Sport
«Meros». Srechko Katanetsga bag‘ishlanadi
Bugun to‘y. Bu marosimning o‘ziga xos tanish xususiyatlaridan biri sizga ham tanish – navbati bilan kimdir so‘zga chiqib, goh uni, goh buni maqtaydi, ko‘klarga ko‘taradi. Bugun shunaqa kun, kimni maqtasak ham yarashaveradi va navbatdagisi Srechko Katanets haqida.
Tariximizda ilk marta jahon chempionatiga chiqqan bo‘lsak-da, boshqa bir an’ana bu safar ham buzilmadi – yana mundial saralashini yagona murabbiy bilan o‘tkaza olmadik. So‘nggi bosqichning 6 turi o‘tgach, Srechko Katanets salomatligi bilan bog‘liq muammolari sabab jamoani tark etishga majbur bo‘ldi, uning o‘rniga kelgan Temur Kapadze esa vazifani uddaladi.
Bilasizmi, yangi murabbiylarga doim qiyin. Chunki iste’fo bekorga yuz bermaydi va jamoaga yangi kelgan murabbiy doim ko‘p narsalarni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. Aksariyat hollarda murabbiyni iste’foga olib boradigan ikki sabab bor va futbolda biz doim shunday holatlarni kuzatib o‘rganganmiz.
Birinchisi, jamoa o‘yini va natijalar pasayishi, ichki muhit yomonlashishi, futbolchi va murabbiy o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lishi va hokazo. Yangi murabbiyga oson bo‘lmaydi. Ha, bosim nuqtayi nazaridan yengil bo‘lishi mumkin, jamoa qanchalik pasaygan bo‘lsa, yaxshi tomonga o‘zgartirish osonroqdek tuyuladi, lekin ulkan mehnat talab qiladi.
Jamoa muvaffaqiyat qozonmagan, demak avvalgi murabbiy qo‘llagan uslub futbolchilarga mos kelmagan, murabbiy yangisini, eng mosini o‘ylab topishi, sinovdan o‘tkazishi kerak. Yomon natijalar tufayli futbolchilarning ham holati yaxshi emas, jamoada o‘ziga bo‘lgan ishonch kam, ozgina muvaffaqiyatsizlik, ozgina o‘yin qovushmasligi ham jamoani sindirib qo‘yishi mumkin. Ularni katta natijalarga qodir ekaniga, yangi uslub natijalar olib kelishi mumkinligiga ishontirish ham oson emas, murabbiydan tajriba va salohiyat talab qilinadi. Biz ko‘p kuzatadigan, eng ko‘p sodir bo‘ladigan iste’folar aynan mana shu sabab bilan yuz beradi.
Shu paytgacha turnir yarmida jamoani qabul qilib olgan avvalgi murabbiylarimizda aynan shu masala doim turardi. Ayniqsa, Mirjalol Qosimovdan so‘rang, u ikki marta shunday vaziyatga tushgan, mag‘lubiyatga uchragan jamoani olib kurashishiga to‘g‘ri kelgan.
Ikkinchisi, butkul teskari holat. Odatda bir murabbiy jamoa bilan barcha muvaffaqiyatlarga erishadi, sovrinlar yutadi va shartnoma muddati tugagani yoki boshqa kattaroq taklif tufayli jamoani tark etadi.
Uning o‘rniga kelgan murabbiy uchun yanada qiyin holat. Ha, jamoa kuchli, endigina sovrinlar yutdi, muvaffaqiyatli mavsumlar o‘tkazdi, ammo xuddi shu yo‘lni davom ettirish osonmi? Butunlay sobiq murabbiyni takrorlashning iloji yo‘q, o‘z uslub va g‘oyalarni tatbiq qilish yanada qiyin – futbolchilarni bunga ishontirish kerak. Axir ular yaqindagina butunlay boshqa uslub va g‘oyalar bilan muvaffaqiyatga erishdilar-ku?
Motivatsiya bilan ham muammolar bo‘ladi – sovrinlar yutgan futbolchilarni qaytadan o‘sha sovrinlar uchun kurashishga undash doim ham oson bo‘lmaydi. Nimanidir o‘zgartirish, ishlab turgan mexanizmni buzish, yaxshirog‘ini taklif qilishga to‘g‘ri keladi. Hammasidan ham qiyini, bosim ham katta bo‘ladi. Cho‘qqida turish qiyin, balki eski murabbiy bilan ham pasayish kutilayotgandi, ammo endi pasayish bo‘lsa, hammasi yangi murabbiydan ko‘riladi. Bosim katta.
Bunday sharoitda jamoaga kelish yanada qiyin, o‘z vaqtida «MYu»da Fergyuson o‘rniga kelgan Moyyes, «Inter»da trebl qilgan Mourinioning o‘rniga kelgan Benites, «Bavariya»da Haykenss o‘rniga kelgan Pep Gvardiola qanday tanqidlar ostida qolganini eslang. Umuman, bunday kelish ko‘p hollarda muvaffaqiyatsiz chiqadi, avvalgi yutuqlarni takrorlash imkonsiz bo‘lib qoladi.
Xullas, yangi jamoani boshqarish doim mushkul ish va Timur Kapadze buni uddaladi, vazifani oxirigacha yetkazdi. Unga biroz osonroq bo‘ldi, sababi, unga qoldirilgan meros yuqorida sanab o‘tilgan ikkala vaziyatga ham o‘xshamaydi. Jamoa muvaffaqiyatsizlik girdobida emasdi, yaxshi muhit shakllangan, barcha futbolchilar yagona maqsad uchun yo‘naltirilgan edi. Nimadir o‘ylab topish, yangi uslub topib almashtirish ehtiyoji yo‘q – tayyor, ishlab turgan mexanizmga ba’zi teginishlar qilinsa kifoya.
Ikkinchi holat ham emas. Sovrinlarni yutgan, motivatsion bo‘shliqqa tushib, yangi qonga muhtoj bo‘lgan jamoani qabul qilib olmadi u. Yo‘lga tushib olgan, og‘ishmay oldinga harakatlanayotgan kemada kapitan almashdi, xolos. Biz bilgan ko‘p iste’folardan, jumladan shu paytgacha milliy jamoamizda ro‘y bergan almashishlardan butunlay farqli bo‘lgan hodisa.
Albatta, Timur Kapadze uchun ham bu o‘ziga yarasha sinov, avval ham yozganimdek, bu penalti tepish holatiga o‘xshaydi. Tepuvchida juda katta bosim, u penaltini ishlamagan, agar gol ursa, hamma oddiy qabul qiladi, axir penalti urilishi shart. Ammo adashsa, barcha tanqidlar unga qaratiladi, tayyor yutuqni qo‘ldan boy bergan noshudga aylanadi. Mana shu o‘ta riskli vazifani qabul qilib olgani uchun ham Timurga rahmat aytish kerak, ammo bu maqola Srechko Katanets haqida.
Aynan Katanets ushbu muvaffaqiyatli jamoaning bunyodkori, buni inkor etish qiyin. Aynan Katanets ellikka yaqin nomzodlar ichidan hozir biz uyqudan uyg‘onib ham bemalol sanab beradigan barqaror tarkibni yig‘di. Aynan Katanets juda ko‘p uslublarni sinab ko‘rib, hozircha ish berayotgan va balki bu futbolchilar uchun eng mos va eng ishonchli bo‘lgan sxemani olib kirdi. Aynan Katanets futbolchilarimizga irodani o‘rgatdi, biz kambeklar qila boshladik, hisob qanday bo‘lishidan qat’i nazar muvaffaqiyatli yakun ehtimoli borligiga biz ham ishona boshladik. Eron bilan muhim durang Kapadzening taktik tayyorgarligi bilan sodir bo‘lgandir, inkor etmayman, lekin Eron bilan shunday o‘ynash mumkinligiga ishonch futbolchilarimizda Eron bilan avvalgi uchrashuvlar tufayli paydo bo‘lmaganmi?
Ko‘pchilik aytmoqda – shunchaki, o‘rinlar soni 48 taga yetgani uchun bu sodir bo‘ldi, Katanets o‘ynagan raqiblarni avval ham yutib yurganmiz. Balki to‘g‘ridir, balki agar 32 jamoa formati qolganida qiyinroq raqiblar bilan yana eski hikoya takrorlanishi mumkin edi.
Ammo bu aslida biroz noto‘g‘ri yondashuv. Nega qo‘limizda tayyor faktlar turganda «agar»larga urg‘u berishimiz kerak? Yuqorida meros haqida aytildi, Srechko Katanetsga qanday meros qolgandi? Axir avvalgi jahon chempionati saralashida biz 12 ta kuchli jamoa ichiga ham kira olmagandik-ku? Nega kuchli oltitalikka kirib mundial ishtirokchisiga aylanayotganimizni oddiy holat sifatida qabul qilyapmiz?
Ko‘p tanqidlar jamoamizning himoyaga ko‘proq e’tibor qaratib yuborayotgani uchun bo‘lgan, ayniqsa Qatarga qarshi o‘yin Katanetsning eng muvaffaqiyatsiz qarorlari bilan yodda qolgandi.
Endi qarang, nega Qirg‘iziston bilan ikkinchi o‘yinda uzoq vaqt bir kishi ko‘p o‘ynab ham bittadan ortiq gol ura olmadik? BAA bilan ikkinchi o‘yinning oxirlarida biz gol o‘tkazib yuborishimiz ham mumkin emasmidi? Aytmoqchimanki, hozirgi jamoamiz ham aslida Katanets davridagisidan unchalik farq qilmaydi, biz haliyam o‘ta ehtiyotkormiz, ko‘p narsa o‘zgarmadi. Bu shuni isbotlaydiki, katta o‘zgarishlar bilan emas, aynan Srechko Katanets jamoasi, uning uslubi, g‘oyasi, sxemasi bilan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik.
Bu yaxshimi, yomonmi, biz bundan kuchliroq o‘ynashga qodirmidik aslida, bilmadim, buni keyingi murabbiylar namoyish qilib berar, albatta, Timur Kapadzega omad tilaymiz, jamoamiz yuqoriroq marralarni zabt etishiga ishonamiz.
Lekin mundial yo‘llanmasi Srechko Katanets jamoasiniki. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Inkor etishga ehtiyojimiz ham yo‘q. Mister Srechko, hammasi uchun rahmat. Umringiz uzoq bo‘lsin.
Qahramon Aslanov
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot19 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat15 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat14 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
