Jamiyat
BMTda qabul qilingan G‘azo rezolyutsiyasi, turk kemasiga zarba bergan Rossiya va Ukrainaga 100 ta qiruvchi samolyot – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
BMT G‘azo bo‘yicha AQSh rezolyutsiyasini qabul qildi
17 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. BMT rezolyutsiyasi — o‘tish davri boshqaruv organini qonuniylashtirish hamda G‘azoga qo‘shin yuborishni ko‘rib chiqayotgan davlatlarni ishontirish uchun muhim qadamdir.
Rezolyutsiya matnida a’zo davlatlar o‘tish davri hokimiyati sifatida ko‘zda tutilgan Tinchlik Kengashida ishtirok etishi mumkinligi aytiladi.
Ushbu rezolyutsiya prezident Donald Trampning sulh rejasini qo‘llab-quvvatlaydi: rezolyutsiya G‘azoda qurolsizlantirish jarayonini, jumladan, qurollarni utilizatsiya qilish va harbiy infratuzilmani yo‘q qilish orqali ta’minlaydigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga ham ruxsat beradi.
Hamas esa bayonotida qurolsizlanmasligini yana bir bor takrorlab, Isroilga qarshi kurashini «legitim qarshilik» deb ta’rifladi. Bu pozitsiya esa guruhni xalqaro kuchlar bilan to‘qnash kelishi ehtimoli bilan yuzma-yuz qo‘yadi.
«Rezolyutsiya G‘azo sektoriga xalqaro vasiylik mexanizmini yuklaydi, buni xalqimiz va ularning fraksiyalari rad etadi», — deyiladi Hamas bayonotida.
Falastin ma’muriyati rezolyutsiyani olqishlab bayonot chiqardi va uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Tramp esa ovoz berishni ijtimoiy tarmoqlarda «haqiqiy tarixiy ahamiyatga ega lahza» sifatida nishonladi. «Kengash a’zolari va yana ko‘plab qiziqarli e’lonlar kelgusi haftalarda e’lon qilinadi», — deb yozdi Tramp.
Veto huquqiga ega bo‘lgan Rossiya avval rezolyutsiyaga qarshi chiqish ehtimolini bildirgan edi, biroq Xitoy ham, Rossiya ham ovoz berishda betaraf bo‘ldi. Ularning BMTdagi elchilari, hujjat BMTga G‘azoning kelajagida aniq rol bermayotganidan shikoyat qilishdi.
«Aslida kengash – Vashingtonning va’dalariga asoslanib, tashabbusga o‘z roziligini bermoqda. G‘azo sektoriga to‘liq nazoratni Tinchlik Kengashi va ISFʼga topshirmoqda. Biz esa hozircha bu tuzilmalarning qanday ishlashi haqida hech narsa bilmaymiz», — dedi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya.
Falastinliklar uchun davlat tuzishning kelajakdagi ehtimolini tilga olingan hujjat matni esa Isroilda bahs uyg‘otdi. Ular to‘laqonli Falastin davlatiga bo‘lishiga qat’iy qarshilik qilmoqda.
Ukrainaga 100 ta qiruvchi samolyot
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘rtasida 100 dona Dassault Rafale qiruvchi samolyotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Kiyevning mudofaa uskunalarini xarid qilishini kuchaytirishga qaratilgan hujjat Parij yaqinidagi harbiy havo bazasida imzolandi. Parijda Makron bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy bu kelishuvni 2026 yildan boshlab 10 yil davom etadigan «tarixiy» bitim deb ta’rifladi.
Zelenskiy shuningdek, kelishuv doirasida Ukraina Fransiyaning «juda kuchli» radarlarini ham, sakkizta SAMP/T havo mudofaasi tizimini ham qabul qilib olishini aytdi.
Ukraina shuningdek, Fransiyadan 55 ta yangi elektr lokomotiv sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Bu Ukraina logistikasini kuchaytirish maqsadida qilinmoqda.
Zelenskiy Fransiyaga Gretsiya safaridan keyin yetib keldi. Afinada ikki mamlakat gaz kompaniyalari AQShdan Ukraina uchun kelayotgan suyultirilgan gazni yetkazib berishni muhokama qilgandi.
Rossiya Ukrainadagi turk kemasiga zarba berdi
Rossiya kuchlari dushanba kuni Odessa viloyatidagi Izmail portida langar tashlab turgan, Turkiyaga tegishli ORINDA nomli kemani nishonga oldi. Zarba kemada yong‘in chiqishiga sabab bo‘ldi va portlash xavfi tufayli yaqin atrofdagi hududlar evakuatsiya qilindi.
Kemaga taxminan 4 000 tonna suyultirilgan neft gazi ortilgan bo‘lgan. Turkiyaning Dengiz ishlari bo‘yicha bosh boshqarmasi 16 nafar turk ekipaj a’zosining barchasi xavfsiz evakuatsiya qilinganini tasdiqladi.
Ularning hech biri jarohat olmagan va ular xavfsiz joyga ko‘chirilgan, deyiladi bayonotda.
Ukraina yong‘in xavfsizligi brigadalari yong‘inni o‘chirgach, zarar bo‘yicha batafsil baholash o‘tkazilishini aytdi. Turk rasmiylari vaziyatni yaqindan kuzatayotganini va Ukraina idoralari bilan aloqada ekanini qo‘shimcha qildi.
Turk OAVlariga ko‘ra, Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri Qora dengizdagi bir necha turk bayrog‘i ostida tijoriy kemalar jangovar zarbalardan shikastlangan. Biroq ekipaj a’zolariga jarohat yetmagan.
Dushanba kuni sodir bo‘lgan yana bir alohida hodisada, Rossiya raketa zarbasi Odessadagi energiya obektiga urildi. Hujum 36,5 ming xonadonni elektrsiz qoldirdi.
Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishni tikladi
Germaniya hukumati Isroilga qurollarni yetkazib berishga qo‘yilgan bir necha oylik taqiqni bekor qildi. Cheklovlarni bekor qilish, 10 oktyabrdan buyon amal qilayotgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi «so‘nggi haftalarda barqarorlashgani» bilan izohlandi.
Shu bilan birga, Germaniya hukumati endilikda har bir qurol yetkazib berish to‘g‘risidagi so‘rovni avtomatik ravishda ma’qullamaydi. Balki «umuman olganda, har bir eksport arizasini alohida ko‘rib chiqishga» qaytadi.
Shuningdek, Germaniya G‘azo aholisiga infratuzilmani tiklashda yordam berishini qayd etdi.
Germaniya hukumati G‘azo genotsidi davrida Isroilni harbiy va diplomatik jihatdan faol qo‘llab kelgan. Xususan, avvalgi kansler Olaf Shols hukumati Isroilga deyarli 500 million yevrolik qurollar yetkazgan. Fridrix Mers boshchiligidagi yangi hukumat davrida ham kamroq bo‘lsa-da qurollar berilgan.Mers faqat 2025 yil avgust oyiga kelib, Isroilga qurol embargosini e’lon qilgandi.
Bin Salmon AQShga kelmoqda
17 noyabr kuni prezident Donald Tramp AQShda ishlab chiqarilgan F-35 qiruvchi samolyotlarini Saudiya Arabistoniga sotishni ma’qullashini rejalashtirayotganini aytdi.
«Biz F-35ʼlarni sotamiz», dedi Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga. Bunday savdo siyosatda muhim burilish bo‘lib, Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatni o‘zgartirishi, Isroilning «sifat jihatidan harbiy ustunligini» saqlash haqidagi ta’rifni sinovdan o‘tkazishi mumkin.
Saudiya Arabistoni 48 tagacha F-35 qiruvchilarini sotib olishni so‘ragan. Bitim Pentagonning siyosat bo‘limi tomonidan ma’qullangan.
Bugun, 18 noyabr kuni Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon – jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilganidan yetti yil o‘tib, ilk marta Oq uyga kelmoqda. Diplomatik manbalarga ko‘ra, qirollikning de-fakto rahbari AQShdan Qatardagi kabi xavfsizlik kafolatlari, AI hamda fuqaroviy yadro texnologiyalari bo‘yicha kelishuv izlayapti.
Bangladeshda sobiq bosh vazir sirtdan qatlga hukm qildi
Bangladesh sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Shayx Hasinani 2024 yilgi norozilik namoyishlarini tarqatish chog‘ida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilishida aybdor deb topdi. Hukumatning sobiq rahbari o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Biroq u o‘sha voqealar chog‘ida Hindistonga qochib ketgandi.
78 yoshli Hasina bilan birga uning hukumatidagi yana ikki amaldor aybdor deb topildi: sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamol hamda politsiyaning sobiq boshlig‘i Abdulloh al-Ma’mun.
Sud zalida ulardan faqat ikkinchisi ishtirok etdi: u o‘z aybiga iqror bo‘lgan va sud jarayonida ayblovchi tomon guvohi sifatida ko‘rsatma berdi.
Bangladeshdagi ommaviy norozilik namoyishlari 2024 yil iyul oyida boshlangan va huquq-tartibot idoralari bilan qonli to‘qnashuvlarga aylanib, yuzlab odamlar, jumladan, bolalar halok bo‘lgandi. Namoyishlarni talabalar boshlagan: ular davlat sektoridagi ish o‘rinlarining ajratilishidagi diskriminatsiyadan norozi bo‘lgan.
Hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Hasina sudni noqonuniy deb atab, bayonot berdi. U, avvalroq «xavfsizlik kuchlariga namoyishchilarga qarata o‘t ochish bo‘yicha shaxsan ko‘rsatma bergani haqidagi ayblovlarni» qat’iyan rad etgandi.
Saudiyada 45 nafar hindistonlik ziyoratchi halok bo‘ldi
16 noyabr kuni erta tongda Saudiya Arabistonining Mufrihat shahri yaqinida Makkadan Madinaga ketayotgan avtobus dizel yonilg‘isi ortilgan avtosisterna bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda kamida 45 nafar hindistonlik ziyoratchi halok bo‘ldi.
Qutqaruv xizmatlari va mahalliy hokimiyat vakillari voqea joyiga yetib borib, qutqaruv ishlarini olib borgan. Rasmiylar jabrlanganlarning aniq sonini va halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlashda davom etmoqda.
Haydarobod politsiyasi xabariga ko‘ra, avtobusda 46 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan faqat bir yigit omon qolgan. Halok bo‘lganlar orasida 18 nafar ayol va 10 nafar bola bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Hindiston bosh vaziri yuz bergan hodisa munosabati bilan yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirdi. Qayd qilinishicha, halok bo‘lganlarning jasadi diniy urf-odatlarga muvofiq Saudiya Arabistonida dafn etiladi.
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Siyosat4 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat4 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat4 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Sport5 days ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat2 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
