Jamiyat
Toshkentdagi mahalla ichida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqmoqda
Yakkasaroy tumanining hovlilardan iborat To‘qimachi mahallasida yashovchilar mahalla hududidagi 6 sotixli maydonda kotlovan qazish boshlangach, bu yerda 5 qavatli ofis va mehmonxona qurilishidan xabar topdi. Aholi vakillari otel kelajakda nobop maskanga aylanishi, mahallaning tinchini o‘g‘irlashidan xavotirda. Ularning da’vosini ko‘rib chiqayotgan sudya qurilish joyiga kelib, holatni o‘rgandi. O‘rganish jarayonida Kun.uz muxbiri ham qatnashdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Toshkentning Yakkasaroy tumani “To‘qimachi” MFY Jambul ko‘chasida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Hozircha kotlovan holatida turgan obekt mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Toshneftgazishchita’minot” MChJ Jambul ko‘chasi 2-uy manzilida ofis va mehmonxona qurish uchun 2024 yil 15 iyulda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa olgan. Shu yerda yashovchi aholi vakillari esa bu loyihadan 2025 yil may oyiga kelib, ya’ni qurilish ishlari boshlangach xabar topganini aytmoqda.
Bir guruh fuqarolar qurilish boshqarmasining xulosasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritgan. 2025 yil 20 may kuni sudya Olim Shamsiyev arizachilarning iltimosnomasini qanoatlantirib, obektning qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqardi.
Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, aholi vakillarini tingladi. Ularning aytishicha, 6 sotixlik yer maydoni qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan, mehmonxona qurilishidan qo‘ni-qo‘shnilarning xabari bo‘lmagan.
“Aka-ukalar turardi. Ota-onasi o‘tgandan keyin sotib ketishdi. Undan keyin joy yana ikki marta sotildi. Keyin bu keldi. Unga aytdim, ota-onang bormi seni dedim. Bor dedi. Ota-onang bo‘lsa dedim, ikki qavatlik qurasan dedim. Besh qavatlik qurmaysan dedim. Bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Peshonamda turadi. Foxishaxona bo‘ladimi dedim. Yo‘q, xola, qurib beraman, olib kelaman dedi. Shu bo‘yicha yo‘q bo‘lib ketgandi”, – deydi fuqarolardan biri.
Jambul ko‘chasida yashovchilardan yana biri oxirgi paytlar atrofda mehmonxonalar ko‘payib ketgani, shu sabab mahalladan osudalik ariganini aytdi. Bir holatda, otellardan birining mijozlari mashinada ichki ishlar xodimlaridan qochib, mahalla ichidan yurib, yo‘l chetida turgan mashinalarni qirib o‘tib ketgan.
“Mana shularni dastidan mashina ko‘p. Yurib bo‘lmaydi. Ko‘chaga chiqa olmaymiz. Bolalar ko‘chaga chiqib, shu mashina turtib yubormasin deb eshikni qulflab o‘tiramiz. Yana otishmalar bo‘lib ketdi, hammayoq militsiyaga to‘lib ketdi. Juda xavotirga tushib yashayapmiz. Mahallani ichi tinch bo‘ladi deymiz-u, tinchligimiz yo‘qoldi-da. Ko‘chani narigi yuzi mehmonxona. Hamma yoqni mehmonxona bosib ketdi. Endi bunisi juda ortiqcha bo‘ldi. Svetimizga, suvimizga ta’siri bo‘lyapti”, – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ayol.
Sud ishida asosiy da’vogar bo‘lgan Sanobar Rahimova ham mehmonxona kerak emasligini aytdi. “Hech kim kelishuvga imzo chekmadi. Ular bizni eshitmayapti”, – deydi da’vogar.
Kun.uz’ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, loyihani amalga oshirayotgan “Toshneftgazishchita’minot” vakillari 2024 yil 16 noyabrda mahallada yig‘ilish o‘tkazib, 2-uy manzilida nimalar bo‘lishi haqida ma’lumot bergan. Shundan keyin mahalla raisi, hokim yordamchisi va boshqa faollar yig‘ilish bayonini muhr va imzo bilan tasdiqlab berishgan. Sanobar Rahimovaning ishonchli vakili, advokat Farrux Sayfullayevga ko‘ra, quruvchi qo‘shnilarning roziligini olmagan, xulosani esa noqonuniy qo‘lga kiritgan.
“Himoyam ostidagi shaxs 17-uyda yashab keladi. Tadbirkor besh qavatli mehmonxona qurish jarayonida kotlovan ishlarini olib borgan. Shu jarayonda mana shu uyda devorlarda siljish, pollarda uyning ichida treshina berish holatlari yuzaga kelgan. Aholini juda ham ko‘p noroziligiga olib kelyapti. Aholini roziligini olish kerak degan sharti bor. Chunki Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasini ijobiy xulosasini bandida yon qo‘shnilarni roziligini olish tavsiya etiladi deb belgilab ketilgan. O‘ndan ziyod fuqarolar norozi”, – deydi advokat.
3 iyun kungi sud majlisida sudya Olim Shamsiyev masalani joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha qaror chiqargan. 4 iyun kuni sudya manzilga kelib, loyiha bilan tanishdi. Sanobar Rahimovaning uyi va obektning oraliq masofasi 6 metr chiqdi. Sudya avtoturargoh qayerda bo‘lishi va nechta mashinaga mo‘ljallanayotgani bilan ham qiziqdi. MChJ vakiliga ko‘ra, turargoh ko‘chaga qilinmaydi. Shundan so‘ng, sudya asosiy da’vogar Sanobar Rahimovaning uyini ko‘zdan kechirib, uyning shikastlangan devorini suratga tushirdi.
surat
“Toshneftgazishchita’minot” MChJning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Marat Hayitov aholi taklif bersa, kelishish masalasi ko‘rib chiqilishni bildirdi.
“Bu uyning devorlari xom g‘ishtdan yoki loydan terilgan. Bu aynan biz tomonimizdan qurilish xavfsizligiga rioya qilinmagani natijasida devori zax tortib ko‘chganini bildirmaydi. Tepasidan suv o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ichkaridan ham qarasangiz, devorni yiqitadigan yoki biror narsa emas. 6,4 metr qochirilgan. Yerning o‘zi hozir 5 metr turgan bo‘lsa, 1 metri kotlovan ochilib qoldiriladi, yana qaytadan zasipka qilinadi, ya’ni qayta ko‘miladi. Bu degani 200-sonli qaror bo‘yicha 6 metrdan ham ko‘proq degani. Sanitariya organlari tomonidan xulosa berilganki, biz tomonimizdan, ya’ni barpo etilayotgan bino qo‘shni, yondosh, qo‘shni yashayotgan boshqa odamlarni huquqlariga daxl qilmaydi. Ikkinchidan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 6 metrdan ko‘p masofa qoldirilsa, boshqalarning huquqini buzmaydi. Taklif bersin, kelishish masalasini ko‘rib chiqamiz. Taklif ma’qul kelsa. Agar taklif ma’qul kelmasa, bizga noma’qul taklif keladigan bo‘lsa, unda kelishishga hojat ham yo‘q”, – deydi u.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi tarmog‘iga tushadigan yuklama ham hisobga olingan. Bunda tegishli elektr tarmoqlari korxonasidan texnik shart olinadi.
Hayitovga ko‘ra, tegishli hujjatlarda aholidan ruxsat olish talabi yo‘q.
“Bular qo‘shni bizga. Yo‘lning narigi betida. 14 metr masofasi bor ekan u tomonigacha, Lekin qonunda yoki Vazirlar Mahkamasi qarorida, boringki, normativ-huquqiy hujjatda yo‘q talabni bizga qo‘yishga hech kimning vakolati, haqqi yo‘q”, – deydi u.
Kun.uz ijobiy xulosa qanday berilgani, obektga yaqin qo‘shnilarning roziligi qanchalik inobatga olinganini bilish uchun Toshkent shahar qurilish boshqarmasi bilan bog‘landi. Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi tahrirdagi shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan, qo‘shni uchastkalardan rozilik yoki ruxsat olish bandi olib tashlangan.
Yuqoridagi kabi holatlarda bino-inshootlar sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi yoki javob bermasligi nuqtayi nazaridan loyiha-smeta hujjatlari tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiadi va xulosa beriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati esa qurilish boshlamasdan oldin kamida 10-15 ta aholining roziligini olib kelishish kerakligini bildirdi.
Holat bo‘yicha sud ishi davom etmoqda.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat16 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat10 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat9 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
