Jamiyat
Xalqaro ISO standartlari de factum klinikasining ajralmas qismiga aylandi
de factum klinikasi ISO 7101:2023 va ISO 9001:2015 xalqaro standartlari asosidagi sifat boshqaruv tizimiga to‘liq o‘tishni yakunladi. Tashqi audit tasdiqladi: klinikaning tibbiy faoliyati xalqaro talablarga mos tashkil etilgan, eng asosiy natija esa ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning yuqori darajasini tasdiqlash bo‘ldi. Bu daraja shifokorlarning kasbiy ishlashidan tortib laboratoriya tadqiqotlarining aniqligigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda namoyon bo‘ladi.
Standartlarning joriy etilishi klinikaga jarayonlarni faqat tartibga solish bilan cheklanmay, balki barqaror ishlaydigan sifat tizimini yaratishga yordam berdi. Ushbu tizimda tibbiy natijalarning barqarorligi va oldindan aytilish imkoniyati klinika tomonidan boshqariladigan jarayonlarga aylantirildi. de factum uchun bu – ishonchni mustahkamlash va sifati yuqori tibbiy yordam madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
ISO 7101:2023 standartining ahamiyati
Keyingi muhim qadam — ISO 7101:2023 standartini joriy etish bo‘ldi. Ushbu standart klinik yordamning sifati va xavfsizligi uchun asos yaratadi. U shifokorlarning qaror qabul qilish tartibini, diagnostika o‘tkazish qoidalarini, mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni va xavflarni boshqarish usullarini belgilab beradi. Natijada tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit va tartibli tizimi shakllanadi.
Aynan shu tizim doirasida klinika tashqi auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Audit tasdiqladiki, birlamchi qabuldan tortib davolash yakunlarigacha bo‘lgan barcha bosqichlar aniq va nazorat ostidagi sharoitda amalga oshiriladi. Bu shifokorlarning ma’lumotlarga tayangan holda, yagona metodikalar asosida va klinik sifatni muntazam kuzatib borgan holda uyg‘un ishlashini ta’minlaydi.
Vaqt o‘tishi bilan ushbu tizim klinikaning butun faoliyatini boshqarishda keng qamrovli yondashuv poydevoriga aylandi. Endi e’tibor faqat klinik talablarga emas, balki barcha jarayonlarni kompleks boshqarishga qaratilgan.
SO 9001:2015ʼning klinika faoliyatidagi o‘rni
ISO 9001:2015 — tibbiy, diagnostik va ma’muriy jarayonlarni yagona nazorat tizimiga birlashtiradigan standartdir. U ish jarayonlarini tashkil etish, ichki tekshiruvlar o‘tkazish, xujjat yuritish va jarayonlarni doimiy takomillashtirishga oid talablarni belgilaydi.
Klinika uchun bu shifokorlarning kasbiy faoliyati, mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik, laboratoriya tadqiqotlari va servis jarayonlari yagona, o‘zaro bog‘langan tizimga birlashtirilib, har bir amal sifat nazorati mexanizmlari bilan qo‘llab-quvvatlanishini anglatadi.
Alohida e’tibor — laboratoriyaga
Laboratoriya ma’lumotlari klinik qarorlarning katta qismini tashkil qiladi. Shu sababli audit laboratoriya ishining barcha bosqichlarini batafsil baholadi. Tekshiruv biomaterialni qabul qilish va qayta ishlash, o‘lchash aniqligi, uskunalarni kalibrlash, natijalar ishonchliligini nazorat qilish usullari va hisobot tayyorlash tartiblarini o‘z ichiga oldi.
Audit yakunlariga ko‘ra, klinika laboratoriyasi zamonaviy laboratoriya tahlili bo‘yicha xalqaro protokollarga to‘liq mos deb topildi. Ushbu talablarga rioya etish analitik aniqlikni, ma’lumotlarning qayta tiklanish imkoniyatini va shifokorlar klinik qarorlari asoslanadigan natijalarning ishonchliligini ta’minlaydi.
Xalqaro standartlar doirasidagi klinik jarayonlar
Laboratoriya va shifokorlarning standartlashtirilgan ish uslubiga o‘tishi klinikaning umumiy transformatsiyasidagi mantiqiy bosqich bo‘ldi. Xalqaro standartlarning joriy etilishi tibbiy yordam ko‘rsatishning butun tamoyillarini o‘zgartirdi. Endi har bir bosqich — klinik ma’lumotlarni yig‘ishdan tortib davolash natijalarini nazorat qilishgacha — sifatni uzluksiz kuzatib boradigan va ehtimoliy og‘ishlarni oldindan aniqlaydigan tizimga bog‘langan.
Shu tufayli mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik yanada uyg‘unlashdi. Laboratoriya aniq ma’lumot beradi, shifokorlar asoslangan klinik qarorlar qabul qiladi, sifat boshqaruvi tizimi esa har bir qadamni o‘z vaqtida baholab boradi. Buning natijasida xavflarni hodisa yuz bergandan keyin emas, balki oldindan oldini olishga qaratilgan profilaktika madaniyati shakllanadi.
Bemor uchun sezilarli o‘zgarishlar
Bu jarayonlar bemor uchun aniq afzalliklarga aylanadi: to‘g‘ri diagnostika, davolash natijalarining oldindan aytilish imkoniyati, laboratoriya tadqiqotlarining ishonchliligi va har bir bosqichning shaffofligi. Holatning murakkabligidan qat’iy nazar, bemor xalqaro yetakchi tibbiy markazlarda qo‘llanadigan tamoyillar asosida ishlaydigan va tashqi auditlar bilan muntazam tasdiqlanadigan tizim doirasida tibbiy yordam oladi.
Xalqaro standartlarni tanlash sabablari
de factum uchun ISO standartlarini joriy etish dunyo talablariga moslashish uchun qo‘yilgan rasmiy qadam emas, balki ongli strategiyadir. Xalqaro standartlar tibbiy yondashuvlar, laboratoriya ishlari, servis jarayonlari va ichki boshqaruvni obektiv ma’lumotlarga tayangan holda rivojlanib boradigan yagona tizimga birlashtirish imkonini beradi.
de factumʼning strategik rivojlanishi
ISO 7101 va ISO 9001 standartlarini joriy etish klinika uchun keyingi rivojlanishning muhim bosqichi sifatida ko‘riladi. Ushbu standartlar boshqaruv tizimini mustahkamlaydi, xizmatlarni kengaytirish uchun poydevor yaratadi va jarayonlarning aniqligini kasbiy hamjamiyat hamda hamkorlar uchun oshiradi.
Shu bilan birga, bemor asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi. Xalqaro standartlar tibbiy yordamni barqaror, aniq va oldindan aytiladigan darajada tashkil etishga yordam beradi. Aynan mana shu yondashuv de factum rivojlanishining asosiy yo‘nalishini belgilaydi. Bu yerda tibbiy xizmat sifati uzoqdagi maqsad emas, balki har kuni amalda mavjud bo‘lgan mezondir.
Batafsil ma’lumot uchun:
Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Minor mavzesi, 86A
Klinikaning Veb Sayti | Chek ap bo‘limi
Telefon: +998 55-508-00-00
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi
O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.
Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.
Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.
Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.
Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.
Jamiyat
Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.
U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.
U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston importda mashina va transport uskunalariga eng ko‘p mablag‘ sarflagan
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari egallagan. Mazkur toifadagi mahsulotlar importi 5,5 mlrd AQSh dollariga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.
Shuningdek, sanoat tovarlari importi 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz), xizmatlar esa 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz)ni tashkil etgan.
Mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,4 mlrd dollarga (+25,8 foiz) yetgan.
Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz)ni tashkil qildi.
Jamiyat
Javaharla’l Neru qidirgan jadid Po‘lat Soliyev kim edi?
1955-yil 15-iyun kuni Hindiston bosh vaziri Javaxarla’l Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi majlislar zalida tantanali tadbir tashkil etiladi.
Anjuman yakuniga yetgach, Hindiston bosh vaziri tarjimoni SSR Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vasiliy Kuznetsovga “janob Bosh vazir hurmatli professor Bulat (Po‘lat) Soliyev janoblari bilan uchrashmoqchi”, deydi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov bunday odamni tanimasligini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ladi. Hamma yalt etib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Olima ayollar Hadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonova labini tishlagancha yerga qarab turishardi. Bir oz sukutdan so‘ng Tesha Zohidov o‘zini qo‘lga olib, “Janob Bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar oldin yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerdaligi noma’lum”, deya javob beradi.
O‘sha vaqtda o‘zbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan, ismi tilga olinishi taqiqlangan bu inson — birinchi o‘zbek tarix professori Bulat (Po‘lat) Soliyev edi.
O‘zbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Markaziy Osiyodagi yangi tarixshunoslik ilmiy maktabi asoschilaridan biri bo‘lmish Po‘lat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, mang‘it urug‘iga mansub o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Shu bois rasmiy va ilmiy hujjatlarda uning ismi goh Bulat, goh Bekbulat, aksariyat hollarda Po‘lat shaklida tilga olingan.
Qozon va Ufa shaharlarida madrasa ta’limini olgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘rgangan olim 1909 yilda ona yurti Turkistonga keladi. Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning ko‘pgina shahar va viloyatlarida, jumladan, Toshkent, Farg‘ona, Jalolobod viloyatlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini olib boradi. Toshkent va Qo‘qon maktablarida tarix, arifmetika hamda ona tilidan dars beradi.
U 1917-yilda Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi va Muxtoriyatning asosiy nashri bo‘lgan “El bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri bo‘ladi. 1918-yili Muxtoriyat qulatilgach, o‘zini to‘liq ilmiy-pedagogik faoliyatga bag‘ishlaydi. Shu yilning noyabr oyida Po‘lat Soliyev Nazir To‘raqulov bilan birgalikda Qo‘qon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur o‘quv dargohi, asocan, Farg‘ona vodiysidagi qishloq o‘qituvchilarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi va Po‘lat Soliyev uning direktori etib saylanadi. Bu oliygoh keyinchalik Farg‘ona vodiysidagi pedagogika institutlarining paydo bo‘lishida tamal toshi bo‘ladi.
SSSRning butun 70 yillik umri davomida tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obyekti bo‘lib kelgan. 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishi, o‘z asarlarini o‘quv muassasalarida o‘qitish va nashr etishi mumkin edi. Bunday “iliqlik”ka 1920–1928-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (YaIS) ham ma’lum darajada imkoniyat bergan.
Bulat Soliyev ham bu paytda o‘zining asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida tanilgan edi. Jumladan, olim tomonidan yozilgan “Mang‘itlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi, I qism”, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri”, “O‘rta Osiyo tarixi: XI–XV asrlar”, “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston va Tojikiston”, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” asarlari birin-ketin nashr etiladi. 1926-yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.
Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo o‘ziga xos edi. U, asosan, biror ilmiy muammoni ko‘tarayotganda, aslida umuman boshqa narsa haqida yozgan bo‘lardi. Masalan, olimning 1920-yilda nashr etilgan “Hindiston Angliya zulmi ostida” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi qilmishlarini ochib bergan bo‘lsa-da, olim shu o‘rinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qilib ketgan. Xususan, shunday deydi: “Hindistonga xavf bo‘lganligi uchun Angliya davlati Tibetni o‘ziga tobe qildi. O‘zining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngilga bir so‘roq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosga binoan Angliya davlati Tibetni o‘ziga qo‘shadi? Belgili bu ish haqqoniyasizlik, adolatsizlikdir”.
Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.
1920-yillaryoq Po‘lat Soliyev Turkiston tarixi bo‘yicha darslik yozish ishlariga jiddiy kirishadi. Ammo bolsheviklar Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tayyorlagan tarix darsligi loyihalarini doimiy rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, olim 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanligini ta’kidlagan holda, kitobning kirish qismiga, o‘sha kunlari sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.
“O‘zbekiston tarixi” o‘quvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatda qanday o‘rin tutgani va Turkistonning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi.
Bundan sal avval, ya’ni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.
1933-yil avgust oyida Butunittifoq Kommunistik partiyasining Samarqand bo‘limi tomonidan olimning 1926-yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” asari g‘oyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va O‘rta Osiyoning XI asrda jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar sovetlarga yoqmagan edi.
1936-yildagi tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “o‘tmish ideallashtirilgan” va “panturkistik” deya baholanib, oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida qo‘llash taqiqlab qo‘yiladi. Po‘lat Soliyevning tarixshunosligi “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflanadi.
1937-yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida O‘zbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot san’at namoyandalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshiga ham qora bulutlar kela boshlaydi. 1937-yil sentyabrda professor Po‘lat Soliyev Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetidan bo‘shatiladi.
1937-yil 11-oktyabrda Soliyevni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
“Toshkent shahri, 1937-yil 11-oktyabr. Men O‘zbekiston NKVD 3-bo‘limi operativ xodimi – davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lgan Po‘lat Soliyevga tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida uning butunlay O‘zbekistonda Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lganligini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganligini aniqladim”.
O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib qaror qilinadi: 1882-yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi O‘zbekiston Davlat universiteti professori, SSR Ittifoqi fuqarosi bo‘lmish Po‘lat Soliyev hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilsin.”
Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1938-yil 8-fevralda “maxsus uchlik” Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938-yil 28-fevralda ijro etiladi. Shu tariqa birinchi o‘zbek tarix professori Po‘lat Soliyev SSR Ittifoqining qatag‘on mashinasi tomonidan mahv etiladi
Po‘lat Soliyevning asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab Sharq xalqlari orasida ancha keng shuhrat qozonadi. 1954-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vazirining ham olimni yodlagani bejiz emas edi. Soliyevning vafot etganligini eshitgan Neru uning “Angliya zulmi ostidagi Hindiston” asari hind ozodlik harakati namoyandalari orasida mashhur bo‘lgani, ularning mustaqillik kurashlariga ilhom berganini aytib, o‘zbek tarixchiga minnatdorlik bildiradi.
Oradan ikki yil o‘tib, 1956-yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi komissiyasi Bulat (Po‘lat) Soliyev haqdagi 1938-yilgi qarorni uning jinoyati tasdiqlanmaganligi tufayli bekor qiladi. Olimning nomi oqlanadi.
Soliyevning rafiqasi Fotima aya 1987-yilda vafot etadi. Bulat Soliyevdan 4 nafar farzand qolgan. Ular hozirda turli faoliyatlar bilan mashg‘ul. Po‘lat Soliyevning nabirasi Alisher aka Muhiddinov bugungi kunda bobosining merosini saqlab kelmoqda.
Ubaydulla Quvvataliyev,
TerDU qoshidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
Jamiyat
Mirziyoyev Namanganda raqamlashtirish, bandlik va investitsiya bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatlar markazida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Namanganda tashkil etilgan «aqlli» vaziyatlar markazi va Yangi Namangan mahallasidagi «Mahalla axborot va xizmat markazi» loyihasi taqdim etildi. Markaz orqali 8 ta mahallada yashovchi 27 mingdan ortiq aholiga qariyb 980 turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyat sanoati hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga oshirish vazifasi belgilangan.
Prezident hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta «aql markazi»ni yangi ish uslubiga o‘tkazishni topshirdi. Ular har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha o‘sish manbalarini aniqlaydi.
Yig‘ilishda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 80 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Investitsiya sohasida Namanganga bu yil 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus olib kelish, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari ham muhokama qilindi.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Mahalliy5 days ago
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
