Siyosat
O‘zbekiston prezidenti va Yaponiya bosh vazirining muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Tokioda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlatlararo hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yaponiya Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, ushbu tashrifni har doimgidek yuksak ishonch va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixidagi muhim voqea deb atadi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida Yaponiya O‘zbekistonning yaqin do‘sti, asosiy texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib, respublikada zamonaviy sanoat va energetika infratuzilmasini yaratish hamda inson resurslarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Tovar ayirboshlash, investitsiyalar hajmi va Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining barqaror o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan «Sojitz», «Toyota Tsusho», «Sumitomo», «Itochu», «Kyoto Plaza», «Balcom», «Shikoku Electric» kabi yetakchi yapon kompaniyalari O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qo‘shma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab olgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Muzokaralarda parlamentlardagi «do‘stlik guruhlari», iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi. «Yashil» energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, o‘ta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari e’lon qilindi.
Yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan «Bir qishloq — bitta mahsulot» dasturining ko‘lamini kengaytirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish imkoniyatlari va yo‘llari, hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasi an’anaviy ravishda ushbu ko‘p qirrali munosabatlarning muhim qismi sanaladi.
Yoshlarga kelgusida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashiga keng imkoniyatlar taqdim etayotgan O‘zbekiston – Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistondagi 7 ta oliy ta’lim muassasasida yapon tili o‘qitilmoqda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, o‘zbek tili o‘rganilmoqda.
Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish taklif qilindi. Tashrif arafasida Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027-yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari o‘zaro o‘tkaziladi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti va Yaponiya Bosh vaziri Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ushbu hujjat, shubhasiz, munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishi va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi. Ushbu hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Siyosat
O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Siyosat
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.
Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.
Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devoni rahbari, Xitoy tashqi ishlar vaziri janob Van I bilan uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tganini bildirgan.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilib, keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Shu nuqtai nazardan savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy aloqalar kabi ustuvor yo‘nalishlardagi munosabatlar rivojini muhokama qilish alohida ahamiyat kasb etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar global masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirishga alohida to‘xtaldi.
Saida Mirziyoyeva Van Iga iliq va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.
Siyosat
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan tabrigidan asosiy fikrlar:
Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;
Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz;
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;
Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik;
«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;
Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik;
2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz;
Bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining yarmidan ko‘pini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, ma’rifatli jamiyat deganidir;
Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;
Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi;
Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi;
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;
2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;
To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi;
Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz;
Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz;
Xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q;
Matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport2 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat3 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat1 day ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat1 day ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Siyosat2 days ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat4 hours ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
