Connect with us

Sport

Liverpulda yana drama, «Bavariya» «Chelsi»dan qasos oldi, «PSJ» yana 4 ta gol bilan boshladi

Published

on


Keyn «Chelsi»ni «osmondan tushirdi», «Liverpul» «Atletiko» bilan o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida g‘alabani ilib ketdi, Simeone muxlislar bilan janjallashdi. Seshanba oqshomida birinchi tur doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

«Liverpul» – «Atletiko» 3:2

Gollar: Roberson, 4 (1:0). Saloh, 6 (2:0). Liorente, 45+3 (2:1). Liorente, 81 (2:2). van Deyk, 90+2 (3:2)

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Roberson (Kerkez, 86), Frimpong (Bredli, 58), Virs (Ngumoxa, 74), Soboslai, Gravenberh, Gakpo (Makallister, 58), Saloh, Isak (Ekitike, 58)

«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman, Galan, Liorente, Gallaher (Molina, 61), Barrios, Gonsales (Pubil, 77), Simeone, Grizmann (Serlot, 61), Raspadori (Koke, 52)

Ogohlantirishlar: Bredli, 71 – Le Norman, 32. Langle, 45

«Atletiko» qanday formada bo‘lmasin, ular doimo top-jamoalarga jang taklif eta olishadi. Ayniqsa bu — «Liverpul» bo‘lsa. Ayniqsa 2:0 hisobida ortda qolayotganida. Mersisaydlik faxriylar 2020 yil «Enfild»da o‘tkazilgan o‘yinni yoddan chiqara boshlagandi. Saloh va Roberson o‘yinning oltinchi daqiqasiga kelib ikki gol farqini yuzaga keltirishdi hamda Oblakni tahlika ostida ushlab turishdi: mezbonlar birinchi bo‘limning o‘zida 16 bor zarba berishdi va uchinchi golni urish uchun hakamdan penalti ham so‘rashdi.

«Atletiko» esa hisob 0:2 ko‘rinishiga kelganini sezmagandek o‘z vaziyatini kutishda davom etdi — va ikkita gol bilan javob qaytardi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Liorente kichik Simeonening pasini golga aylantirdi, 81-daqiqada esa raqib jarima maydonidan qaytgan to‘pni egallab olib, hisobni tenglashtirdi. Ammo bu o‘yin ham Slot-taym iborasiz o‘tmadi: qo‘shimcha daqiqalarda van Deyk burchakdan oshirilgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘llab, g‘alaba golini urdi. Mersisaydliklar joriy mavsumdagi beshinchi o‘yinida ham o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketmoqda (bungacha «Bornmut» bilan o‘yinning 88-daqiqasida Kiyeza, «Nyukasl»ga qarshi o‘yinning 90+10 daqiqasida Ngumoxa, «Arsenal»ga qarshi o‘yinning 83-daqiqasida Soboslai, «Byornli»ga qarshi o‘yinning 90+5 daqiqasida Saloh ham shunday ishni amalga oshirgandi).

Simeone esa jamoasi durangni saqlab qola olmaganidan keyin mahalliy fanatlar bilan janjallashdi va qizil kartochka oldi — «matraschilar»da inqiroz davom etmoqda.

«Bavariya» – «Chelsi» 3:1

Gollar: Chaloba, 20 avtogol (1:0). Keyn, 27 penalti (2:0). Palmer, 29 (2:1). Keyn, 63 (3:1)

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta (Kim Min Je, 46), Stanishich (Boe, 51), Laymer, Kimmih, Pavlovich (Goretska, 64), Gnabri (Bishof, 90+1), Dias, Olise, Keyn (Jyekson, 90+1)

«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Chaloba, Kukurelya, Gyusto, Jyeyms (Santos, 68), Kaysedo, Fernandes (Estevan, 81), Palmer, Pedru Netu (Garnacho, 68), Joao Pedro

Ogohlantirishlar: Ta, 29. Laymer, 85. Olise, 85 – Santos, 90

Birinchi tur doirasida navbatdagi top-raqiblar o‘rtasidagi to‘qnashuvda intrigalar talaygina edi. Germaniyalik muxlislar 2012 yil «Alyans Arena»da London jamoasiga boy berilgan finalni haligacha yoddan chiqargani yo‘q. Rahbariyat o‘zgarganidan keyin beqaror jamoaga aylangan «Chelsi» nihoyat Mareska davrida tunnel oxirida yorug‘lik ko‘ra boshlagan, o‘tgan mavsumda yevrokuboklarda munosib qatnasha olmagan myunxenliklar esa Kompanining ikkinchi mavsumida haqiqiy mashinaga aylangan. «Bavariya» bu safargi o‘zaro o‘yinga mutlaq favorit sifatida yetib keldi. Jamoa o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda yirik hisoblarda g‘alaba qozonmoqda, Harri Keyn, Maykl Olise, Luis Dias va Serj Gnabridan iborat hujum to‘rtligining o‘zi birgalikda 14 gol urishdi.

Odatda top-klublar o‘zaro uchrashuvda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi, «Bavariya» va «Chelsi» esa bunday yo‘l tutmadi. Ikki jamoa ham ilk daqiqalardan hujumga o‘tdi va gol bo‘lishi vaqt masalasi edi.

Yakunda myunxenliklarning taktikasi muvaffaqiyatliroq chiqdi. 20-daqiqada (bu vaqtga kelib londonliklar chuqur himoyaga yotgan va olisdan berilgan zarbalarni qaytarish bilan band edi) Olise o‘ng qanotdan «Chelsi» jarima maydoniga kirib bordi va ko‘pchilik futbolchi to‘planib turgan markazga to‘p oshirdli. Uning pasiga sheriklari tayyor emasdi, ammo to‘p Trevor Chalobaning oyog‘idan darvoza to‘riga kirib ketdi.

25-daqiqada «Chelsi» himoyasi yana uyaltirdi — bu safar Keyn Kaysedoni o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi va belgilangan penaltini o‘zi aniq ijro etib, hisobdagi ustunlikni ta’minladi.

«Bavariya» to‘xtash haqida o‘ylamadi va futbolchilarning barchasi maydonining ikkinchi qismida harakatlandi. Bu esa pand berdi Olise to‘p yo‘qotgach, mehmonlar tezkor qarshi hujumga chiqishdi. Palmer o‘zi boshlagan hujumni o‘zi yakunladi. Shundan keyin jamoalar yengil tin olishdi va birinchi bo‘limda boshqa gol urilmadi.

Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar tashabbusni qo‘lga olib, qator golli vaziyatlarga ega bo‘lishdi. «Chelsi» esa kuchli bosim ostida xato qilishda davom etdi. 63-daqiqada «Chelsi» qisqa paslar bilan himoyadan chiqishga harakat qildi — Sanches to‘pni o‘ng qanotdagi Chalobaga yetkazdi, u Gyustoni oldinga boshladi. Ammo fransuz himoyachisi to‘pni yaxshi qabul qila olmadi va uni yo‘qotmaslik uchun podkat bilan o‘z darvozasi tomon qaytardi. Ammo bu vaziyatni yanada og‘irlashtirdi — to‘pga Ris Jyeymsdan oldin Keyn yetib bordi va jarima maydoniga kirib borib, dublni rasmiylashtirdi.

Amalda Gyusto unga assistentlik qildi — «Chelsi» o‘tkazgan uchta gol ham himoyadagi qo‘pol xatolar tufayli sodir bo‘ldi.

89-daqiqada Palmer dublni nishonladi, ammo uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, vaziyatga VAR aralashib, ofsayd holati tufayli golni bekor qildi.

«PSJ» – «Atalanta» 4:0

Gollar: Markinos, 3 (1:0). Kvaratsxeliya, 39 (2:0). Nunu Mendesh, 51 (3:0). Ramush, 90+1 (4:0)

Aniq ijro etilmagan penalti: Barkolya, 44’

«PSJ»: Shevale, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh (Zabarniy, 75), Hakimi, Vitinya, Ruis (Li Kan In, 55), Joau Nevesh (Ramush, 58), Barkolya, Kvaratsxeliya (Mbay, 75), Mayulu (Zair-Emeri, 55)

«Atalanta»: Karnesekki, Xin, Jimsiti (Skalvini, 75, Axanor, 85), Kossunu, Musa (Breshanini, 75), de Ron, Bernaskoni, Bellanova, Pashalich, De Ketelare (Samardjich, 46), Maldini (Krstovich, 46)

Ogohlantirish: Musa, 44

Turnirning amaldagi g‘olibi yangi mavsum startiga tarkibdagi muammolar bilan yetib keldi. Ammo barchasi tuyulgani kabi qo‘rqinchli bo‘lib chiqmadi – Dembele va Due hali jarohatini tuzatayotgan bo‘lsa-da, chorshanba kuni Kvaratsxeliya va Li Kan In safga qaytdi. Hujum chizig‘idagi yo‘qotishlarni esa himoyachilar kompensatsiya qilishdi. Markinos raqib jarima maydoni atrofida pressing uyushtirdi, to‘p egallab olingach, Fabian Ruisning uzatmasiga yetib borib, hisobni ochdi. «PSJ» sardori shu kuni fransuzlar klubida 115-xalqaro o‘yinini (klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham hisobga olingan) o‘tkazib, Stiv Mandandaga tegishli rekordni takrorladi.

Uning YeChLdagi gollari sonini 10 taga yetkazish ilinjidagi boshqa ampluadoshlari ham hujumda faol bo‘lishdi. Ammo Nunu Mendesh yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, Hakimining zarbasidan keyin esa to‘p ustunga tegdi. Umuman, parijliklar vaziyat ortidan vaziyat yaratishdi. Barkolyaning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, Xvicha esa hech qanday hakam bekor qila olmaydigan qilib gol urdi. U to‘pni jarima maydonigacha olib bordi va to‘pni ustun yonidan darvoza to‘riga kiritdi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Barkolyaning yana bir bor omadi kelmadi, penaltidan juda oddiy zarba berib, Karnesekkini dog‘da qoldira olmadi.

Enrikening tanaffusdagi ko‘rsatmalaridan keyin Barkolya nihoyat golli harakat amalga oshirib, Mendeshning goliga assistentlik qildi. Undan to‘pni qabul qilib olgach, portugaliyalik himoyachi raqiblardan birini fint bilan yo‘ldan oldi va yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi. O‘yinga ikkinchi bo‘limda qo‘shilgan Ramush esa hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘z golini urdi va tabloda «PSJ»ga xos hisob porlay boshladi. «PSJ» yil boshidan buyon urilgan gollar soni bo‘yicha tengsiz — 133!

«Ayaks» – «Inter» 0:2

Gollar: Tyuram, 42 (0:1). Tyuram, 47 (0:2)

«Ayaks»: Yarosh, Itakura (Shutalo, 84), Bas, Vayndal, Goei, Klassen, Teylor (Makkonnell, 63), Reger (Glux, 76), Gods (Moro, 76), Edvardsen, Veghorst (Dolberg, 63)

«Inter»: Zommer, Akanji, Bastoni, de Vrey, Hoqon Chalxono‘g‘li (Suchich, 86), Mxitaryan (Frattezi, 69), Barella (Karlos Augustu, 79), Dimarko (Zelinski, 79), Dyumfris, Tyuram (Bonni, 86), Espozito

Ogohlantirishlar: Bas, 73 – Tyuram, 17. Mxitaryan, 67

Amsterdamdagi o‘yinda «Inter» avvaliga olov bilan o‘ynashdi, Tyuram esa avvaliga oqshomning eng omadsiz o‘yinchisi bo‘lishga da’vogarlik qildi. Fransuz hujumchisi qulay vaziyatda turib uzoq burchakni nishonga oldi va imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, ko‘p o‘tmay VAR tufayli u ishlagan penalti bekor qilindi. Bas Tyuramni jarima maydoni ichida yiqitishdan oldin, uning tashqarisida Markusning o‘zi raqibiga nisbatan qoida buzgani oydinlashdi. «Ayaks» esa qarshi hujumda vaziyatga ega bo‘ldi, Gods uzun pas bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborildi.

Zommer «neradzurri»ni qutqarib qoldi, shundan so‘ng Tyuram o‘ziga kela boshladi. Hoqon Chalxono‘g‘lining birinchi bo‘lim oxiridagi va ikkinchi bo‘lim boshidagi ikkita burchak zarbasi – iikkinchi qavat”dan berilgan ikkita benuqson zarba. Tyuramga qadar «Inter» safida YeChLda faqatgina Ernan Krespo bosh bilan dubl qayd etgandi. Fransuz milanliklarga muhim g‘alaba keltirdi va Kristian Kivuga bosimni olib tashladi.

«Slaviya» – «Bude-Glimt» 2:2

Gollar: Mbodji, 23 (1:0). Mbodji, 74 (2:0). Bassi, 78 (2:1). Fet, 90 (2:2)

Aniq ijro etilmagan penalti: Xeg, 54’

«Slaviya»: Stanek, Zima, Mbodji (Xasioka, 77), Xolesh (Xaloupek, 18), Zafeyris, Provod, Sadilek (Cham, 90+8), Dorli, Dudera, Kushey (Shrans, 90+8), Xori (Xitil, 77)

«Bude-Glimt»: Haykin, Bertuft, Gundersen (Riysnes, 65), Aleyesami (Nilsen, 85), Sevold, Berg, Euklenn (Fet, 74), Even, Hauge, Yyergensen (Bassi, 46), Heg (Helmersen, 74)

Ogohlantirishlar: Mbodji, 69. Xitil, 90 – Bertuft, 45. Aleyesami, 79. Berg, 85

«Olimpiakos» – «Pafos» 0:0

«Olimpiakos»: Pasxalakis, Pirola (Byankon, 75), Retsos, Ortega, Rodiney (Koshtinya, 61), Dani Garsiya (Muzakitis, 46), Esse (Pnevmonidis, 75), Shikinyu, Podense, Strefetssa (Torimiy, 46), Al-Kaabi

«Pafos»: Mixail, David Luiz (Pileas, 33), Goldar, Lyukkassen, Shunich, Dragomir (Anderson Silva, 85), Pepe, Brunu, Joau Korreya (Langa, 76), Dimata (Orshich, 33), Jaja (Sema, 76)

Ogohlantirishlar: Dani Garsiya, 20. Pirola, 36. Torimiy, 72 – Brunu, 15. Langa, 88

Chetlatish: Brunu, 26 (ikkinchi sariq)



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Published

on


Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.

Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.

Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.



Source link

Continue Reading

Sport

EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi

Published

on


UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.

Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.

Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.

1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.

Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.

Manba: UEFA



Source link

Continue Reading

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.