Mahalliy
O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilari soni qariyb 565 ming nafarga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni 564,9 ming nafarni tashkil etgan (o‘rindoshlarsiz).
Ushbu ko‘rsatkich 2015/2016-o‘quv yili boshiga solishtirilganda 170,9 ming nafarga yoki 43,4 foizga oshgan.
O‘qituvchilarning 71 foizi yoki 401,3 ming nafarini ayollar, 29 foizi 163,6 ming nafarini erkaklar tashkil etgan.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni yillar kesimida:
2015/2016 — 385 ming;
2016/2017 — 390,6 ming;
2017/2018 — 409,4 ming;
2018/2019 — 444,2 ming;
2019/2020 — 486,6 ming;
2020/2021 — 508 ming;
2021/2022 — 510 ming;
2022/2023 — 521,6 ming;
2023/2024 — 547,8 ming;
2024/2025 — 564,9 ming.
Mahalliy
191 nafar AQSh fuqarosi O‘zbekistonga o‘qish maqsadida keldi
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida 15 124 nafar xorijiy fuqaro kelgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,5 ming nafarga ko‘pdir. O‘sish sur’ati qariyb 2,3 barobarni tashkil etgan.
Statistikaga ko‘ra, eng ko‘p talabalar qo‘shni va mintaqaviy davlatlardan kelmoqda. Shu bilan birga, uzoq xorijdan kelayotganlar soni ham asta-sekin ortib bormoqda.
Jumladan, o‘qish maqsadida kelganlar orasida Turkmaniston fuqarolari yetakchilik qilmoqda — 7 174 nafar. Keyingi o‘rinlarda Hindiston (2 835 nafar) va Tojikiston (1 170 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Xitoydan 641 nafar, Qirg‘iz Respublikasidan 483 nafar, Pokistondan 438 nafar talaba O‘zbekistonni tanlagan. Misr, Janubiy Koreya va Filippindan kelganlar soni ham yuzlab kishini tashkil etgan.
AQShdan kelgan talabalar soni 191 nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich geografiya kengayayotganini anglatadi. Boshqa davlatlar hissasiga esa 1 211 nafar to‘g‘ri keladi.
Mahalliy
Jarrohlar monitordan voz kechib, Apple Vision Proga o‘tishmoqda
Yaqinda tibbiyot olamida shov-shuvli voqea yuz berdi, jarrohlar ilk bor Apple Vision Pro garniturasidan foydalangan holda, muvaffaqiyatli operatsiyani amalga oshirishdi. Mazkur amaliyot kataraktani olib tashlash bo‘yicha o‘tkazilib, u “aqlli“ ko‘zoynaklarning murakkab tibbiy muolajalardagi ulkan salohiyatini namoyon etdi.
An’anaviy operatsiyalarda jarrohlar ko‘pincha bir nechta monitorlarga — mikroskop tasviri, bemorning hayotiy ko‘rsatkichlari (puls, bosim) va rentgen yoki MRT natijalariga alohida qarab turishga majbur bo‘lishadi. Bu esa diqqatning bo‘linishiga va vaqt yo‘qotilishiga olib keladi.
Apple Vision Pro ushbu muammoni yagona raqamli ishchi maydoni orqali hal qildi. Jarrohlik mikroskopidan olingan yuqori aniqlikdagi tasvir real vaqt rejimida ko‘zoynak ekraniga uzatildi.
Bemorning barcha tahlillari va tibbiy ma’lumotlari “virtual ekranlar“ ko‘rinishida jarrohning ko‘z o‘ngida, asosiy tasvirga xalaqit bermagan holda joylashtirildi.
Shifokor boshini o‘ngga yoki chapga burib, monitorlarga qarashi shart bo‘lmay qoldi. Bu jarrohning charchog‘ini kamaytirib, diqqatni 100 foiz operatsiya obyektiga qaratish imkonini berdi.
Tibbiyotda ilgari ham boshqa AR-ko‘zoynaklardan foydalanilgan, biroq, Apple qurilmasining 4K dan yuqori ekrani mikroxirurgiya kabi zargarona aniqlik talab qiladigan sohalar uchun uni yanada ideal qildi. Shifokorlar tasvirning tiniqligi mikroskop okulyarlaridan kam emasligini ta’kidlashmoqda.
Endilikda tajribali professor dunyoning narigi chekkasida turib, jarroh nimalarni ko‘rayotgan bo‘lsa, xuddi shuni ko‘rishi va real vaqtda ko‘rsatmalar berishi mumkin.
Talabalar jarrohning har bir harakatini uning o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Neyroxirurgiya va kardiologiya kabi sohalarda muhim hayotiy nuqtalarni virtual “markerlar“ bilan belgilash xavfni minimallashtiradi.
Apple Vision Pro yordamida o‘tkazilgan katarakta operatsiyasi — bu shunchaki marketing emas, balki Spatial Computing texnologiyasining inson hayotini saqlab qolishdagi amaliy isbotidir. Tez orada shifoxonalarda monitorlar o‘rnini ixcham va ko‘p funksiyali gibrid reallik garnituralari egallashi kutilmoqda.
Mahalliy
Alsgeymer va parkinsonni davolashning kutilmagan usuli topildi yoxud nega zamonaviy shifoxonalar hamon zulukdan foydalanmoqda?
Insoniyat ming yillar davomida tabiatdan shifo izlab kelgani ayni haqiqat. Bugun, raqamli texnologiyalar asrida ham zamonaviy tibbiyotda “tirik dori“ deya atalmish zuluklar (Hirudo medicinalis) oldida taslim bo‘lmoqda.
Yana bir nomi “bio-xirurgiya“ bo‘lgan girudoterapiya shunchaki qon suyultirish emas, balki organizmni molekulyar darajada yangilash jarayonidir.
Nima uchun olimlar hamon zulukdan voz kecha olishmayapti? Gap shundaki, zuluk so‘lagida 100 dan ortiq biologik faol moddalar mavjud.
Jumladan, girudin — qonni suyultirib, tromblarni eritadi, ma’lumot uchun u aspirindan o‘n barobar kuchliroq ta’sirga ega;
Bdellin va eglinlar — kuchli yallig‘lanishga qarshi moddalar;
Gialuronidaza — to‘qimalar o‘tkazuvchanligini oshirib, dorivor moddalarning organizmga chuqurroq kirib borishini ta’minlaydi.
Zuluklar nafaqat “qon bosimi“ uchun foydali, balki ularning shifobaxsh ta’siri inson tanasining eng nozik nuqtalarigacha yetib boradi. Hattoki, alsgeymer, parkinson, tutqanoq (epilepsiya) va miyada qon aylanishining buzilishi bilan bog‘liq bir qancha jiddiy kasalliklarda ham ijobiy natijalar ko‘rsata olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, burun ichiga, quloq orqasiga va milkka qo‘yilgan zuluklar miya to‘qimalarining regeneratsiyasini tezlashtiradi.
Glaukoma (ko‘z bosimi), kataraktaning boshlang‘ich bosqichi va ko‘z yoshi kanallarining bitib qolishida zuluklar ko‘z atrofidagi (tashqi va ichki burchaklar, qovoqlar)ga qo‘yiladi. Bu ko‘z tubidagi mikro-sirkulyasiyani yanada yaxshilaydi.
Bachadon miomasi, kistalar, prostatit va hattoki bepushtlikda ham zuluklar qorin pastiga, anus atrofiga va ayrim hollarda bachadon og‘ziga qo‘yiladi. U a’zolardagi turg‘unlikni yo‘qotib, gormonal fonni tartibga soladi.
Zulukning ham zulukdan farqi bor, ya’ni, zuluklarni tanlash ham bir san’at. Har qanday zuluk ham sizga tabiblik qila olmaydi. Shuning uchun ham mutaxassislar zuluk tanlashda quyidagi mezonlarga qat’iy amal qilishni tavsiya etadilar:
Ideal zuluk kichik, nozik, “kalamush dumidek“ ingichka shaklda, qora, jigarrang yoki kulrang bo‘lishi lozim.
Yashil, moviy, katta boshli, qorni qizil zuluklardan ehtiyot bo‘lish kerak. Ular shish, yara va to‘xtovsiz qon ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Zuluklar faqat baqalar ko‘p bo‘lgan toza ko‘llardan yoki maxsus bio-fermalardan olinishi shart.
Shuningdek, aynan bahor yoki kuzda bunday muolajadan foydalanish nihoyatda foydali.
Ko‘pchilik muolajadan keyin uzoq muddatli qon ketishidan qo‘rqishadi. Biroq, bu organizmning tozalanish mexanizmidir.
Zuluk qo‘yilgan joydan 6-12 soat davomida qon ketib turishi normal holat. Bu orqali organizm “iflos“ qon va shilliqlardan xalos bo‘ladi.
Inson tanasidagi qonning 30 foizdan ortig‘i (1.5 litrdan ko‘proq) yo‘qotilsagina salomatlik uchun xavf tug‘iladi. Zuluk seansi davomida esa bunday miqdorda qon yo‘qotish deyarli imkonsiz.
Xo‘sh, bu mitti tabiblar xizmatidan foydalanish kimlarga mumkin emas?
Girudoterapiya kuchli muolaja bo‘lgani uchun ham ma’lum bir cheklovlar mavjud. Ya’ni, u gemoofiliya — qon ivishi buzilgan bemorlarga mutlaqo taqiqlanadi.
Shuningdek, qon suyultiruvchi dorilar, aspirin va hattoki olcha va limon ham (qonni suyultirgani uchun) muolajadan bir necha kun oldin to‘xtatilishi lozim.
Qolaversa, hayz ko‘rayotgan ayollarga, qorni o‘ta to‘q insonlarga va dializga bog‘lanib qolgan bemorlarga ham girudoterapiya tavsiya etilmaydi.
Bundan tashqari, organ ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini boshdan kechirgan bemorlarda ham immun reaksiyasini qo‘zg‘atib yuborishi mumkin.
Tabiatning jarrohlik pichog‘iga aylangan zuluklar – bu shunchaki qadimiy usul emas, balki kelajak tibbiyotining bir qismidir. Ular mikrob tashimaydi, aksincha, eng murakkab yallig‘lanishlarni ham hazm qilib yuboradi. To‘g‘ri qo‘llanilgan girudoterapiya amaliyoti inson tanasini ichkaridan yangilab, hayotiy quvvatni oshiradi.
Unutmang, muolajani faqat mutaxassis nazorati ostida, gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazish salomatligingiz garovidir!
Mahalliy
Jurnalistlar o‘rnini robotlar egallaydimi? Samarqanddagi “Media haftalik“da bilib olasiz!
Samarqand azal-azaldan ilm-fan va madaniyat chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugun esa bu ko‘hna shahar zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli media markaziga aylanmoqda.
27-apreldan 1-mayga qadar Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti (SamDAQU) mezbonlik qilayotgan navbatdagi «Media haftalik» shunchaki tadbir emas, balki soha mutaxassislari uchun haqiqiy mahorat maktabidir.
Ushbu haftalik doirasida jurnalistlar media olamidagi eng so‘nggi tendensiyalar va global chaqiriqlardan boxabar bo‘lishmoqda.
Bugungi kunda neyrotarmoqlar matn yozishdan tortib, videolarni tahrirlashgacha bo‘lgan jarayonlarda inson mehnatini yengillashtirayotgani hech birimizga sir emas. Aynan shunday davrda sun’iy intellekt tufayli ishidan ayrilib qolishni istamagan soha vakillari zamonaviy texnologiyalarni ish jarayonida qo‘llashni o‘rgansa, SI jurnalistga raqib emas, chinakam hamroh bo‘la olishi alohida ta’kidlandi.
Qolaversa, media haftalik ishtirokchilari o‘z ishining professionallaridan — bir necha soniya ichida vizual kontent yaratish imkoniyati, ma’lumotlar tahlili, jumladan, katta hajmdagi axborotlarni soniyalar ichida saralash mahorati, mediaxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Qolaversa, haftalik dasturidan sun’iy ravishda yaratilgan soxta video va audio materiallarni haqiqiysidan ajratish usullari, har bir xabarni rasmiy manbalar orqali qayta tekshirish, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va kiberhujumlardan saqlanish ko‘nikmalari o‘rin olgan.
Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, u quruq ma’ruzalardan iborat emas. Samarqanddagi ushbu haftalik davomida malakali ekspertlar real keyslar yordamida yosh media vakillari va talabalarning sohadagi ayrim to‘siqlarni qanday yengib o‘tish va zamonaviy trendlarni auditoriya talabiga moslashtirish bo‘yicha masterklaslar o‘tishmoqda.
Umuman olganda, respublikamiz bo‘ylab tashkil etilayotgan bunday media haftaliklar O‘zbekiston media makonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Media olamidagi o‘zgarishlardan ortda qolmay desangiz, Samarqanddagi media haftalikda ishtirok etish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!
Mahalliy
Farg‘onada IT-Park universiteti va INHA universitetining filiali ochiladi
Prezident Farg‘ona shahrida IT-Park universiteti, Marg‘ilonda INHA universitetining filiali ochilib, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi belgilab berdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Farg‘onada IT xizmatlari 4 karra o‘sdi, eksport 23 million dollardan oshdi. 2026-yilda Farg‘ona shahrida jami maydoni 30 ming kvadrat metr bo‘lgan IT-Park ishga tushirildi. Yaqinda Quvadagi 1-sonli texnikumda «IT-klasteri» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur klasterda yiliga 100 nafar yoshlar dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tilga o‘qitiladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda 1 tadan texnikumda bunday kadrlar tayyorlashni boshlash topshirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy qilish orqali xarajatni 20 foizgacha qisqartirish, daromadni esa 30 foizga oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Buning uchun startap ekotizimi kerak. Mutasaddilarga xorijdan nufuzli akselerator kompaniyani Farg‘onaga olib kelib, 10 ta yirik mahalliy korxonalarga bog‘lash, bu korxonalar negizida mehnat unumdorligi, tannarx, energiya tejamkorlik bo‘yicha pilot loyihalarni boshlash topshirildi. Eng yuqori samara bergan loyihalar boshqa sanoat korxonalarida ham ommalashtiriladi.
Qayd etilishicha, 5 yilda O‘zbekistonda elektron tijorat hajmi 20 karra oshdi. Lekin Farg‘onaga buning bor-yo‘g‘i 2,5 foizi to‘g‘ri keladi. Elektron tijorat hozirgi sur’atda rivojlansa, kelasi besh yilda 3,5 million kvadrat metrli tijorat omborlari kerak bo‘ladi.
Farg‘onada kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shuning 30 ming kvadrat metrini joriy yil ishga tushirish kerakligi qayd etildi. Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi 10 nafardan tadbirkorni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish topshirildi.
-
Siyosat3 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Mahalliy2 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Siyosat3 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Putinning reytingi nega bunchalik pasayib ketdi?
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
