Connect with us

Jamiyat

Etti opa-singil tarixi yoki baxt keltirmagan uzun sochlar

Published

on


Opa-singil Sazerlendlar oilasi haqida kam odam eshitgan. Ular Charli Chaplin va Meri Pikford zamondoshi bo‘lib millionlab odamlarning qalbini zabt etishgan. Yetti opa-singilni nima shu qadar mashhur qilgan?

Sara, Viktoriya, Izabella, Greys, Naomi, Meri va Dora — yetti opa-singil 1851-1865-yillar oralig‘ida Nyu Yorkda tug‘ilishgan. Oilada birgina o‘g‘il bo‘lib, bosh farzand edi. Kambag‘al dehqon oilasidagi qizlar tarbiyali va o‘qimishli bo‘lsagina turmushga bera olishini ota-ona juda yaxshi tushunardi. Shuning uchun barcha qizlar nafaqat savodli, balki chiroyli qo‘shiq aytishar va cholg‘u asboblarini chalishni bilardi. Ularning eng katta boyligi esa umumiy uzunligi 11 metrdan oshgan sochlar edi. Katta opa Saraning sochlari eng qisqasi bo‘lib 90 sm. tashkil qilar, qolgan qizlarning sochlari 1,2 dan 1,8 metrgacha bo‘lgan, Viktoriyaniki esa deyarli ikki metr edi.

Ona qizlariga soch kesishni taqiqlagan. O‘sha davrlarda uzun sochlar ayolning eng muhim boyligi va obro‘si hisoblanardi. Opa-singillar birin-ketin voyaga yeta boshlaganda uyda musiqiy kechalar o‘tkazila boshlandi. Axir yetti qizni egalariga topshirish uchun shundan boshqa qanday yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin? Biroq, mehmonlarga musiqa umuman qiziq bo‘lmay qoldi, ularni opa-singillarning uzun sochlari o‘ziga tortardi. Qizlar sharsharadek sochlarini go‘yoki ko‘z-ko‘zlash uchun turli holatda turishardi, ular xoh tik turishsin, xoh o‘tirishsin sochlari tovlanib atrofdagilarning e’tiborini tortardi.

  

Bu hodisa jamoatchilikka boshqacha ta’sir qildi. Chunki o‘sha davrlarda, hech bir ayol hech qachon jamoat oldida bunday ko‘rinishga jur’at eta olmasdi! Sochlari taralgan va yoyilgan ayolni faqat turmush o‘rtog‘i ko‘rishi mumkin bo‘lgan. Yetti opa-singilning shon-shuhrati atrofga tez tarqaldi. O‘shanda opa-singillarning eng kichigi 18 yoshda, kattasi esa 31 yoshda edi. 1882-yilda qizlar «Yerdagi eng g‘alati shou» deb nomlangan sirk truppasiga qo‘shilish taklifini oldilar. O‘sha davrda xalq orasida «g‘alati odamlar shoulari» nomi bilan mashhur bo‘lgan tomoshalar urfga aylangandi. Shunday qilib, soqolli ayollar, siam egizaklari, mittilar, suv parilari va shunga o‘xshash boshqacha odamlar orasida yettita go‘zal ayol paydo bo‘ldi.

Ularning muvaffaqiyati barcha yulduzlarnikidan oshib ketdi. Matbuot ularni «Amerikaning yetti mo‘jizasi» deb nomladi va ular ayol va go‘zallik timsoliga aylandi. Opa-singillar o‘zlarining chiqishlari bilan butun sirk truppasidan ko‘ra ko‘proq pul ishlashdi.

Ularning mashhurligi oshgandan oshdi, biroq, Florida, Alabama, Yangi Orlean va Atlanta bo‘ylab g‘alabali gastrol safaridan so‘ng, sirk tomoshalariga qiziqish sezilarli darajada kamaydi. Mamlakat tanazzulni boshdan kechirdi va ko‘pchilikning sirk o‘yin-kulgilariga vaqti yo‘q edi. Ammo ayol har doim ayol bo‘lib qoladi va uning orzusi — nozik qomatga, qordek oppoq tishlarga va ajoyib sochlarga ega bo‘lish. Shunday qilib, qizlarning otasi Fletcher Sazerlend boylik orttirish uchun navbatdagi qadamni qo‘ydi. U soch parvarishi uchun eliksir ishlab chiqara boshladi va uni patentladi. «Yetti Sazerlend opa-singillar» go‘yoki mo‘’jizaviy soch surtmasiga aylandi. Ushbu eliksirning bir shishasi 50 sentdan 1,50 dollargacha turardi, bu 19-asrdagi o‘rta sinfning bir kunlik yoki hatto bir haftalik ish haqiga teng. Endi opa-singillar g‘alati shoularda chiqishlari shart emas edi. Ular o‘zlarining dastxati tushirilgan fotosuratlar va o‘z suratlari aks etgan otkritkalarni sota boshladilar. Ularning muxlislari omad uchun hatto bir o‘rim soch sotib olishga umid qilishardi.

    

Sazerlendlarning soch parvarishi uchun tayyorlangan mahsulotlari shu qadar mashhur ediki, 1890 yilga kelib, daromad 3 million dollardan oshdi.

Opa-singillar yoshligini boylik ortidan quvib o‘tkazdilar. Ammo moda har doim o‘zgarib turadi. Shuningdek uzun sochlarga bo‘lgan havas  ham vaqt o‘tib so‘ndi, uzun sochlar o‘rnini qirqilgan sochlar egalladi va mo‘’jizaviy eliksirga talab ham kamayib ketdi.

Bu paytga kelib opa-singillarning shaxsiy hayoti hali hamon izga tushmagan edi. Otalari vafotidan keyin qizlar o‘z pullarini mustaqil boshqarishni boshladilar. Pul osonlik bilan keldi va barmoqlar orasidan osongina sirg‘alib ketdi. Ular 14 xonali uy qurishdi, har bir opa-singilning o‘z xonasi va marmar vannasi bor edi. Uyda oqar suv bo‘lib bu o‘sha paytlarda Amerikada juda kam uchraydigan holat edi. Har bir ayolning o‘z xizmatkori bor edi. Uyda ko‘pincha mehmonlar bo‘lardi — kechki dasturxonga chaqirilardi , spektakllar qo‘yilardi, konsertlar uyushtirilardi.

To‘g‘ri ular orasida qizlarga befarq bo‘lmagan erkaklar ham yo‘q emasdi. Ammo jiddiy munosabatlar hech qachon amalga oshmadi. Faqat 1885-yilga kelib, beshinchi qiz Naomi  27 yoshda opa-singillar orasida birinchi bo‘lib turmushga chiqdi. 13 yillik turmushdan so‘ng Naomi 40 yoshga to‘lmasdan vafot etdi. Eng hayratlanarli voqea uchinchi qiz Izabella bilan sodir bo‘ldi. Frederik  ismli yigit kenjatoy Dora bilan uchrashib yurdi va keyin o‘zidan 13 yosh katta bo‘lgan Izabellaga uylanib, hammani hayratda qoldirdi! Lekin ko‘p o‘tmay  kuyov o‘z joniga qasd qildi va opa-singillar uni shisha tobutga joylashtirdilar, politsiya aralashib, yigitning jasadi qabrga qo‘yilgunga qadar u musiqa xonasida omma oldida namoyish etilgan. Mish-mishlarga ko‘ra, Izabella ikki yil o‘tgach, o‘zidan 16 yosh kichik bo‘lgan boshqa bir sarguzashtga o‘ch Alonso Svenga turmushga chiqqunga qadar har kecha uning dafn etilgan joyiga tashrif buyurgan.

Ellik yoshli Viktoriya esa o‘n to‘qqiz yoshli yigit bilan topishib oldi, bu holat opa-singillarni butunlay begonalashtirdi. Viktoriya  uydan haydab chiqarildi. Sazerlendlar oilasidan faqat bitta qiz nafaqat turmush qurishga, balki ona bo‘lishga ham muvaffaq bo‘ldi. Xullas 1920 yillarga kelib, to‘rtta opa-singil — Naomi, Viktoriya, Izabella va Sara vafot etdi. 1926-yilda omon qolgan uchta opa-singil — Greys, Dora va Meri o‘zlarining hikoyalarini sotish umidida Gollivudga yo‘l olishdi. Ularning sayohati muvaffaqiyatsiz tugadi va Dora avtohalokatda vafot etdi. Meri vaqti-vaqti bilan ruhiy kasallikdan azob chekardi va ko‘pincha o‘z xonasida chiqmasdi. Keyinchalik u ruhiy kasalxonaga joylashtirildi va 1939 yilda vafot etdi. Oradan yetti yil o‘tgach Greys ham omonatini topshirdi. Ularning so‘ngi boyligi — hashamatli, minorali uy esa 1938 yilda yonib ketdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.