Jamiyat
Molxonaga ko‘milgan seyf, tundagi yong‘in va uch qurbon – Dang‘aradagi mudhish qotillik
Xitoydan kiyim keltirib sotuvchi Qumri Qodirovaning ismi dang‘araliklarning tiliga bir oyda ikki marta tushdi: avvaliga dang‘illama to‘y qilib, yakka-yu yagona o‘g‘li Jamshidni uylantirgani haqidagi gap el oralagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay odamlar uning yashash xonadoni yonib ketgani, uydan o‘zi va yangi kelin-kuyovning murdasi topilganini gapira boshlashdi. Ammo yong‘in baxtsiz hodisa emas, mudhish qotillikni yashirish uchun qo‘llangan chora ekanini, o‘sha tunda uyda bo‘lgan 3 kishi vahshiylarcha so‘yib tashlanganini hamma ham bilmasdi.
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida sodir etilgan mudhish jinoyat garchi oradan qariyb 10 yil o‘tganiga qaramay u haqda eshitganlarni hamon hayratdan yoqa ushlashga majbur qiladi. Negaki, ko‘pchilik tumanning Guliston ko‘chasi 38-uyda sodir bo‘lgan yong‘inni avvaliga baxtsiz hodisa deb o‘ylashgandi. Ammo olov mudhish jinoyatni yashira olmaydi: ko‘p o‘tmay bu aslida qotillik ekani oydinlashadi.
Tundagi yong‘in
Dang‘ara tumanida yashovchi Qumri Qodirova savdogarlik qilardi. Xitoy davlatidan kiyim-kechak keltirib sotish bilan shug‘ullangan ayol yakka-yu yagona farzandi Jamshidni yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirgandi. Atrofda yashovchilar uni puldor ayol sifatida tanir, savdogarligi ortidan uncha-muncha boylik orttirib qo‘ygan, deb bilishardi.
2016 yilning 29 noyabrdan 30 noyabrga o‘tar kechasi Qumri Qodirova yashab kelgan xonadonda yong‘in chiqadi. 30 noyabr kuni erta tongdan mahallaga savdogar opaning uyi yonib ketgani haqidagi gap tarqaladi. Eshitgan eshitmaganga shivirlar, kimdir gazdan desa, yana kimdir boshqa taxmin aytardi. Biroq ko‘p o‘tmay odamlar tilidagi bu taxminlar yo‘qqa chiqadi: yong‘in xavfsizligi xodimlari olovni o‘chirish jarayonida Qumri Qodirova, o‘g‘li Jamshid Qodirov hamda kelinining ko‘mirlanish darajasida termik kuygan murdalariga duch kelishgandi.
Devordagi tuynuk va yo‘qolgan seyf
Yong‘in sodir bo‘lgan xonadonni o‘rganish chog‘ida hech kim yashamaydigan qo‘shni hovli devori buzilib, odam sig‘adigan tuynuk ochilgani hamda uydan temir seyf yo‘qolgani ma’lum bo‘ladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida bu bosqinchilikdan so‘ng sodir etilgan qotillik ekaniga, xonadonga jinoyat izlarini yo‘qotish uchun o‘t qo‘yilganiga shubha qolmaydi. Ammo ushbu mudhish jinoyatni kim yoki kimlar qilgan?
Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari boshlanadi. Jinoyat Qumri Qodirovani tanigan-bilgan, uning iqtisodiy ahvolidan xabardor bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilgani aniq edi. Biroq ha deganda kalavaning uchi topilavermaydi.
Atrofdagi qishloqlarda yashovchi qamalib chiqqanlar, jinoyatga moyil shaxslar tekshiriladi, oyoqqa turgan organ xodimlari tinim bilishmaydi. Nihoyat, oradan 15 kun o‘tib mazkur qotillikda gumonlanib 3 shaxs qo‘lga olinadi. Ular 1984 yilda tug‘ilgan Akmal Saidov, 1994 yilda tug‘ilgan Abduqodir Meliqo‘ziyev hamda 1988 yilda tug‘ilgan Bahodir Qosimov edi.
Jinoiy reja
Qumri Qodirovaning uyiga bosqinchilik uyushtirish rejasi Akmal Saidovdan chiqqandi. Biroq u bu ishni yolg‘iz o‘zi qilolmasligini tushunib, Abduqodir Meliqo‘ziyevni sherik qilib oladi. Keyinchalik ularga Bahodir Qosimov ham qo‘shiladi.
Akmal Saidov ancha payt Qumri Qodirova va uning yashash uyini kuzatib yuradi hamda xonadonga kirish bo‘yicha reja tuzadi: buning uchun eng qulay yo‘l hech kim yashamaydigan qo‘shni hovli devorini teshib o‘tish edi. Akmal rejasini Abduqodirga aytadi. U esa bunga rozi bo‘ladi. Shu tariqa, ikkovi 2016 yil 29 noyabr kuni tunda qo‘shni hovli devoridan oshib o‘tishadi. Ular o‘zlari bilan bolta, chopqi va pichoq olishgandi.
Abduqodir Qumri Qodirovaning uyi bilan ajratib turgan devorni tesha boshlaydi. Akmal esa atrofni kuzatib turadi. Ammo baquvvat devorni teshish oson emasdi. Shu sababli, Abduqodir bu ishga Bahodir Qosimovni ham sherik qilib olish kerakligini aytadi va unga qo‘ng‘iroq qiladi. Pulga muhtoj bo‘lib yurgan Bahodir bunga ko‘nishini ular bilishardi.
Ko‘p o‘tmay, Bahodir Qosimov mashinasini Navbahor mavzesida joylashgan ko‘p qavatli uy oldida qoldirib, o‘zi manzilga keladi. U yo‘l-yo‘lakay dorixonadan tibbiy qo‘lqop ham sotib olgandi. Shu tariqa, uchovlon devordan tuynuk ochishga kirishadi va buning uddasidan chiqadi.
Qonli tun
Qotillar soat 2:30 lar atrofida devordan odam sig‘adigan tuynuk ochib bo‘lishadi. Keyin navbati bilan o‘sha tuynukdan Qumri Qodirovaning yashash xonadoniga o‘tib, uyga kiradi.
Avvaliga xonada temir seyfni ko‘rishadi. Uni ochmoqchi bo‘lishadi, biroq uddalay olishmaydi. So‘ngra o‘zlari bilan olib kelgan niqoblarni boshlariga kiyib, deraza orqali hovliga chiqishadi. Bu vaqtda hovli qarshisidagi xonaning chirog‘i yoniq turgandi. Jinoyatchilar ushbu xona tomonga qarab yuradi. Eshik oldiga yetganda Akmal sheriklariga qarata “Agar xonada Qumri Qodirova bo‘lsa va u bizga qarshilik qilsa, o‘ldiramiz”, deydi.
Xonaga birinchi Akmal, ketidan Bahodir va Abduqodir kiradi. Haqiqatan ham ushbu xonada Qumri Qodirova uxlab yotardi. Atrofdagi notinchlikdan uyg‘onib ketgan ayol niqobli shaxslarni ko‘rib, baqira boshlaydi. Shunda Bahodir Qosimov unga tashlanib, ustiga odyol yopgan holda ayolni bo‘g‘a boshlaydi. Abduqodir Meliqo‘ziyev esa Qumri Qodirovaning oyoqlarini ushlab turadi. Shunda Akmal Saidov qo‘lidagi chopqi va pichoq bilan ayolning peshonasiga bir necha marotaba zarb beradi. Qumri Qodirova nafas olmay qoladi. Biroq shunda ham uning o‘lganiga ishonmagan Akmal pichoqni ayolning qulog‘i ortidan tiqib, bo‘yniga qadar kesib yuboradi.
Shundan so‘ng qotillar qo‘shni xonaga kiradi. Bu xonada Qumri Qodirovaning o‘g‘li Jamshid Qodirov va uning turmush o‘rtog‘i uxlab yotardi. Yosh kelin-kuyovning nikoh to‘yi bo‘lganiga endigina bir oydan oshgandi.
Qotillar xonaga bostirib kirganida kelin-kuyov uyg‘onib ketadi. Rejaga ko‘ra, Akmal va Abduqodir Jamshidga tashlanadi va uni bo‘g‘a boshlashadi. Nima bo‘layotganini anglamay qolgan Jamshid “O‘ldirmanglar, qancha pul bo‘lsa beraman”, deya baqiradi. Ammo ko‘zlari qonga to‘lgan jinoyatchilar uning bu so‘zlarini tinglab o‘tirishmaydi: uning tirik qolishini xavfli deb bilgan Akmal Saidov Jamshidning ham bo‘ynidan pichoq tortadi.
Bu orada Bahodir Qosimov yangi kelinni bo‘g‘ib o‘tirgandi. Qotillar hushidan ketgan kelinni o‘ldi, deb o‘ylashadi va xonadan pul izlay boshlashadi. Birozdan so‘ng o‘ziga kelgan kelinning ovozi chiqadi. Akmal undan boyliklar qayerda ekanini so‘raydi. Kelin bu savolga javob berolmasdan yig‘lay boshlaydi. Shunda Akmal ayolning bo‘yin qismiga chopqi bilan zarba berib, uni ham o‘ldiradi.
Molxonaga ko‘milgan seyf
Xonadon egalari o‘ldirilgach, qotillar bamaylixotir u xonadan bu xonaga o‘tib, Qumri Qodirovaning boyligini izlay boshlaydi. Bahodir oshxonada bo‘lgan ayollar hamyonidan 15 dollar va 207 ming so‘m pul, kelin-kuyovning xonasidan esa tilla taqinchoqlar solingan qutini oladi.
Jinoyatchilar aylanib yana temir seyf oldiga borishadi. Ular har qancha harakat qilishmasin, seyfni ocha olishmaydi. “Ayolning boyliklari shu seyf ichida” degan o‘y ularni sira tinch qo‘ymasdi. Shunda jinoyatchilar xayoliga temir seyfni o‘zlari bilan olib ketish fikri keladi.
Hovlida Jamshid Qodirovning Cobalt mashinasi turardi. Bosqinchilar seyfni ko‘tarib chiqib, mashinaga yuklashadi. So‘ng jinoyat izlarini yashirish maqsadida uydagi ko‘rpa-to‘shaklar va pardalarga o‘t qo‘yib, voqea joyidan ketadi. Yo‘lda Bahodir o‘z mashinasiga o‘tadi, Abduqodir ham ikkinchi mashinaga o‘tiradi. Shu tariqa, ikki mashina tumandagi Katta Amirobod qishlog‘i boshlanishiga keladi. Abduqodir va Akmal shu yerda seyfni tushirib, kanal qirg‘og‘iga yashirib qo‘yadi.
Shundan so‘ng Akmal Saidov o‘zi boshqarib kelgan, Jamshid Qodirovga tegishli bo‘lgan Cobalt’ni Oltiqush qishlog‘idagi metan-zapravka yaqinida qoldiradi. So‘ngra uchovlon Bahodirning mashinasida yana seyf yashirilgan joyga qaytib boradi hamda uni yuklab, Doimobod qishlog‘i yaqinidagi dala maydoniga keladi.
Jinoyatni sodir etishda foydalanilgan bolta, chopqi, pichoq, tibbiy qo‘lqop va niqoblar, shuningdek, seyf shu yerga yashiriladi. So‘ngra Qizilmusht qishlog‘iga kelib, qo‘lga kiritilgan pul va taqinchoqlarni o‘zaro taqsimlab olishadi: 15 dollar pul, 2 dona uzuk va bir juft baldoq Akmalga, tilla zanjir, 2 juft baldoq hamda 100 ming so‘m pul Bahodirga, 100 ming so‘m pul Abduqodirga tegadi.
Shundan keyin Akmal Saidov seyfni olib ketish uchun kirakash tanishi Hayot Meliboyevga qo‘ng‘iroq qiladi. Uning chaqiruviga binoan yetib kelgan Meliboyevning mashinasiga seyfni ortib, Teliming qishlog‘ida yashovchi tog‘asi Ilhom Xoliqovning uyiga olib boradi.
Yo‘l-yo‘lakay Hayot Meliboyev Akmal Saidovdan seyf kimniki ekanini so‘raydi. Chunki dala joydan ko‘tarib chiqilgan seyf kirakashda shubha uyg‘otgandi. Uning so‘roviga javoban Akmal bo‘lgan barcha voqea aytib beradi. Uning gaplarini eshitgan kirakash seyfni mashinadan tushirishni talab qila boshlaydi. Ammo eski tanishi bo‘lgani ortidan Akmalning iltimosini rad qilolmay, uni aytilgan manzilga olib borib qo‘yadi.
Albatta, yo‘q joydan paydo bo‘lib qolgan seyf tog‘aning ham ko‘ngliga shubha oralatadi. Biroq Akmal tanishimniki, saqlab turishimni iltimos qildi, deya seyfni tog‘asining uyiga olib kiradi. So‘ngra montirovka yordamida uni buzib ochadi: seyfning ichidan 500 ming so‘m, 10 dollar va 10 rubl miqdorida pul, ikkita fuqarolik pasporti hamda 2 dona Nokia-1112 rusumli telefon apparati chiqadi.
Akmal seyfdan topilgan fuqarolik pasportlari va telefonlarni yoqib yuboradi. So‘ngra tog‘asiga Dang‘ara tumanida noma’lum shaxslar bir nechta odamni o‘ldirib, uyidan seyfni olib ketganini, IIB xodimlari hozirda seyni qidirashayotganini, ulardan shubhalanishlari mumkinligini aytadi. Buning oldini olish uchun seyfni yashirib qo‘yishni tayinlaydi. Shu tariqa, seyfni molxonaga ko‘mib qo‘yishadi.
Keyinchalik Ilhom Xoliqov Qumri Qodirova o‘g‘li va kelini bilan birga o‘ldirilib, uyidan seyf olib chiqib ketilganini eshitadi. U jiyanidan bu ishga aloqasi bor-yo‘qligini so‘raydi. Akmal Saidov jinoyatni tan oladi va molxonaga ko‘milgan seyf aslida Qumri Qodirovaning uyidan olib ketilgan seyf ekanini aytadi.
Biroq Ilhom Xoliqov va Hayot Meliboyev garchi xabarlari bo‘lsa-da, negadir tegishli organlarga ma’lum qilmasdan o‘ta og‘ir jinoyatni yashirishgan.
Jazo
JIB Farg‘ona viloyati sudining 2017 yil 10 maydagi hukmi bilan Akmal Saidov, Abduqodir Meliqo‘ziyev hamda Bahodir Qosimov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,v,j,i,p” bandlari, 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v,g” bandlari, 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b,v” bandlari, 134-moddasi (qabrni tahqirlash), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismi “b” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybdi deb topilgan. Akmal Saidovga umrbod, Abduqodir Meliqo‘ziyev hamda Bahodir Qosimovga 25 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan Hayot Meliboyev 3 yil, Ilhom Xoliqov 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yuqori instansiya sudlari dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Maqola Oliy sud matbuot xizmati bilan hamkorlikda, sud materiallari asosida tayyorlandi
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
