Connect with us

Jamiyat

“Sen “go‘sht”san, o‘liging ham, tiriging ham bizniki, deyishdi” – Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan sirdaryolik yigit hikoyasi

Published

on


Ishlash maqsadida Rossiyaning Krasnoyarsk shahriga borgan 27 yoshli yigit politsiya tomonidan ushlanib, majburan urushga yuborilgan. U sudda politsiya xodimlari aldab, deportatsiya qilamiz deya frontga jo‘natib yuborishganini aytgan. Dansk viloyati Serebryansk qishlog‘i hududida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan yigit dron hujumidan og‘ir yaralangan. “Bizga kaskasida ko‘k va sariq rangi bo‘lgan shaxslarni ko‘rganda darhol o‘t ochishni o‘rgatishdi”, degan yigit sudda.

Sirdaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Sirdaryo tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan I.A. 2024 yil 27 dekabr kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Krasnoyarsk shahriga borgan. U Yaroslavl shahrida joylashgan harbiy qism bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha 1 yillik shartnoma imzolagan.

I.A.ga motoo‘qchi bataloni evakuatsiya bo‘limining katta o‘qchi harbiy lavozimi, oddiy askar harbiy unvoni berilgan. U “Vassabiy” taxallusi ostida 2025 yil 16 apreldan 2025 yil 10 mayga qadar Dansk viloyati Serebryansk qishlog‘i hududida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan.

I.A. sudda aybiga iqror bo‘lib, urushga majburan borganini bildirgan. Sudlanuvchi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u Krasnoyarsk shahriga borgach, yumshoq mebellarga matras ishlab chiqarish sexida ishlagan va ushbu korxona yotoqxonasida yashab kelgan.

2025 yil 26 mart kuni Rossiyada bo‘lish muddati tugayotganini aytib, Qozog‘istonga o‘tib-qaytib kelish uchun korxona rahbarlaridan ruxsat olgan. 2025 yil 4 aprel kuni kechda Qozog‘istonga o‘tish uchun chegara postiga qarab yo‘lga chiqqan. Ammo Krasnoyarsk shahar politsiyasi I.A. va yana 7 nafar O‘zbekiston fuqarosini ushlab, hujjatlarini tekshirgan. So‘ngra ular politsiya idorasiga olib ketilgan.

“U yerda bizni 3 kun ushlab turishdi. Keyin huquq-tartibot idorasi xodimi kelib, noqonuniy ravishda patensiz ishlaganimiz uchun 3 yildan 6 yilgacha qamalishimiz yoki Rossiya hududidan deportatsiya qilinishimiz mumkinligini aytdi. Biz deportatsiyaga rozi bo‘ldik.


Oradan chamasi bir soatlar o‘tib, bizni harbiy yuk mashinasiga mindirib, olib ketishdi. Yuk mashinasida 5 sutka yo‘l yurib, 2025 yil 14 aprel kuni tungi vaqtda Voronej shahriga yetib bordik. Bizni to‘g‘ri harbiy qismga olib borishdi.


Harbiy qismda “Belyy” laqabli komandir chiqib, yo‘qlama qildi. So‘ng bizga yotoqxona, oshxona va kiyinish xonalarini ko‘rsatdi, harbiy kiyim va kaskani qanday qilib kiyish to‘g‘risida tushunchalar berdi. Men komandirdan “biz deportatsiya qilingan bo‘lsak, nima qilamiz bu formalarni?” deya so‘radim. U esa “sen urushga kelding, deportatsiya qilinmaysan”, deb javob berdi. Unga Rossiya fuqarosi emasligimni, mazkur urushda qatnashishga majburmasligimni aytdim. Shundan keyin “Belyy” va boshqa harbiylar menga nisbatan kuch ishlatib, chap qo‘limning bilak qismini olov bilan kuydirishdi hamda jangda ishtirok etish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘yganimni aytishdi. Men esa hech qanday shartnomaga imzo qo‘ymaganimni bildirdim. Komandir meni bu urushdan hech kim qutqara olmasligini, o‘ligim ham, tirigim ham uniki ekanini, men “go‘sht”ligimni aytib, ruhiy tazyiq o‘tkazdi”, degan I.A. suddagi ko‘rsatmasida.

Qilingan tazyiq va bosimlardan so‘ng I.A. harbiy kiyim va kaskani kiyishga rozi bo‘lgan. Ikki kundan so‘ng ularni guruhga ajratib, o‘z xohishi bilan kelganlarni Rostov shahriga, boshqalarni, jumladan, I.A.ni ham Ukrainaning Dansk viloyati Serebryansk qishlog‘iga jo‘natishgan. Bu yerda ularga jangovar qurollar bilan ishlash, granatalar otish, harbiy dronlarni ko‘rganda ularga o‘q uzish, qo‘li yoki kaskasida ko‘k, sariq rangi bo‘lgan shaxslarni ko‘rgan vaqtida darhol o‘t ochishni o‘rgatishgan.

“Menga “Vassabiy” taxallusini berib, shaxsiy raqam biriktirishdi. Frontda Tojikiston fuqarosi bo‘lgan “Bulat” laqabli shaxs bilan tanishdim. Undan jang maydonidan qanday qilib qochishim mumkinligini so‘radim. “Bulat” qochishning imkoni yo‘qligini, o‘lishi yoki jarohat olib, evakuatsiya bilan vaqtinchalik qutulib qolishim mumkinligini aytdi.


Men va 39 nafar askarga jang tugallangan joyga borib, “yashil hudud” tashkil qilish hamda urushda halok bo‘lganlarning jasadlarini yig‘ish topshirildi. “Kamchatka” laqabli general menga urushda qatnashganlarning ro‘yxatini berib, ular orasidan qurbon bo‘lgan o‘zbeklar musulmon odatlariga ko‘ra dafn etilishi mumkinligini aytdi. Qurbonlarning jasadlarini yig‘ayotgan vaqtimda Ukraina tomondan hujum bo‘ldi. Shunda menga berilgan granatani yerga tashlab, o‘zimga jarohat yetkazdim. Shu orada Ukraina tomondan otilgan dronlarning snaryadi mendan taxminan 2 metr uzoqlikda portladi. Oqibatda chap oyog‘imning son qismidan va belimdan jarohat oldim”, degan yigit.

Shundan so‘ng I.A.ni avvaliga Boshqirdistonga, so‘ngra Belgrad shahriga olib borishgan. U yerda oyog‘ini operatsiya qila olishmagach, Moskva shahridagi harbiy gospitalga olib borib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazishgan. Keyin esa muntazam davolanish maqsadida Ryazan shahridagi harbiy shifoxonaga jo‘natishgan. Bu yerda taxminan 2 oy davolanib, o‘sha yerdagi shifokorlardan unga ta’til guvohnomasini rasmiylashtirib berishlarini so‘ragan. Ular orqali o‘ziga vaqtinchalik yaroqsizligi to‘g‘risida hujjat rasmiylashtirib, Nijniy Novogorod shahridagi harbiy qismdan o‘ziga ta’til guvohnomasi rasmiylashtirgan. So‘ngra u yerdan Moskva shahriga borib, vatanga qaytish sertifikati orqali 2025 yil 18 iyul kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

I.A. 2025 yil 20 avgustda DXX va IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Sirdaryo tumani hududida gumonlanib to‘xtatilgan. Uning telefoni ko‘zdan kechirilganida, Rossiya Qurolli kuchlari harbiy dala kiyimida, jangovar qurollar va jangovar texnikalar yonida, harbiy harakatlarda ishtirok etgani, lavozimi, taxallusi va shaxsiy raqami, harbiy harakatlar natijasida olgan tan jarohatlarini ko‘rsatuvchi foto va videotasvirlar hamda “Ta’til guvohnomasi” va “harbiy jyeton” mavjudligi aniqlangan.

JIB Guliston shahar sudining 2025 yil 17 dekabrdagi hukmi bilan I.A. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi hamda 154−1-moddasi 1-qismida (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil muddatga ishlash vaqtidan, shuningdek, ish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda yashash joyidan chiqishi cheklangan holda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan, gospitalga borish uchun qo‘lida granata portlatgan andijonlik erkak 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.