlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli budjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.
Qiymati BHM 2000 baravarigacha (taxminan 824 mln so‘m) bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Jamiyat
Toshkentda YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia rusumli avtomobil chorrahada katta tezlikda harakatlangani va qayrilib olayotgan Lacetti’ni urib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jabrlanuvchilar haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida Lacetti va Kia K5 rusumli avtomobillar ishtirokida ayanchli avariya ro‘y berdi.
Poytaxt YHXB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 05:10 larda Amir Temur–Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Lacetti Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan o‘ng tomondan harakatlanib kelgan Kia K5 rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia katta tezlikda harakatlanib, Lacetti’ning orqa qismini urib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Xabarda avtomobilda bo‘lganlarning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
avtomobilni olib qochish moddasi ayblovdan chiqarilgan
Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida ayblanmoqda. Jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda. 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahrida BMW mashinasida YPX inspektorini urib ketgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbalari ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda (JPK talabiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar yopiq ko‘riladi). 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Jinoyat ishi yopiq tarzda o‘tkazilayotgani uchun sud majlislari jadvalida keltirilmagan.
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilayotgani, ish sudga Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan taqdim etilgani, sudlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi saqlanib qolgani haqida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan.
Shundan so‘ng Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan va unga Jinoyat kodeksining 267-moddasi (avtotransport vositasini olib qochish) va 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilingandi.
Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov prezident farmoniga ko‘ra, «Jasorat» medali bilan mukofotlandi va uning oilasiga Toshkent shahridan 3 xonali kvartira berildi.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Sport5 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoJahon chempionati: Amerika Turkiyaga yutqazganiga qaramay “yuqori darajada”. pulsic salomatlik
