Sport
«Biroz agressiv bo‘lish kerak» – Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Kuvayt bilan o‘yinda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, penalti tepishdagi muammo va Abbosbek Fayzullayevning holati haqida gapirdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kuvaytga qarshi kechgan va 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan yakunlangan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Kecha aytganimdek, hech bir o‘yin oson bo‘lmaydi. Har bir raqibni jiddiy qabul qilish kerak. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Mashg‘ulotlarda ishlagan g‘oyalarimiz ish berdi. Futbolchilar meni eshitayotganidan mamnunman. Biroq hali ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. G‘alaba bilan boshlashimiz muhim edi. Endi menda futbolchilar haqida ko‘proq ma’lumot bor.
Negativlar doimo bo‘ladigan holat. Shu vaqtga qadar tanqidlar bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan. Lekin ularga e’tibor qaratmayman. Doimo o‘z ishim haqida o‘ylayman. Muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan odamni ham hurmat qilish kerak.
Men futbolchilarga biroz agressiv bo‘lishlarini aytdim. To‘psiz o‘ynash ustida ishlashimiz kerak. Raqib pressing qilmagan taqdirda ham bunga tayyor bo‘lish kerak. Birinchi gol mashg‘ulotlar mevasi», – deya uning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.
Murabbiy o‘yinning ikkinchi bo‘limida Otabek Shukurov 11 metrdan muvaffaqiyatli zarba bera olmaganiga ham to‘xtalgan. Bu o‘zbekistonlik futbolchilar qatorasiga ikkinchi o‘yinda penaltidan foydalana olmasligi bo‘lmoqda. Bundan oldin Eldor Shomurodov CAFA Nations Cup finalida Eron darvozasiga belgilangan penaltini ura olmagandi.
«Penaltini futbolchilar amalga oshiradi, biroq avval uni his qilish kerak. Buning ustida ishlashda davom etamiz. Futbolda hamma narsani mashg‘ulotlar orqali rivojlantirish mumkin. Fayzullayevning holati yaxshi; bu borada shifokorlar bilan gaplashdik.
O‘z ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. G‘alaba qozonayotgan vaqtda ko‘proq nazoratga urg‘u berish zarur. Hisob 2:0 bo‘lib turgan vaqtda oddiy holda to‘pni yo‘qotdik; raqibga imkon bermaslik eng muhimi. Biroq futbolchilar men ulardan so‘raganimni bajara olishdi.
To‘p nazorati ustida ishlashimiz zarur. Maydonda 90 daqiqa davomida faqat yugurish imkonsiz. Shu sabab, futbolchilardan bir-birini yaxshiroq tushunish talab etiladi.
Bizning futbol ko‘p narsani o‘z ichiga oladi. Umid qilamanki, futbolchilar bilan ko‘proq gaplashamiz. Garchi doimo birga bo‘lmasak-da, ularga ishonch berib, videolar orqali ishlashga harakat qilamiz», – degan murabbiy.
O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘in doirasida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvay milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Sport
«Tottenxem» Igor Tudorning iste’fosini e’lon qildi
Igor Tudor «Tottenxem»ga 14 fevral kuni murabbiy etib tayinlangandi va jamoani 44 kun boshqardi. O‘tgan davr davomida jamoa yettita uchrashuv o‘tkazib, bir g‘alabaga erishdi, bir marta durang o‘ynadi va besh marta mag‘lubiyatga uchradi.
Xorvatiyalik mutaxassis Igor Tudor «Tottenxem» jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Klub matbuot xizmatining bildirishicha, tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida shartnoma bekor qilingan.
«Tudor klubni tark etishi borasida o‘zaro kelishuvga erishildi. Igorga oxirgi olti hafta davomidagi ishi uchun minnatdorlik bildiramiz. Yangi murabbiy haqidagi ma’lumot keyinroq e’lon qilinadi»,— deyiladi bayonotda.
London klubi Tudor yetakchiligi ostidagi so‘nggi bahsni 22 mart kuni o‘tkazib, «Nottingem»dan 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
O‘yindan so‘ng murabbiy otasining vafoti sababli matbuot anjumanida qatnashmadi.
Igor Tudor «Tottenxem»ga 14 fevral kuni murabbiy etib tayinlangandi va jamoani 44 kun boshqardi. O‘tgan davr davomida jamoa yettita uchrashuv o‘tkazib, bir g‘alabaga erishdi, bir marta durang o‘ynadi va besh marta mag‘lubiyatga uchradi.
«Tottenxem» Angliya chempionati musobaqa jadvalida 31 o‘yindan so‘ng 30 ochko jamg‘arib 17-o‘rinda bormoqda.
Sport
Eronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
Eron milliy jamoasi Turkiyaning Belek shahrida Nigeriya milliy jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan aksiya o‘tkazishdi. Fors futbolchilari maydonga binafsharang va pushti aralash och qizil ryukzaklarni ko‘tarib chiqishdi va milliy madhiya ijro etilayotganida ularni ko‘tarib turishdi.
Bu orqali futbolchilar AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushining ilk kunida Minob shahridagi Shajarayi Toyyiba nomli qizlar maktabiga yo‘llangan zarba qurbonlarini yod etishdi. 28 fevral kuni ushbu maktabga raketa kelib tushishi oqibatida 170 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning aksari o‘quvchilar edi.
Eron futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Muhammad Nabi bunday aksiya o‘tkazish tashabbusi futbolchilarning o‘zidan chiqqani, ular bu orqali qizlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor etishni istashganini qayd etgan.
AQSh harbiylari maktabga xatolik tufayli zarba yo‘llagandi. Bu xatolik amaliyotda eskirgan razvedka ma’lumotlaridan foydalanilgani tufayli ro‘y bergan. Ammo hozircha AQSh tomoni buni rasman tan olmagan va faqat holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilish bilan cheklanmoqda.
Sport
Bahodir Toshmatov O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi etib saylandi
Bugun O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari o‘tkazilgan hisobot-saylov konferensiyasida federatsiyaga yangi rahbar saylandi.
Delegatlar federatsiya raisligiga O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Bahodir Toshmatov nomzodini ilgari surgan. Nomzod bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va u mamlakat kamondan otish federatsiyasi raisi etib saylandi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, konferensiyada ushbu sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish va ommalashtirish, sportchilarimizni joriy yilda kutib turgan nufuzli musobaqalarga puxta tayyorlashga doir muhim rejalar muhokama qilingan.
Sport
O‘zbekistonda futbolchilar daromad solig‘idan ozod etildi
2026 yil 1 apreldan boshlab Superliga va Pro-ligada to‘p suradigan futbolchilar 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod bo‘ladi. Klublar esa ular uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi. Davlat Superliga klublariga bu yil 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan pul berishini e’lon qildi. Davlat davlat idorasi, ham sport federatsiyasini boshqarayotgan amaldorlar birinchi ish joyiga tegishli mablag‘lardan federatsiyaga ham berish huquqini oldi.
O‘zbekiston prezidenti 24 mart kuni sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlari yuzasidan qaror imzoladi.
Qarorga asosan, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma davlat budjeti va boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning sport sohasi uchun ajratadigan homiylik mablag‘lari ham shu Jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Qaysi korxona qancha homiylik qilishini Respublikasi komissiyasi belgilaydi (Administratsiya bilan kelishgan holda).
2026 yilda Jamg‘armaga davlat budjetidan 700 mlrd so‘m ajratiladi. Shu mablag‘ hisobidan, Superligadagi har bir futbol klubiga joriy yilda 35 mlrd so‘mdan (16 ta klubga jami 560 mlrd so‘m) beriladi.
2027 yilda Superliga klublariga 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan beriladi.
2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar Superliga va Pro-ligada ishtirok etuvchi futbol klublarining futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi va ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz bo‘ladi. Bu imtiyoz muayyan tartibda boshqa sport turlari bo‘yicha murabbiylarga, shu jumladan xorijlik trenerlarga ham taalluqli bo‘ladi.
Sport federatsiyalariga rahbar sifatida saylangan davlat tashkilotlari rahbarlariga huquq berildi: endi ular o‘zi boshqarayotgan davlat tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan o‘zi boshqarayotgan sport uyushmasiga pul berishi mumkin. Bunda Respublika komissiyasi bilan kelishish talab etiladi. Bunday huquq – sport uyushmalariga rahbar sifatida saylangan davlat ishtirokidagi korxonalarning raislariga ham tegishli.
Federatsiyalar rahbarlari – sohaga tadbirkorlarni jalb etishga shaxsan mas’ul deb belgilandi.
Sport
Sportga homiylik qilgan tadbirkorlar imtiyoz oladi
Sport federatsiyalari va futbol klublariga homiylik qilgan tadbirkorlar foyda solig‘idan imtiyoz va MTRK telekanallarida yarim narxiga reklama joylashtirish huquqini oladi. U yoki bu federatsiya yoxud futbol klubining 20 foiz budjetini zimmasiga olgan homiylar federatsiya yoki klub rahbariga aylanishi mumkin. Klublar, shuningdek, ishonchli boshqaruvga ham beriladi. Ishonchli boshqaruvchilar klubni imtiyozli kredit hisobidan xususiylashtirib olishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti 24 mart kuni sport sohasiga xususiy sektor mablag‘larini jalb etish yuzasidan qaror imzoladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab, sport federatsiyasiga yillik xarajatlarining kamida 20 foizini homiy sifatida to‘lab bergan tadbirkor federatsiya raisligiga saylanishi mumkin bo‘ladi.
Shu sanadan e’tiboran, futbol klubining yillik xarajatlarining kamida 20 foizini homiy sifatida to‘lab bergan tadbirkor klubni ishonchli boshqaruvga olishi mumkin bo‘ladi.
Bunda, ayrim klublar (qaysilari ekanini O‘FA belgilaydi) tanlov asosida ishonchli boshqaruvga beriladi: tanlovda eng ko‘p homiylik mablag‘ini taklif qilgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhi g‘olib deb topiladi.
Klubga o‘tgan yillarda homiylik qilib kelgan tadbirkorlarga tanlovda ustuvorlik beriladi. Ishonchli boshqaruvga berilgan klublarda Kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi tashkil etiladi, tadbirkor Kuzatuv kengashiga raislik qilishi mumkin.
Klubni ishonchli boshqaruvga olgan tadbirkorlar uni xususiylashtirib olmoqchi bo‘lsa, 1 yillik imtiyozli davr bilan 5 yillik muddatga 14 foiz stavkada kredit olishi mumkin. Bunda u likvidli garov ta’minoti va biznes rejasini taqdim etishi kerak. Klubning o‘z balansidagi aktivlar garovga o‘tmaydi.
Olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda futbol klublariga homiylik qilgan tadbirkorlik sub’yektlari foyda solig‘idan imtiyoz oladi. Bunda, xayriya summasi soliq solinadigan foyda miqdoridan chegirib tashlanadi, lekin chegiriladigan summa – soliq solinadigan foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak.
Futbol klublarini boshqaruvga olgan va sport federatsiyasiga homiylik qilgan tadbirkorlar MTRK tizimidagi telekanallardagi sport efirlari vaqtida 50 foiz chegirma bilan reklama joylashtirish huquqini oladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2026 yil yakuniga qadar audit va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda futbol klublarining bozor narxini baholash va ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish choralarini ko‘rish topshirig‘ini oldi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan1 day ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat4 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
