Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurishda qatnashadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Lombardiya Italiyaning aholisi eng ko‘p va yirik hududlaridan biri bo‘lib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va “Uzbek Organic” brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026 yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.
Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida ushbu mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.
“China State Construction” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuksak baholandi. Toshkent shahrida madaniyat ob’yektlarini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda kompaniya avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishib olindi.
“China General Nuclear Power” korporatsiyasi raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda tog‘-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
“CAMCE” korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtimizda Olimpiya shaharchasini barpo etish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi “Yangi avlod” industrial texnoparki jadal rivojlanayotgani qayd etildi.
Qo‘shma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
“Goldwind” kompaniyasi raisi Vu Gang bilan kompaniyaning “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonda kompaniya bilan birgalikda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
“ZTO Express” kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan davlatimiz rahbariga O‘zbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish va “aqlli” logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida ma’lumot berdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga besh oyda 203 ta davlatdan sayyohlar tashrif buyurdi
2026 yilning yanvar-may oylarida jami 5 351 868 nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur davrda O‘zbekistonga jami 203 ta davlatdan turistlar tashrifi qayd etilgan.
Shundan:
erkaklar – 2 974 327 nafar;
ayollar – 2 377 541 nafar.
Ularning yosh bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:
0-18 yosh – 584 171 nafar;
19-30 yosh – 892 166 nafar;
31-55 yosh – 2 791 843 nafar;
56 yosh va undan kattalar – 1 083 688 nafar.
Iqtisodiyot
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi
Akmal Valiyev Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Akmal Hamzayevich Valiyev 1975-yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1998-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi — iqtisodiyot va ishlab chiqarishni boshqarish. U soliq xizmatining 2-darajali maslahatchisi maxsus unvoniga ega.
Uzoq yillar Samarqand viloyati soliq organlarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar 2024-yildan Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan, deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot
«Volkswagen» 100 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda
«Volkswagen» Germaniyadagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonini yopish va umumiy ish o‘rinlari qisqarishini 100 ming nafargacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, ushbu rejalar 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan kuzatuv kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning aytishicha, Gannover, Svikkau, Emden zavodlari hamda «Audi»ning Nekkarzulmdagi korxonasi yopilishi mumkin. Bu qaror 45 mingdan ortiq ish o‘rniga xavf tug‘diradi. Agar reja amalga oshsa, 2024-yil oxirida kasaba uyushmalari bilan kelishilgan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishiga yana qo‘shimcha qisqartirishlar qo‘shiladi.
Kompaniya bosh direktori Oliver Blyume ushbu takliflarni haftaning boshida yuqori rahbariyatga taqdim etgan. Uning maqsadi boshqaruv jamoasini chuqur islohotlar atrofida birlashtirishdan iborat. Biroq rejalar kasaba uyushmalari va kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori hisoblangan Quyi Saksoniya hukumati qarshiligiga uchrashi kutilmoqda.
«Manager Magazin» xabariga ko‘ra, kompaniya kelasi besh yillik investitsiya dasturini taxminan 15 foizga qisqartirib, uni 130 milliard yevrodan sal ko‘proq miqdorda belgilashni ham rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oliver Blyume va moliya direktori Arno Antlits «Volkswagen»ning asosiy brendi hamda ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya rasmiy vakili maxfiy hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u «butun guruh, barcha brendlar va shuba korxonalar chuqur o‘zgarishlardan o‘tishi shart», deya ta’kidladi. «Volkswagen» ishchilar kengashi va «IG Metall» kasaba uyushmasi esa bunday rejalarga qarshi keskin kurashishini ma’lum qildi.
«Volkswagen» so‘nggi yillarda import bojlari, elektromobillarga o‘tish xarajatlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobati bosimi ostida qolmoqda.
«AlixPartners» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning bozor ulushi 2020-yildagi 57 foizdan 2025-yilda 32 foizgacha qisqargan. «Volkswagen» esa 2024-yilda mamlakatdagi yetakchilikni «BYD»ga boy bergan va 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib qolgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki bilan uzoq muddatli Mamlakat dasturi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveytsariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qaysi hududlarida moliyaviy xizmatlardan ko‘proq foydalanilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 65,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta moliyaviy xizmatlar hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 38 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi:
Farg‘ona viloyati — 3,4 trln so‘m;
Andijon viloyati — 2,9 trln so‘m;
Toshkent viloyati — 2,8 trln so‘m;
Samarqand viloyati — 2,7 trln so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 2,2 trln so‘m;
Buxoro viloyati — 2 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,9 trillion so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax viloyatida 1,6 trillion so‘mdan, Navoiy viloyatida 1,5 trillion so‘m, Sirdaryo viloyatida esa 1 trillion so‘mni tashkil etdi.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Sport4 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Jamiyat5 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
