Connect with us

Jamiyat

Buxoroda «Shaffof qurilish»siz qurilish: Qonun buzildimi? (video)

Published

on


Bugun jamiyatimiz «Tashabbusli budjet» orqali o‘z hayotini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘layotgan bir paytda, har bir so‘mning qayerga va qanday sarflanayotgani haqida xabardor bo‘lish fuqarolar uchun ham huquq, ham mas’uliyat hisoblanadi.

Vaholanki, xalq qo‘llagan loyiha xalqning puli va u omonatdir. Shuning uchun ham eng oddiy ko‘cha chirog‘idan tortib, yo‘l, elektr infratuzilmasigacha har bir qurilish, har bir xarid ortida shaffoflik, ochiqlik va javobgarlik turishi lozim. Lekin shunday paytlar bo‘ladiki, jamoatchilik o‘rtasida paydo bo‘lgan savollar butun jarayonga soya solishi mumkin.

«Shaffof qurilish»mi, «Milliy do‘kon»?

Qishloq infratuzilmasi uchun ajratilgan salkam 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga nega ishlar sifatsiz bajarilgan? Nega uskunalar sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda xarid qilingan? Tungi chiroqlardan nega darak yo‘q?! 35 mm o‘rnida 22 mm.li kabellarning o‘rnatilishi qishloq uchun xavfli tajriba emasmi? Qurilish tashkiloti va obodonlashtirishdagi kamchiliklarni mas’ullar tan oladimi?..

Buxoro viloyati Kogon tumani «Niyozhoji» MFYdagi Kurjan qishlog‘i ko‘chalarida tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, havo kabellari o‘tkazish va elektr infratuzilmasiga oid loyiha atrofida ayni shunday savollar ortmoqda. Gap shundaki, murojaatda loyiha doirasidagi zarur material va uskunalar elektron tender orqali emas, balki, «Milliy do‘kon» orqali xarid qilingani aytiladi. Agar aholining ushbu da’volari tasdiqlansa, bu, nafaqat, qonunbuzarlik, balki, ochiq budjetga bo‘lgan ishonchning buzilishiga ham olib kelishi, ehtimol.

Aytish joizki, shaffof qurilish, elektron tender va ochiq xarid yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2022 yil 7 apreldagi 197-sonli, 2023 yil 10 apreldagi 117- sonli qarorlari, shuningdek, Senat Kengashining 2024 yil 30 yanvardagi 666-IV-sonli qarorida loyihalar ustidan jamoatchilik nazorati, tanlovlar va elektron tenderlarning faol, ochiq va inson omilisiz tarzda amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Loyiha tashabbuskori, fuqaro Sa’dullo Ergashevning bildirishicha, 2025 yil 26 martdagi tuman Kengashining VII-06-34-2-36-K/25-sonli qaroriga muvofiq, «Niyozhoji» MFY, Kurjan qishlog‘i infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 5 dona 250 kVt transformator,  200 ta simyog‘och,  12 000 metr SIP kabel, 200 ta quyosh panelli tungi chiroqlarni o‘rnatish loyihasi «Tashabbusli budjet» asosida g‘olib deb topilgan. Loyihaning moliyaviy qiymati 1 milliard 495 million so‘m etib belgilangan (ID: 050370044013). Mablag‘lar tuman obodonlashtirish boshqarmasi shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga o‘z vaqtida o‘tkazilgan.

Ekspertizaga murojaat qilindi

«Mablag‘lar o‘z vaqtida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ishni yakunlash muddatlari kechikmoqda. O‘rtaga tashlayotgan savollarimizga amaldorlar tomonidan javoblar cho‘zilmoqda. Eng achinarlisi, xarid jarayonlarida «Shaffof qurilish» qoidalariga amal qilinmagan. Yetmaganiga, qurilish tashkiloti biz bilan muloqotda tungi chiroqlar o‘rnatilmasligini va unga «openbudjet» uchun ajratilgan pullar yetmay qolganini ro‘kach qildi. Bu o‘z-o‘zidan hafsalamizni pir qilmay qo‘ymadi. Shundan so‘ng shuncha yirik miqdordagi mablag‘ va aynan, loyihaga ko‘ra, o‘rnatilishi kerak bo‘lgan 200 ta quyosh panelli tungi chiroqlarga mablag‘ qanday yetishmasligi mumkinligi bizni xavotirga sola boshladi. Va bunga haqli ravishda o‘z huquqimizdan foydalangan holda, xarid qilingan mahsulotlarning asl narxi qancha ekanini aniqlashga kirishdik. Bu yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Hadicha Sulaymonova  nomidagi sud ekspertiza markazi Buxoro viloyati bo‘limiga rasman murojaat qildik», – deydi loyiha tashabbuskori.

Taqdim etilgan va arizada ko‘rsatilgan tovar moddiy boyliklarning texnik parametrlari, ularning nomlari va ko‘rsatkichlari ko‘rsatib o‘tilgan. Sud ekspertiza markazining Buxoro viloyati bo‘limi ham murojaatchilar savollari bo‘yicha tovarlarning haqiqiy bozor narxlari kanchalik haqqoniy ekani yuzasidan o‘z xulosalarini taqdim etgan.

Ma’lumot o‘rnida: Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Buxoro viloyati iqtisodiyot va moliya boshqarmasi Kogon tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tomonidan Xalq deputatlari Kogon tumani Kengashi raisi, ichki komissiya rahbariga, Kogon tuman prokuroriga hamda Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga joriy yilning 13 avgust kuni 02-32/151-sonli xat chiqarilgan.

Aholi: «35 mm kabel o‘rniga 22 mm tortishgan…»

«Transformatorlar 92 million so‘mga baholanib, xarid qilingan. Sud ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, ushbu transformatorning o‘rtacha bozor narxi 61 880 694,6 so‘mga baholab berildi. Bu xalqning puli, xalqning omonati. Yana bir og‘riqli joyiga to‘xtaladigan bo‘lsam, tranformatorlarga 35 mm kVtli izolyasiyalangan tok o‘tkazuvchi havo kabellari tortilishi o‘rniga 22 mm kVtli kabellari tortilgan. Shaxsan o‘zim ushbu kabellarning tok o‘tkazuvchanligini tekshirib ko‘rdim», – so‘zida davom etadi suhbatdosh.

Ma’lum bo‘lishicha, salkam bir oycha ilgari bu haqda Kogon tumani hokimi hamda Kogon tumani prokuroriga ham bildirilgan.

«So‘zim isboti sifatida asl holatni isbotlovchi 35 mm kVtli izolyasiyalangan tok o‘tkazuvchi havo kabellari hamda 22 mm kVtli kabellar bilan shaxsan ular qabuliga ham kirdik. Ammo, hech qanday javob bo‘lmadi, e’tiborsiz qoldirildi. Natija bo‘lmagandan keyin OAV vakillariga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keldi», – deydi loyiha tashabbuskori.

Aholining aytishicha, qishloqda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari talay. Yo‘llar ta’mirlangan, ayrim infratuzilma ob’yektlari yangilangan. Buning ortida qishloqning faol aholisi va yoshlarning tashabbusi va mehnati bor. Biroq, ularning so‘ziga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» doirasida bajarilayotgan ayrim ishlar borki, ulardan aholi orasida norozilik kayfiyati ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yilning 21 martida «Tashabbusli budjet»da g‘olib bo‘lgan bo‘lsa-da, 1 dekabr holatida ham ishlar to‘liq yakunlanmagan.

Odamlar loyiha doirasida qishloqqa o‘rnatilishi lozim bo‘lgan transformatorlarning arzon narxda xarid qilingani, ammo hujjatlarda qimmat narxda qayd etilganini vaj qilishdi.  Shu bilan birga, kabellar tortilishi aytilgan bo‘lsa-da, loyihada belgilanganidan past quvvatli, sifat darajasi shubhali kabellar o‘rnatilganini aytishmoqda.

«Achinarli bir holatga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik. Simyog‘ochlar traktorlar yordamida qishloq ko‘chalari bo‘ylab sudrab keltirildi. Yap-yangi simyog‘ochlarning qanchasi sinib, qanchasi shikastlandi. Shunday holatda o‘rnatildi. Yana bir masala: simyog‘ochlar hali o‘rnatilmay turib, «mendan ketguncha» qabilida chala va pala-partish bo‘yoqlanib, ustiga-ustak, bo‘yoqlari qurimay turib, o‘sha paytning o‘zida chuqurlar kovlanib, o‘rnatildi. Soha mutaxassisi jalb etilgan emas! Buni qanday izohlash mumkin?!» – deydi fuqarolardan biri.

Shunga qaramasdan, yangi simyog‘ochlar ham o‘rnatilib, elektr simlari o‘tkazilgan. Eski va yangi simyog‘ochlarga ulangan elektr simlarining o‘zaro kesishuvi yuqorida xuddi o‘rgimchak uyasi ko‘rinishini namoyon etgan. Yetmaganiga yangi simyog‘ochlar elektr simlarining nosoz va texnik qoidalarga rioya qilinmagan tartibda o‘tkazilgani odamlar hayoti uchun xatar va xavfni keltirib chiqarmasligiga kafolat yo‘q.

«O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, eski simyog‘ochlar o‘rniga yangilari o‘rnatilib, sifatsiz kabellar tortilishidan xalqqa nima naf? Asosiy maqsad tungi yoritish tizimini to‘liq barpo etish va sifatli elektr ta’minotini ta’minlash emasmidi? Kechqurunlari qishlog‘imiz qop-qorong‘u. Zim-ziyo ko‘chalarda necha bor bolalarimiz ariqqa tushib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Ko‘nglimizga botmaydigan ishlar bo‘lyapti-da», – deydi 75 yoshli otaxon Mustaqim Mardonov.

Ma’lum bo‘lishicha, transformator o‘rnatilgandan so‘ng tok o‘tkazuvchi kabellar tortilayotgan vaqtda qurilish tashkiloti xodimlari aholi tomonidan ogohlantirilgan. Kabellarni tajribali elektriklar o‘rnatishi shartligi aytilgan. Biroq, bunga e’tibor qaratilmagan.

Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi: «Prezident qarorlari buzilgan…»

Holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazilayotgan bir jarayonda mas’ul idora, tashkilotlar vakillari yetib kelishdi. Aholi bilan muloqot o‘rnatildi. Fuqarolar va mas’ullar o‘rtasida yuzaga kelgan bahslarda mas’ullar barcha muammoli masalalarni  qayta ko‘rib chiqilishi va ularning bartaraf etilishini aytish bilan cheklanishdi.

Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Jamshid Karimov esa ushbu loyihaga doir amallarning o‘lda-jo‘lda olib borilayotganiga avval boshidan qarshi ekanini bildirdi. Loyihani «Shaffof qurilish» tizimi orqali qaytadan o‘tkazish eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi.

«Bu loyihani boshidan bekor qilish kerak. Quruvchi tashkilot kelib, belgilangan kabelni o‘rnatib beradimi, boshqami, u, baribir, endi noqonuniy sanaladi. Prezident qarorlari buzilgan. Afsuski, qaytadan tashkil etishga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda ham jabr ko‘radigan bu yana xalq. Xalqni intiq kutgan vaqti, yetmaganiga buyog‘iga ob-havoning namgarchiligi… O‘ylamay tashlangan qadam oqibati bu!» – dedi u asabiylashgan ko‘yi.

Qishloq aholisi o‘rtasida elektr infratuzilmasini yangilash bo‘yicha olib borilgan ishlar atrofida tortishuvlar yuzaga keldi. Ayniqsa, transformator va kabellar sifati, shuningdek, tungi yoritish tizimi o‘rnatilmagani yuzasidan berilgan savollar mutasaddilardan aniq javob talab qilmoqda.

Qurilish tashkiloti ayblovlarni rad etmoqda

Mas’ul tomon sifatida ko‘rsatilgan «Mirzabek Stroy Montaj» qurilish korxonasi rahbari A’zam Nuriddinov ayblovlarni rad etmoqda.

«Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish bizning shartnomamizda, umuman, yo‘q. Kabellarga kelsak, zavodga pul ko‘chirilib, rasmiy ravishda xarid qilingan. Barcha sertifikatlar bor. Men bu mahsulotlarni o‘zim, uyimda ishlab chiqarmaganman, zavod nima ishlab chiqarsa, o‘sha keladi. Tegishli tashkilot o‘lchab, xulosa beradi», – dedi u.

Aholi esa kabellar loyihada ko‘rsatilganidan past quvvatli ekanini ta’kidlamoqda.

«Shuni aniqlash uchun tegishli tashkilotga ariza berilgan. Xulosani o‘sha aytadi. Asosiysi, men hali bu ob’yektdan bir tiyin ham olmaganman», – deya javob berdi qurilish rahbari.

Uning ta’kidlashicha, elektron savdoda narxlar mustaqil shakllanadi.

«Elektron savdoda inson omili yo‘q. Bank 92 million ajratgan bo‘lsa, demak, bozorda 98, 100, 102 million so‘mlik takliflar bo‘lgan. Eng arzonini yetkazib beraman, degan sifatda men tanlanganman», – dedi A’zam Nuriddinov.

Loyiha tashabbuskori Sa’dullo Ergashev esa «Elektron savdoga chiqqunicha, transformatorni allaqachon keltirib o‘rnatishgan edi», deydi.

Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Jamshid Karimov masalani keskin bayon qildi: «Birjada 92 million so‘mlik transformatorning o‘zi yo‘q. Eng baland narxi 62 million. Demak, har birining orasida, taxminan, 30 milliondan mablag‘ «o‘zlashtiriilgan». Qonun bo‘yicha bu ishlar tuman Obodonlashtirish bo‘limi tomonidan savdoga qo‘yilishi kerak edi», – deya daxldor idoralarni mas’uliyatga chaqira turib so‘zlaydi u. – Men bu jarayonda bevosita mutaxassis sifatida qatnashganman. Tuman hokimi qabuliga ham kirib, ayrim kamchiliklarni ko‘rsatganman. «Noto‘g‘ri ketayapsizlar, jarayon shaffof bo‘lishi kerak», – degan talabi qo‘yganman. Afsuski, hech kim e’tibor qilmadi. Natija esa mana, ziddiyatli vaziyatga yetib keldik».

Tuman Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid Do‘stov: «Agar loyiha-smetada ko‘rsatilgan narx boshqacha bo‘lgan bo‘lsa, bu bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan savol-javob qilinadi. Ekspertiza xulosasida boshqa kabel keltirilgani qayd etilsa, javobgarlik mavjud. Aholi «Tashabbusli budjet»ga qanday talab qo‘ygan bo‘lsa, o‘sha talab to‘liq bajariladi. Va muammolar bartaraf qilinadi», – deya va’da berdi.

«Kamchilik bo‘lsa, ob’yekt qabul qilinmaydi»

Bahsu-munozaralarga sabab bo‘layotgan «Tashabbusli budjet» doirasidagi ushbu loyiha atrofida aholi bildirgan e’tirozlar borasida tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shamsiyev bilan ham suhbatlashdik. Uning aytishicha, aholi ko‘targan har bir masala o‘rganilib, zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Uning aytishicha, agar o‘rganishlar natijasida kamchiliklar tasdiqlansa, ob’yekt qabul komissiyasi tomonidan «qabul» qilinmaydi va qurilish tashkiloti ishni yakunlangan holda topshira olmaydi. Holat inspeksiya tomonidan tekshiriladi.

«Quruvchi qurilgan inshoot detallarini demontaj qilib ketishga haqli emas. Agar talab etilsa, barcha kamchiliklarni qaytadan bartaraf etishi shart. Xalqning puli ham, vaqti ham o‘yinchoq emas. Agar noqonuniy xatti-harakat kuzatilsa, u qonun oldida javob beradi», – dedi hokim o‘rinbosari.

Prokuratura: tekshiruvlar boshlangan

Murojaatchilarning so‘ziga ko‘ra, ular ushbu muammo bilan tuman prokuroriga ham murojaat qilingan, ammo yetarli e’tibor berilmagan.

Jurnalist Buxoro viloyati prokurori Ulug‘bek Hamdamov bilan telefon orqali bog‘langan. Viloyat prokurori ushbu masala yuzasidan allaqachon harakatlar boshlanganini ma’lum qilgan: «Bu juda dolzarb masala va unga e’tibor qaratmaslik mumkin emas. Tegishli topshiriqlar berilgan, ayni paytda ishlar izchil tarzda olib borilmoqda».

Bildirilishicha, haqiqatan ham loyiha uchun 1 495 000 000 so‘m mablag‘ Obodonlashtirish boshqarmasi hisob varag‘iga o‘tkazib berilgan.

Tahririyatga taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ o‘rtasida Tovar xom ashyo birjasining «Milliy do‘kon» platformasi orqali 241111144123704-lot bo‘yicha 07.08.2025 yilda 3550211-sonli umumiy qiymati 1 029 888 000 so‘mga «Noturar joy binolari» xarid qilish shartnomasi rasmiylashtirilgan. Shartnoma texnik parametrlarida bino va muassasalarda ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va montaj ishlarini bajarish, bajarilgan ishlarni dalolatnoma asosida topshirish belgilangan.

Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ o‘rtasidagi umumiy qiymati 1 029 888 000 so‘mga «Noturar joy binolari» xarid qilish shartnomasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 46 va 49-moddasi talablariga hamda PQ-425-sonli qaror talablariga zid ravishda rasmiylashtirilgan.

Hozirgi kunda Kogon tumanidagi Kurjan qishlog‘ida bajarilgan ishlar yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

P/S: Ushbu holat yuzasidan Kogon tumani prokuraturasi tomonidan izchil sa’y-harakatlar olib borilayotgan bir vaqtda «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ rahbarining «Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish bizning shartnomamizda, umuman, yo‘q», shuningdek, «Men bu mahsulotlarni o‘zim, uyimda ishlab chiqarmaganman, zavod nima ishlab chiqarsa, o‘sha keladi», – deya iddao qilgani taajjubli. Yuqorida aytilganidek, xalq qo‘llagan loyiha – xalqning puli va u omonatdir…

Kuzatamiz va mavzuga yana qaytamiz.

Laylo Hayitova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi

Published

on


Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi. 

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.  

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!

Published

on


Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.

Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.

“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.

Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.

Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!

Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif

Published

on


BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

– boshlang‘ich to‘lov – 35%;

– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;

– foiz stavkasi – 0%;

– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.

Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.

360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.

Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.

BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.

BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari

Rasmiy ishonch telefoni: 1811

Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz

Instagram: @bydauto.uz

Telegram: t.me/bydautouz





Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Published

on


E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.  

Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Shundan:

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;

— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;

— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.

Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.