Connect with us

Iqtisodiyot

S&P O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yaxshiladi. Asosiy omillardan biri – oltin

Published

on


S&P O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren reytingini “BB-“dan “BB” darajasiga oshirdi va prognozni “barqaror” deb belgiladi. Bunda 2025 yil oktyabriga kelib Markaziy bank oltin-valuta zaxiralarining 59 mlrd dollardan oshgani ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Tashqi qarz miqdori avvalgi prognozlarga qaraganda tezroq oshishi kutilayotgan bo‘lsa-da, bu “nazorat qilinayotgani” qayd etildi.

S&P O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren reytingini “BB-“dan “BB” darajasiga oshirdi va prognozni «barqaror» deb belgiladi.

Reyting yaxshilanishiga nimalar asos qilib olingan?

Reytingning oshirilishi, birinchi navbatda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning makroiqtisodiy siyosatini yuritishdagi yaxshilanishlar bilan izohlanadi. Bu boradagi asosiy choralar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:


energiya tariflarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
tartibga solish sifati va nazoratini kuchaytirish;
davlat korxonalarini xususiylashtirish;
2026 yilda JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik.

Energiya tariflarining bosqichma-bosqich tannarx darajasiga ko‘tarilishi hukumatning subsidiyalarni qisqartirishiga yordam bermoqda. Rasmiylar 2023 yil oktyabrdan boshlab korxonalar va aholi uchun elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi va jarayon 2025 yilda ham davom ettirildi. Bu o‘zgarishlar inflatsiyani vaqtincha oshirgan bo‘lsa-da, subsidiyalarning 2023 yildagi 1,5 mlrd dollar (YaIMning 1,4 fozi) darajasidan 2024 yilda 0,8 mlrd dollarga (YaIMning 0,7 foizi) kamayishiga yordam bergan.

Rekord darajadagi oltin narxlari 2023–2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarini ikki baravarga ko‘paytirgan. Oltin va boshqa metallar umumiy eksportning qariyb 40 foizini tashkil etadi. Markaziy bank zaxiralarining 80 foizi monetar oltindan iborat. Buning natijasida mamlakat qulay tashqi savdo sharoitlaridan foyda ko‘ryapti.

Garchi geosiyosiy va global savdodagi noaniqliklar fonida O‘zbekiston uchun to‘lov balansiga oid xavflar yuqori deb baholansa-da, bu xatarlar quyidagi omillar orqali qisman yumshatiladi:


tashqi moliyalashtirishning kuchliligi,
tashqi qarz shartnomalarining uzoq muddatga tuzilishi,
rivojlanayotgan bozorlar kontekstida tashqi qarz yukining nisbatan mo‘’tadilligi.

Shunga qaramay, tashqi manbalar hisobidan moliyalashtirilayotgan investitsiya loyihalari hukumat kutgan barqaror o‘sishni ta’minlay olmasa, qarz muammoga aylanishi mumkin.

Fiskal daromadlarning taxminan to‘rtdan bir qismi, tovar eksportining yarmidan ko‘prog‘i, Markaziy bank xalqaro zaxiralarining uchdan to‘rt qismini oltin tashkil etadi. Shu sababli, O‘zbekistonning tashqi va fiskal pozitsiyalari oltin narxlaridagi tebranishlarga kuchli darajada bog‘liq.

Bundan tashqari, geosiyosiy zaifliklar ham yuqori darajada saqlanib qolyapti. Iqtisodiyotning Rossiyadan pul o‘tkazmalariga va savdo bo‘yicha bog‘liqligi tashqi zarbalarga va ikkilamchi sanksiyalar xavfiga nisbatan sezgirligini oshiradi.

S&P mutaxassislari 2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 6,6 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qiladi. Bunga quyidagilar asos bo‘ladi:


uy xo‘jaliklarining barqaror iste’mol talabi;
hukumatning energetika, tog‘-kon sanoati quvvatlarini kengaytirish, infratuzilma loyihalari va ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltirilgan yirik investitsiyalari;
iqtisodiyotni rag‘batlantirish va narx barqarorligini saqlashga qaratilgan choralar

Pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik

Aholining qariyb to‘rtdan bir qismi qishloq xo‘jaligida band bo‘lib, ushbu sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 15 foizni tashkil etadi. O‘z navbatida O‘zbekistonning demografik afzalliklarga egaligi qayd etilgan: aholi tarkibining qariyb 90 foizi mehnat yoshida yoki mehnat yoshidan kichkina bo‘lib, bu taklifga asoslangan o‘sish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ish o‘rinlari o‘sishi talabni to‘liq qondira olmasligi taxmin qilingan. Shu sababli O‘zbekistonning ko‘plab doimiy va mavsumiy mehnat migrantlari Rossiya, shuningdek Yevropa va Yaqin Sharqdagi yangi yo‘nalishlarda ish izlashni davom ettiradi. Natijada iqtisodiyot pul o‘tkazmalari oqimiga bog‘langanligicha qoladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalari

Davlat-xususiy sheriklik loyihalari jadal kengaymoqda: 2024 yil oxiriga kelib imzolangan shartnomalarning umumiy qiymati YaIMning taxminan 27 foiziga teng bo‘lgan. Hukumat 2024–2030 yillar davomida qiymati qariyb 30 mlrd dollar bo‘lgan qo‘shimcha DXSh loyihalarini ma’qullagan bo‘lib, ularning asosiy qismi strategik sohalarga, jumladan, energetika loyihalariga (93 foiz) to‘g‘ri keladi.

Rasmiylar elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishni rejalashtiryapti. Maqsad — qayta tiklanuvchi energiya ulushini hozirgi 20 foizdan 2030 yilga borib 54 foizga yetkazish.

Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi 2030 yilgacha O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalariga 7,5 mlrd dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

Yangi qabul qilingan DXSh tizimi kelgusidagi majburiyatlarni cheklashi kerak, jumladan, 2025 yil uchun majburiyatlar 6,5 mlrd dollar bilan chegaralangan. Biroq kutilmagan loyiha muvaffaqiyatsizliklari uzoq muddatda davlat moliyasiga bosim o‘tkazishi mumkin. Rasmiylarning baholashicha, DXSh loyihalaridan kelib chiqadigan bevosita va shartli majburiyatlar YaIMning 15 foizi atrofida.

Hukumatning 2017 yilda YaIMning 33 foizini tashkil etuvchi likvid aktivlari 2024 yilda YaIMning 7 foizigacha qisqargan. Mazkur aktivlar asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) aktivlarini o‘z ichiga oladi, 2006 yilda tashkil etilgan bu jamg‘arma 2019 yilgacha hukumatning kapital qo‘yilmalari va oltin, mis va gaz sotishdan tushgan daromadlarning yuqori qismi hisobidan moliyalashtirilgan. S&P hukumatning likvid aktivlari hisobiga faqat TTJning tashqi aktivlarini qo‘shgan. Bu – davlat sektori korxonalari va banklar kapital qo‘yilmalardan iborat aktivlarning ichki qismi yetarli darajada nolikvidligi va zaruriyat tug‘ilganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun kam imkonli hisoblanishi bilan izohlangan. 

S&P Global Ratings quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:


Qarorlar qabul qilish markazlashganligicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.
Pul-kredit siyosati samaradorligi yaxshilangan bo‘lsa-da, Markaziy bankning operatsion mustaqilligini cheklagan. Kreditlarning dollarizatsiyasi (40 foiz) yuqori darajada saqlanib qolyapti;
2025–2028 yillarda o‘rtacha budjet taqchilligi YaIMning 3 foizi atrofida shakllanadi, bu 2022–2024 yillarda qayd etilgan 4 foizdan pastroq. Shunga qaramay, fiskal natijalar salbiy xavflarga ochiq bo‘lib qoladi. 2028 yilgacha umumiy hukumat qarzi YaIMning 35 foizi atrofida bo‘ladi;
Kafolatlanmagan korporativ qarzlarni qaytarish O‘zbekiston hukumatining zimmasiga tushib qolishi xavfi bor. Ushbu xavfni kamaytirish maqsadida hukumat davlat korxonalari kredit shartnomalaridagi shartlarni monitoring qilish va tahlil qilish tizimini joriy qildi;
Mahalliy va tijorat shaklidagi tashqi qarzga bog‘liqlik oshishi natijasida 2025–2028 yillarda foiz to‘lovlari umumiy hukumat daromadining 4,4 foizini tashkil qiladi, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 0,6 foiz bo‘lgan;
Oltin narxining pasayishi hisobiga O‘zbekiston valuta zaxiralari 2028 yilgacha qisqarib boradi.
Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 65 foizi davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari samaradorlikka ta’sir qiladi;

Dollarlashuv pasaygan bo‘lsa-da, 2025 yil oktyabr holatiga umumiy kreditlarning 37 foizi, depozitlarning 25 foizi hamon dollar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

S&P Global Ratings O‘zbekiston uchun ehtimoliy salbiy va ijobiy ssenariylarni keltirib o‘tgan.

Salbiy ssenariy

Agar tashqi va fiskal taqchilliklar kutilgan darajadan ko‘ra ko‘proq zaiflashsa, masalan:


savdo shartlarining yomonlashuvi;
hukumat xarajatlarining oshishi;
qarz jalb qilish narxlarining sezilarli ko‘tarilishi;
kutilmagan shartli majburiyatlarning yuzaga chiqishi.

O‘zbekistonda davlat korxonalari sektori yirikligi hisobiga reyting pasaytirilishi mumkin.

Shuningdek, qarz hisobidan moliyalashtirilayotgan investitsiya loyihalarining kutilgan darajadagi iqtisodiy samara bermasligi yoki bunday loyihalarni yakunlash uchun xarajatlarning oshib ketishi ham reyting pasaytirilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu holat O‘zbekistonning fiskal pozitsiyasini zaiflashtiradi.

Ijobiy ssenariy

Agar O‘zbekistonning budjet va joriy hisob taqchilligi iqtisodiy natijalarga zarar yetkazmagan holda qisqarsa, reyting oshiriladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi

Published

on


Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.

Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.

2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).

Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin

Published

on


O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.

O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi

Published

on


Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
 
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
 
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
 
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
 
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
 
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
 
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
 
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
 
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
 
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:


savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.