Sport
Rasman. Kannavaro – O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi
Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga tayyorlaydi.
Italiyalik 52 yoshli mutaxassis Fabio Kannavaro rasman O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 3 karra Jahon chempionati ishtirokchisi, 2006 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, yaqin o‘tmishning eng yaxshi himoyachilaridan biri, taniqli mutaxassis – Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzdi.
Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi», –deyiladi O‘FA bayonotida.
Murabbiylar shtabida Kannavaroga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:
Aujyenio Albarella – yordamchi murabbiy (Yaponiya milliy jamoasi, «Yuventus», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da ishlagan);
Troize Fransesko – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy («Benevento», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da faoliyat yuritgan);
Antonio Kimenti – darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar jamoasi, «Sampdoriya» va «Spal» klublarida ishlagan).
O‘FA xabarida yangi jamoa bilan shartnomaning boshqa tafsilotlari keltirilmagan, xususan, shartnoma muddati va moliyaviy jihatlari noma’lumligicha qolgan. Oldinroq rus nashrlarida Kannavaro va shtabining yillik maoshi miqdori 4 mln yevro atrofida bo‘lishi haqida xabar tarqalgandi.
Hozircha milliy jamoani 2025 yil yanvaridan buyon boshqarib turgan Timur Kapadzening keyingi faoliyati noma’lum bo‘lib turibdi, manbalar u yangi shtabdan o‘rin olishi haqida xabar tarqatgan.
Ma’lumot uchun, Kannavaro futbolchi sifatida Italiyaning qator klublarida, xususan, «Napoli», «Inter» va «Yuventus»da to‘p surgan, 2006-2009 yillarda Madridning «Real» klubi a’zosi bo‘lgan. U 2006 yilgi jahon chempionatida Italiya milliy jamoasi bilan g‘olib chiqqan, o‘sha mavsum yakunida «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan. U hozirgacha ushbu mukofotga ega chiqqan yagona himoyachi bo‘lib qolmoqda.
Ammo uning murabbiylik faoliyati u qadar yorqin kechmagan. Uning dastlabki ish joyi Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubi bo‘lgan (2014-2015), keyinroq Saudiya Arabistonining «An-Nasr» (2015-2016), Xitoyning «Tyanszin» (2016-2017), «Guanjchou» (2017-2021) klublarida ishlagan, 2019 yilda bir muddat Xitoy milliy jamoasini boshqargan, so‘ngra Italiyaning «Benevento» (2022-2023) hamda «Udinize» (2024) klublarida faoliyat yuritgan. So‘nggi ish joyi Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klubi bo‘lib turgandi. U 2024 yil dekabrida ushbu jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo 2025 yil aprelida qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqarilgan edi.
Sport
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.
«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.
Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.
Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Sport
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
Bugun «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning yangi rahbariyati saylandi.
Konferensiya yakuniga ko‘ra, Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi. Mansur Mamadaminov birinchi o‘rinbosar, Anvar Kurbaniyazov esa rais o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Yangi rahbariyat federatsiya oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab, O‘zbekiston biatlonini yanada rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash va yuqori darajadagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Xususan, 2027-yilgi Jahon chempionati hamda 2030-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Yangi rahbariyat oldida biatlon infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash hamda O‘zbekiston biatlonining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.
Sport
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.
«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.
Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.
Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.
Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
-
Sport2 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Jamiyat1 day ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot2 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
