Siyosat
O‘zbekiston prezidenti qatnashgan Turkmanistondagi xalqaro forum tafsilotlari
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etishini qayd etdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
«Turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy an’analari, madaniy va ma’naviy qadriyatlariga, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi», — dedi Prezidentimiz.
Shu bois, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini ta’kidladi. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida O‘zbekiston tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.
Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.
Prezidentimiz global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidladi. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025-yilni «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyusiyasining hammuallifi bo‘ldi.
O‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
«O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu nuqtai nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urg‘u berildi.
Davlatimiz rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yili Toshkentda «Madaniyatlar muloqoti» qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va «Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida» mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
