Jamiyat
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqargan sudyalarning vakolati tugatildi
Akmal Shukurov ishi bo‘yicha jazoni yengillashtirgan sudya lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unovaning vakolatlari ham tugatildi.
Prezidentning 2025-yil 25-dekabrdagi farmoyishlariga muvofiq:
Mirzajonov Murodjon Kodirovich– yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek:
G‘aniyev Farxodjon Boqijonovich ‒ sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Andijon viloyat sudi raisi lavozimidan ozod etildi.
Ababakirov Murodjon Abduqoxorovich ‒ sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Andijon viloyat sudi raisining o‘rinbosari ‒ jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlandi.
Jamiyat
Yaponiya ikki o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Ulardan biri o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda qolib yashayvergan. Ikkinchisi esa, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham kunchiqar yurtdan chiqib ketmagan.
24 aprel kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi.
Ulardan biri Yaponiyaga talaba vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Ikkinchi o‘zbekistonlik qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan. Bu haqda Kun.uz’ga ushbu davlat elchixonasi ma’lum qildi.
Yapon diplomatlarining qayd etishicha, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash taqiqlangan. Talaba vizasini olib borganlar esa, agar o‘qishdan chetlatilsa, Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
“Agarda mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.
Bundan tashqari, Yaponiya hukumati – shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin”, – deyiladi elchixona axborotida.
Yapon rasmiylari “Yaponiyada ishlash mumkin” deb da’vo qiluvchilarning va’dalariga aldanib qolmaslikka chaqirmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan borib, qochqinlik maqomini olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik deport qilingan edi.
Jamiyat
O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi
2026 yil 23 aprel kuni Nukus shahrida Destination Karakalpakstan 2026 – mamlakatimiz jumladan Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qaratilgan ilk destinatsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Turkish Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikda hududning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiiy ob’yektlari va investitsion imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Forum Nukus shahridagi Oq qush majmuasida o‘tkazilib, unda Turizm qo‘mitasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati mutasaddilari, Turkish Airlines aviakompaniyasi vakillari, mahalliy va xorijiy turizm sohasi yetakchilari, turoperatorlar, investorlar, OAV hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev o‘z nutqida mamlakatimizning turizm salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini, hududlarning o‘ziga xos madaniy merosi, betakror tabiati hamda mehmondo‘stligi bilan xalqaro sayyohlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u bunday forumlar nafaqat O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish, balki yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish va turizm infratuzilmasini rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Forum doirasida mamlakatimiz va shu o‘rinda Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyati bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokidagi taqdimotlar, xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlik uchrashuvlari (B2B) hamda milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi va master-klasslar tashkil etildi. Ishtirokchilar hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish va xalqaro turizm bozoriga chiqish bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi istiqbolli turizm destinatsiyalaridan biri sifatida shakllantirish, yangi tur paketlar yaratish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir hududga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy biznes sub’yektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, forum doirasida 2026 yil 17–22 aprel kunlari davomida Toshkent shahri, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab keng qamrovli infotur tashkil etilib, mazkur infoturda Yevropa va Osiyoning 20 dan ortiq davlatidan, jumladan Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveytsariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Xitoy kabi mamlakatlardan yetakchi turoperatorlar ishtirok etdi.
Infotur ishtirokchilari hududlarning tarixiy obidalari, madaniy merosi, tabiiy maskanlari hamda turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, yangi turistik yo‘nalishlar va paketlar ishlab chiqish imkoniyatlarini o‘rgandilar. Shuningdek, forum doirasida xorijiy turoperatorlar tomonidan infotur yakunlari asosida tayyorlangan media materiallar namoyishi o‘tkazildi.
Bundan tashqari, forumning yakuniy qismida mahalliy turizm kompaniyalari, mehmonxonalar, transport va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar xorijiy turoperatorlar va investorlar ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar davomida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, yangi turistik paketlar ishlab chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda Qoraqalpog‘istonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi.
Jamiyat
Rahbarlar uchun Mirzo Ulug‘bek tumani tajribasi bo‘yicha seminar o‘tkaziladi
Yurtimizda xorijiy investitsiya ishtirokida 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yurityapti.
Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Shu bilan birga, yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanyapti.
«Nega buni aytyapman? Bularning mablag‘i, tadbirkorlik ko‘nikmasi, ichki va tashqi bozorda hamkori, ko‘pchiligida brendi bor», – dedi Prezident.
Ushbu korxonalar bilan gaplashib, chetdan o‘z mahsulotini olib kelib sotayotganlariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lab, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahsulotini ichki bozorda sotayotganlariga eksportga chiqish uchun nima yordam kerakligini o‘rganish muhim ekani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Kecha Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan situatsion-tahlil markazida «Aqlli tuman» platformasi qanday tashkil qilingani bilan tanishdi.
Bugun barcha viloyat hokimlari mazkur tumanga o‘zi borib, yangi tizim qanday ishlayotgani, mahallalar qiyofasi, qurilishlar qanday ketayotganini kelib ko‘rdi.
Endi bir haftada viloyat prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari uchun Mirzo Ulug‘bek tumani tajribasini ommalashtirish bo‘yicha seminar o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Viloyat hokimlariga ikki oyda ushbu tajriba asosida viloyat markazlari va yirik shaharlarda xuddi shunday situatsion-tahlil markazlarini ishga tushirish topshirildi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari tinglandi.
Jamiyat
Samarqandda vasiy ayol qizaloqlarga zo‘ravonlik qildi
Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi 7 va 9 yoshli opa-singillar zo‘ravonlikka uchradi. Onasi ularni vasiyga topshirib, o‘zi ishlash uchun Turkiyaga ketgan. Vasiy ayol esa bolalarga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan. Kun.uz voqea tafsilotlari va jabrlangan qizlarning hozirgi ahvolini o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2017 va 2019 yilda tug‘ilgan opa-singillar onasi tomonidan vasiyga bir yil avval qoldirib ketilgan. Vasiy ayol qizlarni haqoratlab, bosim o‘tkazgani va majburlab pol yuvdirganini o‘zi tasvirga olgani aytilmoqda.
Qizaloqlarning qo‘llarida ko‘karish izlari aniqlangan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi shu’ba rahbari Murod Egamovga ko‘ra, vasiylar qaramog‘ida qoldirilgan bolalarning ijtimoiy-ruhiy holati har chorakda o‘rganib turiladi. Zo‘ravonlikka uchragan bu qizaloqlarning yashash sharoiti ham joriy yilning birinchi choragida o‘rganilgan va salbiy holatlar kuzatilmagan.
“Ushbu noxush holat 22 aprel kuni sodir bo‘lgan. Biz bu haqda xabar topganimizdan so‘ng ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda qizaloqlarni xavfsiz joyga ko‘chirdik. Bolalar tumanimizdagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Ularning kattasi hududiy maktabga joylashtirildi, kichigiga psixologik yordam ko‘rsatilyapti”, – dedi Murod Egamov.
Qizaloqlarning holati va aybdorlarga chora ko‘rilishi masalasi Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Psixolog Zarina Qobilovaning aytishicha, opa-singillarning kichkinasida qo‘rquv kuchli bo‘lgani, ko‘p vaqt davomida sog‘lom oilaviy muhitda yashamagani sababli muloqotga kirishishi qiyin kechmoqda. Bolalar kattalarga nisbatan bunday ruhiy asoratlar ta’siridan chiqishi uchun vaqt va mehr-e’tibor kerak, deydi u.
Oilaviy bolalar uyi rahbari Sanobar Latipova xonadoniga kelgan opa-singillarni o‘z farzandlari qatori qabul qilib, mehr berishini bildirdi.
Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv boshlagan: bolalar tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, vasiy S.Mardonovaning telefon apparatidan olingan, qizaloqlarning yig‘lagani va bosimga uchragani aks etgan videotasvirlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Jamiyat
Media haftalikda 4-kun: bilimdan amaliyotga o‘tgan bosqich
Media haftalik 4-kun yakunlandi. Ushbu davrda OAV uchun muhim keyslar muhokama qilindi. Jumladan:
– axborot ko‘p – uni tekshirish kerak;
– krizisdan keyin reputatsiyani tez tiklash kerak;
– media tadbirlar natija berishi kerak;
– islohotlar xalqchil va ommabop yetkazilishi kerak;
– tasvir – sifatli montaj orqali kontentga aylanishi kerak;
– «virusli» holatlarda oqilona javob berish kerak;
– SMM va mobilografiya – shunchaki ko‘nikma emas, ustunlik bo‘lishi kerak.
Shu savollarning barchasi Media haftalikning 4-kunida amaliy keyslar orqali ochib berildi.
Bu kun nazariyani emas, aynan ish jarayonini eslatdi – har bir vaziyat real misolga aylandi, har bir yechim sinovdan o‘tdi.
Endi esa eng muhim bosqich boshlandi. 4 kun davomida olingan bilim va ko‘nikmalar – ish jarayoniga ko‘chadi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi
-
Jamiyat3 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Samarqandda JSST bosh direktori bilan uchrashdi
