Jamiyat
Shahrisabzdagi “Oqsaroy” klinikasi qanday imkoniyatlarga ega?
Mazkur tibbiyot markazida bir kunda 25 tagacha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin. 4 ta yuqori texnologiyali operatsion blok va 6 ta reanimatsiya bo‘limi mavjud. Klinikaga hozircha O‘zbekistonda yagona bo‘lgan sun’iy intellektli ultratovush apparati olib kelingan. 10 nafarga yaqin xorijlik shifokor doimiy faoliyat uchun jalb etilgan. Kun.uz muxbiri shifoxonada bo‘lib, operatsiya jarayonlari, laboratoriya va sterilizatsiya zonalari, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Qashqadaryoning tarixiy Shahrisabz shahri endi faqat me’moriy obidalari bilan emas, zamonaviy tibbiyot infratuzilmasi bilan ham e’tibor markazida. Ushbu hududda 2025 yil bahorida ish boshlagan “Oqsaroy” kardio-tibbiyot markazi yurak-qon tomir kasalliklarini zamonaviy darajada tashxislash va davolash imkoniyatini yaratmoqda. Markaz xorijiy investor – rossiyalik hamkorlar ko‘magi bilan 10 million dollar evaziga barpo etilgan bo‘lib, tibbiyot sohasida mintaqa uchun yangi model sifatida ko‘rilmoqda.
Bir kunda 25 ta operatsiya
Klinikada to‘rtta zamonaviy jarrohlik xonasi va oltita yuqori darajadagi reanimatsiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatadi. Operatsiya bloklari xalqaro standartlar asosida loyihalangan: ularda oddiy yurak jarrohligidan tortib, eng murakkab, yuqori aniqlik talab qiluvchi amaliyotlarni ham bajarish mumkin.
Xonalar katetirizatsiya laboratoriyasi, angiografiya tizimi, 3D-navigatsiya uskunalari, intraoperatsion ultratovush, shuningdek, yurakni ma’lum muddat davomida sun’iy ishlatib turuvchi kardiopulmonar apparatlar bilan jihozlangan. Bu jarrohga yurakni vaqtinchalik to‘xtatib, murakkab rekonstruktiv operatsiyalarni xavfsiz bajarish imkonini beradi.
“Jarrohlik bo‘limi sharoitlari poytaxtdagi yirik markazlar darajasiga teng. Ushbu jihat Shahrisabz va butun Qashqadaryo viloyati aholisi uchun yuqori texnologik yurak operatsiyalarini Toshkentga bormasdan o‘tkazish imkonini yaratadi. Klinikada bir kunda 25 tagacha jarrohlik amaliyotini bajarish mumkin. Buning uchun barcha kerakli jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar va malakali mutaxassislar yetarli. Bizda eng muhim tamoyil — xavfsizlik hamda aniqlik. Har bir bemor uchun operatsiyaga individual tayyorgarlik algoritmi mavjud va texnika bizga muolajalarni nazorat ostida bajarish imkonini beradi”, – deydi kardiolog Olim Abdullayev.
Shifokorning ta’kidlashicha, klinikada quyidagi turdagi jarrohlik amaliyotlari bajariladi:
§ Stentlash;
§ Aorta-koronar shuntlash;
§ Tug‘ma yurak nuqsonlarini bartaraf etish;
§ Endoprotezlash va boshqa yuqori texnologik muolajalar.
Bundan tashqari, yurak klapanlarini almashtirish, aritmologik amaliyotlar, qon tomirlarni protezlash, minimal invaziv kardiojarrohlik operatsiyalari o‘tkazish imkoni mavjud:
§ Balon angioplastika (qon tomirlar torayishini kengaytirish);
§ Koronar angiografiya (yurak tomirlarini ko‘rish va baholash);
§ Kateter asosidagi muolajalar (kesmasiz, ingichka naychalar orqali);
§ Elektrofiziologik tadqiqot va aritmiyani ablatsiya qilish (yo‘q qilish, kuydirish yoki neytrallashtirish jarayoni;
§ Sun’iy yurak ritm generatori (stent/ICD/CRT) o‘rnatish shular jumlasidandir,
Mutaxassisga ko‘ra, bularning barchasi yurak kasalliklarini tez, aniq va minimal invaziv usullar bilan davolashga yordam beradi.
O‘zbekistonda yagona sun’iy intellektli ultratovush apparati
“Oqsaroy” kardiologiya markazining eng muhim yangiliklaridan biri – sun’iy intellektga ega ekokardiografiya (yurak UTT) apparati. Hozircha bu kabi texnologiya O‘zbekistonda yagona hisoblanadi. Oddiy UTT faqat tasvir ko‘rsatib bersa, mazkur apparat shifokorga yurak faoliyatini chuqur tahlil qilishda ko‘maklashadi.
“Sun’iy intellekt yurak devorlari, klapanlari, qon oqimi va yurak bo‘limlarining o‘lchamlarini aniq hisoblaydi. Ushbu jihat inson ko‘zi sezmaydigan nozik o‘zgarishlarni ham erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. Masalan, yurak mushaklari kuchsizlana boshlagan yoki klapanda kichik nuqson bo‘lsa, apparat darrov bu masalaga e’tibor qaratadi. Oddiy aytganda, sun’iy intellekt bemor yuragini “mikroskop ostida” ko‘rgandek tahlil qiladi. Natijada diagnostika tezroq bo‘ladi va xatolik ehtimoli kamayadi. Xalqaro tibbiy tadqiqotlarda bunday qurilmalar yurak kasalliklarini aniqlashda xatolikni 30–40 foizgacha kamaytirishi qayd etilgan. Uskunaning yana bir afzalligi shundaki, u diagnostikani standartlashtiradi, ya’ni qaysi shifokor tekshirmasin, natija bir xil aniqlikda chiqadi. Ayniqsa, yosh shifokorlar uchun bu katta yordam bo‘ladi”, – deydi Olim Abdullayev.
Premium palatalar
Tibbiyot markazi jami 5 qavat bo‘lib, 100 dan ortiq o‘ringa mo‘ljallangan. Palatalar bir va ikki kishilik variantlarda tashkil etilgan: xona bemorning shaxsiyati va davolanish ehtiyojiga ko‘ra tanlanishi mumkin. Palatalar shinam, yorug‘ va shovqindan himoyalangan holda jihozlangan. Har bir xonada televizor, bepul Wi-Fi, konditsioner, alohida oshxona qismi, kiyim shkafi, sanuzel mavjud.
Bundan tashqari, barcha palatalarga hamshira chaqirish tugmasi o‘rnatilgan: bemor bir tugmani bosishi bilan tibbiyot hodimiga murojaat qilishi mumkin.
“Palatalarda sanitariya talablari qat’iy bajariladi: xonalar muntazam dezinfeksiya qilinadi, gigiyena vositalari va yuvinish uchun zarur materiallar doimiy ta’minlanadi. Toza choyshab va buyumlarni yetkazib berish uchun ichki kir yuvish va tozalash xizmati mavjud. Sterilizatsiya va asbob-uskunalarni zararsizlantirishga alohida bo‘limlar tashkil etilgan”, – deydi klinika rahbari Jahongir Shukrullayev.
Qo‘shimcha qulayliklar
§ Shifokor ko‘rigi: mutaxassislar kundalik vizitlar olib boradi, kunlik konsultatsiyani amalga oshiradi;
§ 24/7 hamshira xizmati: malakali hamshiralar kunu tun navbatchilik qiladi;
§ Taom servisi: shifoxona oshxonasi bemorlar uchun terapevtik parhezlar asosida 3 mahal ovqat taqdim etadi (qandli diabet, yurak parhezi, allergik diyetalar va boshqalar);
§ Fizioterapiya va reabilitatsiya xonasi: jarrohlikdan keyingi tiklanish uchun maxsus uskunalar va mutaxassislar mavjud;
§ Kutish xonalari: mehmonlar va oilalar uchun dam olish zonalari ajratilgan.
Mobil diagnostika: tibbiyot mashinalari chekka hududlarga boradi
Shahrisabz va qo‘shni tumanlarda aholining katta qismi chekka, tog‘li hududlarda yashaydi. Shu sababli, ko‘plab bemorlar klinikaga kelish uchun uzoq yo‘l bosishi yoki transport masalalarini hal qilishi kerak. Bu masalaga yechim sifatida “Oqsaroy” klinikasi mobil diagnostika majmualarini ishga tushirgan. Mobil brigadalar maxsus jihozlangan avtomobillarda ishlaydi va bemorlarni uydan chiqmasdan professional tibbiy xizmat bilan ta’minlaydi. Ular quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
§ UTT (ultratovush tekshiruvi): yurak, buyrak, jigar va boshqa organlarni aniqlik bilan ko‘rikdan o‘tkazish;
§ MSKT (multispiral kompyuter tomografiya): 3D tasvir yordamida organ va to‘qimalarni batafsil tahlil qilish;
§ EKG (elektrokardiogramma): yurak ritmi va faoliyatini o‘lchash;
§ Dastlabki kardiologik tekshiruvlar: qon bosimi, puls, nafas olish va boshqa asosiy ko‘rsatkichlarni baholash.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, mobil diagnostika tizimi yurak va qon tomir kasalliklari bo‘yicha xavf guruhiga kiradigan bemorlar uchun juda muhim. Bu xizmat orqali keksalar, yurak kasalligi xavfi yuqori bo‘lganlar va uzoq hududlarda yashovchi bemorlar tez hamda sifatli tibbiy yordamga ega bo‘ladi.
Xalqaro hamkorlik
Klinika faoliyatida xalqaro hamkorlik alohida yo‘nalish sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Tibbiyot markazi yetakchi xorijiy klinikalar va tibbiyot universitetlari bilan tajriba almashadi, qo‘shma dasturlarni amalga oshiradi. Mutaxassislar chet elda malaka oshirib, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganadi, shuningdek xorijdan tajribali shifokorlar taklif etilib, murakkab operatsiyalar va ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi. Ayni vaqtda Rossiya, Kuvayt, Hindiston kabi mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Kelishuvlar doirasida 10 nafarga yaqin rossiyalik shifokorlar Shahrisabzda yashab, “Oqsaroy” klinikasida faoliyat olib bormoqda.
“Bemorlar ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta kasallikdan shikoyat qiladi. Shuning uchun yondashuvimiz kompleks bo‘lishi kerak. Jamoamizda endokrinolog, gastroenterolog, kardiolog va boshqa soha mutaxassislari faoliyat yuritadi. Men endokrinolog sifatida qandli diabet, semizlik, qalqonsimon bez kasalliklari kabilarni davolayman.
Amaliyotimda progressiv texnologiyalardan foydalanaman, ayniqsa, semizlikni bartaraf etishda. Bu juda muhim, chunki semizlik – surunkali kasallik. Uni davolashda zamonaviy usullar yordamida tana tarkibini boshqarish, qayta semirishning oldini olish, mushak to‘qimasini saqlab qolish hamda miya tomirlari, yurak, buyrak, jigar kabi a’zolarni himoya qilish zarur. Bundan tashqari, men andrologiya bo‘yicha ham ishlayman. Mazkur yo‘nalishda erkaklar bepushtligi, testosteron yetishmovchiligi, prostatit kabi kichik tos a’zolarining yallig‘lanish kasalliklarini davolayman”, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasining professori, androlog, endokrinolog, dermatovenerolog Chigrinets Stanislav Vladimirovich.
Tibbiyot ta’limi va ilmiy baza
Klinika davolash bilan cheklanmaydi, mazkur tibbiyot muassasasi mintaqada tibbiy ta’lim va ilmiy muhitni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy markaz sifatida ham faoliyat yuritadi. Shifoxonada bugungi kunda 130 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
“Markaz tarkibida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur jihat hududda malakali shifokorlar tayyorlash jarayoniga katta turtki bo‘lmoqda. Yosh mutaxassislar xalqaro tajribaga ega shifokorlar bilan yonma-yon ishlash imkoniga ega. Bu ularga zamonaviy tashxis va davolash uslublarini o‘rganish, bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda mustahkamlashga yordam beradi. Ushbu ta’limiy va ilmiy yondashuv natijasida hududda malakali shifokorlar yetishmovchiligi bosqichma-bosqich kamayib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada oshadi”, – deydi klinika rahbari Jahongir Shukrullayev.
Shifoxona rahbarining ta’kidlanishicha, yaqin yillarda respublikaning boshqa hududlarida ham ayni shu ko‘rinish va tibbiy imkoniyatlarga ega klinikalarni qurish reja qilingan.
Diyoraxon Nabijonova,
Abduqodir To‘lqinov
Jahongir Aliboyev
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Issiq havoda qanday himoyalanamiz? – mutaxassislar muhim tavsiyalar berdi
So‘nggi kunlarda havo harorati keskin ko‘tarilib, ayrim hududlarda rekord darajalar qayd etilmoqda. Mutaxassislar issiq havo ta’sirida organizmning qizib ketishi (issiq urishi) tez va sezilmasdan rivojlanishi mumkinligini ta’kidlab, ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirmoqda.
Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, issiq kunlarda chanqoq hissi paydo bo‘lishini kutmasdan, kun davomida muntazam suv ichish lozim. Organizm suvsizlanishi bosh og‘rig‘i, holsizlik, bosh aylanishi va hushdan ketishgacha olib kelishi mumkin.
Tushlik paytida, ayniqsa soat 11:00 dan 17:00 gacha imkoni boricha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida yurmaslik, soyada yoki salqin xonalarda bo‘lish tavsiya etiladi. Yengil, och rangli va tabiiy matodan tikilgan kiyimlar kiyish ham organizmni qizib ketishdan himoya qiladi.
Mutaxassislar bolalar va uy hayvonlarini hatto bir necha daqiqaga ham yopiq avtomashinada qoldirmaslik kerakligini alohida ta’kidlamoqda. Chunki havo harorati 30–35 daraja atrofida bo‘lganida ham avtomashina ichidagi harorat 10–20 daqiqa ichida 50–60 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Issiq urishining dastlabki belgilariga bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, kuchli chanqoq, tezlashgan yurak urishi, teri qizarishi va umumiy holsizlik kiradi. Bunday holat kuzatilsa, insonni darhol salqin joyga olib o‘tish, ortiqcha kiyimlarini bo‘shatish, bo‘yin, qo‘ltiq va son sohasiga sovuq kompress qo‘yish hamda suv berish tavsiya etiladi.
Agar odamning ahvoli yaxshilanmasa, hushini yo‘qotsa yoki nafas olishi qiyinlashsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur.
Shifokorlar issiq havoda keksa yoshdagilar, bolalar, homilador ayollar hamda yurak-qon tomir va qandli diabet kabi surunkali kasalligi bor insonlar alohida xavf guruhiga kirishini ta’kidlamoqda. Ularga kunning eng issiq paytlarida uydan chiqmaslik, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish va salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.
Jamiyat
Izohlardagi nafrat. Xeyterlar psixologiyasi haqida
Futbol, siyosat yoki shou-biznes — qaysi mavzu bo‘lmasin, izohlarda haqorat ko‘payadi. Bu shunchaki odobsizlikmi yoki inson psixologiyasi haqida biror narsani ochib beradimi? Kun.uz ushbu mavzuni mutaxassis va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rgandi.
Tanqid emas, shaxsga hujum
18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Uchrashuvlar mag‘lubiyat bilan tugagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda futbolchilarga nisbatan haqoratomuz izohlar yog‘ildi.
Qizig‘i, kechagina terma jamoa mundialga chiqa olmayotgani uchun tanqid qilganlar bugun mundialga chiqqan futbolchilarni ham keskin tanqid qilmoqda. Bu esa muammo natijada emas, ayrim insonlarning voqelikni qanday qabul qilishida ekanligini ko‘rsatadi.
Psixologlar buni oddiy tanqid emas, balki onlayn agressiya, nafrat tili va toksik muloqotning bir ko‘rinishi sifatida baholaydi.
Olimlar: xeyterlar dalil emas, insonning o‘ziga hujum qiladi
2018 yilda Kaliforniya universiteti olimlari May Elsherif, Vivek Kulkarni, Dana Nguyen, Uilyam Yang Vang va Elizabet Belding yuz minglab ijtimoiy tarmoq izohlarini tahlil qildi. “Hate Lingo” deb nomlangan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, nafratomuz izoh yozuvchilar aksariyat hollarda asosli fikr bilan bahslashmaydi. Ular dalil keltirish o‘rniga insonning tashqi ko‘rinishi, kelib chiqishi yoki shaxsiyatini nishonga oladi. Bu nafrat tili deyiladi. Tadqiqotchilarning fikricha, nafrat tilining asosiy quroli bahs emas, qadrsizlantirishdir.
Psixolog: agressiya ko‘pincha ichki muammolarning aksidir
Psixoterapevt Guli To‘rayevaga ko‘ra, ular o‘z emotsiyalarini nazorat qila olmaydi:
“O‘z fikrini agressiya bilan bildiradiganlar o‘zining emotsiyasini nazorat qila olmayapti degani. Psixoterapevt sifatida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sog‘lom fikrlaydigan insonda, adekvat fikrlaydigan, shaxsiy yetuk insonda aql o‘sha hissiyotlarni nazorat qila oladi va u sog‘lom fikr bildira oladi. Inson emotsiyasini nazorat qila olmayaptimi, haddan ziyod agressiya qilyaptimi, demak, bu odamda nevroz holatlari bo‘lishi mumkin, yoki u odam juda ham qattiq charchagan, emotsional stress holatida. Hozir mana shu emotsional yonish sindromidagi insonlar juda ham ko‘p, yoki ularda shaxsiyat buzilishlari bo‘lishi mumkin. Deylik, bir insonning hayotda omadi yurishmay turibdi. U o‘zining mana shu muammosini yecha olmayapti. Bitta muvaffaqiyatli inson chiqdi. Uni shunchalik yerga urib haqoratlab tashlaydiki, chunki u o‘ziga muvaffaqiyatli bo‘lishga ruxsat bera olmagan. Ya’ni o‘zini bostirib qo‘ygan, o‘zini chiqara olmagan xususiyatlarini kimdadir ko‘rganda, bunda proyeksiyalar ishlab ketadi. Aynan o‘sha jurnalistga yoki blogerga qaratilgan emas, bu o‘zini aslida o‘zini ichida yotgan bostirilgan hissiyotlariga qaratilgan bo‘ladi. Deylik, bir inson qattiqqo‘l onaning qo‘lida tarbiya topgan, yoki bir ustoz unga o‘ta qattiqqo‘llik qilgan. Endi o‘ziga ishongan ayol chiqib gapirganini ko‘rganda, o‘sha ayolni haqoratlovchi izohlar yozadi. Bu aynan o‘sha ayolning shaxsiga qaratilmagan. O‘sha bolaligidagi qattiqqo‘l ayolga ayta olmagan, o‘sha bostirilgan hissiyotlari bu o‘sha jurnalist yoki blogerga qaratib chiqib ketishi mumkin”.
Izohlarda eng ko‘p uchraydigan toifalar
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda bir nechta tipik auditoriyani ajratish mumkin:
Doim norozi insonlar – ular uchun ijobiy yangilikning o‘zi mavjud emas.
Sarlavha bilan cheklanuvchilar – materialni o‘qimasdan izoh qoldiradi va feyk xabarlarning asosiy qurboniga aylanadi.
“Divan ekspertlari” – har bir sohada o‘zini mutaxassis deb hisoblaydi, ammo fikrlari ko‘pincha bilimga emas, shaxsiy ishonchga asoslanadi.
Agressorlar – tadqiqotlarga ko‘ra, ularning haqorati voqeaning o‘ziga emas, balki o‘z hayotidagi stress, charchoq yoki qoniqmaslik holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Trollar – ularning maqsadi haqiqatni topish emas, balki janjal chiqarish va muhokamani izdan chiqarishdir.
Mutaxassislar esa eng kam uchraydigan, ammo eng qimmat auditoriya hisoblanadi. Ular emotsiya emas, fakt va tahlil bilan bahslashadi.
Internet “xeyterlar armiyasi” haqidagi tasavvur hamisha ham to‘g‘ri emas
2021 yilda o‘tkazilgan yana bir yirik xalqaro tadqiqot millionlab onlayn izohlarni tahlil qildi. Olimlar kutilganidek internet doimiy nafrat bilan yashaydigan ulkan “xeyterlar armiyasi”dan ko‘ra, ma’lum vaziyatlarda toksiklashib qoladigan oddiy insonlar ko‘proq ekanini aniqladi.
Bu esa inson tug‘ma xeyter emasligi, muhit, emotsional holat va muhokama uslubi uni agressiv harakat qilishga undashi mumkinligini ko‘rsatadi.
Nafrat yuqumli bo‘lishi mumkin
Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: agressiya agressiyani chaqirishi mumkin. Bitta haqorat ortidan ikkinchisi, keyin uchinchisi paydo bo‘ladi. Natijada muhokama maydoni faktlarga emas, hissiyotlarga qurila boshlaydi. Bu esa jamiyat uchun xavfli jarayon. Chunki taraqqiyot haqorat orqali emas, madaniyatli bahs va dalil orqali yuzaga keladi.
Izohlar voqeadan ko‘ra insonning o‘zi haqida ko‘proq gapiradi
Psixologlar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar har doim ham voqeaga berilgan xolis baho emas. Ko‘p hollarda ularni yozgan insonning emotsional holati, hayotiy tajribasi va ichki kechinmalari izohlarda aks etadi.
Shuning uchun sog‘lom jamiyat uchun tanqid bilan haqorat o‘rtasidagi farqni anglash muhim. Chunki maydondagi futbolchilar mamlakatni qanday namoyon etsa, ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot madaniyati ham jamiyat qiyofasini shunday aks ettiradi.
Jamiyat
Profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati yagona tizimga birlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektoriga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi.
Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektoriga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, ayrim moddalar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 ga, masofaviy ta’lim kvotasini 300 gacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi
Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.
Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.
1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.
Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.
YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi
O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.
Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.
Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.
Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.
Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
