Siyosat
“Ko‘proq imkoniyat – ko‘proq mustaqillik degani”. YI hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda
20 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi komissarlari, Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari ishtirokida mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik masalalari bo‘yicha mashvarat tashkil etildi. Mazkur uchrashuv Bryusselning Qora dengiz mintaqasiga oid strategik yondashuvi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Mashvaratda Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlari vazirlari hamda vakillari qatnashdi. YeI nomidan Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil/Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas, Kengayish bo‘yicha komissar Marta Kos hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela ishtirok etdi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida ishtirokchilar manfaatli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro bardoshlilikni kuchaytirish va yanada bog‘langan, xavfsiz hamda farovon mintaqalarni targ‘ib etish borasida o‘z majburiyatlarini tasdiqladilar.
Vazirlar sessiyasida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik kun tartibi muhokama qilindi. Mazkur tashabbus iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, uzoq muddatli umumiy farovonlik, hamkorlik va tinchlikni mustahkamlash, YeIni Turkiya va Janubiy Kavkaz orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘lashga yo‘naltirilgan.
Asosiy e’tibor transport (mintaqalararo Trans-Kaspiy transport yo‘lagini kuchaytirish va transport aloqalarini kengaytirish), raqamli texnologiyalar (yuqori tezlikdagi internetni rivojlantirish orqali innovatsiyalar, raqamli savdo va muhim infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlash), energetika (energiya tarmoqlarini yaxshilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish orqali energiya xavfsizligi va diversifikatsiyasini oshirish), savdo (bojxona jarayonlarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish orqali chegaralardagi savdoni soddalashtirish hamda bozor integratsiyasini chuqurlashtirish) kabi to‘rt ustuvor yo‘nalishga qaratildi.
“Qora dengiz mintaqasi Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega. Rossiyaning Ukrainadagi urushi mintaqa bo‘ylab xavfli oqibatlarga olib kelmoqda. Moskvaning harbiy faoliyati, soya flotlari, suzib yuruvchi minalar va kema navigatsiya tizimlarini to‘sish kabi holatlar – umumiy xavfsizlik muammolari bo‘lib, ularga jamoaviy javob talab etiladi. Qora dengizdan tashqari, urush Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi quruqlikdagi savdoga ham ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz o‘zaro aloqalarni diversifikatsiya qilamiz va savdo, energiya hamda raqamli imkoniyatlarni kengaytiramiz”, – deydi YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.
“Rossiyaning tajovuzkor urushidan oldin Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aksar quruqlik savdosi Rossiya orqali o‘tardi. Bugun bu yo‘l yopilgan. Bizga muqobil yo‘llar zarur. Shu sababli Yevropadan to Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan barcha mamlakatlar ilk bor Lyuksemburgda yig‘ildi. Barchamiz yagona yetkazib beruvchiga bog‘liqlik bizni zaiflashtirishini bilamiz. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga ko‘proq harakat erkinligi, savdo imkoniyatlari, energiya manbalari va raqamli ma’lumot almashuvi yo‘llarini yaratamiz. Ko‘proq imkoniyat bu – ko‘proq mustaqillik degani”, – deydi YeIning Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos.
“Markaziy Osiyo – navqiron aholi qatlamiga ega, Yevropa bilan “Global darvoza” doirasida faol ishlash salohiyatiga ega dinamik mintaqa. Biz birgalikda ushbu salohiyatni real imkoniyatlarga aylantira olamiz. Transport, energetika va raqamli tarmoqlardagi ishonchli o‘zaro bog‘liqlik bunga asos bo‘ladi. Mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali biz savdoni rivojlantiramiz, ish o‘rinlari yaratamiz va har ikki tomonda barqaror farovonlikni ta’minlaymiz”, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela.
Muhokamalarda barcha ishtirokchilar o‘rtasida muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Yevropa Komissiyasi amaldagi tajribalarga asoslanib, hamkor mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, xususiy investorlar va manfaatdor uchinchi tomonlarni birlashtiruvchi muvofiqlashtirish mexanizmi taklifini tayyorlaydi. Ushbu mexanizm 2025 yil 27 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TCTC Investorlar va o‘zaro bog‘liqlik forumida taqdim etiladi.
“O‘zbekiston xalqaro transport-logistika aloqalarini kengaytirish, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi platformalarini rivojlantirish, mintaqalar o‘rtasida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlaydigan sheriklikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratishda davom etadi. Muloqotlarimiz mintaqalararo bog‘liqlik nafaqat infratuzilma, balki ishonchni mustahkamlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va xalqlarimiz uchun umumiy farovonlik yaratish ekanini yana bir bor tasdiqladi”, – deydi Lyuksemburg mashvaratida qatnashgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Ma’lumot o‘rnida: 21 oktyabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi ham o‘tkazildi.
“Mazkur yig‘ilish natijalari hamkorligimizni kengaytirish va umumiy qadriyatlarga asoslangan yanada mustahkam, istiqbolga yo‘naltirilgan sheriklikni shakllantirishda yangi turtki berishiga ishonchimiz komil”, – deb hisoblaydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev jahondagi geosiyosiy vaziyat tobora keskinlashayotganini ta’kidlab, rahbarlarni hushyorlikka chaqirdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, «Birinchi chorak ko‘rsatkichi yaxshi bo‘ldi, yil oxirigacha ham shunday davom etadi», degan qarash xato bo‘ladi. U global ziddiyatlar va yetakchilik uchun kurash kuchayib borayotganini qayd etdi.
«Takror aytyapman: global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, yetakchilik uchun kurash avj olayotgan hozirgi sharoitda dunyo oldingidek ’sokin’ bo‘lmaydi», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda iqtisodiy faollik va bandlik masalalari ham tahlil qilindi. Jumladan, 2026 yilda banklar orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m ajratilayotgani ma’lum qilindi.
Ayrim hududlarda bu mablag‘lar samarali ishlayotgani qayd etildi. Masalan, Shirin shahrida har 1 milliard so‘m kredit hisobiga 20 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan ish o‘rni tashkil etilgan.
Biroq Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida bu ko‘rsatkich atigi 3 ta ish o‘rnini tashkil etmoqda.
Prezident samaradorlikdagi farqlarni tanqid qilib, resurslar to‘g‘ri yo‘naltirilmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar barcha hududlarda kreditlar samarali loyihalarga yo‘naltirilganida, qo‘shimcha 36 ming ish o‘rni yaratish mumkin edi.
Shuningdek, 60 mingga yaqin norasmiy ishlayotgan aholini rasmiy sektorga chiqarish imkoniyati borligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan bank tizimida sun’iy intellektdan faol foydalanish vazifasi qo‘yildi. Hududiy bank xodimlarini ushbu texnologiyaga o‘qitish va «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasini ishga tushirish topshirildi.
Siyosat
Prezident «aravasini torta olmayotgan» hokimlar bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishini aytdi
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda ayrim rahbarlar tadbirkorning masalasini hal qilishi o‘rniga o‘zini chetga olayotgani, muammo respublika darajasiga chiqsa, aybini berkitish uchun o‘zini oqlab yurgani tanqid qilindi.
Davlat rahbari Nurafshon shahar hokimi byurokratiya sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga qayerdan bu ma’lumot Prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovora ekanligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l, Chinoz (Salixov) tumanlari hokimlari tadbirkorlik infratuzilmasi uchun berilgan tayyor pulga haligacha loyiha boshlamagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun ushbu tumanlarga bu yil respublikadan qo‘shimcha 262 milliard so‘m berilgan.
Yig‘ilishda tegishli viloyatlar hokimlariga nomi aytilgan tuman hokimlari «aravasini torta olmayotgan bo‘lsa», bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Siyosat
Prezident bu yil 5 mlrd kilovatt elektr va 3,5 mlrd metr kub gaz tejalishi shartligini ta’kidladi
Videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev energiya samaradorlik masalalariga alohida to‘xtaldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, elektr yo‘qotishi 20 foizdan ko‘p bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilindi. Ularning xulosa qilmagan rahbarlarini bugunoq ishdan olish, o‘rniga yosh kadrlarni qo‘yib, yo‘qotishlarni 2 karra kamaytirish bo‘yicha KPI belgilab berish zarurligi aytib o‘tildi.
Bugungi kunda texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida 10 mingdan ziyod 3- va 4-kurs talabalari ta’lim olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga o‘qitib, dual ta’lim asosida tumanga tushirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
«Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik», – dedi Prezident.
Mazkur yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 5 milliard kilovatt elektr va 3,5 milliard kub metr gazni tejashi shartligi qayd etildi.
Siyosat
Prezident 13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chora ko‘rishni topshirdi
Prezident 13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chora ko‘rishni topshirdi
Source link
Siyosat
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport ko‘rsatkichlari pasaygan hududlar faoliyatini keskin tanqid qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnomalar tuzgan. Biroq hamkor davlatlardagi vaziyat o‘zgargani sababli ular hali eksportni boshlay olmagan.
Shu bilan birga, ayrim hokimlar tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish o‘rniga vaziyatni o‘z holicha qoldirgani ta’kidlandi. Bu esa eksport ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha bir qator hududlarda eksport keskin kamaygan. Xususan, Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denov tumanlarida eksport hajmi ikki barobardan ziyodga qisqargan.
Shuningdek, Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumani, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida eksport rejalari 70 foizga ham yetmagan.
Prezident mazkur hududlar rahbarlarini ogohlantirib, birinchi yarim yillikda o‘sish ta’minlanmasa, qat’iy xulosa qilinishi bildirildi.
Davlat rahbari hozirgi sharoitda eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar yangi bozor topish, aylanma mablag‘, sertifikatlash va logistika kabi muammolarni mustaqil hal qila olmayapti.
Shu bois, ushbu yo‘nalishda yagona va samarali tizim yaratish zarurligi qayd etildi. Mas’ullarga eksportni rivojlantirish bo‘yicha natijaga yo‘naltirilgan kompleks yondashuv ishlab chiqish va tegishli takliflar kiritish topshirildi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat5 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat5 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat5 days agoGiyohvand moddalar savdosini moliyaviy tomirlarni kesish orqali to’xtatish mumkin.
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
