Iqtisodiyot
Toshkentda do‘konlar va dorixonalar peshlavhalari uchun “soliq” solinmoqda
Poytaxt hokimligi do‘kon va dorixonalar nomlari yozilgan peshlavhalarni “noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama” deb hisoblab, ularni demontaj qilishni talab qilyapti. Tadbirkorlarning Kun.uz’ga aytishicha, bu talab “mini market”, “dorixona”, “go‘sht do‘koni” kabi brend nomini ko‘rsatmaydigan peshlavhalarga ham qo‘llanmoqda. Biznes-ombudsmanga ko‘ra, bu talab qonuniy, lekin adolatsiz.
Toshkentdagi do‘konlar va dorixonalarga shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti ogohlantirish xatlarini yubora boshladi.
Departament do‘konning nomi yozilgan peshlavhalarni tashqi reklama deb baholayapti. Bu – Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi kerak emas. Aks holda, ular tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, to‘lov qilinishi lozim.
Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlardan birining aytishicha, hokimiyat departamentining 23 sentabr kungi xatida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga tayangan holda, pasporsiz o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obektlari vakolatli organ qaroriga muvofiq demontaj qilinishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, idora Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarorini ham eslatgan. Unda xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga tegishli bo‘lmagan yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolarda tashqi reklama obektlarini joylashtirish uchun reklama joyi pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilishi lozimligi belgilangan.
“Bino kirish qismida reklama (do‘kon nomi nazarda tutilmoqda – tahr.) sababli faoliyatingizni to‘xtatib, tashqi reklama obektlarini 3 kun ichida demontaj qilishingiz va amalga oshirilgan ishlar haqida rasmiy axborot taqdim etishingiz so‘raladi”, – deyiladi xatda.
Tadbirkorlarning Kun.uz’ga aytishicha, bu talab “mini market”, “dorixona”, “go‘sht do‘koni” kabi brend nomini ko‘rsatmaydigan peshlavhalarga ham qo‘llanyapti.
“Sevaras” kiyim do‘koni asoschisi Sevara Salimova Instagram’dagi sahifasida u bilan ham xuddi shunday holat kuzatilganini aytgan.
“Hokimiyatdan 2 kishi kelib, ogohlantirib ketdi. Mana bu Sevaras yozuvini tashqi reklama deb baholab, pul to‘lashimiz kerakligini aytishdi. Ya’ni men logotipim, nomimni qo‘yganim uchun har bir kvadrat metrga davlatga pul to‘lashim kerak. “Minimalka” 1 kvadrat metr ekan, undan oshganiga 60 ming so‘mdan har oy to‘lov qilishim kerak ekan.
Tushunmayapman, YaTT nomining shunchaki qisqartirilgan nomi bu, do‘kon tepasiga qo‘ygan nom uchun pul to‘lashim kerakmi? Men tashqi reklama nimaligini yaxshi tushunaman, mana bu yerda monitor turibdi, shu kabilarni reklama deb baholash mumkin. [Nomimni] kichkina qilib, hech kimga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yishim kerakmi? Men faoliyat yuritayotganim uchun davlatga soliq to‘layman. Allaqachon nomni olib tashlashyapti, 3 kun ichida olib tashlamasak, 30 mln so‘m jarima qo‘llashar ekan”, – deydi Sevara Salimova.
Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish uchun Biznes-ombudsman, Raqobat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligiga so‘rov yubordi.
Biznes-ombudsman: “Qonuniy, ammo adolatsiz”
Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, Dorixonalar assotsiatsiyasi raisidan dorixona peshlavhalari reklama sifatida baholanayotgani haqidagi norozilik murojaati kelib tushgan. Murojaatda “dorixona” yozuvi oddiy axborot beruvchi peshlavha ekani, hech qanday brend yoki mahsulot targ‘ib qilinmayotgani ta’kidlangan.
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligi mas’ullarini vakil devoniga chaqirtirgan.
Biznes-ombudsman rasmiysi Jamshid Hasanovning Kun.uz’ga aytishicha, hokimlikning talabi qonuniy, ammo adolatsiz.
“Dorixona yozuvi 1 kvadrat metrdan katta bo‘lsa, reklama sifatida talqin qilinmoqda, lekin dorixona so‘zi brend yoki tovar nomi emas. Talab qonuniy, ammo adolatli emas. Bu hukumatning 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish uchun qarorga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘ryapti”, – deydi u.
Raqobat qo‘mitasi nima deydi?
Raqobat qo‘mitasi Kun.uz’ga bergan javobida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun reklama tusiga ega bo‘lmagan peshlavhalarga tatbiq etilmasligini bildirdi. Ammo hukumat qaroriga muvofiq, umumiy maydoni 1 kvadrat metrdan katta bo‘lgan yozuvlar tashqi reklama sifatida tan olinishi belgilanganini eslatdi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklama bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Toshkentda bu masala hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan ko‘riladi”, – deyiladi qo‘mita bergan izohda.
Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova esa so‘rovga dushanba kuni javob berilishini ma’lum qildi.
Madina Ochilova,
Kun.uz
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot2 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
