Sport
Klasikoda janjal, «Siti»da yana mag‘lubiyat, Shomurodovda dubl. Kun o‘yinlari
APLda «Arsenal» ilgarilab ketmoqda, La ligada ham «Real» yaqqol peshqadamga aylandi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Ispaniya: penalti, qizil, politsiya
«Real» – «Barselona» 2:1
Gollar: Mbappe, 22 (1:0). Fermin Lopes, 38 (1:1). Bellinghem, 43 (2:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe, 52’
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen, Karreras, Valverde (Karvahal, 72), Kamavinga, Tshuameni, Vinisius Junior (Rodrigu, 72), Arda Guler (Dias, 66), Bellinghem (G. Garsiya, 90), Mbappe (Sebalyos, 90+1)
«Barselona»: Shchensni, Kubarsi (Barji, 83), E. Garsiya (Arauxo, 74), Balde (Martin, 90+7), Kunde, de Yong, Fermin Lopes, Pedri, Reshford, Yamal, Torres (Kasado, 74)
Ogohlantirishlar: Valverde, 23. Hausen, 57. Lunin, 90. Eder Militau, 90 – Pedri, 42. Fermin Lopes, 90
Chetlatish: Pedri, 90 (ikkinchi sariq kartochka)
«Real» va «Barsa» jamoalari bu safar ham muxlislar kutgan shouni namoyish etib berishdi. «Real» yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi ham mumkin edi, faqat Shchensni bunga yo‘l qo‘ymadi, o‘yin oxirida esa Pedrining ham asablari dosh bermadi.
O‘yinning ikkinchi daqiqasi o‘tar-o‘tmasdan «Real» penalti ishladi. Yamal Vinisiusning zarbasini to‘sishga urinib, oyog‘ini to‘pga olib bordi va raqibni yiqitdi. Bosh hakam «nuqta»ni ko‘rsatdi, ammo vaziyatga VAR aralashib, hakamni monitor qarshisiga chaqirdi, shundan keyin u o‘z qarorini o‘zgartirdi. Bu vaziyatda Vinisiusning o‘zi raqibning oyog‘iga zarba bergan deb topildi. Bu mezbonlarning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmadi va ular Shchensni darvozasiga tahdid solishda davom etishdi.
12-daqiqada Fermin maydonning o‘z jamoasi darvozasi joylashgan qismida to‘p uchun kurashda yutqazdi va Gulerga to‘pni Mbappe yo‘nalishida tashlab berishiga to‘sqinlik qila olmadi. Fransuz hujumchisi tezda to‘pga yetib bordi va kuchli zarba yo‘lladi. Bu mavsum hit-paradiga kiradigan gol bo‘lgandi, ammo bu shedevr mikroofsayd tufayli bekor qilindi.
Mezbonlar uchinchi imkoniyatdan baribir foydalanishdi, bu safar mehmonlar yana raqibni ofsaydga tushirishga urinib pand yeyishdi. Jud Bellinghem to‘pni chiziqlar orasidan o‘tkazib berdi, Mbappe darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va aniq zarba berib, hisobni ochdi.
Bo‘lim oxirida «Barsa» jonlandi va darhol hisobni tenglashtirdi. Bu safar Arda Gulerning o‘zi jarima maydoni yaqinida to‘p yo‘qotdi, Markus Reshford qulay pozitsiyada bo‘sh qoldirilgan Fermin Lopesni golli pas bilan ta’minladi.
Ammo bo‘lim yakunlanayotganida Vinisius chap qanotdan reyd uyushtirdi va Kundeni ortda qoldirib, to‘pni olis ustun tomon yetkazdi, u yerda to‘p uchun kurashda ustun kelgan Eder Militau to‘pni bo‘sh darvoza qarshisida turgan Jud Bellinghemga tashlab berdi, ingliz yarimhimoyachisi esa golni nishonlab ham o‘tirmadi.
Pedrining birinchi bo‘lim davomida Vinisiusga ishlatgan foli jamoalarning holatini yaqqol ifodalardi.
Ikkinchi bo‘limda «Barselona» nihoyat raqobat ko‘rsata boshladi, ammo baribir «Real» yaxshiroq holatda edi. 51-daqiqada mezbonlar yana bir bor penalti ishladi. Bu safar arbitr qoidabuzarlikni ko‘rmagandi, VAR esa uni yana xatosini tuzatishga chaqirdi. Bu vaziyatda Erik Garsiya Bellinghemdan kelgan to‘pni qo‘li bilan o‘ynagandi. Mbappe nuqtaga yaqinlashdi, ammo Shchensnini alday olmadi va o‘yindagi intriga saqlanib qoldi.
Keyin «Real» navbatdagi marta darvozani ishg‘ol etdi, bu gol ham ofsayd tufayli bekor qilindi. Bellinghem ikkinchi golni nishonlagandi, ammo bu hujumning boshlanish vaqtida ofsayd bo‘lgani qayd etildi.
«Real» o‘yinni to‘liq nazorat qilayotganiga qaramay, Alonso ancha erta almashtirish qilishni boshladi. 73-daqiqaga kelib mezbonlar safida uch futbolchi zaxiraga olindi, mehmonlarda – umuman o‘zgarish qilinmadi. Xabi Alonso ubral Vinisiusni ham maydondan oldi, bu esa gol urishni juda xohlagan futbolchiga umuman yoqmadi va u o‘z e’tirozini ochiqchasiga namoyish etdi, u hatto ma’lum vaqt zaxira o‘rindig‘ini tark etib, kiyim almashtirish xonasiga ham ketib qoldi.
O‘yinning yakuniy qismi ancha asabiy kechdi. «Barselona» mag‘lubiyatdan qutulib qolishi ham mumkin edi. 89-daqiqada Kunde darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo to‘pni yaxshi to‘xtata olmadi va imkoniyatni qo‘ldan chiqardi. Hakam ikkinchi bo‘limga to‘qqiz daqiqa qo‘shib berdi, ammo «Real» g‘alabali hisobni ushlab qoldi. 90+9-daqiqada esa Pedri hujumdagi fol uchun ikkinchi kartochkani oldi.
Shundan keyin maydonda futbolchilar orasida dahanaki jang boshlandi ularni ajratish uchun politsiya aralashuvi talab etildi. Mojaro hakam hushtagidan keyin ham davom etdi. O‘yin «klasiko» mezonlari bo‘yicha ham haddan tashqari hissiyotli kechdi.
Kataloniyaliklarni tushunish mumkin, bu g‘alabadan keyin madridliklar besh ochkoga ilgarilab ketdi.
Angliya: Holandda pauza
«Aston Villa» – «Manchester Siti» 1:0
Gol: Kesh, 19 (1:0)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Din (Matsen, 86), Kesh, Onana, Kamara, Rodjyers, Buendiya (Sancho, 29, Gessan, 74), Makginn (Barkli, 74), Uotkins (Malen, 86)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Stouns (O`Rayli, 61), Gvardiol, Mateus Nunes, Reynders (Sherki, 76), Bernardu Silva (Gonsales, 61), Foden, Savio (Marmush, 84), Bobb (Doku, 61), Holand
Ogohlantirishlar: Kamara, 81 – Savio, 40. Reynders, 54. Gonsales, 64. Foden, 80
Xosep Gvardiola – Unai Emerining faoliyatidagi eng noqulay mutaxassislardan biri. U Pep ustidan ilk g‘alabasiga erishish uchun 14 bor urinib ko‘rishga to‘g‘ri kelgandi, bu omadsiz seriya faqat 2023 yil dekabriga kelib barham topgandi. Shundan keyin «Aston Villa» «Manchester Siti»ni Birminghemdagi keyingi o‘yinda ham yengadi, «shaharliklar»ga qarshi qatorasiga uchinchi uy uchrashuvidagi g‘alaba (50 yil ichida ilk bor) Keshning sa’y-harakatlari evaziga ro‘y berdi. Standart vaziyatdan keyin polshalik himoyachi markazga ko‘chdi va burchakka shu qadar aniqlik bilan zarba berdiki, Donnarumma joyidan jila olmadi.
Bu hujumda assistent rolini bajargan Buendiya esa ko‘p o‘tmay almashtirildi. Lekin bu natijaga ta’sir ko‘rsatmadi, «Villa» yaxshi o‘yin ko‘rsatishda davom etdi. Hujumda ham, himoyada ham. Donnarumma bir necha bor o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, himoyachilar esa Holand qatorasiga o‘n ikkinchi o‘yinda gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan Emeri shogirdlari qatorasiga to‘rtinchi g‘alabaga erishdi va turnir jadvalida ko‘tarilishda davom etdi. «Siti» esa mavsum startidagi 9 turda uchinchi mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida beshinchi o‘ringa tushib ketdi.
«Arsenal» – «Kristal Pelas» 1:0
Gol: Eze, 39 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba (Moskera, 46), Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 82), Timber, Subimendi, Rays (Merino, 82), Eze (Lyuis-Skelli, 88), Trossar, Saka (Martinelli, 66), Yoyekeresh
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Richards, Kamada (Hyuz, 74), Uorton (Sosa, 90+1), Mitchell (Lerma, 90+1), Munyos (Uche, 90+1), Sarr, Pino (Nketia, 59), Mateta
Mavsumni yaxshi o‘tkazayotgan «Kristal Pelas» sobiq yetakchisi Eberiche Ezening yagona goli tufayli mag‘lubiyatga uchradi. «Kanonirlar» bu golni ham standart orqali urishdi, odatdagi kabi Rays to‘pni jarima maydoniga yetkazdi, u yerda to‘p uchun kurashda ustun kelgan Gabriel Magalyayns uni 11 metrlik zarba nuqtasi atrofiga tashlab berdi, Ebereche esa sakragan holda qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, bunaqasi faqat futbol simulyatorlarida bo‘ladi.
U sobiq jamoasiga urgan golini nishonlamadi, ammo u bolalikdagi orzusi bo‘lgan jamoasi safida urgan ilk golidan chin dildan xursand bo‘lgani tayin. Mikel Arteta shogirdlari oktyabrni ideal o‘tkazdi. Barcha turnirlar doirasidagi besh o‘yin – birorta gol o‘tkazmagan holda besh g‘alaba! Endilikda londonliklar chempionlik poygasidagi asosiy raqiblari «Manchester Siti» va «Liverpul»dan mos ravishda 6 va 7 ochkoga o‘zib ketdi.
«Everton» – «Tottenhem» 0:3
Gollar: van de Ven, 19 (0:1). van de Ven, 45+6 (0:2). Sarr, 89 (0:3)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Rel, 66), Geyye (Alkaras, 86), Garner, Dyusberi-Holl, Grilish, Ndiay, Betu (Barri, 66)
«Tottenhem»: Vikario, Danso, van de Ven, Spens, Porro, Palinya, Bentankur, Simons (Bergvall, 61), Jonson (Tel, 90+3), Quddus (Sarr, 78), Kolo Muani (Risharlison, 62)
Ogohlantirishlar: Garner, 58. Grilish, 71
Shanba kungi o‘yinlardan keyin kutilmaganda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan «Sanderlend» yakshanba kuni kuchli uchlikni tark etdi. Endi bu jamoa o‘rnini bu mavsumda kuchli o‘yin namoyish etayotgan «Bornmut» egalladi, yetakchilar uchligini esa «Tottenhem» yopib berdi. «Everton» maydonidagi g‘alaba – chempionatda qatorasiga uchinchisi, uning asosiy ijodkori esa van de Ven bo‘ldi. Niderlandiyalik markaziy himoyachi ikki bor burchak zarbalari vaqtida aniq harakat qilib, dublni rasmiylashtirdi, «shporlar» safida uning ampluasidagi futbolchi bilan bunaqasi 2013 yilda qayd etilgandi, o‘shanda Yan Vertongen bir o‘yinda ikki gol urgan. Unga ikkinchi golni urishda boshqa bir himoyachi Pedro Porro assistentlik qildi. Ushbu portugaliyalik futbolchi APLda debyut qilganidan buyon golli uzatmalari sonini 17 taga yetkazdi va bu borada faqat Aleksander-Arnolddan (18) ortda.
Italiya: «Roma»da yana minimal g‘alaba
«Sassuolo» – «Roma» 0:1
Gol: Dibala, 16 (0:1)
«Sassuolo»: Murich, Romanya (Kande, 39), Idzes, Doyg, Valyukevich, Matich, I. Kone (Lorente, 81), Torstvedt (Volpato, 60), Fadera (Cheddira, 81), Berardi (Vranks, 60), Pinamonti
«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika, Zeki Chelik, Kristante (Pellegrini, 66), M. Kone, Tsimikas (Ermoso, 46), Uesli Vinisius (Rench, 87), El-Aynaui, Beyli (Dovbik, 50), Dibala (Soule, 66)
Ogohlantirishlar: Torstvedt, 34. Doyg, 39. Volpato, 77 – Manchini, 24. Ermoso, 47
«Roma» to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha turnir jadvali peshqadami «Napoli»ga yetib oldi. O‘yin taqdirini Dibalaning yagona goli hal qildi, jarohatdan tiklanib safga qaytgan argentinalik hujumchi jamoadoshi bilan «devor» uslubida o‘ynadi va sherigining zarbasini darvozabon qaytargach, to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi. Agar statistikaga qaralsa, xulosa qilish mumkinki, Jan Piyero Gasperini Klaudio Raniyerining ishini davom ettirmoqda. Gap safar o‘yinlari uchun tanlangan model haqida bormoqda, rimliklar 2025 yil boshidan hisoblanganda qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha top-5 ligalarda yetakchi. Ular safar o‘yinlarida eng ko‘p g‘alabaga erishgan (12) va o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolish bo‘yicha ham birinchi (9).
«Latsio» – «Yuventus» 1:0
Gol: Bashich, 9 (1:0)
«Latsio»: Provedel, Romanioli, Xila, Marushich, Latssari (Pellegrini, 55), Kataldi, Bashich (Vesino, 68), Genduzi, Dzakkani, Isaksen (Pedro, 83), Dia (Noslin, 82)
«Yuventus»: Perin, Gatti (Joao Mariu, 86), Kelli, Kalyulyu, Lokatelli, Kopmeyners (Kostich, 66), Makkenni (Openda, 78), Kambiyaso (Kenan Yildiz, 46), Konseysau, Vlahovich, David (Tyuram, 66)
Ogohlantirishlar: Latssari, 33. Genduzi, 90 – Kopmeyners, 30. Lokatelli, 52. Makkenni, 54. Kelli, 64
Igor Tudor – A Seriyada inqiroz davridagi jamoalar uchun eng yaxshi murabbiy. Jamoani mavsum davomida qabul qilib olib, to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha hech kim u bilan bellasha olmaydi. U ikki yil oldin «Latsio»da yaxshi ish olib borgandi, ammo Rimga kelganidan ikki yarim oy o‘tib, mavsumlar oralig‘ida ishdan bo‘shatilgandi. O‘tgan mavsum oxirida, bahorda xorvatiyalik mutaxassis «Yuventus»ni YeChLga olib chiqdi va yangi mavsumni ham yaxshi boshladi, ammo endi jamoa kichik inqiroz davriga kirib qoldi. Tudor sobiq jamoasiga qarshi o‘yingacha yetti uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriya qayd etayotgandi, ammo klubdagilar uning iste’fosi haqidagi xabarlarni rad etmoqda.
Faqat bu so‘zni amalda ham tasdiqlash kerak bo‘ladi, mutaxassisning Vlahovich va Devidga bir sxemada joy topib berishga urinishlari esa muvaffaqiyatsiz kechmoqda. Bu o‘yinning birinchi bo‘limida kanadalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, undan oldinroq esa uning o‘z jamoasi jarima maydonida to‘p oldirishidan keyin Kataldi Bashichni golli pas bilan ta’minlagandi. Tudor mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solib, zaxiradan hujumkor futbolchilarni jangga tashladi, ammo barcha urinishlar muvaffaqiyatsiz kechdi. Mehmonlar hisobni tenglashtirishidan ko‘ra, «Latsio» hisobdagi farqni oshirishi ehtimoli ko‘proq edi. «Yuve» qatorasiga to‘rt o‘yindan buyon raqib darvozasini ishg‘ol etolmayapti, bunaqasi jamoa tarixida 1991 yildan buyon kuzatilmagandi.
Shomurodov to‘purar
«Antalyaspor» «Istanbul» Bashakshehir 0:4
Gollar: Shomurodov (22′, 88′), Da Koshta (45+4′, 54′)
Mavsum startidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin istanbulliklar o‘ziga kela boshladi. «Antalyaspor» safarda yirik hisobda mag‘lub etildi. O‘yinda o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ikki golga mualliflik qildi. Bu uning Turkiyadagi 5 va 6-gollariga aylandi. U endilikda chempionatda ikkinchi to‘purarga aylandi, undan oldinda faqat «Trabzonspor» hujumchisi Onuachu joylashgan, lekin ushbu nigeriyalik hujumchi 7 ta goldan ikkitasini penaltidan urgan.
«Istanbul Bashakshehir» Turkiya Superligasining 10-turidan keyin 10 ochko jamg‘argan holda 11-o‘rinda bormoqda.
Sport
FIFA rahbari jahon chempionatlarini xususiylashtirmoqchi
FIFA rahbari Janni Infantino futboldan yanayam ko‘p pul ishlamoqchi. The Times nashri qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini boshqaradigan kompaniyaga asos solmoqchi.
Kelgusi yili FIFA prezidenti saylanadi, Infantino — yagona nomzod, u saylansa, 2031-yilgacha tashkilotni boshqaradi. Shundan so‘ng u mazkur kompaniyaga rahbarlik qilishi mumkin.
Yangi kompaniya aksiyalari xususiy sarmoyadorlarga taklif etilishi aytilmoqda. Xabarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin doiralar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi — Joshua Kushner va JPMorgan banki Infantino kompaniyasining asosiy sarmoyadorlaridan biri bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Aksiyalarni taqsimlash tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin: nazorat paketi FIFA ixtiyorida qoladi, xususiy sarmoyadorlar esa dastlabki bosqichda aksiyalarning 20–30 foizini sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. Qolgan qariyb 20 foiz aksiya esa FIFA tarkibidagi 211 ta milliy futbol uyushmasiga ajratiladi. Har bir uyushmaga taxminan 20 million AQSh dollariga teng qiymatdagi aksiyalar tegadi, ular o‘z xohishlariga ko‘ra, bu aksiyalarni sotishlari ham mumkin. Moliyaviy imkoniyatlari cheklangan kichik futbol uyushmalari bu jozibador taklifni quchoq ochib kutib olishlari aniq.
Bu islohotning ehtimoliy kutilmalaridan biri jahon chempionatlari — milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi musobaqalarni tez-tez o‘tkazish bo‘lishi mumkin. Chunki kompaniyaning asosiy maqsadi daromadni imkon qadar ko‘paytirishdir. Qolaversa, musobaqada ishtirok etuvchi jamoalar sonini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.
Sport
FIFA prezidenti o‘ziga qarshi tanqidlarga javob qaytardi
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino so‘nggi jahon chempionati doirasida o‘ziga qarshi bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqda post chop etgan Infantino AQSh, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tgan jahon chempionatini (JCh) “dunyodagi eng yaxshi shou” deb atagan va hakamlik, intizomiy choralar hamda boshqa mojarolarga oid e’tirozlarni rad etgan.
Jahondagi millionlab muxlislar qiziqishini uyg‘otgan JCh mojarolar, bahsli qarorlar bilan ham e’tiborga tushdi.
“Aslida hakamlarning bahsli qarorlari yoki “g‘alati” intizomiy hukmlar, masalan, ehtimoliy yanglish qizil yoki sariq kartochkalar va ayrim vaziyatlarda futbolchilarni chetlatmaslik haqidagi keyingi qarorlar oddiy amaliyot hisoblanadi va dunyoning eng yirik ligalarining ayrimlarida keng qabul qilinadi”, – deya FIFAning bahsli qarorlarini oqlashga uringan Janni Infantino.
FIFA rahbari, shuningdek, Vashington va Tehron harbiy ziddiyatiga qaramay, Eron terma jamoasi JChda qatnashganini yutuq o‘laroq sanagan. Ammo u Eron terma jamoasi AQShga viza olish va kelib-ketishda duch kelgan qiyinchiliklar masalasiga to‘xtalmagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, JCh-2026 siyosatchilar ko‘p marta aralashgan va aralashishga uringan musobaqa sifatida tarixga kirdi.
Chempionat arafasidayoq AQSh prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli JChda Eron o‘rniga Italiya terma jamoasini tiqishtirishga urindi.
AQSh termasi jamoasi vakili Folarin Balogan bilan bog‘liq mojaro esa siyosat va sport sarhadlari qorishib ketganini ko‘rsatdi.
Balogan Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgani uchun Belgiya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga tayanib, diskvalifikatsiya ijrosini bir yillik sinov muddatiga almashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Balogan masalasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan FIFA rahbariyatiga murojaat qilgani ortidan shunday qaror qabul qilingan.
Buning ortidan Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA) Baloganga nisbatan qabul qilingan qaror yuzasidan FIFAni keskin tanqid qildi. UYeFA tarqatgan bayonotda mazkur qaror “misli ko‘rilmagan, tushuntirib bo‘lmaydigan va asossiz” deb baholandi.
Norvegiya futbol assotsiatsiyasi rahbariyati esa ushbu holat bo‘yicha Tramp ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi.
Bu yilgi JChning kumush medali sovrindori Argentina termasi jamoasini FIFA musobaqalaridan chetlatishga doir petitsiya rekord darajada – 23,3 millionta ovoz yig‘di.
Ko‘p million sonli muxlislar FIFA rahbariyati va hakamlar jamoasini mashhur futbolchi Lionel Messiga yon bosishda aybladi. Xususan, Lotin Amerikasi davlatining Shveysariya hamda Misrga qarshi o‘yinlardagi g‘alabalari shubha uyg‘otgan.
Darvoqe, final o‘yinidan keyin ham Messi jamoadoshlari mojaroli holatni yuzaga keltirdi. Xususan, futbolchilar Nauel Molina, Leandro Paredes va Tyago Almada hamda Argentina termasi bosh murabbiyi yordamchisi Roberto Ayala Ispaniya futbolchilariga nisbatan kuch ishlatgan.
Kuchli norozilik va tarmoqlardagi bosim ortidan FIFA Argentina futbolchilarining xatti-harakati tekshirilishini ma’lum qildi.
Sport
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
«Manchester City» O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bilan yangi besh yillik shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, futbolchi klub safida 2031 yilgacha to‘p suradi.
Husanov Angliya klubiga 2025 yil yanvar oyida kelib qo‘shilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. 2025/26 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida u Mark Geyi bilan markaziy himoyada ishonchli tandem hosil qilib, jamoaning so‘nggi 19 ta APL uchrashuvidan 16 tasida maydonga tushdi. Shuningdek, Angliya kubogi va Liga kubogi finallarida ham muhim rol o‘ynadi, deyiladi klub matbuot xizmatining xabarida.
Ta’kidlanishicha, 22 yoshli himoyachi «Manchester City» safida atigi 47 ta o‘yin o‘tkazganiga qaramay, yuqori tezligi va samarali himoyaviy harakatlari bilan Premyer-liganing eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etildi. U, shuningdek, klubning 2025/26 yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun nomzodlar uchligidan ham joy olgan edi.
Bundan tashqari, Husanov O‘zbekiston terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi yo‘lida ham muhim hissa qo‘shdi.
Yangi shartnoma imzolangach, Abduqodir Husanov klubda qolayotganidan mamnunligini bildirib, «Manchester City»da har kuni rivojlanayotganini ta’kidladi.
«Bu men va oilam uchun juda quvonchli kun. Manchesterga kelganimdan buyon har bir lahzadan zavq oldim va futbolchi sifatida ko‘p narsani o‘rgandim. Endi yangi vazifam — Enso Mareska va uning murabbiylar shtabiga o‘zimni namoyon etish hamda jamoada muntazam o‘rin egallash. Muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat. Endi bor e’tiborim klub muvaffaqiyati uchun bor kuchimni berishga qaratilgan», — dedi Husanov.
Klubning futbol bo‘yicha direktori Ugu Viana esa Husanovning Angliyaga kelganidan buyon rivojlanishidan mamnun ekanini bildirib, uning jahon darajasidagi markaziy himoyachiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchining eng yaxshi yillari hali oldinda va u Enso Mareskaning rejalarida muhim o‘rin tutadi.
Sport
Fransiya va Germaniya birgalikda jahon chempionatini o‘tkazishi mumkin
Kelasi mundiallardan biri Fransiya va Germaniya o‘tishi mumkin.
«Le Parisien» nashrining xabar berishicha, Fransiya va Germaniya Jahon chempionatini birgalikda o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda.
Ikki mamlakat 2038 yoki 2042-yilgi Jahon chempionatini o‘tkazish uchun qo‘shma ariza topshirishi kutilyapti. 2030-yilgi Jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda bo‘lib o‘tadi.
Ochilish o‘yinlari Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi. 2034-yilgi Jahon chempionati Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi raqiblari aniq bo‘ldi
Yaponiyada o‘tkaziladigan Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlarining jamoaviy sport turlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Unga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston U23 terma jamoasi S guruhida Vetnam, Filippin va Kuvayt bilan bahs olib boradigan bo‘ldi.
A guruhi: Yaponiya, Tailand, Qirg‘iz Respublikasi, Gongkong
B guruhi: Xitoy, BAA, Eron, KXDR
C guruhi: Vetnam, O‘zbekiston, Filippin, Kuveyt
D guruhi: Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Qatar.
-
Jamiyat5 days ago
Namanganda qarzdorning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Bank depozitlari bir yilda 118 trln so‘mga ko‘paydi
-
Dunyodan2 days ago
Yaponiyalik ayollar 41 marta rekord o’rnatdilar
-
Sport5 days ago
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
-
Dunyodan4 days ago
Afg‘onistondagi suv toshqinlarida 20 kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bir necha kun ko‘tarilgan dollar birdan keskin pastladi
-
Dunyodan1 day ago
Rossiyada muhojirlar uchun patent olish va ularni uzaytirish uchun yangi shartlar belgilandi.
-
Jamiyat1 day agoIchimlik suvi narxlarini tasdiqlash vakolati Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi
