Jamiyat
Zamon sarhadlariga sig‘magan Parfyonov
Bizning ajdodlar ilgari zamonlardan Zarautda yashashgan. 45 yillik umrini shu yerda o‘tkazgan otam usta Rahmonberdi o‘tgan asrning 30-yillarida Zarautni eng so‘ng tark etganlardan biri bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasin, Zaraut haqida gap ketar ekan, u o‘zgacha ruh olar va bir-biridan qiziq hikoyat-rivoyatlarni zavq-shavq ila aytib berardi: Zarautsoyning tillarang do‘ngliklarida sayr etuvchi zar kokilli parilar, Boburxon (otam tasvirida Movurxon) tilsimlab ketgan qirq xachirga yuklangan boylik, mazkur xazina tilsimini ocholmay, quruq qo‘l bilan qaytib ketgan hindiy, xazinani haqiqiy sohibi uchun avloddan-avlodga saqlagan zarautliklar…
Oradan ko‘p yillar o‘tganda tushundimki, Zarautsoyda ilgaridan tosh qizil suratlarining mavjudligi odamlar xayolini o‘g‘irlab tilsimlangan xazina haqidagi afsonalar to‘qilishiga olib kelgan.
Ibtidoiy ajdodlar mezolit (o‘rta tosh), neolit (yangi tosh) va bronza davrlarida – bir necha o‘n mingyilliklar mobaynida – Zarautsoy tasvirlarini yaratganlar, ushbu g‘aroyib maskanga odamlar tashrifi haqidagi keyingi bir necha yuz yilliklarning xabarlari ham bugun bizning ixtiyorimizda. X–XIII asrlarga oid arab yozuvlari, XV asrda hazrat Alisher Navoiy shu yerlardan o‘tib, o‘z taassurotlarini «Sab’ai sayyor» dostonida aks ettirgani, XVI asrga oid Mirzo Bobur Zarautsoyda qoldirgan izlar, 1912-yilda harbiy topograf Fyodorov Zarautkamar suratlaridan nusxalar olgani va boshqalar…
Ammo, Zarautsoyning ilmiy o‘rganila boshlangani va uning dunyoga mashhur bo‘lishi haqli ravishda Gavriil Vasilevich Parfyonovning nomi bilan bog‘lanadi.
Parfyonov birinchi bo‘lib Zarautsoy rangtasvirining bebaho ekanini aniqladi, ilmiy jamoatchilik e’tiborini unga qaratdi, o‘rganilishi, muhofazasi va saqlab qolinishi uchun zarur ishlarni amalga oshirdi. O‘sha payt mutaxassis olimlarning umumiy fikriga ko‘ra: «Bu O‘rta Osiyoda eng qadimiy qizil qoya rasmlarining birinchi bor topilishi edi».
Parfyonovning tashabbusi va tashkilotchiligi bilan Zarautsoyga 1940, 1943 va 1945-yillarda ekspeditsiya uyushtirildi va u jahonda mashhur bo‘ldi. Mazkur qoya suratlari bugungi kunda ham mamlakatimizning eng qadimiy tarix va san’at yodgorligi hisoblanib turibdi. U ma’naviyatimizning ilk beshigi, fan uchun tabiiy-tarixiy manba, ijodkorlarga ilhom chashmasi, yosh avlodlarga ta’lim-tarbiya o‘chog‘i…
Parfyonov 1944-yili viloyat o‘lkashunoslik muzeyida maxsus Zarautsoy zalini jihozladi, viloyat ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Zarautsoy kompleks qo‘riqxonasi tashkil etilishiga erishdi, 1946-yil 8-iyulda Zarautsoy Davlat kompleks qo‘riqxonasi chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risida Sherobod rayoni ijroiya qo‘mitasining qarorini chiqartirdi…
Afsus, G.V.Parfyonovning «Zarautsoy qoya rangtasviri» deb nomlangan asosiy ilmiy ishi nashr etilmay qoldi.
Xullas, Zarautsoy Parfyonovning asosiy xizmati bo‘lgan edi.
Shu bilan birga, Parfyonov o‘tgan asrning 30–50 yillarida yurtimiz moddiy madaniyat yodgorliklarini o‘rganish, ularni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyi va hayvonot bog‘ini tashkil etish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodni o‘tmish merosiga muhabbat ruhida tarbiyalash va boshqa shu kabi ishlarda matonat, fidoyilik, kerak bo‘lsa jasorat ko‘rsatib, ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish yo‘lida beminnat, beg‘araz xizmat qilib, zahmat chekib faoliyat yuritgan insondir. Shuningdek, bu inson tashabbusi bilan tuzilgan Sheroboddaryo kompleks arxeologik ekspeditsiyasi Boysun tog‘larida 25 ta g‘or va kamar (shularning ichida Teshiktosh va Amir Temur g‘orlari ham bor edi) topdi, Ko‘hitangda 7 ta g‘orni aniqladi. Zarautsoy ulardan biri. Uning kuch-g‘ayrati bilan viloyat muzeyi qoshida boy ilmiy kutubxona tashkil topdi. Jasoratli va fidoyi insonning qat’iyligi tufayli viloyat hududidagi ko‘pgina yodgorliklar buzib yuborilishdan saqlab qolindi. Masalan, Sulton Saodat me’moriy majmuasi Parfyonov bo‘lmaganida yo‘q bo‘lib ketishi shubhasiz edi.
Gavriil Vasilevich Parfyonov yagona tabiat, tarix, madaniyat va san’at kompleks yodgorligi sifatida qaragan Zarautsoy va uning yon-atrofidagi hudud o‘sha paytlardanoq insonning yovuzlarcha aralashuvidan ozor chekardi. Masalan, Ko‘hitang tog‘larida brakonerlarning yovvoyi burama shoxli echki va arxarlar hamda jayronlarga qiron keltiruvchi harakatlariga tegishli idoralarning e’tiborini jalb etdi, jalb etdigina emas, balki bong urdi. U matbuotda suvni tejash, yerlarni buzilishdan saqlash masalalarida ko‘plab chiqishlar qilgan…
Parfyonov viloyatimizda ommaviy-o‘lkashunoslik harakatini avj oldirdi. Uning eng yaqin yordamchilari maktab o‘quvchilari edi. To‘garaklardan birining ishini shaxsan Parfyonov olib borardi. Termiz shahridagi ana shunday to‘garak a’zolaridan biri jahonga taniqli rassom bo‘lib yetishdi. Bu Ro‘zi Choriyev edi va uning ijodkor rassom sifatidagi birinchi qadami Parfyonov boshchiligida chiqib borishgan Zarautsoy suratlarini chizishdan boshlangandi.
Familiyasi qadimda o‘ggan davlat Parfiyaga kelishib ketishi, turgan-turishi g‘ayrioddiy insonning beqiyos ishlarini afsonadek hayratomuz eshitib, ulug‘dan ulug‘ sarhadlarga yondashgan kabi anglab, shunday odamlar ham bo‘lib o‘tganini ajib bir tug‘yonlar aro sezib yurganmiz. Ammo ming eshitgandan ko‘ra bir ko‘rgan afzal, deydilar. Shu ma’noda «Zarautsoy tilsimlari» kitobi uchun material yig‘ib kutubxona, muzey fondlari, eski davriy nashrlar taxlamlarini varaqlaganda, Parfyonov nomiga shunchalar ko‘p duch keldimki, bunday xizmatlarni bajo etishga har kim ham qodir emasligini anglaganman.
Parfyonovning hayoti hazrati inson har qanday sharoit, har qanday holatda ham ma’naviy kamolot yo‘lida charchamasligini anglatuvchi o‘rnak-namuna bo‘lib tuyuladi mening nazarimda.
Ushbu satrlar muallifi ancha vaqtlardan beri Zarautsoy bo‘yicha izlanishlar olib boraman, mavzuga oid o‘nlab maqolalar yozdim, maxsus kitob chiqardim, tarix va san’at yodgorligini targ‘ib etish, muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan «Zarautsoy» jamoatchilik markazini boshqaryapman, O‘Zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat Fondining Zarautsoyga oid davlat grantini amalga oshirgan odam o‘z tajribamda bunga iymon keltiraman.
Yurtimiz madaniyati va ma’naviyati uchun eng bebaho xizmatlar qilgan, olamshumul kashfiyotlarning boshida turgan, osori atiqalarimizning qo‘riqchisi bo‘lgan, Sulton Saodatdek muqaddas ziyoratgohni saqlab qolgan, zamon sarhadlariga sig‘magan orzular sohibi Gavriil Vasilevich Parfyonovning tarjimai holini tuzukroq bilmadik, u haqdagi ma’lumotlarni uzoq yillar izladik.
Toshkentlik yozuvchi Yuriy Fliginning qo‘limizga tushgan kitobi orqali Gavriil Vasilevich Parfyonov 1897-yil 23-mart kuni Rossiyaning Smolensk shahrida tug‘ilgani, gimnaziyada o‘qigani, armiyada xizmat qilgani, 1927-yildan Smolensk o‘lkashunoslik muzeyida ishlagani, yoshlik orzusini amalga oshirib, 1930-yilda Samarqandga va keyin esa Surxondaryoga kelganini bildik. Surxondaryodagina uning chin tadqiqotchilik va tashkilotchilik qobiliyatlari ochiladi, pedagogik mahorati namoyon bo‘ladi, faqat shu yerdagi xizmatlari uchun G.V.Parfyonovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoni beriladi, «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan ham mukofotlanadi.
Parfyonov 1967-yili og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etadi.
Gavriil Vasilevich Parfyonovdek insonning xotirasi biz uchun ta’zim bajo keltirishga arzigulikdir.
Abdulla Xolmirzayev.
Jamiyat
Elchining tarixiy xotiralari chop etildi
Shu kunlarda “Yangi sahifa” nashriyotida taniqli diplomat Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” nomli kitobi chop etildi. Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Ammo shunday kasblar borki, ular nafaqat sharafli, balki nihoyatda mas’uliyatlidir – elchilik faoliyati ana shunday sohalardan biri.
2005-2009 yillarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Bosh konsul, 2012-2021 yillarda esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul faoliyat yuritgan muallifning ushbu asari ham tarixiy, ham ilmiy va badiiy jihatdan beqiyos qimmatga ega. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda diplomat Abror G‘ulomovning avtobiografik asari nashr etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik. Endilikda ushbu an’ananing Yodgorxo‘ja Shodmonov tomonidan davom ettirilishi quvonarli hol.
Men Yodgorxo‘ja aka haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p ijobiy fikrlar eshitganman. 1961 yilda tug‘ilgan muallif o‘z faoliyati davomida dastlab yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari sifatida samarali mehnat qilgan.
1999-2000 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005 yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012 yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Ko‘plab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, Vatan ravnaqi yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etgan kamtarin va malakali diplomatning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimiz isbotidir.
Qiziqarli va samimiy tilda yozilgan ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, elchilik davri muallif uchun chinakam sinov va mazmunli hayot maktabi bo‘lganiga amin bo‘lasiz.
“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi muallif.
Kitob orqali Afg‘oniston bizga qo‘shni bo‘lsa-da, ichki vaziyati va murakkab siyosiy-harbiy jarayonlari biz uchun ancha notanish bo‘lgan davlatning haqiqiy manzarasini anglaymiz. Salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu yurt odamlarining yuksak g‘ururi, samimiyati va mehmondo‘stligi o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Muallif Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Hirot kabi viloyatlar, Kobul, Mozori Sharif, G‘azni kabi shaharlar haqida shunday mahorat bilan hikoya qiladiki, voqealar beixtiyor ko‘z oldingizda jonlanadi.
Ayniqsa, Afg‘onistonning 100 ga yaqin yetakchilari, qo‘mondonlari va nufuzli shaxslari haqidagi ma’lumotlar, ularning siyosiy tiynati va salohiyati tarixiy izchillikda mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, muallifning oddiy afg‘on dehqoniga bo‘lgan ehtiromi, ularning matonati va yashovchanligiga bergan ta’rifi kitobning ta’sirchanligini oshirgan.
Yodgorxo‘ja Shodmonov Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, “Tolibon” hokimiyatga kelgan og‘ir kunlarda ham o‘z burchiga sodiq qoldi. Elchixona yaqinidagi mudhish terrorchilik harakati oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolangan bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘z missiyasini davom ettirdi. Uning siymosida o‘z davlati manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan, vatandoshlarini himoya qilishni muqaddas burch deb biladigan haqiqiy vatanparvar diplomatni ko‘ramiz.
Asarning keyingi boblarida 2016 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati shaxsiy tajribalar asosida batafsil yoritilgan.
“Ikki qutb orasida” kitobi shunchaki voqealar bayoni emas, balki elchining qalb iztiroblari, hayratlari va teran mushohadalari in’ikosidir. Nodir fotosuratlar bilan boyitilgan ushbu asar diplomatlar, afg‘onshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Jamiyat
O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
Jamiyat
Piskentda «suvta’minot» rahbari sheriklari bilan qariyb 4 mlrd so‘mlik quvurlarni «tuya qilgan»
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJ mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, umumiy qiymati 3 mlrd 931,2 mln so‘mlik suv quvurlarining 3 mlrd 78,4 mln so‘mlik qismi, ya’ni jami 14 800 metrini qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Mazkur holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi hamda «O‘zsuvta’minot» AJ komplayens xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan.
Ayni paytda qayd etilgan holatlar yuzasidan «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJning mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Samarqandda 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshadi
Avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Foto: Samarqand viloyati transport boshqarmasi
Samarqand shahrida 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshiriladi. Bu haqdagi qaror Xalq deputatlari viloyat Kengashining 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida qabul qilindi. Unda jamoat transportida elektron to‘lovlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tariflar tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, 1 maydan avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Bu amaldagi tarifga nisbatan 1 ming so‘mga oshirilgan. Shu bilan birga, transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Shuningdek, mutasaddilarga jamoat transporti harakatini barcha yo‘nalishlarda soat 22:00 gacha uzaytirish, turistik yo‘nalishlarda esa 24 soat davomida ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda jamoat transportida yo‘l haqini naqd pul orqali to‘lash mutlaqo bekor qilinadi. Aholidan naqd pulsiz to‘lov usullariga o‘tish so‘ralgan. Yo‘lovchilar transport va bank kartalari, shuningdek mobil ilovalar orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Yo‘l chiptalarini infokiosklar orqali xarid qilish imkoniyati ham mavjud.
Jamiyat
Mashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
Sudlanuvchilar O‘zbekistonning turli hududlarida 20 dan ortiq MChJ ochib, past foizda mashina olib berishni va’da qilgan holda, yuzlab odamlarni chuv tushirgan. 14 nafar sudlanuvchiga qariyb mingta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangandi. Ular sudda 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topildi.
Oson shartlarda mashina olib berishni va’da qilib, odamlarni chuv tushirgan “Umid avto”chilar jinoiy jazoga tortildi. 14 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yunusobod tuman sudida sudya Shamsiddin Tojiyev raisligida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Sud majlisida qatnashgan Kun.uz jurnalistining xabar berishicha, sudlanuvchilarga 987 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilinib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangan. Sudda ular 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topilib, oqlandi. Ayrim jabrlanuvchilar esa da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shu tariqa sudlanuvchilardan 834 ta epizod bo‘yicha jabrlanuvchilarga 60 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar undirish belgilandi. Bunda har bir sudlanuvchi o‘zi aybli deb topilgan epizodlar bo‘yicha zararni qoplashi nazarda tutilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarga quyidagicha jazo tayinlandi:
Qodirov Dilshod Muhammadjonovich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abdurahmonov Abdumannop Abduhakim o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abduhakimov Ibroxim Anvar o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nig‘monjonov Muhammadmuso Ruslan o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 410 baravari miqdorida jarima;
Saidov Ixtiyor Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Raximov Mirqodir Raxmat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toirjonov Akrom Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Muhammadjonov Shukurullo Risxivoy o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Tal’atov Sarvar Tohir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Ismoilov Iskandar G‘ayrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toshtemirov Og‘abek Zokir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Xudoyberdiyeva Umidabonu Raxim qizi – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nematov Shuxratjon Nusrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Mahmudov Mirjalol Muqumjon o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish.
Ma’lumot uchun, “Umid avto” rahbari Abdumannop Abdurahmonov 2025 yil yanvar oyi boshida qamoqqa olingandi. 2025 yil iyun oyi oxiriga kelib esa mashina olib berish bahonasida 840 dan ortiq odamni chuv tushirgan guruh ushlangandi.
Abdumannop Abdurahmonov va boshqalar past foizda avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan. Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto” kabi 20 dan ortiq MChJ tashkil etib, fuqarolarning mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgani aytilgandi.
Abdumannop Abdurahmonov Kun.uz’ga bergan izohida mashinalar o‘z vaqtida topshirilmaganini 2022-2023 yillarda bir necha o‘nlab lizing kompaniyalar yoppasiga yopilib ketgani bilan izohlagandi.
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
-
Sport5 days agoSuperliga. «Paxtakor» va «Neftchi» ta’qibchilardan ilgariladi
-
Dunyodan3 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
