Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yirik AESning birinchi energobloki 2033 yilda, ikkinchisi 2035 yilda ishga tushiriladi
Kichik quvvatli atom stansiyasining birinchi energobloki 2029 yilda, ikkinchisi esa oradan olti oy o‘tib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda yirik quvvatli atom elektr stansiyasini 2035 yilda to‘liq ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 25 sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Jahon atom haftaligi” xalqaro forumida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Ahmadxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot nashri.
2029 yilda Jizzax viloyatida kichik AESning birinchi energobloki foydalanishga topshiriladi, yarim yildan keyin ikkinchisi ham ishga tushiriladi. Ahmadxo‘jayevning aytishicha, reaktor uskunalarini ishlab chiqarish allaqachon boshlangan va barcha ishlar jadval bo‘yicha olib borilmoqda.
Spot muxbirining yirik AES qurilishi muddati haqidagi savoliga javob berar ekan, O‘zatom rahbari birinchi energoblok 2033 yilda, ikkinchisi esa 2035 yilda ishga tushirilishini ta’kidladi.
“Hozircha reja shunday. Lekin baribir hammasi shartnoma doirasida muhokama qilinadigan amalga oshirish jadvaliga bog‘liq bo‘ladi (hujjat hali imzolanmagan). Aniq muddatlarni keyinroq bilamiz va qo‘shimcha ma’lumot beramiz”, – dedi O‘zatom rahbari.
20 iyun kuni Rosatom davlat korporatsiyasi hamda O‘zatom Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekistonda yirik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.
O‘tgan haftada O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi borasida kelishib oldi. Endi loyiha ikki yirik quvvatli energoblok va ikki kichik AES blokini o‘z ichiga oladi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, AESlardan bittasi kichik, ikkinchisi an’anaviy katta stansiya bo‘ladi va ular birgalikda 525 gektarlik umumiy maydonda joylashadi. E’tiborlisi, katta va kichik AESlarni bitta maydonda integratsiya qilish – juda noyob hodisa. Bu loyiha O‘zbekistonni bunaqangi qo‘shaloq AESga ega dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.
Loyihaning bir nechta asosiy parametrlari haqida o‘zbekistonliklar birinchi bo‘lib Vladimir Putin ishtirokidagi yig‘ilishda xabar topdi. Gap Rossiya poytaxtida o‘tgan jahon atom haftaligining ochilish sessiyasi haqida ketyapti. Bu sessiyada qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning aytishicha, Jizzaxdagi katta AES har biri 1000 megavattlik ikkita energoblokdan iborat bo‘ladi. Kichik stansiyaga esa har biri 55 megavattlik ikkita reaktor o‘rnatiladi. Shu tariqa, qo‘shaloq stansiyaning umumiy quvvati 2,1 gigavattni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 24 sentabr kuni qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shildi. Ya’ni hukumat yadroviy falokat yuz bergan taqdirda, xalqqa tovon to‘lash majburiyatini oldi.
Shuningdek, 24 sentabr kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yadroviy hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Brent Kristensenga ko‘ra, bu hujjat ikki davlat o‘rtasida yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston importida qaysi davlatlar yetakchilik qilmoqda?
2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida import hajmi 8,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,8 foizga o‘sgan. Ushbu davrda mamlakat 135 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar import qilgan.
Import tarkibida eng katta ulushni Xitoy egalladi. Ushbu davlatdan 2,8 milliard dollarlik mahsulot olib kirilgan.
Rossiya ikkinchi o‘rinda bo‘lib, import hajmi 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. Qozog‘iston esa 677 million dollarlik ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rindan joy olgan.
Koreya Respublikasi 306,1 million dollar, Turkiya 259,8 million dollar, Germaniya 182,6 million dollarlik import bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek, Hindistondan 179,3 million dollarlik, Belarusdan 144,3 million dollarlik tovarlar import qilingan.
Turkmaniston 121,5 million dollar, AQSh esa 98,6 million dollarlik ko‘rsatkich bilan kuchli o‘nlikka kirgan.
Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir qiladigan hujjatlar loyihasi Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi kerak, lekin poytaxt kengashi shahar dizayn-kodini tasdiqlash haqidagi qarorini kelishmasdan qabul qilgan. Qolaversa, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk huquqiga zid.
Toshkent dizayn-kodidan render-parcha / Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent shahar kengashi shahar dizayn-kodini joriy etish bo‘yicha 2026 yil 17 fevral kuni qabul qilgan qaror qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Biznes-ombudsman qarorni o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldi.
Prezidentning tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili bayonotiga ko‘ra, qarorning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid.
Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.
Qarorda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning huquqiy mezoni ochib berilmagan. Bundan tashqari, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk (ro‘yxatdan o‘tgan brend) huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Bir necha obektlarga ega bo‘lgan tarmoq tashkil etgan brendlarning manfaatlari inobatga olinmagan.
Yangi talablarga moslashish uchun belgilangan 3 oylik muddat yetarli emas. Jarayonni tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tug‘dirmagan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibi nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Biznes-ombudsman xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, normalarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish yuzasidan rasmiy xulosa kiritdi.
Biznes-ombudsman qayta ko‘rib chiqishda o‘z xodimlari ishtirok etishini so‘ramoqda.
Iqtisodiyot
100 ta korxonada samaradorlikni oshirish uchun 30 million dollar grant jalb qilinadi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida samaradorlikni oshirish masalasiga alohida to‘xtaldi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, dunyoda mahsulot raqobatdoshligini ta’minlash uchun ilg‘or boshqaruv usullari keng qo‘llanilmoqda. Jumladan, «Kayzen» va «Lean production» kabi yondashuvlar resurs tejamkorligi va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda 50 ga yaqin tadbirkor bu tajribani xorijda o‘rganib, o‘z korxonalarida joriy etishni boshlagan. Biroq bu ko‘lam hali yetarli emasligi qayd etildi.
Prezident ayrim sohalarda ilg‘or usullar ommalashmayotganini tanqid qildi. Xususan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika va mebel kabi drayver tarmoqlarda bu yo‘nalishda tashabbus yetishmayotgani ta’kidlandi.
«Lekin, bu kam. Tadbirkorga tushuntirib, «diagnostika» xarajatining bir qismi qoplab berilsa, unumdorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratsa bo‘ladi-ku!», – dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga aniq topshiriq berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or dasturlar joriy etiladi.
Mazkur tashabbusni moliyalashtirish uchun 30 million dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 27-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 4,52 so‘mga oshib, 12 020,48 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,13 so‘mga tushdi va 14 048,33 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 207,21 so‘m bo‘ldi (-15,54).
Rossiya rubli 158,77 so‘m etib belgilandi (-1,53).
Iqtisodiyot
Ilk bor 2,4 mlrd dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi xalqaro bozorga chiqadi – Prezident
Bugun, 24-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va yangi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Davlat rahbariga ko‘ra, may oyida 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.
«Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda birinchi chorak natijalari ham ma’lum qilindi. YaIM 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga o‘sgan. Eksport hajmi 5,8 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 13,7 milliard dollarga yetgan. Inflyasiya esa yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaygan.
Shu bilan birga, budjet daromadlari 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mni tashkil etgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trillion so‘m shakllangan bo‘lib, uning 1,4 trillioni tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti xalqaro darajada ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida O‘zbekiston yuqori iqtisodiy faollik orqali barqaror o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakat ilk bor «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da «iqtisodiyoti mo‘tadil erkin» davlatlar qatoriga kirdi. Prezident ayrim sohalarda samaradorlik pastligini tanqid qilib, «ayrimlar hali ham uyg‘onmagan»ini ta’kidladi.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
