Jamiyat
“Yemagan somsamga pul to‘layapman” – surxondaryolik ayol tergov va suddan norozi
Surxondaryoda tergov va sud organlarining kuchi ikki bolani voyaga yetkazayotgan yolg‘iz ayolga yetgan ko‘rinadi – oilaning yagona boquvchisiga qo‘llangan adolatsiz hukm sabab uch jon nochor ahvolga tushib qolgan. Gap shundaki, Uzun tuman obodonlashtirish bo‘limi qabriston nazoratchisining aybi uchun kadrlar bo‘yicha mutaxassis jazolandi. Huquq himoyachisi bu borada shunday deydi: «asl o‘g‘ri-korrupsionerlarni kechirib, jamiyatdagi zaif qatlam bo‘lgan ayollarga nisbatan bu munosabatni davlat siyosatiga sabotaj deyish mumkin».
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Uzun tumanida oddiy bir tekshiruv ortidan boshlangan jarayon boquvchisiz bir oilaning xonavayron bo‘lishi bilan davom etyapti. Eng ajablanarlisi: bir xodim ish davrida Termizdagi diniy maktabda o‘qigan va buni tashkilotdan bekitgan. Javobgarlik va jazo esa kadrlar bo‘limi mutaxassisi — Iroda Sharipova zimmasiga yuklangan. Biz bilan bog‘langan ayol o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud qarori oilaning shundoq ham yengil bo‘lmagan hayotini battar boshi berk ko‘chaga tiqqanini, buning jabrini ikki bolasi ham tortayotganini aytdi.
“2025 yil 25 oktyabr kuni Qiziriq tuman sudi tomonidan menga nisbatan JKning 167-moddasi 1-qismi, 228-moddaning 1-qismi bilan aybli deb topilib, 45-moddani qo‘llab 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qilinib, ish haqimning 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Buning sababi esa Uzun tumani qabriston nazoratchisi vazifasida ishlab kelgan Abubakr Hotamov ismli xodim 2022 yil sentabrdan 2025 yil apreligacha o‘z xizmat faoliyatida ishlab turgan holda qo‘shimcha ravishda Termiz shahridagi Imom Termiziy nomli o‘rta maxsus kasb-hunar diniy maktabida ta’lim olib kelgan, bundan rahbariyatni xabardor qilmagan”, – deydi Iroda Sharipova.
Tumandagi obodonlashtirish bo‘limida 200 ga yaqin xodim ishlaydi. Aynan Hotamov ishlagan hudud Irodadan 35-40 km uzoqda, uni har kuni nazorat qilishga imkon yo‘q va u bo‘lim boshliqlari bergan hisobotga ko‘ra ish haqi yozgan. Ishga guvoh sifatida jalb etilgan Abubakr Hotamov ham Sharipovaning aybi yo‘qligini aytgan.
Yomonning kuchi yapaloqqami?
Abubakr Hotamov jinoyat ishiga guvoh sifatida jalb qilingan va Sharipovaning bu ishlardan mutlaqo bexabar ekanligini aytgan:
“Uzun tumani Obodonlashtirish boshqarmasida qabriston nazoratchisi lavozimida ishlab, o‘zimga biriktirilgan 11 ta qabristonlar tozaligini, o‘lim daftarlarini, qabriston ishchilarining ishga kelib-ketishlarini nazorat qilganman.
Termiz shahridagi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’limiy muassasasining talabasi bo‘la turib, 2022 yil sentabr oyidan 2025 yil aprel oyiga qadar o‘qishda bo‘lgan davr uchun jami majburiy ushlanmalardan tashqari 51 326 966 so‘m ish haqi olganman. Uzun tuman prokuraturasi tomonidan Obodonlashtirish boshqarmasida o‘tkazilgan tekshirishda bu holat yuzaga chiqdi. Haftada 6 kun dushanbadan shanbaga qadar o‘qishda bo‘lganman. Ish vaqti soat ertalab 8 dan soat 16 gacha edi, har kuni soat 8 dan 14 gacha darsda bo‘lar edim. Darsdan chiqib soat 14:30 dan keyin ishga kelib berilgan topshiriqlarni bajarganman. Biror marta boshqarma rahbariyati yoki kadrlar bo‘limi boshlig‘i I. Sharipovaga o‘qishda ekanligimni aytmaganman. Menga biriktirilgan qabristonlarda jami 13ta qorovul bor edi va ularga tabel to‘ldirib, o‘zim imzo chekib kadrlar bo‘limi boshlig‘i I. Sharipovaga topshirganman. Mening ishga kelgan-kelmaganimni Sharipova nazorat qilmagan. Men ishlaydigan qabriston undan 40 kilometr uzoqda, bizning ishlarimizni obektlarni saqlash bo‘limi boshlig‘i Bo‘ronov tekshirardi, u asosan tushdan keyin kelardi bizning ishimizni tekshirishga”, – degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Yuqorida tilga olingan Hotamovning faoliyatini nazorat qilish Irodaning vakolatiga kirmasa-da, rahbariyat ham bu yerda bee’tiborlik qilganini tan olsa-da, kamomad qoplansa-da Iroda aybdor deb topilgan. Qisqagina voqeaning uzun tarixi Irodaning kichkina oilasiga katta kulfat bo‘lib kelgan. Chunki u yolg‘iz boquvchi, ikki farzandining ta’minotchisi. U sud hukmidan norozi, ammo apellyatsiyaga ariza berish uchun advokat yollashga imkoni yo‘q. Turmushidan ajrashgan va voyaga yetmagan 2 farzandini o‘zi ta’minlaydi, sobiq turmush o‘rtog‘i Tojikiston fuqarosi bo‘lgani sabab aliment ham ololmaydi.
Hozir u kam ish haqi oladigan joyda ishlaydi va uning ham 20 foizi davlat hisobiga o‘tadi. Qish kelgan bo‘lsa-da 12 va 14 yoshli bolalari haligacha yupun kiyimlarda maktabga qatnashadi. Nafaqadagi ota-onasidan boshqa hech kimi yo‘q.
Huquq himoyachilari bu vaziyat ayolga nisbatan adolatsizlik ekanligini aytishdi.
“Sud hukmiga qarasak, u haqiqatan shunday jazo oladigan darajadagi mansabdor shaxsmi yoki bu jinoyatning motivlari nimadan kelib chiqdi degan savollar yuzaga keladi. Shu nuqtayi nazardan Sharipovaga nisbatan chiqarilgan sud qarorini birmuncha adolatsiz deyish mumkin. Chunki tergov organi uni o‘ta jiddiy ayblovlarda ayblagan. Ya’ni u bor-yo‘g‘i kadrlar boshqarmasida oddiy nozir. Uni mansab soxtakorligi, sovuqqonligi, korrupsiyaga oid ayblovlar bilan ayblashgan. O‘g‘rilar, korrupsionerlarni kechirib, jamiyatdagi zaif qatlam bo‘lgan ayollarga nisbatan bu munosabatni davlat siyosatiga sabotaj deyish mumkin.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ayollar huquqlari himoyasiga qaratilgan qadamlari doim meni ilhomlantirib kelgan. Chunki jamiyatning katta qismi ayollardan iborat ekan, ularning faolligini inobatga olish kerak. Bunga sud, prokuratura organlariyam moslashishi kerak. Davlat siyosati ayollarning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan bir paytda bu ish siyosatga qarshi qaratilgan adolatsizlik deyish mumkin”, – deydi Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.
Bir ayol va ikki bolaning taqdiri ustidan chiqarilgan hukm yana bir bor xulosa talab qiladi. Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani mutasaddilaridan bu masala yuzasidan o‘rganish kutib qolamiz.
Gulmira Toshniyozova. Kun.uz
Jamiyat
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi
Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.
Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.
Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.
Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.
Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.
Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.
Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi.
Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.
Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.
Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.
Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.
Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?
Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.
Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.
Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.
Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham.
Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.
Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…
Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.
Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot5 days ago1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
