Jamiyat
Barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi va kvota 2 karra oshiriladi
Bugungi uchrashuvda bundan buyon tibbiy ta’lim sifatini baholash bo‘yicha uch bosqichli tizimga o‘tilishi belgilandi.
Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi bo‘yicha imtihondan o‘tkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Ko‘p vaqtini bemor oldida o‘tkazadigan ham, muolajalarni bajaradigan ham – hamshiralar.
Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi.
Akademiya AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar oliygohlari bilan birga kelasi yildan oliy ma’lumotli hamshira tayyorlashni boshlaydi.
Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027 yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi.
Bundan maqsad – yaqin yillarda oliy ma’lumotli hamshiralarning ulushini 10 foizga yetkazish.
Oliy ma’lumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib rag‘batlantiriladi. Kelgusi yildan oliy ma’lumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.
Ayni paytda o‘rta ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham o‘zgartiriladi.
Bu borada Angliyaning «Pirson» kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralarni tayyorlash boshlandi. Buning davomi sifatida Germaniya, Shveytsariya, AQSh kabi davlatlarning ta’lim dasturlari olib kiriladi.
Shular orqali xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralarning korpusi shakllantiriladi.
Jamiyat
“Bizga Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash topshirilgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan surxondaryolik 25 yoshli yigit jinoiy jazoga tortildi. U urushda snaryad portlashi oqibatida og‘ir jarohatlangan. Yigit sudda Rossiyada organ xodimlari “deport hujjatlari” deya aldab, armiyada xizmat qilish shartnomasiga imzo qo‘ydirib olganini aytgan. “O‘qib ko‘rishga imkon bermasdan, imzo qo‘yishga majburlashdi”, degan u.
Surxondaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, 2000 yilda Uzun tumanida tug‘ilgan S.B. 2019 yildan ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borib-kelib yurgan. U 2023 yil 22 aprelda Tojikiston orqali Rossiyaga ketgan. Moskva viloyatida ishlab yurishi jarayonida 2025 yil aprel oyida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan.
S.B. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda urushga majburlikdan borganini, organ xodimlari uni aldab, shartnomaga imzo qo‘ydirib olganini aytgan.
“2025 yil 26 martgacha Moskva viloyati Krasnogorskiy shahrida joylashgan mashinasozlik zavodida ishladim. Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish hujjatlarimning muddati o‘tgani uchun ishdan bo‘shatishdi.
2025 yil 1 aprel kuni boshqa ish qidirib yurgan vaqtimda politsiya xodimlari ushlab, hujjatim bo‘lmagani sababli hibsxonaga joylashtirishdi. Hibsxonada turli davlatlardan bo‘lgan 7 nafar mehnat migranti ham bor edi. 2 aprel kuni politsiya xodimi deport qilinishim mumkinligini aytib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni taklif qildi. Rossiya armiyasi safida shartnoma asosida 1 yil xizmat qilsam 3 mln rubl pul mukofoti va Rossiya fuqaroligi berilishini va’da qilishdi.
Men urushga bormasligimni aytdim. 3 aprel kuni politsiya xodimlari “deport hujjatlariga imzo qo‘y”, deya o‘qib chiqishimga imkon bermasdan Rossiya armiyasida xizmat qilish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirib olishdi. 4 aprel kuni konvoy va maxsus otryad xodimlari kelib, avtobusda Voronej shahriga olib ketishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng S.B. va boshqalarni harbiy qismga olib borishib, bir oy davomida dala o‘quv maydonida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishgan. Agar xizmatdan bo‘yin tovlashsa, uzoq muddatga qamalishlarini aytib, qo‘rqitishgan.
“Mashg‘ulotlarda o‘qotar qurollar va aloqa vositalaridan foydalanish, birinchi tabbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. U yerda turli davlat fuqarolari bor edi. O‘quv mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng 50 kishi orasidan meni va yana 3 kishini avtobusda Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan qismiga olib borishdi.
2025 yil 29 aprel kunigacha yangi kelganlardan tuzilgan vzvodda yana harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. Shundan so‘ng 18 kishini avtobusda Kremennaya degan o‘rmonga olib borishdi. Ertasi kuni qo‘shimcha o‘q-dori va qurol berishdi: o‘rtaga bir qancha turdagi o‘q-dori, qurol, granatalar va tibbiy qutilarini qo‘yib, keragicha olinglar, urushga kiramiz, deyishdi.
Jangovar topshiriqda Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash va uni qo‘riqlaydigan harbiylarini yo‘q qilish kerakligini aytishdi. Xarita va drondan olingan rasmlarni ko‘rsatib, manzilni tushuntirishdi.
Ertasi kuni yo‘lga chiqdik. Yo‘lda Ukraina droni nishonga olib, snaryad tashlay boshladi. Snaryad portlashi oqibatida oskolkalar tegib, og‘ir jarohat oldim. O‘zimga og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, jgut bilan chap qo‘lim va chap oyog‘imni bog‘ladim. Ratsiyadan aloqaga chiqib, yaralanganim haqida axborot berdim. Ular orqaga qaytishimni, turgan joyimga evakuatsiya guruhi yetib bora olmasligini aytishdi. Shu sababli yarador holimda 3 km masofaga orqaga qaytdim”, degan u sudda.
So‘ngra yaralangan S.B. avvaliga Donetskdagi, so‘ngra Belgorod shahridagi harbiy gospitalga olib borilgan. 24 avgust kuni esa ta’til berishgan. Bundan foydalangan yigit 2025 yil 4 sentabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
S.B. Ukrainaga qarshi urushga o‘z xohishi bilan bormaganini, bunga majbur bo‘lganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Uzun tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan S.B. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Avvalroq pul uchun Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan namanganlik shaxs 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Ijara uydan 1,5 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topildi
1,6 mlrdlik kuchli ta’sir qiluvchi va sertifikati bo‘lmagan dorilar olib qo‘yildi.
DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan Davlat chegarasi orqali giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida IJQK Departamenti va bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, avvaldan kuzatuvga olingan, 1994 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan shaxsning Toshkent shahrida ijara asosida yashab kelayotgan xonadonida chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan psixotrop moddalarni saqlab kelayotgani haqida ma’lumot olindi.
Xolislar ishtirokida uning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, taxminiy qiymati 1,5 mlrd so‘mlik 15 330 dona «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar borligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur xonadon yotoqxonasida saqlanayotgan umumiy qiymati 100 mln so‘mlik sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 3 xil turdagi 2 872 dona tibbiy dori vositalari, qutilar va yo‘riqnomalar topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
O‘tkazilgan dastlabki so‘rovda, ushbu shaxs mazkur dorilarni Hindistondan mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgani hamda poytaxtdagi mijozlarga sotishni reja qilganini bildirdi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi, 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Homidov vafot etdi
Namangan viloyati jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi: O‘zbekiston Qahramoni, umrini qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bag‘ishlagan inson Abduraim Xomidov 82 yoshida vafot etdi.
Abduraim Homidov 1943-yilda Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan va mehnat faoliyatini 1960-yildanoq tumandagi «O‘zbekiston» jamoa xo‘jaligida mexanizatorlikdan boshlagan.
So‘ngra shirkat xo‘jaligi pudratchisi, 2007-yildan uzoq yillar mobaynida «Shahand humo qushi» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali mehnat qildi. 2017-yildan beri esa mehnat faxriysi edi.
A.Homidov fermerlik harakatining fidoiy vakili, tashabbuskori sifatida paxtadan yuqori hosil olish bo‘yicha o‘ziga xos namuna maktabini yaratdi. 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i, 2001-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2004-yilda esa Davlatimizning oliy nishoni – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan edi.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga munosib hissa qo‘shgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining 88,1 foizi xususiy hovlilarda yashaydi
Milliy statistika ko‘mitasining 2025-yil yanvar-sentyabr oylaridagi uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan, O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining 88,1 foizi alohida uy (xususiy hovli)da istiqomat qiladi.
Uy xo‘jaliklarining uy-joy turlari bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha:
alohida uy (xususiy hovli) — 88,1 foiz;
ko‘p kvartirali uylar — 11,7 foiz;
boshqa turdagi uy-joylar — 0,2 foiz.
Jamiyat
Qarz so‘raydigan soxta tanish – Telegram’da profilni nusxalash bilan bog‘liq firibgarlik ko‘paymoqda
Biror tanishingiz Telegram orqali yozib, sizdan qarz so‘rayotgan bo‘lsa, unga darhol pul berishga shoshilmang: u aslida tanishingizning profilini soxtalashtirgan firibgar bo‘lishi mumkin. Ayni kunlarda O‘zbekistonda shu turdagi kiberjinoyat ko‘paydi. Bunda firibgarlar asosan hamkasblar, sinfdoshlar, guruhdoshlar yoki qarindoshlar yig‘ilgan ochiq guruhlardan foydalanmoqda.
O‘zbekistonda shu kunlarda Telegram orqali yangi turdagi firibgarlik ommalashmoqda. Bu ochiq guruhlardagi biror shaxs profilini soxtalashtirish orqali o‘sha guruhdagi boshqa shaxslardan qarz so‘rash bilan bog‘liq. Bu aldovga esa ko‘plar chuv tushmoqda.
“Kursdoshim deb o‘ylabman”
Navoiy shahrida yashovchi Sanobar Zokirova shu turdagi firibgarlikka aldanganlardan biri. U Temur ismli guruhdoshining nomidan qarz so‘ragan shaxsga P2P ko‘rinishida ketma-ket uch marta pul o‘tkazib bergan.
“2025 yil 7 dekabr kuni ertalab Temur ismli kursdoshim Telegram’dan qarz so‘rab yozib qoldi. Avvaliga 750 ming so‘radi va boshqa shaxsga tegishli karta raqam jo‘natdi. Xo‘p, deya tashlab berdim. Oradan 1 soat o‘tib, yana 600 ming so‘m bera olasanmi, deb yozdi. Xo‘p desam, yana boshqa xil karta raqam jo‘natdi. O‘tkazib berdim. Oradan yarim soat o‘tib, yana 600 ming so‘m chiqadimi, deya so‘radi. Yo‘q, kartamda 200 ming so‘m qoldi, dedim. O‘sha 200 ming so‘mni ham berib tur, men senga barini bir qilib tashlab beraman, karta raqamingni ham jo‘natib qo‘y, dedi. Keyin bilsam u kursdoshim emas, firibgar ekan”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda Sanobar Zokirova.
Firibgar birinchi bor Abdurasul Maxmudov nomidagi bank kartasiga 750 ming so‘m o‘tkazdirib olgan.
Keyingi holatlarda esa Elyorjon Jo‘raboyev hamda Ismoil Abdullayev nomidagi bank kartalaridan foydalanilgan.
Sanobar Zokirovaga tanishi nomidan yozgan shaxs puli naqdligini, unga o‘sha kunning o‘zida qaytarishni va’da qilgan.
Shu tariqa, firibgar Sanobar Zokirovadan jami 1 mln 550 ming so‘m pul mablag‘ini P2P ko‘rinishida boshqa shaxslarning nomida bo‘lgan bank kartalariga o‘tkazib olgan. Sanobar Zokirova holat yuzasidan Navoiy shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
“O‘sha kursdoshim bilan Navoiy shahar IIBga borib, holat yuzasidan ariza qoldirdik. Bankdan bank kartamning amaliyotlar tarixini ham olib berdim. Hozircha jimlik, arizamiz bilan shug‘ullanayotgan ichki ishlar xodimi qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermayapti, chaqirishmadi ham”, deydi Sanobar Zokirova.
Firibgar buni qanday amalga oshiradi?
Telegram’ning qidiruv qismidan faol holatdagi ochiq guruhlarni izlab topish mumkin. Masalan, Telegram’ga oddiy “kursdoshlar” so‘zini yozib, qidiruvga bersangiz shu nomdagi ko‘plab guruhlar chiqib keladi.
Firibgar ushbu guruhga a’zo bo‘lmagan holda guruh a’zolari ro‘yxatini ko‘rishi, yozishmalarni o‘qishi mumkin. So‘ngra guruh a’zolaridan birining profilini soxtalashtiradi. Ya’ni uning nomidan soxta profil ochadi: profil rasmi, ism-familiya, username, bio va boshqa elementlar firibgar tomonidan aynan bir xil shaklda qayta yaratiladi.
Masalan, yuqoridagi holatda Timur ismli profil nusxasi yaratilgan. Soxta profilda haqiqiysidagiga birgina i harfini qo‘shish orqali username yaratilgan: haqiqiy profilda @timur_Tn1 bo‘lsa, soxtasida @tiimur_Tn1.
Soxta profil yaratilgach, firibgar u orqali guruhdagi qolgan a’zolarga qarz so‘rab yoza boshlaydi. Va kimdir bu tuzoqqa ilinishi mumkin.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Biror tanishingiz Telegram orqali yozib, sizdan qarz so‘rasa, unga darhol pul berishga shoshilmang. Sababi sizga yozayotgan shaxs aslida firibgar bo‘lishi mumkin.
Unga aldanib qolmaslik uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
tanishingizning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aniqlashtiring;
profil ma’lumotlarini, xususan, username’ni tekshirib ko‘ring. Birgina belgi qo‘shish yoki olish orqali ham haqiqiy username’ga o‘xshashini yaratish mumkin;
agar o‘sha tanishingiz bilan shaxsiy yozishmalar olib borgan bo‘lsangiz yozishmalar tarixi bor yoki yo‘qligiga e’tibor qarating;
begona shaxslar nomidagi bank kartalariga pul o‘tkazmalarini amalga oshirmang.
Bundan tashqari, Telegram odatda sizga yozayotgan profil qachon ro‘yxatdan o‘tkazilganini ma’lum qiladi. Agar tanishingizning profili avvaldan faol holatda bo‘lsa, bu ham shubhaga asos bo‘ladi.
Kun.uz yurtdoshlarimizni Telegram’dagi bu kabi firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Sizga yozayotgan shaxs tanishingiz ekaniga to‘liq ishonch hosil qilmaguncha qarz munosabatlariga kirishmang. Yo‘qsa, o‘zingiz firibgarlik qurboniga aylanishingiz mumkin.
-
Sport4 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Jamiyat1 day agoToshkent viloyatida 13 yoshli qiz orqali dori sotgan ayol va uning sheriklari ushlandi
-
Dunyodan2 days agoQurolli mojaro Tailand va Kambodiya o’rtasidagi chegarada yana paydo bo’ladi
-
Turk dunyosi3 days agoTüriyatiye: Trabzonspor super burgutlar hujumchisini tayinlaydi
-
Jamiyat1 day agoO‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
